ABU SAID (Sulton Abu Sayd Mirzo ibn Sulton Muhammad) (1424—1469) — temuriylardan. Mironshohning nabirasi. Shohrux va Ulugʻbek vafotidan soʻng Temuriylar davlatida boshlangan taxt uchun kurash chogʻida Ulugʻbekning oʻgʻli Abdullatif tomonidan Buxoro zindoniga tashlangan. Abdullatifning oʻlimidan soʻng (1450) ozod qilingan. Abu Said Movarounnahr taxtiga oʻtirgan Mirzo Abdullaga qarshi Abulxayrxon yordamida qoʻshin tortgan va 1451-y. Bulungʻur jangida uni tor-mor keltirib, Samarqand taxtini egallagan. Soʻng A. S. Toshkentdan oʻz piri Xoja Ahrorni chaqirtirib olgan. Xuroson hokimi Abulqosim Bobur vafoti (1458) dan soʻng Hirot, Astrobod, Mozandaron A. S. qoʻliga oʻtib, markaziy hokimiyat tiklangan. Biroq mamlakatning gʻarbiy hududlari notinch edi, xususan Gʻarbiy Eron temuriylar tasarrufidan chiqib, qora qoʻyunlilyar sulolasi qoʻliga oʻtib qolgandi. Abu Said 1468-y. kuzida ularga qarshi qoʻshin tortadi, lekin 1469-y. qishida Mugʻon dashtida oq qoʻyunlilardan Uzun Hasan bilan boʻlgan jangda yengilib, halok boʻladi.
Abu Said davrida Movarounnahr va Xurosonda hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlangan, koʻshni mamlakatlar bilan elchilik munosabatlari yaxshi yoʻlga quyilgan. U Hirotda saroy, kamonchilar mashqgohi, koʻpriklar, koʻshklar, shahar darvozalari qurdirgan, ariq va hovuzlar qazitib, bogʻ-rogʻlar bunyod etgan.