BOSHQIRDISTON

BOSHQIRDISTON (Bashkortostan), Bashkortoston Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Rossiyaning Yevropa qismida, Jan. Uralda, Uraloldi va Uralortidagi tekisliklarda joylashgan. Mayd. 143,6 ming km2. Aholisi 4 mln. 110,3 ming kishi (1999). Boshqirdistonda 54 tuman, 20 shahar va 41 shaharcha bor. Poytaxti — Ufa sh.

Davlat tuzumi. Boshqirdiston — respublika. Amaddagi Konstitutsiyasi 1993-y. 24dek. da qabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident. Qonun chiqaruvchi oliy vakolatli organi — Davlat Majlisi (qurultoy). U Vakillar palatasi va Qonun chiqaruvchi palatalardan iborat. Oliy ijroiya hokimiyatni Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi.

1995-y. dan Boshqirdiston — Yevropa mahalliy mintaqaviy hokimiyatlar kongressi, 1996-y. dan Yevropa mintaqalari assambleyasi aʼzosi. Avstriyada B. Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining vakolatxonasi ochilgan.

Tabiati. B. Yevropa bilan Osiyo tutashgan joyda. Gʻarbiy qismi orasira uchraydigan tekislik, sharqiy qismi asosan togʻli joylar. Jan. gʻarbida BugulmaBelebey qirlari, jan. da Yalpi Sirt tarmoqlari, shim. sharqida Ufa yassitogʻligi (bal. 400—500 m gacha), sharkda Jan. Ural togʻi (eng baland nuqgasi — Yomontov, 1640 m) bor. Boshqirdistonda temir rudasi, mis, oltin, rux, alyuminiy, xrom, marganes, gips, ohaktosh, mineral resurslar, neft, gaz, koʻmir, tosh tuz konlari bor. Iqlimi — kontinental. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 14°, 17,5°, iyulniki 16,5°, 20,5». Yillik yogʻin miqsori 300—500 mm, togʻlarda 500—600 mm. Eng yirik daryosi — Oq Idil. B. ning kattagina tekislik qismi qora tuproqli oʻrmondasht va dashtdan iborat; togʻli qismida balandlik mintaqalari (gʻarbiy yon bagʻrida dubjoʻka, sharqiy yon bagʻrida oqqaragʻayqoraqaragʻay oʻrmon mintaqalari) bor. Boshqirdiston hududining 1/3 kismi qora tuproq, 1/3 qismi sur tusli oʻrmon tuprogʻi va qolgan qismi boshqa tuproqlar bilan qoplangan. Mayd. ning 40% i oʻrmonzor (5 mln. ga). Moʻynali hayvonlar va qushlar koʻp. Uraloldi tabiatini muhofaza qilish uchun qoʻriqxonalar barpo etilgan.

Aholisi. Boshqirdistonning tub aholisi boshqirdlar boʻlib, ruslar, tatarlar, chuvashlar, marilar, ukrainlar, mordvalar, udmurtlar va b. xalklar ham yashaydi. Shahar aholisi 65%. Iqtisodiyotning nodavlat sektorida mehnatga yaroqli aholining 54% band. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 28,1 kishi. Yirik shaharlari: Ufa, Sterlitomoq, Salavat, Beloresk, Ishimboy.

Tarixi. Boshqird xalqi shakllangan qad. hudud Oʻrta Uralning bir qismini, Jan. Uralning hammasini hamda Volga, Kama, Tobol va Yoyiq (Ural) darelarining oraligʻidagi maydonni oʻz ichiga olgan. Jan. Uraldagi gorlardan yuqori yoki qad. paleolit davriga mansub, Mias, Iseti va Pishma daryolari boʻyidan esa neolit davriga mansub ibtidoiy odamlarning qoldiqlari topilgan. Arab manbalarida (Ibn Fazlon) boshqirdlar «bashgird» («bashgurd») nomi bilan 9-a. dan boshlab tilga olingan. 9—13-a. larda ular Uralning jan. da va Kaspiy boʻyi choʻllarida, Volga bilan Yoyiq daryolari oraligʻida yashaganlar. Boshqird xalqi asosan turk va ugor qabilalaridan tashkil topgan. Ular koʻchmanchi chorvador boʻlib, ovchilik, baliqchilik va oʻrmon asalarichiligi bilan shugʻullanganlar. Boshqirdlar ilgari butparast boʻlishgan, keyinchalik (10-a. dan boshlab) Gʻarbiy Boshqirdistonga islom dini kirib kelgan. 1229-y. da Boshqirdistonga tatarmoʻgʻul istilochilari bostirib kirdi. Botuxon qoʻshinlari 1236-y. da Boshqirdistonni butunlay zabt etdi. 15-a. ning oʻrtalariga kelib Oltin Oʻrda bir necha xonliklarga boʻlinib ketgandan keyin Jan. va Jan.

Sharqiy B. Noʻgʻoy Oʻrdasi tarkibiga, Gʻarbiy Boshqirdiston Qozon xonligi tarkibiga kirdi. Boshqirdistonning shim. sharqiy qismini esa Sibir xonligi bosib oldi. 16-a. ning oʻrtalarida ruslar tomonidan Qozon xonligi tugatilgach (1552), boshqirdlar rus davlatiga tobe boʻlib qoldi. 1557-y. da Boshqirdistonning katta qismi, soʻng Gʻarbiy Sibirning qoʻshib olinishi va Sibir xonligi tugatilishi bilan (16-a. oxiri — 17-a. boshida) Boshqirdistonning shim. sharqiy qismi ham Rossiyaga qoʻshildi. Feodallar zulmining kuchayishi, amaldorlarning yasoq toʻlovini undirishdagi xiyonatkorligi va rus pomeshchiklarining eng yaxshi yerlarni tortib olishi Boshqirdistonda kattakatta qoʻzgʻolonlarning kelib chiqishiga sabab boʻldi. Qoʻzgʻolonlarni podsho hukumati shafqatsizlik bilan bostirdi. Bular tarixga 17—18-a. lardagi boshqird qoʻzgʻolonlari nomi bilan kirdi. 1773—75 y. lardagi Ye. I. Pugachyov qoʻzgʻoloni (bu qoʻzgʻolonda boshqird xalqining qahramoni Salavat Yulayev ishtirok etgan) ham podsho hukumatining mustamlakachilik siyosatiga va mahalliy zulmga qarshi qaratilgan edi.

18-a. dan Boshqirdistonda sanoat tarmoqlari, savdo munosabatlari taraqqiy eta boshladi. Boshqirdiston iktisodiyotiga Ural kon sanoati katta taʼsir koʻrsatdi. 1917-y. fev. toʻntarishidan keyin boshqird vatanparvarlari musulmon shoʻrosini tuzdilar, ammo bolsheviklar bu yoʻldagi harakatlarni millatchilik deb eʼlon qilib, musulmon shoʻrolarini shafqatsizlik bilan tarqatib yubordilar va zoʻrlik bilan shoʻro hokimiyatini oʻrnatdilar. Shu tariqa 1919-y. 23-martda Rossiya tarkibida Boshqirdiston ASSR tashkil topdi. 1990-y. 11 okt. da respublika Oliy Kengashi Boshqirdistonning davlat suvereniteti haqidagi deklaratsiyani qabul qildi. 1992-y. fev. dan Boshqirdiston yangi nom — Bashkortostan Respublikasi nomini oldi. Boshqirdistonda 7 partiya va 200 ga yaqin jamoat tashkiloti roʻyxatga olingan.

Xoʻjaligi. Boshqirdiston rivojlangan sanoat va yirik q. x. ishlab chiqarishiga ega.

Sanoati neft qazib olish, neftni kayta ishlash, kimyo, neft kimyosi, mashinasozlik, metallsozlik, yogʻochsozlikka, qora va rangli metallurgiyaga ixtisoslashgan. Neft Arlan, Chekmagush konlarida, Shkalovo, Belebey, Ishimboy sh. lari atrofida qazib chiqariladi. Sterlitomoq va Salavatda yirik neft kimyo korxonalari bor. Bu korxonalarda benzin, kerosin, dizel yoqilgʻisi, koks, bitum, mazutning turli xillari ishlab chiqariladi. Mashinasozlik majmuida 25 tarmoq boʻyicha 130 ga yaqin korxona mavjud. Elektr texnika va priborsozlik sanoati markazlari — Ufa, Oktyabrskiy, Tuymazi. Stanoksozlik va quvur yotqizgich mashinalari i. ch. korxonalari Sterlitomoqda, q. x. va yogʻoch tayyorlash mashinasozligi korxonalari Neftekamsk va Uchalada, metall buyumlar va binokorlik asboblari i. ch. korxonalari Beloreskda joylashgan. Mudofaa korxonalari va qiruvchi samolyotlar uchun motorlar Ufada, oʻziyurar gaubitsalar Sterlitomoqda, vertolyotlar Kumertovda, tibbiyot oynalari Tuymazida, qurilishbop oyna Salavatda ishlab chiqariladi. Neftekamskda avtomobilsozlik korxonalari bor. Kumertovda tabiiy gaz, qoʻngʻir koʻmir, Tukanda temir ruda, Sibayda ohaktosh, misrux rudalari qazib olinadi. Yogʻochsozlik (fanera, mebel, yigʻma uylar, gugurt), oziq-ovqat (unyorma, qandshakar, yogʻ, pishloq, sut, goʻsht mahsulotlari), yengil sanoat (poyabzal, kiyim-kechak, trikotaj i. ch.) rivojlangan. Boshqirdistonda 12 issiqlik elektr st-yasi, Karmanovoda yirik davlat elektr st-yasi, Pavlovo GESi bor. Xususiylashtirilgan korxona va mahalliy mulk obyektlarida aholining salkam 40% band. Ular sanoat mahsuloti jami hajmining 80% gacha boʻlgan qismini beradi.

Qishloq xoʻjaligi. B. dehqonchiliksanoat majmuida 600 dan ortiq jamoa xoʻjaligi, 400 ga yaqin agrotuzilma, q. x. mahsulotlarini qayta ishlovchi 100 dan ortiq korxona mavjud. Respublikada q. x. ga yaroqli yerlar 7375,2 ming ga, shundan 4834,5 ming ga haydaladigan yerlar, 6 ming ga yaylov, 181,5 ming ga tomorqa uchastkalari; suv havzalari mayd. — salkam 160 ming ga, baliq boqiladigan koʻl va havzalar — 2 ming ga, shundan 650 ga madaniy baliqchilikka ajratilgan. Asosiy ekinlari: gʻalla, qand lavlagi, kartoshka, kungaboqar, sabzavot. Ural togʻi yon bagʻirlarida bogʻdorchilik rivojlangan. 3500 dan koʻproq dehqon (fermer) xoʻjaliklari tashkil etilgan, ularga 85 ming ga yer ajratib berilgan. Shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarda kartoshkaning 95%, sabzavotning 78%, goʻshtning 57% yetishtiriladi. Qoramol, mayin junli va yarim mayin junli qoʻy, choʻchqa, parranda boqiladi. Yilqichilik va asalarichilik katta ahamiyatga ega. Boshqirdiston qimizi va asali mashhur.

Transportning asosiy turi t. y. (uz. 1500 km dan ortiq). Boshqirdiston hududidan Moskva — Samara — Ufa — Chelyabinsk va Ufa — Orenburg avtomobil yoʻllari, Tuymazi — Ufa, Ishimboy — Ufa, Ishimboy — Orsk va b. neft hamda gaz quvurlari oʻtadi. Qattiq qoplamali avtomobil yoʻllari uz. —25 ming km. Boshqirdiston hududida 13 kompressor st-yaga ega boʻlgan gaz quvurlarining uz. — 4,5 ming km. 1991-y. dan «Boshqirdiston aviatsiya yoʻli» kompaniyasi ishlab kelmoqda. Ufa, Beloresk, Oktyabrskiy sh. larida aeroportlar bor. Oq Idil va Ufa daryolarida kemalar qatnaydi.

Tashqi iqtisodiy aloqalari . B. ga kredit bergan asosiy davlatlar: Avstriya, Germaniya, Bolgariya, Vengriya, AQSH, Turkiya, Singapur, Polsha, Xitoy, Yaponiya, Hindiston. Sarmoya loyihalarining asosiy soxalari: neftni qayta ishlash korxonalarini yangi texnika b-n jihozlash, neft konquduqlaridan foydalanish samarasini oshirish, ekologiya inshootlari qurish, binokorlik materiallari i. ch., rangli metallurgiya va mashinasozlikni, dehqonchiliksanoat majmuini rivojlantirish va b. B. korxonalari 70 dan ortiq mamlakatga oʻz mahsulotini chiqaradi. Boshqirdiston eksportida yoqilgʻi (60%), kimyo va neft kimyosi (30%) sanoati mahsulotlari asosiy oʻrin oladi. 1996-y. da Boshqirdiston 2 mlrd. dollarlik mahsulotni chetga chiqardi. Uning 70% dan koʻprogʻi Finlyandiya, Shvetsiya. Belgiya, Bukj Britaniya, Avstriyaga toʻgʻri keldi. Chetdan sotib oladigan mollarining yarmisini mashina, asbobuskuna, transport vositalari, 20% ni kimyoviy mahsulotlar, oʻgʻitlar, kauchuk tashkil qiladi.

Tibbiy xizmati. Boshqirdistonda 370 kasalxona muassasasi boʻlib, ulardagi oʻrinlar 50 mingdan oshadi. Salkam 16 ming vrach, 400 ga yaqin dorixona, 32 sanatoriy, 55 profilaktoriysanatoriy bor. Asosiy kurortlari: Aksakove, Alkino, Shafranovo, Yumatovo, Yaktikoʻl, Yangantov.

Maorifi va fani. Boshqirdistonda 1800 ga yaqin maktabgacha tarbiya muassasasi, 3 mingdan koʻproq maktab, 27 texnikum, 26 bilim yurti, 23 kollej, 50 yosh texniklar va tabiatshunoslar st-yasi, 15 bolalar sayyohlik maskani, 200 dan koʻproq bolalar va oʻsmirlar sport, musiqa va badiiy maktabi bor. Boshqirdiston universitetы, umuman 1! oliy oʻquv yurtida 160 soha va ixtisoslik boʻyicha taʼlim beriladi. 1991-y. dan B. Fanlar akademiyasi ishlay boshladi. Eng yirik ilmiy muassasalari: Neft kimyosi muammolari, Neft kimyosi va katalizi, Nozik organik sintez, Energiya resurslarini tashish muammolari, Gerbitsid va oʻsimliklar oʻsishi regulyatorlari texnologiyasi intlari, Boshqirdiston asalarichilik tajriba st-yasi va b. B. da 10 mingdan ziyod ilmiy va ilmiypedagog xodimlar ishlaydi.

Respublikada 8 mingdan ortiq sport inshooti, jumladan 42 stadion bor.

Matbuoti, radioeshittirish va telekoʻrsatuvi. Boshqirdistonda 200 ga yaqin ommaviy axborot vositalari faoliyat koʻrsatadi. 7 tidda respublika gaz. va jur. lari chiqariladi, radioeshittirish va telekoʻrsatuvlar olib boriladi. 1994-y. da «Bashinform» davlat axborot agentligi tashkil etilgan.

Adabiyoti. Boshqirdiston xalqining qahramonlik eposlari, ona yurtni madh etuvchi qoʻshiqpar va b. folklor namunalarida xalqning orzuoʻylari ifodalangan Salavat Yulayev ijodi ozodlik, demok ratiya gʻoyalari bilan sugʻorilgan. 19-a. oxiri adabiyotida maʼrifatparvarlik ta moyili kuchaydi. 19-a. 2-yarmi —20-a. boshlarida M. Oqmulla, M. Bikchurin, Majid Gʻafuriy, Sayfi Qudash, A. Toyirov, Sh. Babich kabi shoirlar ijod qildi. 2-jahon urushi yillarida R. Neʼmatiy, Mustay Karim va b. shoirlarning sheʼrlarida, S. Agish va B. Bikboyning dramalarida xalq qahramonligi ulugʻlandi. Urushdan keyin X. Davletshina «Irgiz», S. Agish «Poydevor», A. Bikchentoyev «Oqqushlar Uralda qoladi», V. Valiyev «May yomgʻiri» romanlarini, X. Karim «Yorugʻ yulduz», S Quliboy «Jangdan keyin», T. Arslon «Oltin buloq», «Yurtim» dostonlarini yozdi. I. Abdullin dramalari, X. Muxtor, L. Karimova qissalari, 3. Biisheva, X. Gilyajev romanlari nashr qilindi. S. Qudash, M. Karim, A. Bikchentoyev va b. adiblarning asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan.

Meʼmorligi. Azaldan yigʻma oʻtov (tirme)lar koʻchmanchi boshqirdlarning uyi boʻlgan. Oʻrmon va togʻli joylarida esa turar joylar yogʻoch, tosh va somonli loydan qurilgan. Boshqirdiston dagi machit, Madrasa va maqbaralarda VolgaKama Bulgʻoriyasi meʼmorligining taʼsiri seziladi. 16— 18-a. larda Sterlitomoq, Belebey, Birsk va Ufa kabi shaharlar rus meʼmorligi asosida barpo etilgan. 19-a. —20-a. boshlarida imoratlar yogʻoch va gʻishtdan dastlab klassitsizm va keyinroq eklektizm uslubida solingan. Eski shaharlar qayta qurilib, yangi shaharlar (Salavat, Oktyabrskiy, Neftekamsk) barpo etildi. Ufadagi madaniyat saroyi, sanoat uyi, unt binosi, Boshqirdiston akademik drama teatri, davlat sirki va sport saroyi, Oktyabrskiydagi sport saroyi, texnika uyi, Salavatdagi madaniyat saroyi diqqatga sazovor. Bularning meʼmorlari — N. I. Shabarov, V. M. Lyubarskiy, S. I. Yakshin va b.

Tasviriy sanʼati. Boshqirdistonda guldor, naqshli matolar (xarausi peshonabogʻi), paloslar, parda (sharshav), guldor sochiqlar toʻqish, kashtachilik, gul tikilgan movut poyabzallar, naqshinkor metall va charm buyumlar yasash qadimdan rivojlangan. Boshqirdiston tasviriy sanʼatining vujudga kelib, kamol topishida birinchi boshkird rassomi K. A. Davlatkeldiyev (asosan portretchi), M. N. Yelgashtina, A. E. Tyulkin va b. katta rol oʻynadi. 1920-y. da Ufada Badiiy muzey, 1926-y. da Badiiy bilim yurti (hoz. Ufa sanʼat bilim yurti) ochildi. 20-a. oʻrtasi va oxirlarida V. P. Andreyev, P. P. Salmasov, R. M. Nurmuxametov, A. F. Lutfullin, A. X. Sodiqrva kabi sanʼatkorlar barakali ijod qildilar.

Musiqasi. Boshqirdiston xalq musiqasida bir ovozli xonandalik, ohangdor, musiqa bezaklariga boy, erkin tarzda rivojlanuvchi «uzunkuy»lar, raqsbop «qisqakuy» va «takmak»lar, doʻmbira joʻrligida ijro etiladigan dostonlar, shuningdek qoʻray, qoʻbiz, garmon, mandolina kabi sozlar keng tarqalgan. X. Axmetov, M. Valiiv, H. Zaymov, 3. Ismagʻilov, R. Murtazin, N. Sobitov, T. Karimov singari kompozitorlar qoʻshiq, kantata, opera, balet, simfonik, kamer asarlar yaratishdi. 1938-y. da Ufada Boshqird davlat opera va balet teatriga asos solindi. Unda milliy operalar sahnalashtirildi. Ijrochilardan 3. Nasritdinova, B. Valeyeva, G. Xabibullin, M. Xismatullin, A. Abdurazzoqov, I. Gaziyev, R. Shayxutdinov, S. Archinboyeva va b. lar mashhur.

Teatri. Boshqirdistonning professional teatr sanʼatiga 20-a. boshlarida asos solindi. 1919-y. Sterlitomoq sh. da badiiy havaskorlik toʻgaragi zaminida birinchi milliy teatr (1922-y. dan Ufada; hoz. Boshqirdiston akademik drama teatri) tashkil qilindi. 1926-y. da Boshqirdiston musiqa texnikumi (keyinchalik Sanʼat texnikumi) ochildi. Boshqirdiston teatri taraqqiyoti M. Magadeyev, O. Xanov, T. Babicheva, N. Irsayeva, T. Makrushina, Sh. Murtazin, A. Mubaryakov, 3. Bikbulatova, X. Ibragimov, A. Tagirov kabi rej., aktyor va dramaturglar nomi b-n bogʻliq. 1933-y. da koʻchma qoʻgʻirchoq teatri, 1938-y. da Boshqird opera va balet teatri tashkil qilindi, teatr oʻz repertuarini milliy asarlar hisobiga boyitdi. Bulardan tashqari «Hyp» tatar teatri, Salavat, Sibay, Tuymazida teatr jamoalari, «Irandik», «Yondaz», «Laysan», «Agidel», «Engiye» kabi havaskor raqs jamoalari mavjud.

Boshqirdlarning xalq bayramlari jozibador. Kishloqlarda «kazomoxa», yaʼni «gʻoz pati» bayrami qish kirishida oʻtkaziladi. Bunda gʻozlar soʻyilib, qoʻniqoʻshnilar mehmon qilinadi. Koʻklamgi ekintikin tugashi paytida sabantuy oʻtkaziladi. Qopda yugurish, ot poygasi, milliy kurash, koʻz boylab tuvak sindirish kabi musobaqalar boʻladi. Sabantuy gʻallakorni jasoratli mehnatga ilhomlantiradi. Ovul kuni, qishloq kuni singari yangi bayramlar ham urf boʻlgan.

1990-y. dan B«ashkortostan» kinostudiyasi ishlaydi. U asosan hujjatli filmlar va kino jur. lar ishlab chiqaradi.


Lotin alifbosida maqola: BOSHQIRDISTON haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: B harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ANDIJON VILOYATI
BRAZILIYA
AVSTRIYA
AMIR TEMUR
ARMANISTON


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты