BALGʻAM — nafas aʼzolari shilliq pardasidan ajraladigan chiqindi; nafas yoʻllarining turli kasalliklarida ajraladi. Balgʻam chiqishi ayrim kasalliklar (xususan nafas yoʻllari kasalliklari) ning asosiy belgilaridan biri. Balgʻam miqdori xar xil; bronxit va oʻpka yalligʻlanishining boshlanishida bemor bir-ikki marta oz-ozdan Balgʻam tuflasa, oʻpkaning yiringli kasalliklarida 1 — 2 l gacha Balgʻam ajraladi. Odatda Balgʻamning xidi boʻlmaydi, oʻpkada yiringli jarayon roʻy bersa, Balgʻam sassiq yoki qoʻlansa boʻladi. Balgʻamning quyuq-suyuqpigi, rangi (oq, zang tusli, qizgʻish) uning tarkibiga bogʻliq. Shilimshiqli, seroz, yiringli, shilimshiq-yiringli, seroz-yiringli va qon aralash Balgʻam farq qilinadi. Oʻpka yalligʻlanishi, bronxial astma, bronxitning boshlanishida rangsiz, tiniq, yopishqoq shilimshiqli Balgʻam ajraladi. Oʻpkaga shish kelganda ajraladigan Balgʻam suyuq, seroz va koʻpikli boʻladi. Oʻpkada yiringli jarayonlar boʻlsa, yiringli, koʻkimtir; yurak va oʻpkaning turli kasalliklarida qon aralash Balgʻam ajraladi. Balgʻamda qonning hujayra elementlari, oʻsma hujayralari, eng sodda jonivorlar, exinokokk, askarida lichinkalari va oʻsimlik parazitlari (zamburugʻlar), bakteriyalar boʻlishi mumkin. Balgʻamni tekshirish natijalariga qarab kasallik (xususan, nafas yoʻllari kasalliklari) aniqlanadi. Baʼzi kasalliklarda B. atrofidagi kishilarga kasallik yuqtiruvchi manba boʻlishi mumkin, shuning uchun B. ajralishi b-n kechadigan yuqumli kasalliklarda shaxsiy gigiyena qoidalariga qatiy amal qilish lozim.