AVTOYUKLAGICH — avtomobil va vagonlarga yuk ortish va tushirish, omborlarda yukni taxlash, sanoat korxonalarida bir sexdan ikkinchi sexga yuk tashish uchun ishlatiladigan mashina. Yukni tashish va uni koʻtarish uchun Avtoyuklagich larda ochilib-yopiluvchi qamragich boʻladi, Avtoyuklagichning qamragichi xaskashga oʻxshatib ishlangan, gidravlik yoki mexanik moslama yordamida koʻtarib-tushiriladi. Sochiluvchan yoki boʻlak-boʻlak yuklarni tashish uchun universal Avtoyuklagich larning kamragichi strela va kovsh (choʻmich) bilan almashtiriladi. Avtoyuklagich yordamida 3 — 5 t yukni ortish, tushirish yoki taxlash mumkin.