ALIMENT (lot. alumentum — qaramogʻidagi, boqimidagi) — bir shaxsning boshqa shaxsga majburan yoki ixtiyoriy ravishda toʻlaydigan nafaqasi. Aliment toʻlash majburiyatlari asosan nikoh, qarindoshlik, ota-ona, farzandlik, farzandlikka olish, bolalarni tarbiyaga olish natijasida kelib chiqadi. Otaonalar hamda bolalarning Aliment borasidagi huquq va majburiyatlari OʻzR Oila kodeksi (1998-y. 30 apr.) va b. qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibqoidalar asosida amalga oshiriladi. Ularga binoan ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berishi shart. Mazkur majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota-onadan sudning hal qiluv qaroriga asosan Aliment undiriladi. Voyaga yetmagan bolalarga Aliment toʻlash haqida otaonalar oʻrtasida kelishuv boʻlmaganda yoki Aliment ixtiyoriy ravishda toʻlanmaganda va ota-onadan birortasi ham Aliment undirish toʻgʻrisida sudga daʼvo bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga yetmagan bolaning taʼminoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda Aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga haqlidir. Voyaga yetmagan bolalariga Aliment toʻlash va ularga, shuningdek voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Voyaga yetmagan bolalariga taʼminot uchun Aliment toʻlash tartibi va shakli haqida ota-ona oʻrtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid boʻlmasligi kerak.
Agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, ularning taʼminoti uchun Aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) b. daromadning 1 bola uchun — 1/4 qismi; 2 bola uchun — 1/3; 3 va undan ortiq bola uchun yarmisi miqdorida undiriladi. Bu toʻlovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvoli va b. eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan Aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining 1/3 qismidan kam boʻlmasligi kerak.
Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berish ham ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa nizo sud tartibida hal qilinadi. Bunday bolalarga undiriladigan Aliment miqdori Aliment toʻlashi shart boʻlgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli sud tomonidan hisobga olinib, har oyda pul bilan toʻlanadigan katʼiy summada belgilanadi. Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning ogʻir shikastlanishi, kasal boʻlishi va b.) tufayli kelib chiqqan, bolaning taʼminoti uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart. Qoʻshimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan (otaona) dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qoʻshimcha xarajatlarni qisman pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan Aliment ushlab qolinadi. Ota-onadan bolalarga undiriladigan Aliment miqdori Aliment toʻlovchining oylik ish haqiga va (yoki) b. daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan toʻlanadigan qatiy summada belgilanishi mumkin (OʻzR OK, 96-104-moddalar).
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj oʻz ota-onasiga taʼminot berishlari va ular toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishlari shart. Ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari karamogʻida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-ona haqida gʻamxoʻrlik qilish va ularga moddiy yordam koʻrsatish majburiyatidan ozod qilmaydi. Ular bunday yordam berishdan boʻyin tovlasalar, taʼminot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan undirilayotgan Aliment miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdorining 1/3 qismidan kam boʻlmasligi kerak (OʻzR OK, 109-110-moddalar).
Oila aʼzolari va b. shaxslarning, er-xotinlar va sobiq er-xotinlarning, qarindoshlar va b. shaxslarning Aliment majburiyatlari, Aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzish, Alimentlarni toʻlash va undirish tartibiga oid qonun-qoidalar OKning V boʻlim, 14—18-boblarida belgilab berilgan.
Ana shunga koʻra, Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs A. ni ixtiyoriy ravishda shaxsan yoki oʻz arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida yoxud pensiya, nafaqa, stipendiya va b. turdagi mablagʻ olayotgan joyida toʻlaydi. Voyaga yetmagan bolalar uchun olinadigan Aliment arizaga muvofiq ushbu kodeksning 99-moddasida belgilangan miqdorlarda ushlab qolinadi. Aliment toʻlovchining ish, oʻqish joyi yoki turar joyi oʻzgarganligi haqida xabar qilish majburiyati ham bor. Bu majburiyat boʻyicha Aliment ushlab qolishi lozim boʻlgan ish beruvchi (tashkilot maʼmuriyati) uch kun muddat ichida xabar berishi kerak. Shuningdek Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning qoʻshimcha ish haqi yoki boshqa daromadi toʻgʻrisida sud ijrochisi hamda Aliment oluvchi shaxs yuqorida koʻrsatilgan muddatda xabardor qilinadi. Aliment toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik OʻzR JK 122 va 123-moddalarida koʻrsatilgan. Moddiy yordamga muhtoj boʻlgan, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, yaʼni sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami 3 oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaganlikda aybli deb topilgan shaxs eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 y. gacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi. Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj boʻlgan otaonani yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslarni moddiy taʼminlashdan shunday boʻyin tovlashi ham yuqoridagicha jazolanadi.