ANGOLA

ANGOLA (Angola), Angola Respublikasi (Republica de Angola) — Afrikaning jan.-gʻarbidagi davlat. Atlantika okeani sohilida joylashgan. Maʼmuriy jihatdan 18 viloyatga boʻlingan. Mayd. 1246,7 ming km2, axolisi 11,5 mln. kishidanortiq(1999). Poytaxti — Luanda sh.

Davlat tuzumi. Angola — respublika. 1975-y. da qabul qilingan va 1991-y. da tuzatishlar kiritilgan konstitutsiyaga binoan Angola demokratik, huquqiy davlat, asosiy maqsadi — tinchlik, adolat va ijtimoiy taraqqiyot asosida erkin demokratik jamiyat qurishdan iborat. Davlat boshligʻi — 5 y. muddatga saylanadigan prezident. U yana uch muddatga qayta saylanish huquqiga ega. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 220 deputatdan iborat Milliy assambleya. Ijrochi hokimiyat bosh vazir boshchiligidagi hukumatdir. Uning tarkibini prezident tayinlaydi va Milliy assambleya tasdiqlaydi.

Tabiati. Angola hududining koʻp qismi 1000 — 1500 m balandliqdagi yassi togʻlardan iborat. Gʻarbdagi Biye togʻ havzasining eng baland nuqtasi — 2610 m. li Moko choʻqqisi. Atlantika okeani sohili boʻylab torgina dengiz boʻyi pasttekisligi yastanib yotadi. Iqlimi tropik, qishda issiq, quruq, yezda nam. Eng issiq oydagi oʻrtacha harorat 21 dan 29° gacha, eng sovuq oyda 15 dan 22° gacha. Mamlakat ichkarisida yogʻingarchilik 500 — 1500 mm, sohilda 50 — 500 mm. Eng katta daryolari: Kvanza, Kunene, Kubango va Kongoning ir-moqlari — Kasai, Kvango. Angola hududining bir qismidan Zambezi daryosi oqib oʻtadi. Dar yolari koʻpostonali, gidroenergiya zaxiralari katta. Oʻsimliklari yilning quruq faslida barg tashlaydigan savanna tipli va tropik oʻrmonlardan iborat. Milliy boglari: Portu-Aleshandri, Kameya, Kisama, Muna.

Aholisi. Aholining 96% ga yaqini bantu til oilasi xalqlari: mbundu, kongo, ovimbundu, lugazi va b. larga mansub. Portugallar ham yashaydi. Rasmiy tili — portugal tili. Aholining 90% mahalliy anʼanaviy dinga eʼtiqod qiladi; qolganlari — katoliklar. Aholining oʻrtacha zichligi —1 km2 ga salkam 5 kishi. Aholining 28% shaharlarda yashaydi. Eng katta shaharlari: Luanda, Lobitu, Uambo.

Tarixi. Angola hududida 14 – a. dan Kongo davlati, 15 – a. dan Ndongo, Lundo, Bengela, 17 – a. dan Matamba va Kasanje davlatlari mavjud boʻlgan. 1482-y. da Angolada portugʻallar paydo boʻldi. 16 – a. da ular qalʼalar, shu jumladan San-Paulu-diLuanda qalʼasini (1576) barpo etdilar; bu qalʼa kelgusida mamlakatni mustamlakaga aylantirish markazi boʻldi. 17 – a. da Ndongo va Matamba davlatlarining ayol hukmdori Zinga Mbandi Ngola portugal bosqinchilariga qarshilik koʻrsatish kurashiga boshchilik qildi. Uning vafotidan keyin Ndongo davlati portugal mustamlakachilarining zarbalari ostida parchalanib ketdi. Lundo davlati 19 – a. oxi-rigacha mustaqilligini saqlab qoldi. Amalda Portugaliya A. ning butun hududini 20 – a. ning 20 – y. lari boshlaridagina egallab oldi. 19 – a. oʻrtalarigacha Angolada qul savdosi davom etdi (300 yil mobaynida Angoladan salkam 5 mln. kishi olib ketildi). 1885 — 99 y. larda Portugaliya, Belgiya, Germaniya va Bukj Britaniya oʻrtasida hoz. Angola chegarasini belgilovchi bitimlar tuzildi. 1951-y. gacha A. Portugaliyaning mustamlakasi maqomida boʻldi. 1951-y. da Portugaliyaning «dengiz orti viloyati» deb eʼlon qilindi. Angola xalqi bosqinchilarga qarshi doimo kurashib keldi. 1961-y. A. da boshlangan qurolli qoʻzgʻolon keyinchalik mustamlakachilarga qarshi umumxalq kurashiga aylanib ketdi. Unga uch siyosiy kuch: MPLA (Angola ozodligi xalq harakati), UNITA (Angolaning toʻla mustaqilligi uchun milliy ittifoq) va FNLA (Angola ozrdligi milliy fronti) boshchilik qildi. 70 – y. larga kelib bu tashkilotlar mamlakat sharqidagi va jan.-sharqidagi anchagina joylarni ozod qilishga erishdi. 1974-y. da Portugaliyadagi fashistlar diktaturasi agʻdarib tashlangach, demokratik hukumat A. xalqining mustaqillikka boʻlgan huquqini tan oldi. 1975-y. da tuzilgan oʻtish hukumatiga MPLA, UNITA, FNLA vakillari kirdi. Biroq guruhlar oʻrtasidagi ixtiloflar natijasida hukumatning faoliyati toʻxtab, mamlakatda fuqarolar urushi boshlandi. UNITA Jan. Afrika Respublikasi (JAR)ning madadi bilan MPLAga qarshi kurashdi. MPLA esa Kubadan yordam soʻradi. 1988-y. mayda Angola, Kuba, JAR va AKSH oʻrtasidagi muzoqara yakunida imzolangan bitimga binoan Angoladan JAR va Kuba qoʻshinlari olib ketildi. Xalqaro hamjamiyatning kuchgʻayratlari tufayli 1991-y. 31-mayda MPLA hukumati va UNITA vakillari imzolagan hujjatlarga binoan 1992-y. 29 — 30 sent. kunlari Angolada BMT vakillari kuzatuvida parlament va prezident saylovlari boʻlib oʻtdi. Yangilangan konstitutsiya (1991-y. mart) koʻp partiyali demokratiya qoidasini mustahkamladi; 30 dan ortiqroq partiya roʻyxatga olindi. Angola 1976-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 11 noyab. — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1975).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. A. ozodligi xalq harakati (MPLA) asosiy siyosiy kuch hisoblanadi. U 1956-y. da tuzilgan. Angolaning toʻla mustaqilligi uchun milliy ittifoq (UNITA) — soni va nufuzi jihatidan ikkinchi siyosiy kuch. Oʻzini tarixiy partiya deb hisoblovchi Angola ozodligi milliy fronti (FNLA) siyosiy maydonda alo-hida oʻrinni daʼvo qilmoqda.

Xoʻjaligi. Angola — iqtisodiy jihatdan kam rivojlangan mamlakat. Aholining 80% ga yaqini q. x. da band. Uning iqtisodiy ahvoliga soʻnggi 15 y. mobaynida urush yetkazgan bevosita moddiy zarar salkam 20 mlrd. dollarni tashkil qildi. Tashqi iqtisodiy aloqa va tovar muomalasining asosiy hajmi gʻarb mamlakatlariga toʻgʻri keladi. Chetga chiqariladigan mahsulotining 90% dan koʻprogʻi (asosan neft) AQSH, Braziliya, Yevropa mamlakatlariga ketadi. 1985-y. dan A. Yevropa hamjamiyatining qoʻshib olingan aʼzosi. 1989-y. da Xalqaro valyuta fondi va Xalqaro taʼmirlash va taraqqiyot banki (XTTB)ga qabul qilingan. Qazilma boyliklari: — neft, olmos, marganes, uran, oltin, kvars, marmar, mis va polimetall rudalar. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining 56% neft va neft mahsulotlariga toʻgʻri keladi. Qurilish industriyasi rivojlanmoqda. Sement, shina z-dlari, toʻqimachilik f-kalari, q. x. xom ashyosini qayta ishlovchi (kofe, sholi oqlash, qand-shakar, baliq-konserva) korxonalari mavjud. Kofe, sizal, shakarqamish yetishtiriladi. Makkajoʻxori, oqjoʻxori, sholi, banan, batat ham katta oʻrin tutadi. Xurmo, araxis va tamaki tayyorlanadi. Qoramol, choʻchqa, echki boqiladi, ammo chorvachilik mamlakat ehtiyojini toʻla qondirmaydi. Dengiz baliqchiligi rivojlangan. T. y. lari — 3,3 ming km, avtomobil yoʻllari — 80 ming km, asfalt langan yoʻllari — 8,4 ming km. Dengiz portlari Lobitu, Luanda va Kabinda. Luandada xalqaro aeroport bor. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari, AQSH, Braziliya. Pul birligi — kvanza.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. 1975-y. aholining 90% savodsiz boʻlgan. Mamlakat mustaqillikka erishgach, umumiy majburiy boshlangʻich taʼlim joriy etildi, pedagog kadrlar tayyorlash markazi tashkil qilindi. Luandada un-t (1963-y. tashkil etilgan),bir qancha i. t. va ilmiy jamiyatlar, Milliy va Munitsipalitet kutubxonalari, tibbiyot tarixi va tarixiy-etnografik muzeylari bor.

Matbuoti, radioeshittirishn, telekoʻrsatuvi. «Jornal de Angola», «Korreyno da Semana» gaz. lari, «Terra Angolana», «Progressu» jur. lari nashr etiladi. Davlat televideniyesi va radiosi portugal hamda mahalliy tillarda koʻrsatuv va eshittirish olib boradi. «Angola press» (ANGOP) axborot agentligi mavjud.

Adabiyoti. Angolada bantu tillari oilasiga mansub kimbundu, umbundu va b. tillarda boy ogʻzaki adabiyot mavjud. Yozma adabiyot asosan portugal tilida rivojlangan. Ilk davr (1855 — 1930) da kichik adabiy shakllar — sheʼr va felyeton rivojlandi. Pedru Mashaduning «Afrika sahnalari» va Antoniu di Asiz Juniorning «Marhumaning siri» romanlari mashhur boʻldi. 1960-y. gacha mustamlakachilikni fosh qilish (Kashtru Soromenyuning «Oʻlik yer», 1949; «Burilish», 1957) markaziy mavzu edi. Shundan keyingi davrda milliy ozodlik kurashi mavzui ustun boʻldi. Koʻpchilik yozuvchilar quvgʻinda boʻlganligi uchun Angola taraqqiyparvar adabiyoti asosan chet ellarda rivojlandi. Mundele Dia Kvanza, A. Neto, K. Andradi, M. di Anradi, L. Viyeyra kabi yozuvchilarning qissa, sheʼr, dostonlari yuzaga keldi. Mustaqillikka erishilgandan keyin demokratik oʻzgarishlar uchun kurash asosiy mavzu boʻlib qoldi. .

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Angola qishloqlari doira shaklida qurilgan. Turar joylari toʻgʻri burchakli (baʼzan doirasimon) shaklda, qoziq sinchlar shoxshabba bilan oʻraladi yoki loy bilan suvaladi. Yevropaliklar kelgach, shaharlar paydo boʻldi, ulardagi uylar portugalcha toifada, barokko va ilk klassitsizm shakllarida kurila boshladi. 20 – a. dan yangi konstruksiyada yangi materiallardan zamonaviy binolar tiklandi. Angolada qadimdan amaliy bezak sanʼati: yogʻoch oʻymakorligi (odam va hayvon haykalchalari, mebel naqshinkorligi), hashak va somondan toʻqimalar, naqshin sopol buyumlar yasash rivojlangan.


Lotin alifbosida maqola: ANGOLA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ARGENTINA
AFRIKA
ARMANISTON
AVSTRIYA
ANDIJON VILOYATI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты