Ismoil To‘lak filologiya fanlari doktori. Andijon Davlat pedagogika institutida o‘qigan va o‘zi tahsil olgan oliy o‘quv yurtida faoliyat ko‘rsatgan. So‘nggi yillarda Andijon Davlat Tillar institutida dars bergan. Ismoil To‘lak ham shoir, ham adabiyotshunos olim sifatida hozirgi o‘zbek adabiyoti rivojiga o‘z ulushini qo‘shib kelgan.
U Andijonning Xorabek qishlog‘ida 1947 yilda tavallud topgan. Bo‘taqora qishlog‘idagi maktab-internatni tugatib, Andijon Davlat pedagogika institutida o‘qigan. 1971-1995 yillarda o‘zi tahsil olgan oliy o‘quv yurtida faoliyat ko‘rsatgan. So‘nggi yillarda Andijon Davlat Tillar institutida dars bergan.
U og‘ir xastalikdan so‘ng 2003 yilda vafot etgan.
Uning birinchi she’riy to‘plami «Seni o‘ylab» nomi bilan 1977 yilda chop etildi.
Shoirning «To‘rg‘ay» (1983), «Kentliklar» (1984), «Yashil sabo» (1989), «Muhabbat shevasi» (1995), «Sog‘inch dovoni» (1997) kabi bir necha she'riy majmualari yaratildi. Mazkur to‘plamlar bir-birining davomi bo‘lib, shoir aytmoqchi, fikrlarni to‘ldirib, boyitib keladi. Ularda shoir inson qalbi go‘zalliklari-yu, fojialarigacha chizishga intiladi. U chizgan ruhiyat manzaralarida inson ma'naviyatidagi imon, diyonat, burch, e'tiqod masalalari bo‘rtib ko‘rinadi.
Ismoil To‘lak adabiyotshunos olim hamdir. 1981 yilda nomzodlik, 1994 yili esa «Hozirgi o‘zbek lirikasida davr va lirik qahramon talqini» mavzuida doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, filologiya fanlari doktori degan ilmiy darajaga ega bo‘lgan.
Muallif, bundan tashqari, Behbudiy, Cho‘lpon kabi shoirlar ijodini birinchilar qatorida o‘rganib, «Nurli manzillar» (1992), «XX asr o‘zbek adabiyoti» (1993), «She’r - qalb yolqini» (1994) «Cho‘lpon mahorati» (1997) kabi ilmiy risolalarini e’lon qilgan.