AVTOMOBIL SANOATI — mashinasozlikning bir tarmogʻi; avtomobillar, tirkama va yarim tirkama yuk tashish moslamalari, avtomobillarga ehtiyot qismlar, agregatlar ishlab chiqaradi, shuningdek mototsikllar, mo-torollerlar, mopedlar, velosipedlar i. ch. korxonalari ham Avtomobil sanoati tarkibiga kiradi. Avtomobil sanoati 19-a oxirida Fransiya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniyada vujudga keldi. 20-a. davomida bu sanoat yuqoridagi mamlakatlardan tashqari. Yaponiya, Italiya, Rossiya, Kanada, Shvetsiya va b. mamlakatlarda ham rivoj topgan. Dunyoda har yili oʻrta hisobda 46—53 mln avtomobil ishlab chiqariladi, shulardan yuk avtomobillari 9—10 mln, avtobuslar 1,4—1,7 mln, krlganlari yengil avtomobillar. Yengil avtomobillar ishlab chiqarishda «Ford» (4,0), «Kraysler» (1,4) avtomobil monopoliyalari jahonda ishlab chiqarilgan jami yengil avtomobillarning 23,6%ni ishlab chiqaradi, Yaponiyaning «Toyota» (3,6), «Xonda» (1,9), «Nissan» (2,1) monopoliyalari, Germaniyaning «Folksvagen» (2,0), «Opel» (1,7), Fransiyaning «Reno» (1,6), Italiyaning «Fiat» (1,9) kompaniyalari yengil avtomobillar i. ch. da yetakchilik qiladi. 20-a. ning 80-y. laridan boshlab avtomobil konsernlari avtomobil sotish bozorlarida kattaroq joy egallash, mahsulot tannar-xini kamaytirish va sifatini yuqori darajaga koʻtarish maqsadida xalqaro konsernlarga birlasha boshlashdi. Mas, «Ford» konserni oʻziga Yaponiyaning «Mazda», Angliyaning «Yaguar», Shvetsiyaning «Volvo» konsernlarining yengil avtomobillar ishlab chiqaradigan boʻlimlarini kiritdi. «Folksvagen» Ispaniyaning «Seat», Germaniyaning «Audi», Chexiyaning «Shkoda» konsernlari bilan birlashdi. Bu jarayon hoz. kungacha davom etib kelmoqda.
Oʻzbekistonda Avtomobil sanoati 90-y. lar boshidan paydo boʻldi. 1992-y. OʻzRda Janubiy Koreyaning «DEU» korporatsiyasi bilan Asaka sh. da yillik loyiha quvvati 200 ming dona yengil avtomobillar («Damas», «Tiko», «Neksiya») ishlab chiqaradigan «OʻzDEU-avto», qoʻshma korxonasi barpo etildi. Asaka avtomobil z-dida «Damas» mikroavtobuslarini seriyali ishlab chiqarish 1996-y. martdan yoʻlga qoʻyildi, 1996-y. 19-iyulda z-dning rasmiy ochilishi va xalqaro taqdimoti oʻtkazildi. 1996—99 y. larda «OʻzDEUavto» qoʻshma korxonasida 200 mingdan ortiq avtomobil, 1999-y. da jami 60 mingga yaqin avtomobil ishlab chiqarildi («Neksiya» — 28259, «Tiko» — 16380, «Damas» — 13663 dona). Chet elga 14 mingdan ortiq avtomobil eksport qilindi. Shuningdek 1995-y. «Oʻzavtosanoat» uyushmasi va Turkiyaning «Koch xolding» kompaniyasi oʻrtasida imzolangan shartnomaga koʻra, Samarqand sh. da yillik loyiha quvvati 5 ming donadan ziyod avtobus va turli yuk mashinalari i. ch. ga moʻljallangan, umumiy qiymati 65 mln. AQSH dollariga teng «SamKochAvto» qoʻshma korxonasini bunyod etildi. Oʻrta Osiyoda avtobus va turli yuk mashinalari ishlab chiqaradigan mazkur yagona korxonani ishga tushirishga moʻljallangan rasmiy takdimot marosimi 1999-y. 16-martda boʻlib oʻtdi. Hozircha bu z-dda tayyorlanayotgan mashinalar uchun butlovchi va extiyot qismlarning 25% Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmoqda. Kelgusida avtomobil qismlarini i. ch. tobora kengaytiriladi. Asaka avtomobil z-dida ham dastlabki butlovchi va ehtiyot qismlarning 15% mahalliy korxonalarda tayyorlangan boʻlsa, 1999-y. ga kelib bu koʻrsatkich 55%ga yetdi.
Respublika avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish maqsadida oʻnlab qoʻshma korxonalar tashkil etildi. Ular Jan. koreyalik sheriklar ishtirokida tashkil etilgan z-dlar: «OʻzkoramKo», «Oʻz-Tong Xong», «Oʻz-Dong Yang», «Oʻz-Don-gju Peint Kompani», «Oʻz-Sam Yang» va b.
1998-y. da «Oʻzavtosanoat» uyushmasi Xalqaro avtotransport ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkilotlariga aʼzo etib qabul qilindi.
Avtozavodlarning koʻplab dilerlari respublika ichida ham, undan tashqarida ham faol ishlamoqdalar. «Oʻzavtotexxizmat» aksiyadorlik jamiyati va «Oʻzbek-Lada» shular jumlasidandir. Avtomobillarning yangi modellarini yaratish maqsadida katta loyihalar ustida ishlar olib borilmoqda.
2000 yil boshida Sifatni standartlash boʻyicha xalqaro tashkilot (ISOBMTning tashkiloti; 1946-y. da tuzilgan) «OʻzDEUavto» kompaniyasida ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga xalqaro sifat talablariga muvofiqlik sertifikatini berdi.
Baxtiyor Hasanov.