AYOVA — AQSHning Oʻrta Gʻarbidagi shtat. Mayd. 146 ming km2. Aholisi 2,8 mln. kishi (1992). Maʼmuriy markazi — De-Moyn sh. «Makkajoʻxori mintaqasi»ning markazi. Q. x. mahsuloti qiymatiga koʻra AQSHda (Kaliforniyadan soʻng) 2-oʻrinda turadi. Tabiiy sharoiti qulay. Missisipi va Missuri daryolarining pastroq (400—500 m) tekis suvayirgʻichida joylashgan. Partov yerlar kam. Iqlimi moʻtadil kontinental, yogʻinning yarmidan koʻprogʻi (yiliga 700—1000 mm) koʻklam-yoz oylarida yogʻadi, tuproqlari unumdor qora-tuproq va qoramtir tuproq. Q. x. rivojlangan. Shtat hududining 70% ekinzor, 11% yaylov, 7% ni oʻrmonlar tashkil etadi. Ekin maydonining koʻp qismi yem-xashak ekinlari: makkajoʻxori (48-50%), suli (25-26%), oʻtlar (15—16%) bilan band. Loviya koʻp ekiladi. Q. x. tovar mahsuloti qiymatining 80% chorvachiliqdan keladi; qoramol, choʻchqa boʻrdoqiga boqiladi. Q. x. yaxshi mexanizatsiyalashgan. Foydali qazilmalardan qurilish materiallari va bir oz koʻmir qazib chiqariladi. Ishlab beruvchi sanoat tarmoqlaridan, asosan, oziq-ovqat sanoati, shuningdek q. x. mashinalari va inventarlari i. ch. rivojlangan. 2-jahon urushidan soʻng Ayovada bir qancha harbiy sanoat korxonalari qurildi (Davenport, Dubyuk va b. portlarda). Missisipi va Missuri daryolarida kema qatnaydi. Transport yoʻllari yaxshi rivojlangan. Ayovada makkajoʻxori seleksiyasi tadqiqot in-ti bor.