AMYOBIAZ, amyoba dizenteriyasi — yoʻgʻon ichakning yarali yalligʻlanishi b-n kechadigan protozoy kasallik, ichburugʻning bir turi. Dizenteriya amyobasi qoʻzgʻatadi. Kasallikda bemorning tinkasi qurib, ishtahasi yoʻqoladi, qorni ogʻrib, ichi ketadi (bir kecha-kunduzda 5—20 va undan koʻp), suyuq najasda shilliq moddalar va qon boʻladi. Baʼzan harorat koʻtariladi (39—40°), zaharlanish alomatlari (koʻngil aynishi, qusish), jigar va b. aʼzolarda abssess roʻy beradi. Davo choralari koʻrilmasa yoki bilar-bilmas davo qilinsa, kasallik surunkali shaklga oʻtadi. Amyobiaz bilan ogʻrigan bemor kasalxonada davolanadi. Meʼdaichak faoliyati buzilganda darhol vrachga murojaat etish lozim.