ARNASOY TUMANI — Jizzax viloyatidagi tuman, 1975-y. 26 noyab. da tashkil etilgan. Shim. va shim.-gʻarbda Forish, jan. da Zafarobod, jan.-sharqda Paxtakor, sharqda Doʻstlik, shim.-sharqda Mirzachoʻl tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 0,49 ming km2. Aholisi 40,0 mingdan ortiq kishi (1999). Arnasoy tumanida 6 Qishloq fuqarolari yigʻini (Doʻstlik, Zarafshon, Usmon Yusupov, Choʻlquvar, Yangiboʻston, Gʻalaba) bor. Markazi — Gʻoliblar qishlogʻi.
Tabiati . Tuman relyefi asosan tekislik va pasttekisliklardan iborat. Yer yuzasi shim. va shim.-gʻarbdan jan. va jan.-sharqqa tomon asta-sekin koʻtarila boradi. Iqlimi keskin kontinental. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi — G, — 5°, iyulniki 30° gacha. Yiliga oʻrtacha 150 — 300 mm yogʻin tushadi. Arnasoy tumanining shim. qismida Aydar koʻli joylashgan. Tuprogʻi asosan boʻz-qoʻngʻir tuproq, shim.-sharqiy qismida qisman shoʻrxoklar bor. Tumanning choʻl joylarida chala butalar, saksovul, efemer va efemeroidlar oʻsadi. Kemiruvchilardan qoʻshoyoq, yumronqoziq, quyon; sudralib yuruvchilardan kaltakesak, ilonlar; yirtqichlardan boʻri, tulki, boʻrsiq; hasharotlardan chayon, falanga; qushlardan toʻrgʻay, soʻfitoʻrgʻay, boyoʻgʻli yashaydi. Arnasoy tumani hududida Arnasoy davlat ornitologiya buyurtma hududi tashkil etilgan.
Aholisi: asosan, oʻzbeklar; shuningdek rus, qozoq, tojik, tatar va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km2ga oʻrtacha 16 kishi.
Xoʻjaligi. Arnasoy tumani xoʻjaliklari paxtachilik, gʻallachilik, polizchilik, chorvachilik, baliqchilikka ixtisoslashgan. Paxta tozalash z-di, 5 paxta tayyorlash punkti bor. Arnasoy tumanida 7 jamoa xoʻjaligi, 11 tokchilik xoʻjaligi mavjud. 20 ming ga yerga paxta, 5 ming ga yerga gʻalla, qariyb 1000 ga yerga sabzavot ekiladi; tokzor va bogʻlar 1000 ga ni tashkil qiladi.
1996/97 oʻquv yilida 11 umumiy taʼlim maktabida 4 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oldi. 15 bolalar bogʻchasida qariyb 2100 bola tarbiyalanmoqda. 4 klub, 2 madaniyat markazi, 10 kutubxona, 2 kasalxona, 2 ambulatoriya boʻlib, 50 vrach, 150 dan ziyod oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. «Arnasoy tongi» tuman gazetasi 1977-y. dan chiqadi.