ADDIS-ABEBA (amxara tilida — yangi gul) — Efiopiya (Habashiston)ning poytaxti va A.-A. viloyatining maʼmuriy markazi. A.-A. Efiopiya (Habashiston) togʻligida, dengiz sathidan 2400 m balandlikda. Aholisi 1,5 mln. kishi (1995). Shaharga 1887-y. imperator Menelik II asos solgan va dastlab Finfinna deb atalgan. 1889-y. dan Efiopiya poytaxti. 1936—41 y. larda A.-A. ni Italiya qoʻshinlari okkupatsiya qilib. turgan. A.A. mamlakatning yirik sanoat va savdo markazi (asosan, yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalari), transport yoʻllari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Avtomobil yigʻuv z-di, yogʻochsozlik, sement korxonalari bor. Kustar usulida gazlama toʻqiladi, charm, metall va yogʻochdan buyumlar ishlab chiqariladi. A.A. da kollejlar, un-t, bir qancha ilmiy tadqiqot in-tlari (jumladan, Efiopiyashunoslik in-ti), Milliy teatr, Tarix-etnografiya muzeyi, tibbiyot muassasalari bor. Radio va televizion st-yalar (i960-y. dan) mavjud. BMT ning Afrika boʻyicha Iqtisodiy komissiyasi (1958-y. dan) va Afrika birligi tashkiloti (1963-y. dan) qarorgohi. Shaharning tashqi qiyofasida milliy va zamonaviy meʼmorchilik obyektlari uygʻunlashgan. Meʼmoriy ansambllardan Menelik II saroyi (19-a. oxiri), Yubiley qasri (1955), Afrika Uyi (1963) vab. bor.