BOBIL (Vavilon) — Mesopotamiyaning jan. qismi (hoz. Iroq hududi)da mil. av. 2-ming yillikning boshidan mil. av. 538-y. gacha mavjud boʻlgan qad. davlat. Markaziy shahri Bobil nomidan olingan. Mil. av. 3-ming yillikda Mesopotamiyada shahar-davlatlar (Uruk, Kish, Ur, Lagash va b.) paydo boʻlgan edi. Bobil sh. vujudga kelmasdan oldin Dajla va Furot daryolari orasida — Shumer va Akkad davlatlari mavjud boʻlgan. Mil. av. 21-a. oxirida koʻchmanchi semit (somiy) qabilalaridan biri amoriylar Akkadning katta bir qismini bosib olgach, qudratli davlat barpo etib, Bobil sh. ni markaz qilganlar. Shu davrda elamliklar ham Shumerda oʻrnashib olgan. Mesopotamiyada hukmron boʻlish uchun amoriylar bilan elam qabilalari oʻrtasidagi kurashda amoriylar gʻolib chiqqan. Qad. Bobil podsholigida amoriylar sulolasi (mil. av. 1894— 1518) mustahkamlanib olgan. Bu sulola podsholaridan Xammurapi (mil. av. 1792—1750) Shumerni ham oʻz davlatiga qoʻshib olgan. Mustabid davlatni mustahkamlash maqsadida Xammurapi buyrugʻi bilan yuqori tabaqalarning manfaatini qoʻriqlashga qaratilgan qonunlar majmuasi tuzilgan. Bu qonunlar yerga egalik, savdo-sotiq, qulchilik, iqtisodiyijtimoiy munosabatlarni tartibga solgan. 247 moddadan iborat qonunlar toʻplami bazalt ustuniga arxaik mixxat bilan yozilgan. Bobil davlatining eng ravnaq topgan davri — Xammurapi hukmronligi davridir. Xammurapidan keyin Bobil davlati tushkunlikka yuz tuta boshlagan.
Mil. av. 1518-y. da kassitlar Mesopotamiyaga bostirib kirib, Bobilda oʻz hukmronligini oʻrnatgan. Kassitlar sulolasi davrida (mil. av. 1518— 1204) chorvachilik rivojlangan, qoʻshni Misr davlati bilan savdo va diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan. Bu davrda ossuriyaliklar va elamliklar bir necha marta Bobilga hujum qilgan. Shundan keyin Bobil siyosiy jihatdangina emas, balki madaniy jihatdan ham tushkunlikka uchray boshlagan.
Mil. av. 7-a. da Bobil ossuriyaliklar tomonidan ikki marta (689 va 648-y. lar) vayron etilgan. Mil. av. 626-y. Ossuriyaning Bobil dagi noibi, xaldeylar qavmidan boʻlgan Nabopalasar Ossuriyadan ajrab chiqib oʻzini Bobil podshosi deb atagan. Shu vaktdan Yangi Bobil podsholigi yoki Xaldey davri (mil. av. 626 — 538) boshlanadi. Nabopalasar Midiya podshosi Kiaksarga Ossuriya b-n urushida yordam berib Ossuriya davlati xududini u bilan boʻlishib olgan. Nabopalasarning oʻgʻli Navuxodonosor II (Sharq adabiyotida «Buxtunnasr») (mil. av. 604 — 562) misrliklarni Old Osiyodan batamom siqib chiqargan. Mil. av. 586-y. Kuddusni vayron qilgan, Yahudiya Bobil viloyatiga aylangan, 574-y. Tirni egallagan. Yangi Bobil podsholigi davrida Bobil sh. ijtimoiyiktisodiy jihatdan taraqqiy etgan, savdo, xunarmandchilik, binokorlik rivojlangan eng yirik shaharlardan biriga aylangan. Navuxodonosor kurgan dabdabali binolarning xarobalari hozirgacha sakdanib kelgan. «Bobil» deb yuritiladigan tepalik kazilganida, katta bir saroy xarobasi, «qasr» tepachasi qazilganda Navuxodonosor zamonidan qolgan ajoyib binolar topildi. Ularning devorlari gullar solingan sirli koshinlar bilan bezatilgan. Diniy marosimlarda yuriladigan muqaddas yoʻl ham shu saroy yonidan oʻtgan. Bu yoʻlga toshdan yoʻnilgan plitalar yotqizilgan, plitalarda mixxatlar saqlangan. Navuxodonosor davrida Bobil podsholigi oʻz taraqqiyotining ikkinchi yuksalish davriga chiqqan. 555-y. dagi davlat oʻzgarishidan soʻng Bobil taxtiga oʻtqazilgan Nabonid (mil. av. 555—538) mamlakatning bir butunligini saqlash uchun harakat qiddi, lekin axomaniylar podshosi Kir //mil. av. 538-y. da Bobilni oʻz davlatiga qoʻshib oldi. Bobil podsholigi shu tariqa kuladi.
Faxriddin Hasanov.