ARXIV (lot. archivum, yun. archeion — muassasa) — 1) hujjatlar saqlanadigan joy;
2) idoralar, tashkilotlar, shuningdek ayrim shaxslar ish faoliyati davomida toʻplangan hujjatlar majmui. Qad. oʻzbek davlatlarida 3—4-a. lardayoq markazlashgan hamda xususiy hujjatxonalar mavjud edi; temuriylar (14 — 15-a.), keyinchalik Qoʻqon, Buxoro va Xiva xonliklari davrida saroy arxiv-kutubxonalari boʻlgan. 1919-y. 5 noyab. Turkiston Respublikasi Yagona Davlat Arxiv jamgʻarmasi (YADAJ) va Maorif Xalq komissarligi qoshida Arxiv ishlari Markaziy boshqarmasi (AIMB), 1930-y. dan Oʻzbekiston Markaziy Arxiv boshqarmasi (OʻzMAB) vujudga keldi.
1931-y. da Oʻzbekiston YADAJ boʻlimlari oʻrniga Markaziy arxiv (MA), Oʻzbekiston Markaziy Tarix arxivi (OʻzMTA), 1943-y. da. Oʻzbekiston kinosurat-ovozli hujjatlar Markaziy Davlat arxivi, 1962-y. da Oʻzbekiston Markaziy davlat tibbiyot arxivi (1965-y. dan Oʻzbekiston Tibbiyot va texnika hujjatlari Markaziy davlat arxivi) tashkil etildi. Arxivlar ishlarini uygʻunlashtirish va boshqarish uchun 1959-y. da Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi qoshida A boshqarmasi tuzildi. 1961-y. dan mazkur Boshqarma A. lar Bosh boshqarmasiga aylantirilib, Oʻzbekiston Ministrlar Sovetiga boʻysundirildi. 1992-y. 19-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi deb nomlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat A. lari hamda muassasalar tasarrufidagi Arxivlar unga boʻysunadi. OʻzRda jami 77 davlat Arxivi boʻlib, ularda 6 mln. ga yaqin hujjatlar, jumladan 360 mingdan ortiq surat hujjatlari, 14 mingga yaqin ovozli hujjatlar, 17,5 mingga yaqin kinohujjatlar saqlanadi (1999). Markaziy davlat arxivida 13-a. dan boshlab shu bugungacha boʻlgan hujjatlar bor. Oʻzbekiston rassomlarining ishlari Oʻzbekiston BA Badiiy jamgʻarmasi, shaxsiy guplam va muzeylardan oʻrin olgan. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon va b. shaharlarda Muqimiy, Furqat, Avaz, Hamza, Ayniy, Muxtor Ashrafiy, Abdulla Qahhor, Fafur Gʻulom, Oybek, Hamid Olimjon va b. ning baʼzi Arxiv materiallari ular uy-muzeylarida jamlangan.
Oʻzbekistonda Arxivlarni shakllantirish, saqlash va ulardan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlar hamda OʻzR A. muassasalari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining «Arxivlar toʻgʻrisida»gi qonuni (1999-y. 15 apr.) bilan tartibga solinadi. Ushbu qonun Oʻzbekiston hududida mavjud boʻlgan barcha Arxiv hujjatlarini toʻliq qamrab olishga, OʻzR Milliy arxiv fondining yaxlitligini saqlab qolishga va fuqarolar, jamiyat va davlatning ijtimoiy, madaniy, ilmiy va b. ehtiyojlarini qondirish maqsadida Arxiv hujjatlarini hisobga olish, ekspertiza qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, butlash hamda ulardan foydalanishning yagona tartibini belgilashga qaratilgan. Konunga koʻra, hujjatlarda Oʻzbekiston xalqining moddiy va maʼnaviy hayoti aks ettirilgan barcha Arxiv fondlarining majmui Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Arxiv fondi deb hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Arxiv fondi davlat va nodavlat Arxiv fondlaridan tashkil topadi. Davlat Arxiv larida va davlatning boshqa hujjatxonalarida doimiy saqlanayotgan hujjatlar, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, prokuraturalar, sudlar, banklarda, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida vaqtincha saqlanayotgan Arxiv hujjatlari davlat Arxiv fondini tashkil etadi. Nodavlat yuridik shaxslarning faoliyati natijasida toʻplangan Arxiv hujjatlari, shuningdek fuqarolarning shaxsiy Arxiv larinodavlat Arxiv fond imi tashkil etadi. Hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasining Milliy arxiv fondiga kiritish yoki hujjatlarni undan chiqarish ekspert komissiyasining xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Hujjatlarning qimmatliligini aniqpash mezonlarini, ekspert komissiyalarini tuzish va ularning faoliyat koʻrsatish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi belgilaydi.
Arxiv uchun mutaxassis xodimlar Toshkent madaniyat in-tida hamda OʻzMU tarix f-tida tayyorlanadi.
Raʼnoxon Fayziyeva.