ABXAZIYA

ABXAZIYA, Abxaziya Respublikasi (abxazcha nomi «Apsni» — qalb oʻlkasi) — Gruziya Respublikasi tarkibida. 1921-y. 4-martda tashkil topgan. Zakavkazyening shim.-gʻarbiy qismida joylashgan. Jan.-gʻarbiy qismi Qora dengizga tutashadi. Mayd. 8,7 ming km2. Aholisi 530 mingdan ortiq kishi (1999). 5 tuman, 7 shahar, 4 shaharcha bor. Poytaxti — Suxumi sh.

Tabiati. Abxaziya hududining koʻpchilik qismi Katta Kavkaz togʻ tizmasining etaklari va yon bagʻirlarida joylashgan (Gagra, Bzib, Abxaziya, Kodori tizmalari). Ayrim joylarda togʻlarning bal. 3—4 ming m ga yetadi. Dovonlar ham bor. Qora dengiz boʻylab torgina tekislik choʻzilgan. Jan.-sharqida Kolxida pasttekisligi joylashgan. Foydali qazilmalari: toshkoʻmir, qurilish materiallari, barit, simob, polimetall rudalar. Iqlimi — nam subtropik, togʻlarda — moʻtadil sovuq va sovuq. Sohilda yanv. t-rasi 4°, 7°, togʻlarda —2° gacha; iyulda sohilda 22°, 24°, togʻlarda 16°, 18°. Yogʻin miqdori pasttekisliklarda 1300—1500 mm, togʻlarda 2400 mm gacha. Daryolari: Bzib, Kodori, Galidzga, Gumista; koʻllari: Ritsa, Amtkeli. Pasttekislik va togʻ etaklari botqoq, allyuvial, podzol, ayrim joylar sariq, qizil tuproqli. Balandlashgan sari chirindi karbonatli, qoʻngʻir togʻ-oʻrmon hamda togʻ-oʻtloq tuproqlar uchraydi. Mamlakat hududining 55% dan koʻprogʻi oʻrmon (samshit, buk, dub, qoraqayin, kashtan, grab daraxtlari), yuqoriroqda oq qaragʻay, undan balandda subalp va alp oʻtloqlari bor. Subtropik oʻsimliklardan xurmo, evkalipt, sarv va b. oʻsadi. Abxaziya hududida Ritsa, Gumista, Pitsunda-Myusser qoʻriqxonalari bor.

Aholisi. Asosiy aholisi abxazlar va gruzinlar. Ular sohil tumanlari va togʻ yon bagʻirlarida yashaydi. Shaharlari: Ochamchira, Gudauta, Gagra (dengiz portlari), Gali, Tkvarcheli. Abxazlar oʻzlarini apsua deb ataydilar. Davlat tili — abxaz tili.

Tarixi. Abxaz xalqining ajdodlari haqidagi dastlabki maʼlumotlar jez asrining keyingi davridan boshlanadi. Mil. av. 1 – minginchi y. oʻrtalarida Abxaziya Kolxida podshohligining bir qismi boʻlgan. Mil. av. 2 – a. oxiri —1 – a. ning boshlarida A. Pont podshohligi, mil. av. 65 y. dan Rim qaramogʻida boʻlgan. 4-a. da Gʻarbiy Gruziyada vujudga kelgan Laz podshohligi tarkibiga kirgan. 4 — 6 – a. larda butun Abxaziyani Vizantiya zabt etgan. 8 – a. ga kelib abxazlar Vizantiyaga itoat etmay qoʻydi. Shu a. ning 80-ylarida Gʻarbiy Gruziya yerlari Abxaziya podshohligiga birlashtirildi. 16-a. dan A. Turkiyaga qaram boʻlib qoldi va abxazlar yerlari iqtisodiy-madaniy inqirozga uchradi. 1810-y. da A. Rossiyaga qoʻshib olindi. 19a. boshlarida abxazlar Axchipsou, Aibga, Dal, Sabal, Psxu kabi erkin jamoalar tarzida kun kechirgan. Har biri bir necha ming kishidan iborat boʻlgan erkin jamoalar qon-qardoshlik guruhlariga boʻlinar va ular oʻrtasidagi munosabatlar abxazlarning anʼanaviy huquqiga asoslanar, hamma masalani jamoa oqsoqoli hal qilar edi. Asrlar davomida Abxaziya knyazligining markazlashuv darajasi avvalo hokim knyazning shaxsiy obroʻeʼtiboriga bogʻliq boʻlgan. Koʻpincha u va mahalliy zodagonlar erkin jamoalarni nazorat qilmasdi. A. Rossiyaga qoʻshib olingach, bir necha oʻn yillar davomida vaziyat notinch boʻldi. Aholining bir qismi Turkiya tarafdori edi. 1864-y. gi Kavkaz urushidan keyin Abxaziyaning muxtoriyat maqomidan mahrum etilishi vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Ommaviy norozilik 1866-y. da abxazlarning yalpi qoʻzgʻoloniga aylanib ketdi. Rus jazo otryadlari qoʻzgʻolonni shafqatsizlik b-n bostirdi. Maʼmurlar gʻalayonchi abxazlarni Turkiyaga koʻchira boshladi. 1877-78 y. lardagi rus-turk urushida abxazlar Turkiya tarafida faol ishtirok etishi sababli ularni majburan Turkiyaga koʻchirish ommaviy tus oldi. Natijada abxazlar yashab kelgan hudud ikkiga: shim,-gʻarbiy (bzib) va jan.-sharqiy (abjuy) qismlarga boʻlinib qoldi. Abxazlar tark etgan yerlarga Turkiyadan greklar va armanlar, Rossiyadan turli millat kishilari, Gruziyadan asosan megrellar koʻchib kela boshladilar. Shu tariqa hoz. Abxaziya turli-tuman millatlar yurti boʻlib qoldi. 1921-y. 16 dek. da Abxaziya shartnoma asosida Gruziya tarkibiga kirdi. 1990-y. dek. dan Abxaziya muxtor respublikasi, 1992-y. iyuldan A. Respublikasi. Abxaziya dagi 1990-ylardagi vaziyatning xususiyatlari va oʻtkir gruzin-abxaz mojarosining sabablari koʻp jihatdan tarixiy oʻtmishga va 19—20-a. lardagi ijtimoiyiqtisodiy jarayonlar xarakteriga borib taqaladi.

Xoʻjaligi. Abxaziya gʻarbiy va sharqiy iqtisodiy hududlarga boʻlinadi. Xoʻjaligida agrar soha ustun. Choy, tamaki, sitrus mevalari, efir moyli oʻsimliklar ekiladi, makkajoʻxori yetishtiriladi. Oʻrmonchilik va koʻmir qazib olish tarmoqlari rivojlangan. 90 – y. larning boshigacha sanatoriy-kurortlar tizimi alohida oʻrin olgan. Dengiz boʻylarida bogʻdorchilik va tokchilik, shuningdek chorvachilik (asosan qoramolchilik), parrandachilik, pillachilik, baliqchilik va asalarichilikka katta ahamiyat beriladi. Sanoatda oziqovqat, tamaki mahsulotlari, meva konservalari ishlab chiqariladi. Abxaziyada 4 tamaki-fermentatsiya z-di, bir necha choy f-kasi, Kodori taxta tilish k-ti bor. Mahalliy xom ashyo asosida efirli moy z-dlari, shuningdek charm poyabzal k-ti va bir necha tikuvchilik korxonalari ishlaydi. Elektr energiyasi asosan Tkvarcheli elektr st-yasi va Suxumi GESida hosil qilinadi. Mashinasozlik va kimyo sanoati, qurilish materiallari korxonalari bor. Abxaziya hududini Suxumi — Cherkasiya t. y. va avtomobil yoʻllari kesib oʻtadi. Asosiy dengiz porti — Suxumi sh. Muhim iqlimiy kurortlar Suxumi, Gagra, Gudauta, Noviy Afon, Pitsundada joylashgan.

Madaniyati. Abxaziyada oʻrta umumiy taʼlim maktablari, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, oliy oʻquv yurtlari (Suxumi un-ti, Subtropik xoʻjalik in-ti), i. t. institutlari, klub muassasalari, muzeylar, botanika bogʻi ishlab turibdi. Abxaz tilida gaz. va jurlar nashr etiladi. Abxaz, gruzin va rus tillarida radio eshittirishlar olib boriladi. Retranslyatsiya telekoʻrsatuvi mavjud. Xalq ogʻzaki ijodida qahramonlar haqidagi ertaklar, rivoyatlar, ovchilik haqidagi hikoyalar, bandi qilib qoʻyilgan Abrskil haqidagi qad. rivoyat, xalq qoʻshiqlari mashhur. Xalq shoiri D. Gulia abxaz adabiyotining asoschisi hisoblanadi. Choʻpon va ovchi qoʻshiqlari, dehqonchilik va urfodatlar bilan bogʻliq qoʻshiq va laparlar abxaz musiqasiga asos boʻlgan. Abxaziya hududida jez davrining dolmen deb atalgan sagʻanalari, qad. yunon va Rim davridan qolgan inshootlarning vayronalari (Dioskuriya — Sebastopolis, Anakopiya va b.), Vizantiya davri (6—8 – a. lar) meʼmoriy yodgorliklari — Noviy Afondagi ustunli bir gumbazli imorat, neolit va jez zamonlaridagi odam va hayvonlarning haykalchalari, naqshli keramika va bronza buyumlar saqlanib qolgan. 14 – a. ning boshlaridagi miniatyuralar, 14—16 – a. lardagi freskalar mashhur. Hoz. zamon tasviriy sanʼatining shakllanishida 1918-y. ochilgan Suxumi badiiy maktabi muhim rol oʻynagan. Abxaziyaning birinchi professional rassomi A. Shervashidze (Chachba) boʻlgan. I. Somaya, N. Tebukashvili, Ch. Kukuladze, V. Mesxi, M. Eshba, B. Gogoberidze kabi sanʼatkorlar mashhur. Qadimdan amaliybezak sanʼati rivojlangan.


Lotin alifbosida maqola: ABXAZIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ARMANISTON
AFRIKA
ADIGEYa
AHOLI
Abdurauf Olimov - Chaman ichinda bir gul


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты