BRONXIT — bronxlar (asosan shilliq pardasi)ning yalligʻlanishi. Nafas aʼzolarining koʻp uchraydigan kasalliklaridan biri. Bronxit oʻtkir va surunkali boʻladi. Kasallikni koʻpincha pnevmokokklar, gemolitik streptokokklar, stafilokokklar, gripp virusi, Fridlender tayoqchasi va b. keltirib chiqaradi. Sovuqqotish, spirtli ichimliklarni suiisteʼmol qilish, tamaki chekish, baʼzi kimyoviy moddalardan surunkali zaharlanish; yuqori nafas yoʻllarida infeksiya oʻchogʻi borligi (sinusit, gaymorit) ham oʻtkir Bronxit rivojlanishiga sharoit tugʻdiradi. Kasallik quruq yoʻtal, toʻsh atrofida ogʻriq, yuqori nafas yoʻllarining oʻtkir yalligʻlanishiga xos oʻzgarishlar, tumov b-n boshlanib, keyin yalligʻlanish bronxlarga tarqaladi, muskullar qaqshab ogʻriydi, koʻkrak sohasida qisilish his qilinadi, yoʻtal dastlab quruq boʻlib, keyin balgʻam ajraladi, gavda harorati koʻtariladi, gripp bilan ogʻrigan bemorlarning lablariga uchuq toshadi va b. Oradan bir necha kun oʻtgach, kasallik batamom tuzaladi, baʼzan choʻzilib ketib, surunkali Bronxitga aylanishi mumkin. Oʻtkir Bronxit bolalar va keksalarda ogʻir oʻtib, unga oʻpka yalligʻlanishi (zotiljam) qoʻshilishi mumkin. Surunkali Bronxit nafas aʼzolarining eng koʻp tarqalgan kasalliklaridan. Koʻproq erkaklarda kuzatiladi. Surunkali Bronxit birlamchi va ikkilamchi boʻlishi mumkin. Birlamchi surunkali Bronxitda bronxlarning diffuz oʻzgarishlari kuzatiladi. U bronxoʻpka va b. aʼzolarning kasalliklariga bogʻliq boʻlmaydi. Ikkilamchi surunkali Bronxit esa bronxoʻpka va b. sistema kasalliklari (sil, bronxoektatik kasallik, surunkali pnevmoniya, uremiya, qon aylanishi yetishmovchiligi va b.) natijasida kelib chiqadi. Yalligʻlanish xususiyatiga koʻra surunkali Bronxit kataral va yiringli boʻladi. Belgilari: bemorni yoʻtal tutib, shilimshiqyiring aralash balgam ajraladi, hansiraydi, uning darmoni qurib, salga toliqadi, harorati koʻtariladi, koʻp terlaydi, ishlash qobiliyati pasayadi. Kataral Bronxitda koʻpincha ertalab jismoniy mashqdan soʻng yoʻtal paydo boʻlib, balgʻam ajraladi. Kasallik yil fasliga qarab tez-tez qoʻzib turadi. Bronxit yengil kechganida bemor uyda yoki kunduzgi statsionarda davolanadi. Oʻrindan turmay yotish, bekamu koʻst ovqatlanish, iliq ichimliklar (malina murabbosi solingan choy, mineral suvli sut va b.) ichish, oyoklarga vanna qilish bemorning ahvolini bir oz yengillashtiradi. Kasallik qoʻzigan paytda etiotrop va patogenetik davo qoʻllaniladi. Bemorni kasalxonaga yotqizish kerak. Vaqtida va toʻgʻri davo qilinsa, bemor batamom tuzalib ketadi, aks holda oʻpka emfizemasi, bronxoektaziya, yurak yetishmovchiligi kabi asoratlar qoldirishi mumkin. Davo gimnastikasi, ochiq havoda koʻproq sayr qilish tavsiya etiladi. Yalligʻlanish avj olgan davrda ovqatda vitamin va oqsillar moʻlkoʻl boʻlishi kerak, chunki balgʻam koʻp ajralganda organizm koʻp oqsil yoʻqotadi. Yuqumli kasalliklar, ayniqsa grippning oldini olish, i. ch. da changni yoʻqotish, tamaki chekishni taqiqlash, organizmni chiniqtirish, suv muolajalari Bronxitning oldini olish choralaridir.
Hayvonlarda aksariyat qora mollarda uchraydi. Bronxitga noqulay iqlim sharoiti, mollarning sovqotishi, sovuq suv bilan sugʻorish, qoʻylarning juni olingandan soʻng yomgʻir va sovuqda, yelvizakda qolishi, mollarni toʻshamasiz sement binolarda saqlash va sifatsiz ozuqalar berilishi sabab boʻladi. Bronxitning belgilari: kasallik boshida hayvonlarning harorati koʻtariladi, yoʻtal, xirillash, burundan suyuqlik ajralishi, nafas olish qiyinlashib, bezgak tutishi kuzatiladi, ishtaha yoʻqoladi. Kasallik koʻkrak qafasi atrofini rentgenoskopiya va rentgenografiya qilish yoʻli bilan aniklanadi.
Davosi: balgʻam koʻchiruvchi preparatlar, antibiotiklar: neomitsin, monomitsin, fradizin, trimerazin, tribsin, sulfanilamid beriladi, skipidar bilan ingalyatsiya qilinadi.
Oldini olish: mollarni saqlashda zoogigiyena meʼyorlariga rioya qilish.
Abdulla Ubaydullayev,. Poʻlat Moʻminov.