ARMANISTON, Armaniston Respublikasi (Xayastani Xanrapetutyun) — Zakavkazyening jan. qismida joylashgan davlat. Shim. da Gruziya, sharqda Ozarbayjon, jan. da Eron, gʻarbda Turkiya b-n chegaradosh. 37 ta tuman, 27 ta shahar, 31 ta shaharcha bor . Mayd. 29,8 ming km2. Aholisi 3,412 mln. kishi. Poytaxti — Yerevan sh.
Davlat tuzumi. Armaniston — demokratik respublika. Davlat boshligi — prezident. Qonun chiqaruvchi oliy organi — Millat majlisi (1995-y. dan). Oliy ijroiya va farmoyish beruvchi organi — Vazirlar Kengashi.
Tabiati. Armaniston — togʻli mamlakat, relyefi murakkab, past-baland. Hududining 90% ga yaqini dengiz sathidan 1000 m dan baland. Yer yuzasining dengiz sat-gʻidan eng yuqori nuqtasi 4090 m (Aragas togʻi), eng past nuqtasi 350 m. Respublikaning shim. va shim.-sharqida Kichik Kavkaz tizmasi, jan. da Armaniston yassitogʻligi bor. togʻ tizmalari oraligida Pambak va Shiroq vodiylari, Sevan havzasi, Armanistonning jan.-gʻarbida — togʻlar oraligida — Ararat tekisligi joylashgan. Armanistonda mis-molibden, mis kolchedani, polimetall rudalar, oltin, temir rudasi, nefelin boʻyoqlari, bentonit gillari, tosh tuz konlari bor. Binokorlik materiallari (marmar, dolomit, tuf, pemza, obsidion, perlit) zaxiralari anchagina. Respublika subtropik mintaqada joylashgan. Armaniston iqlimi xilma-xil. Tekislik va togʻ etaklarida iyulning oʻrtacha t-rasi 24°, 26°, yanv. niki — 5°, yillik yogin miqdori 200 — 400 mm. Plato va togʻ yon bagʻirlarida iyulning oʻrtacha t-rasi 18°, 20°, yanv. niki — 4°, yillik yogin miqdori 500 mm. Jan.sharq va shim.-sharqda iqlimi quruq subtropik. Armanistonda eng yuqori t-ra 42° (Arake vodiysida), eng past t-ra — 46° (shim.gʻarbda). Qor qatlamining qalinligi 10 — 200 sm. Daryolarning kupi Arake daryosi irmoqlaridir, faqat Armaniston shim. dagi daryolar Kura daryo tizimiga kiradi. Armaniston daryolarida kema qatnay olmaydi. Daryolarning umumiy gidroenergiya zaxirasi 1700 ming kVt. A. da yuzdan ortiq mayda koʻl bor. Eng kattasi — Sevan. Unda mashhur gulmohi (forel) baligʻi ovlanadi. Mingga yaqin mineral buloq bor. Armanistonda xilma-xil tuproqlar uchraydi; respublika mayd. ning yarmiga yaqini qora tuproqli. togʻ etaklarida tikanli butalar, archa, tol, naʼmatak oʻsadi. Oʻrmon va butazorlar Armaniston hududining 12% ni egallagan. Shim.-sharqda buk, jan. da dub va grab oʻrmonlari mavjud. Armanistonda umurtqali hayvonlarning 450 turi bor. Shundan 70 turi sut emizuvchilar, 300 turi parrandalar, 40 turi sudralib yuruvchilar, 23 turi baliqlardir. Koʻriqxonalari: Dilijon, Xosrov va b. Sevan milliy bogʻi bor.
Aholisi. Armanistonning asosiy aholisi — armanlar (3 mlndan ortiq). Ruslar, kurdlar, gruzinlar, ukrainlar va b. ham yashaydi. Aholining 69,5% shaharlarda istiqomat qiladi. Rasmiy tili — arman tili. Dindorlar asosan xristian-monofisiylardir. Yirik shaharlari — Yerevan, Gyumri, Vanadzor.
Tarixi. Arxeologik qazishlar natijasida hoz. Armaniston yerlarida quyi paleolitning shell va ashel davriga oid tosh qurollari topildi. Armaniston togʻ etaklarida toʻrtlamchi davrning birinchi yarmida ibtidoiy odamlar yashagan. Armanistonda neolit yodgorliklari, q. x. va chorvachilikning dastlabki rivojidan dalolat beruvchi eneolit madaniyati ham ochilgan. 1956-y. Sevan koʻlining suvi quritilib, arxeologik qazish ishlari oʻtkazilganda mil. av. 2 minginchi y. ga oid tarixiy yodgorliklar topildi. Urartu quldorlik davlati madaniyati (mil. av. 9-a.) temir davrining yodgorligidir. Arman xalqi qad. hay, arman, urart va b. qabilalarning birlashuvidan paydo boʻlgan. Mil. av. 6-a. da arman qabilalari Urartu davlati yerlarini egallagan. Mil. av. 6-a. oxirlarida Armaniston Eron Axomaniylar davlati tarkibiga kirgan. Makedoniyalik Aleksandr Eron davlatini tor-mor keltirgach, Armaniston yerlari ham uning imperiyasiga qoʻshildi. Mil. av. 4-a. oxirlarida Kichik Armanistonda va Ararat vodiysida mustaqil arman podsholiklari ajralib chiqdi. Jan.-gʻarbiy Armaniston va Jan. Armaniston tobe podsholiklar sifatida Salavkiylar davlati tarkibiga kirdi. Taxm. mil. av. 220-y. Ararat podsholigi b-n Jan. Armanistonning birlashuvidan Buyuk Armaniston tashkil topdi. Salavkiylarning rimliklarga qarshi kurashdagi magʻlubiyati (mil. av. 190-y.)dan foydalanib, Buyuk Armaniston 6-n Sofena mus-taqillikka erishdi. Armaniston Tigran II Artashes (mil. av. 1-a.) davrida savdo va madaniyati rivojlangan yirik davlatga aylandi. Mil. 1-a. dan Buyuk Armaniston Rim bilan Eron davlati oʻrtasida kurash maydoni boʻlib qoldi va inqirozga yuz tuta boshladi. 3-a. boshlarida Armanistonda feodal munosabatlar yuzaga kela boshladi. Ayniqsa, 4-a. da xristian dinining qabul kilinishi natijasida arman cherkovi feodalizmning qudratli tashkilotlariga aylandi. 387-y. da A. Eron sosoniylari va Vizantiya oʻrtasida taqsimlandi. Armanistonning katta qismi Eronning vassaliga aylanib qoldi. 7-a. ning 2-yarmida Armaniston arab xalifaligiga boʻysundi. Arman xalqi bosqinchilarga qarshi bir necha bor (450 – 451, 482 – 484, 571 – 572, 747 – 750, 772 – 775, 850 – 855-y. lar) qoʻzgʻolon koʻtardi. Milliy madaniyatni saqlab qolish uchun olib borilgan kurash natijasida arman feodal adabiyoti va meʼmorligi rivojlandi. 393-y. da Mesrop Mashtos arman alifbosini yaratdi. Arablarga qarshi uzoqdavom etgan kurash jarayonida bagratiylar podsholigi tashkil topdi. Bagratiylar sulolasiga asos solgan Ashot I davri (886 — 891)da arab xalifaligi va Vizantiya imperatori Armaniston mustaqilligini tan oldi. Ashot II (914 — 928) Sevan koʻli atrofida arab qoʻshinini magʻlubiyatga uchratdi (921) va oʻzini Armaniston knyazlarining knyazi deb eʼlon qildi. Ashot III (953 — 977) mamlakatni birlashtirish, markazlashgan hokimiyatni mustahkamlash siyosatini yurgizdi. Mamlakatda kattakatta inshootlar qurildi. Iqtisodiy va madaniy hayot yuksala boshladi. Dvin, Ani, Kare, Naxichevan hamda Van mamlakatning yirik madaniy shaharlariga aylandi. Lekin feodallarning birbiriga qarshi urushi arman davlatini parchalab yubordi. Vizantiya imperiyasining bosqinchilik siyosati esa mamlakatni tushkunlikka uchratdi. Armanistonni 11-a. da saljuqiylar, 13-a. da moʻgʻullar, 14-a. da Amir Temur bosib oldi. 16 — 18-a. larda Turkiya bilan Eron oʻrtasida kurash maydoniga aylandi. 1555-y. da Turkiya bilan Eron oʻrtasida tuzilgan bitimga asosan Turkiya Gʻarbiy Armanistonning katta qismini, Eron esa Sharqiy Armanistonni oldi. 1801-y. dan Sharqiy A. Eron zulmidan ozod qilina boshladi. 1828-y. gi rus-eron urushi natijasida Erevan va Naxichevan xonliklari Rossiyaga qoʻshildi. 1877 — 78 y. lardagi rus-turk urushi natijasida Kare va Gʻarbiy Armanistonning ayrim hududlari Rossiyaga koʻshib olindi. 1917-y. da hokimiyat dashnoqlar qoʻliga oʻtdi. 1918-y. yezda Turkiya Brest sulhi shartnomasini buzib, Armanistonning katta qismini bosib oldi. 1918-y. noyab. da ularning oʻrnini ingliz qoʻshinlari egalladi. 1920-y. da sovet hokimiyati oʻrnatildi va Armaniston SSR tuzildi. 1922-y. dan Armaniston Zakavkazye federatsiyasiga, 1936-y. dan bevosita SSSR tarkibiga kirdi. 1990 i. avg. da A. Oliy Kengashi uni A. Respublikasi deb atash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. 1991-y. 24 sent. da Armaniston mustaqil deb eʼlon qilindi. OʻzR bilan diplomatiya munosabatlarini 1995-y. 27 okt. da oʻrnatgan.
Siyosiy partiyalari va jamoat tashkilotlari. Armanistonda 20 dan ortiq siyosiy partiya faoliyat koʻrsatmoqda. Bular: A. umummilliy harakati, Liberal-demokratik partiya, Respublika partiyasi, Xristian-demokratik partiya, Milliykonservativ partiya, Milliy uygʻonish partiyasi, Milliy oʻzligini anglash birlashmasi, Konstitutsion huquq ittifoqi, Milliy-demokratik ittifoq. Armaniston millatparvar partiyasi va b. Eng muhim jamoat tashkilotlari: Kasaba uyushmalari konfederatsiyasi. Umumarman «Ayastan» jamgʻarmasi, Respublika xotin-qizlar kengashi va b.
Xoʻjaligi. Armaniston sanoatlashgan va koʻp tarmoqli q. x. yaxshi rivojlangan mamlakat. Asosiy tarmoqlari: rangli metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, neft kimyosi, oziq-ovqat sanoati, binokorlik materiallari, sabzavotchilik, uzumchilik, mevachilik. Yalpi ichki mahsulot tizimida sanoatning ulushi 48,3%, q. x. ning ulushi 25,7% ni tashkil etadi.
Sanoatida aniq stanoklar, devorbop tuf materiallari, molibden konsentrati, mis kuporosi, koʻchma elektr st-yalar, markazdan qochirma nasoslar, soatlar, tozalangan mis, kalsiy karbid, sirka kislotasi, sintetik kauchuk, avtopokrishkalar, temirchilik-press mashinalari, elektr motorlar, kompressorlar, gidronasoslar, liftlar, marmar, gilamlar, trikotaj, kiyim-kechak, poyabzal, meva konservalari, efir moyli mahsulotlar, vino-konyak i. ch. asosiy oʻrin tutadi. Elektr energetika sohasida Razdan, Yerevan issiqlik elektr st-yalari, 6 st-yadan iborat Razdan kaskadi ishlab turibdi. Yiliga 9,5 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Asosiy sanoat markazlari: Yerevan, Gyumri, Charensavan, Abovyan, Dilijon va b.
Qishloq xoʻjaligi. Q. x. ga yaroqli yerlar kam boʻlishiga qaramay, q. x. koʻp tarmoqli. Sugʻorma dehqonchilik katta ahamiyatga ega. Yirik kanallari: Artashat, Arzni-Shamiram va b. Meva va rezavor meva xrsili 156 ming t, uzum hosili 144 mingt. Ekinzorlari 437 ming ga, shu jumladan gʻallazorlar 32% (burdoy, arpa), yem-xashak ekinzorlari 58%. Yalpi don hosili 0,2 mln. tonna. Kartoshka, sabzavot, tamaki, qandlavlagi yetishtiriladi. Chorvachilik asosan sut-goʻsht, jun yetishtirishga ixtisoslashgan.
Transporti. Mamlakatning umumiy yuk aylanmasida 56% dan koʻprogʻi t. y. ga toʻgʻri keladi. T. y. lar uzunligi — 640 km. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari — 7,7 ming km. Hammasi qattiq qoplamali. Avia yoʻnalishlar Armanistonni MDH davlatlarining koʻpgina shaharlari bilan bogʻlaydi. Gaz quvuri tarmoqlari bor.
Kurortlari: Arzni, Jermuk, Dilijon, Saxkadzor va b. Pul birligi — dram.
Xalq maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari. Armanistonda barcha turdagi maktablar, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari keng tarmogʻi mavjud. Armanistonda 65 oʻrta maxsus oʻquv yurti, 13 oliy oʻquv yurti, jumladan Yerevan un-ti, Politexnika, Tibbiyot, Xalqxoʻjaligi, Ped. va b. institutlar bor. Armaniston FA, oʻnlab i. t. in-tlari, ilmiy laboratoriyalar, konstruktorlik byurolari ishlab turibdi. Armanistonda 1,3 ming ommaviy kutubxona, 14 teatr, mingdan ortiq klub muassasasi, 800 dan koʻproq kino qurilma, 37 muzey mavjud. Bir nechta gaz. va jur. nashr etiladi; kitob nashri yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. 1926-y. dan Yerevandan radio eshittirish, 1956-y. dan telekoʻrsatuv boshlangan.
Adabiyoti. Arman xalq ogʻzaki ijodidan koʻpgina namunalar yetib kelgan. Bulardan eng mashhuri «Sosunlik Dovud» dostonidir. Unda armanlarning bosqinchilarga qarshi kurashi aks etgan. Arman yozma adabiyoti 5-a. da yuzaga kelgan, bungacha yaratilgan adabiy asarlar armanlarning xristianlik diniga utishi payti (4-a.)da yoʻq boʻlib ketgan. Maʼrifatparvar olim Mesrop Mashtos yaratgan yozuv adabiyotning tez rivojlanishiga yoʻl ochdi. 10-a. ga kelib, iqtisodiy hayot jonlanishi tufayli adabiyot va sanʼatda insonparvarlik ruhidagi asarlar paydo boʻla boshladi. 10 — 13-a. lardagi shoirlar Nerses Shnorali, Mxitar Gosh, Vardan Aygeksi ijodida uygʻonish davri gʻoyalari seziladi. 14 — 18-a. larda Ovanes Tupkuransi, M. Nagash, G. Axtamarsi, N. Kuchak, N. Ovnatan, Sayat Nova kabi shoirlar dunyoviy adabiyot anʼanalarini davom ettirdilar. X. Abovyan yangi arman adabiyotiga asos soldi. 19-a. 60-y. laridan xalq hayotini aks ettiruvchi dramaturgiya rivojlana boshladi. G. Sundukyanning pyesalari sahnalashtirildi. 18-a. oxiri va 20-a. boshlarida A. Paronyan, O. Tumanyan, A. Isaakyan, A. Akopyan, Armaniston Shirvonzoda arman adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdilar. 20-y. larda A. Vshtuni, G. Maari, V. Alazan, G. Saryan, S. Vauni kabi shoirlar keng omma orasida shuhrat qozondi. 30-y. larda arman adabiyoti Ye. Charens, A. Bakuns, M. Armen, V. Totovens, V. Norens, N. Zaryan, S. Taronsi, D. Demirchyan va M. Janan kabi adiblarning asarlari bilan boyidi. 1932-y. da A. Yozuvchilar uyushmasi tuzildi. 2-jahon urushidan keyin romanchilik rivojlandi, qator poetik asarlar yaratildi. G. Sevunsning «Tehron», L. Gurunsning «Oltin tong», R. Kocharning «Katta uy bolalari», A. Sanyanning «Tashnalik» romanlari, I. A. Grashi, O. Sheroz, R. Ovanesyan, S. Kaputikyanlarning sheʼriy toʻplamlari bosilib chiqdi. Oʻzbek yozuvchi va shoirlarining mashhur asarlari arman tilida nashr etilgan. Arman adabiyotining eng yaxshi namunalari ham oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.
Meʼmorligi. Armaniston hududida eng qad. meʼmoriy yodgorliklar neolit davriga mansub. Urartu davridan (mil. av. 9 — 6-a. lar) Teyshebaini va Erebuni (Yerevan, mil. av. 782-y. da asos solingan), antik davrdan Artashat, Tigranakert sh. larining qoldiqlari, Garni qalʼasi (mil. 1-a.) saqlanib qolgan. Ksenofont tasvirlagan toifadagi turar joy — glxatun (rejada toʻgʻri burchakli, zinali yogʻoch gumbazli uy) 20-a. gacha anʼana tarzida saqlanib keldi. Xristianlik qabul etilgach (301-y.), cherkovlar (Echmiadzindagi katta butxona, 5-a.), istehkom qasrlar, hashamatli saroylar (Zvartons, Aruch, Dvindagi) qurildi. Bu binolarning rejasi aniq, meʼmoriy shakllari ixcham, bezaklari nafis. Uzunchoq yoki silindr shaklidagi gumbazli binolar (Zoravar, Ripsimdagi ibodatxonalar, Echmiadzindagi Gayane, hammasi 7-a.) barpo etildi. 9 —12-a. larda Armaniston meʼmorligi yuksak darajaga koʻtarildi. Shaharlarda mahobatli jamoat binolari va diniy inshootlar qurildi. Ani sh. da mustahkam mudofaa devorlari (989), Gagikashenda saroylar, ibodatxonalar (989—1010; meʼmor Trdat), Axtamar o. da saroy va cherkov (915—921; meʼmor Manuel) barpo etildi. 12—14-a. larda jamoat meʼmorligi (mehmonxonalar, karvonsaroylar, koʻpriklar) rivoj topdi. Qoya toshlar orasini oʻyib hosil qilingan Gegard monastiri (Ayrivank) saqlanib qolgan. 14-a. da Armaniston meʼmorligida inqiroz boshlandi. Ammo bu davrda oʻzga mamlakatlarga borib oʻrnashib qolgan armanlar yashovchi joylarda arman ustalari ishtirokidagi qurilish rivojlandi (Feodosiya, Lvovdagi arman ibodatxonalari, Kamenes-Podolskiy, Luskdagi imoratlar va b.). Hoz. zamon A. meʼmorligi anʼanaviy milliy meʼmorlik, tabiiy va yangi ijtimoiy-maishiy sharoitlar asosida davom ettirilmoqda.
Tasviriy sanʼati. Armaniston togʻlarida yashagan kabilalar va xalqlar ibtidoiy jamoa madaniyatining hamma bosqichlaridan oʻtishgan. Neolit davriga mansub qoya toshlariga ishlangan suratlar saqlanib qolgan. 4 — 6-a. larga oid tasviriy sanʼat namunalari ham uchraydi (naqshli xotira lavhalar, sagʻanalarga oʻyilgan yozuvlar va b.). A. haykaltaroshligi meʼmorlik bilan birga rivojlandi. Axtamar qasri (10-a.) bezaklari, Tatev, Ani, Axtaldagi devoriy naqshlar bunga misol boʻla oladi. Miniatyura ham birmuncha rivojlandi. 18-a. dan rassomlik ravnaq topdi. 19-a. ning 20-y. larida A. Rossiyaga qoʻshilishi tufayli rus sanʼatkorlariningtaʼsiri kuchaydi. Rassom Akop Ovnatanyan (1806 — 81) milliy rassomlikka asos soldi. 80-y. lardan I. Ayvazovskiy, G. Bashinjagyan, Ye. Tatevosyan, V. Surenyans, A. Shamshinyan Armaniston sanʼatining rivojiga hissa qoʻshdilar. 20-a. da isteʼdodli rassom va haykaltaroshlar avlodi kamol topdi. M Saryan, S. Agajanyan, A. Kojoyan, A. Urartu, S. Arakelyan, Ye. Kochar, T. Chubaryan kabi sanʼatkorlar yetishib chiqdi.
Musiqasi. Necha ming yillik anʼanalarga ega boʻlgan qad. arman musiqasi asosan bir ovozli boʻlsa ham, ammo koʻp ovozlilik elementlari uchrab turgan. Oʻtmish musiqiy madaniyatining atoqli namoyandalari Komitas (6—7-a. lar) va Nerses Shnorali (12-a.) diniy madhiyalar va sharakanlar yozishgan. 17-a. oxirlaridan ashug (baxshi) lar sanʼati rivoj topdi (18-a. dagi mashhur baxshi — Sayat Nova). 19-a. 2-yarmida yangi kompozitorlik maktabi vujudga keldi. 1868-y. da T. Chuxajyan «Arshak II» nomli birinchi arman operasini yaratdi. Xalq taronalarini yevropacha kompozitsiya vositalari bilan birga qoʻshish orqali oʻziga xos milliy uslub shakllana bordi (kompozitorlar: X. Kara-Murza, M. Ekmalyan, N. Tigranyan, Komitas, A. Spendiarov, R. Melikyan, A. Tigranyan va b.). Arman xalq cholgʻu asboblari: puflab chalinadigan, kamonli, chertma, urma asboblardir. Chem-chem (yakka raqs), shchoror (duet), ver-ver, kochari (tuda raqs)lar keng tarqalgan. 19-a. boshlaridan yangi arman nota yozuvi (A. Limonjyan ixtirosi) boshlandi. 19-a. ning oxirgi choragidan xor qoʻshiqlari rivojlandi, xalq taronalari, qoʻshiqlari qayta ishlandi. 20-a. boshlarida yangi musiqiy janrlar: simfoniya, balet, simfonik doston, kamercholgʻu musiqasi, ommaviy qoʻshiq, spektakl va kinofilmlarga musiqa yozish rivojlandi. A. Xachaturyan, K. Zakaryan, V. Talyan, A. Ayvazyan va b. lar turli janrlarda ijod qildilar. Yerevanda opera va balet teatri (1933), Musiqali komediya teatri (1942) barpo etildi. Armaniston filarmoniyasi tarkibida simfonik orkestr, torli kvartet, ashula va raqs dastasi, xor kapellasi, gusan ashula dastasi kabi ijodiy jamoalar bor. Davlat konservatoriyasi xamda Sanʼat in-tining musiqa va xalq musiqa ijodiyoti boʻlimi malakali kadrlar tayyorlaydi. 1933-y. da A. Kompozitorlar uyushmasiga asos solingan. Arman musiqasi Oʻzbekistonda keng yoyilgan. Oʻzbek davlat filarmoniyasining simfonik orkestri A. Babajanyanning «Qahramonlik balladasi»ni E. Mirzoyanning simfoniyasini, A. Doluxanyan, A. Arutyunyan va b. larning asarlarini ijro etgan. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek Davlat akademik katta opera va balet teatri A. Xachaturyanning «Spartak» baletini sahnalashtirgan.
Teatri. Arman teatr sanʼati mil. av. 1-a. da vujudga kelgan (mil. av. 69 y. da Tigranakertda teatr binosi kurilgan). Arman va yunon mualliflarining asarlari sahnalashtirilgan. 4 — 11-a. larda folklor-xor va qorishma janrlarda ishlovchi teatr mavjud boʻlgan. 12-a. da cherkov va maktab teatrlari paydo boʻldi. 14-a. dan qad. arman teatri sekin-asta yoʻqolib bordi. 18-a. da sayyor truppalar tashkil etildi. 17 — 18-a. larda oʻzga yurtlardagi (Moskva, Venetsiya, Vena, Madras, Kalkutta va b. joylardagi) arman muhojirlari yangi arman teatrlarini yaratdilar. 19-a. da Armaniston teatr sanʼatida yuksalish davri boshlandi. Konstantinopol (1861), Tiflis (1863) va b. shaharlarda dastlabki arman doimiy professional teatrlari vujudga keldi. Milliy dramaturglardan M. Peshiktashyan, S. Ekimyan, M. Patkanyan, G. Sundukyan ijodida realistik yoʻnalish qaror topdi. 20-a. boshlarida Yerevan drama teatri (1921; 1937-y. dan Sundukyan nomidagi), Gyumrida A. Mravyan nomidagi teatr (1928), Yerevan Yosh tomoshabinlar teatri (1929), Vanadzor teatri (1931), Nor-Bayazet teatri (1935) tashkil topdi.
Kinosi. Armanistonda dastlabki xronika kinolari 1907-y. da suratga olina boshlangan. 1923-y. da tashkil etilgan Armaniston «Davkino»si hoz. A. Bek-Nazarov nomidagi «Armenfilm» deb ataladi. Badiiy filmlar 1925-y. dan chiqarila boshlagan. Ular orasida «Namus» (1925), «XasPush» (1928) va birinchi tovushli film «Pepo» (1935, barchasining rej. A. BekNazarov), «Shaxsan maʼlum» (1958) va «Favqulodda topshiriq» (1965, ikkala film rej. lari — S. Kevorkov va E. Karamyan), «Salom, bu men!» (1966, rej. F. Davlatyan), «Quyosh ostidagi joy» (1976, rej. A. Babayan) va b. Mashhur arman aktyorlari — A. Jigarxanyan, G. Tonuns, M. Simonyan, M. Mkrtchyan. 1958-y. da A. Kinematografchilari uyushmasi tuzilgan.