AVSTRIYA-VENGRIYA IMPERIYASI — Avstriya va Vengriyaning hukmron sinflari oʻrtasidagi bitim asosida 1867-y. da Avstriya imperiyasini qayta tuzish natijasida tashkil topgan dualistik (birlashgan ikki davlatli) monarxiya. Bu monarxiya: Avstriya (Sisleytaniya) va Vengriya qirolligi (Transleytaniya)dan tashkil topdi. Avstriya tarkibiga Chexiya, Moraviya, Galitsiya, Bukovina va b. yerlar, Vengriya qirolligiga Slovakiya, Xorvatiya, Transilvaniya va b. yerlar kirdi. Oʻsha yili yangi konstitutsiya qabul qilindi. A.-V. i. hokimiyatini Avstriya im-peratori boshqardi (u Vengriya qiroli degan unvonga ham ega edi). Imperator hokimiyati rasman Avstriyada reyxstag, Vengriyada seym tomonidan cheklandi. Butun imperiya boʻyicha uch ministrlik:
1) tashqi ishlar;
2) harbiy va dengiz;
3) moliya ministrliklari tashkil etildi. Harbiy va dengiz hamda moliya ministrliklari imperiyaning har ikki qismida ham mavjud edi. Boshqa ministrliklar Avstriyada ham, Vengriyada ham mustaqil ish yuritgan. 1867-y. bitimiga binoan, Vengriya oʻz parlamentiga, ministrliklariga, siyosiy va maʼmuriy muxtoriyatga ega boʻldi. 1-jahon urushida A.-V. i. ning magʻlubiyati va milliy ozodlik kurashlari natijasida 1918-y. ning oxirida A.-V. i. parchalanib ketdi. A.V. i. oʻrnida Avstriya, Vengriya, Chexoslovakiya davlatlari tuzildi, hududning bir qismi esa Yugoslaviya, Ruminiya va Polsha tarkibiga kiritildi.