Jonibek Subhon (Jonibek Suvonqulov) 1944 yil 9 iyunda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug‘ilgan. Shu yerning o‘zida maktabni tamomlagan.
1962 yil Samarqand Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirgan va uni harbiy xizmatdan so‘ng 1970 yil bitirgan.
1970-1980 yillar “Sirdaryo haqiqati” gazetasida ishlaydi.
1980-1984 yillar Sirdaryo nashriyotida ishlagan.
1984-1986 yillar Sirdaryo viloyatining Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi bo‘lib ishlaydi.
1986 yil G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda ishlaydi.
1962 yildan she’r va hikoyalari nashr etiladi.
1978 yil “Zangori ufqlar” nomi ostida ilk she’riy to‘plami chop etilgan. So‘ngra “Qirralar” (1988), “Ota makon” (1991), “Tazarru onlari” (1993), “Silsila” (1994), “Ro‘yo” (1994) kabi keyingi she’riy to‘plamlari nashrdan chiqqan. Shuningdek, u “Senga intilaman” (1987), “Katta hayot bo‘sag‘asida” (1987), “Zamon qo‘ng‘irog‘i” (1990) kabi to‘plamlarning muallifi hamdir.
Hozirda muallif “Madyanlar fojiasi” epik asari ustida ish olib bormoqda. Bir qator bolalar uchun she’rlar yozgan.
Uning ijodi hech kimni bee’tibor qoldirmaydi, zero, asarlari hayot haqiqatiga, tarixi va kelajagiga yaqin, muallifning o‘zi esa barcha narsaga haqqoniylik nazari bilan qaraydi.
Jonibek Subhonning so‘nggi she’rlaridan biri milliy mutbuotda nashrdan chiqqan - u buyuk sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan aruz vaznidagi “Bezovta ruh” dostonini yozgan.