ASAKA TUMANI

ASAKA TUMANI — Andijon viloyatidagi tuman. Viloyatning markaziy qismida joylashgan. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan (1962 i. 24 dek. da Marhamat tumani bilan birlashtirilgan, 1970-y. 7 dek. da qayta tuzilgan). Andijon viloyatining Shahrixon, Marhamat, Andijon, Xoʻjaobod tumanlari va Fargʻona viloyatining Quva tumani bilan chegaradosh. Mayd. 0,26 ming km2 (1995). Aholisi 174,9 ming kishi (2000). Asaka tumanida 1 shahar (Asaka) va 8 qishloq yigʻini (Zarbdor, Ilgʻor, Kujgan, Mustahkam, Niyozbotir, Oʻzbekiston, Qadim, Qoratepa) bor. Markazi — Asaka sh.

Tabiati. Relyefi tekislik, jarliklar, qir va nisbatan baland adirlardan iborat. Shim.-sharqida Andijon, Asaka adirlari va qirlari joylashgan. Iqlimi kontinental. Iyulning oʻrtacha t-rasi 26, G, yanv. niki — 2,9°. Yiliga oʻrtacha 180 — 190 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 220 kun. Tumanning shim. va shim.-sharqidan Katta Fargʻona kanali, Shahrixonsoy, jan. dan Oqboʻyra va Aravonsoylar oqib oʻtadi. Asaka tashlamasi va Obihayot sugʻorish mashina kanali bor. Tuproqlari, asosan, boʻz tuproq, adirlari arziq tuproq boʻlib, sugʻorib dehqonchilik qilinadi. Yovvoyi oʻsimliklardan shuvoq, shoʻra va b. oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, boʻri, chiyaboʻri, quyon yashaydi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklardan iborat. Tojik, rus, tatar, qirgʻiz, uygʻur va b. millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 oʻrtacha 679 kishi toʻgʻri keladi (2000).

Xoʻjaligi. Asaka tumanida motor taʼmirlash z-di, Asaka don mahsulotlari aksiyadorlik jamiyati, neft mahsulotlari taʼminoti korxonasi, paxta tozalash z-di, meva va sabzavotlarni qayta ishlash, yogʻochsozlik «Turon» xususiy korxonasi, 3 parrandachilik f-kasi bor. Shuningdek, xususiy tadbirkorlik ham rivojlangan. Tumanda 431 kichik korxona faoliyat koʻrsatadi (2000).

Q. x. dagi jami ekin maydoni 11070 ga. Shundan 5995 ga yerga paxta, 3902 ga yerga bugʻdoy, 47 ga yerga sabzavot ekiladi; yemxashak ekinlari 1114 ga, meva va tokzorlar qariyb 2000 ga yerni ishgʻol qiladi (2000). Tumanda 2 jamoa xoʻjaligi (Bobur nomidagi jamoa xoʻjaligi, «Sharq haqiqati»), 8 shirkat xoʻjaligi («Yangi hayot», «Navbahor», «Oʻzbekiston», «Gʻalaba», «Oʻzbekiston mustaqilligi», «Navroʻz», «Asaka», Gʻulom Yoqubov nomidagi shirkat xoʻjaligi) va «Sohibkor» meva-tokchilik shirkatlar uyushmasi bor. Asaka tumanida 2000-y. da 19,0 ming t paxta, 30,0 ming t gʻalla yetishtirildi.

Asaka tumanida Andijonning eng fusunkor va soʻlim goʻshalaridan Asaka choʻntagi joylashgan. Choʻntak Toshkanboy Egamberdiyev nomidagi madaniyat istirohat bogʻining tepa, chekka qismiga tutashgan. Shahrixonsoydan boshlangan Yov arigʻi 6 km masofada yuqorilab oqib, Choʻntakka yetganda adir yon bagʻrilari boʻylab choyxona soʻrilari ostidan oqib oʻtadi. Ariqda radiusi 6,5 m li, 110 koʻrachasi boʻlgan charxpalak aylanib turadi. Ushbu charxpalak bu yerdagi 3 ulkan charxpalakning eng kattasi boʻlib, uning yordamida bogʻning yuqori qismi sugʻoriladi. Asaka Choʻntagi atrofga nisbatan ancha baland. Shuning uchun bu joy yoz pallasida xushhavo, orombaxsh maskanga aylanadi.

Tumanning barcha qishloqlarida obodonlashtirishga eʼtibor kuchaytirilgan. Qishloqlar va mahallalar marka-zida savdo va maishiy xizmat shoxobchalariga ega boʻlgan guzarlar tashkil qilingan. 1999/2000 oʻquv yilida 51 umumiy taʼlim maktabida 37,6 ming oʻquvchi, 1 gimnaziyada 205 oʻquvchi, 2 akademik litseyda 360 oʻquvchi taʼlim oldi. 1999-y. da Asaka q. x. kolleji (300 oʻquvchi), 2000-y. da Asaka ijitmoiy-iqtisodiyot va ped. kolleji (600 oʻquvchi) ishga tushirildi. 500 ommaviy kutubxona, 15 klub, 4 kinoqurilma, madaniyat uyi, muzey, 885 oʻrinli 4 kasalxona va dispanser, 4 tibbiyot punkti bor (2000). 1930-y. dan «Asaka hayoti» tuman gazetasi chiqadi (adadi 2900).

Tilavoldi Yoqubov.


Lotin alifbosida maqola: ASAKA TUMANI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ANDIJON VILOYATI
AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
ANDIJON TUMANI
BUXORO VILOYATI
ANGOR TUMANI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты