BSJ (Barilla de Calmette et Guerin) — sil kasalligiga qarshi vaksinatsiya uchun qoʻllaniladigan sil mikobakteriyasining kucheizlantirilgan shtammi (turi); uni Kalmet (A. Calmette) bilan Geren ( S. Guerin) qoramol oʻtidan tayyorlangan muhitda sil mikroblarini 13 yil davomida qaytaqayta undirish usuli bilan 1906-y. da yetishtirgan. BSJ kulturasidagi batsilla toʻgʻri yoki bir oz egilgan, uz. 1,5—3—5 mk, ingichka tayoqchadir. 1919— 24 y. larda profilaktik vaksinatsiya uchun qoʻllanila boshladi. Shtamm xususiyati sinchiklab oʻrganilgach (1925—26), chaqaloqlarga tirik BSJ vaksinasi ichirila boshladi. 1942-y. dan shahar, 1943-y. dan qishloq tugʻruqxonalaridagi hamma chaqaloqparga 3—5—7 yoki 4—6—8 kunligida majburiy tartibda 10 mg dan BSJ ichiriladigan boʻldi. Sil yuqmagan goʻdaklarni, maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarni va 30 yoshgacha boʻlgan aholini revaksinatsiya qilish 1948-y. dan boshlab joriy etildi (bunda vaksina ichiriladi, teri ustiga yoki ichiga yuboriladi). Teri ichiga BSJning maxsus vaksinasi — glyutamat vaksina yuborish 1962-y. dan hamma joyda qoʻllaniladigan boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻiga asosan, BSJ vaksinasi yangi tugʻilgan chaqaloqlarga tugʻruqxonada hayotining 4—7 kunlari 0,1 ml hajmda 0,05 mg yuboriladi. Soʻngra 7 va 15 yoshida revaksinatsiya qilinadi. Vaksinatsiya va revaksinatsiya qilinganlarning juda ozchiligida (0,001 — 0,003%) BSJ yuborilgan joyda asorat sifatida yiringlash kuzatilishi mumkin. BSJ qoʻllanilishi natijasida sil b-n, ayniqsa uning ogʻir turlari bilan kasallanish bir necha barobar kamaydi.