AVIAGORIZONT — haqiqiy ufq (gorizont) vaziyatini koʻrsatuvchi giroskopik asbob. A. samolyot yoki boshqa uchish apparatining koʻndalang va boʻylama ogʻish burchaklarini koʻrsatadi. Rotori giroskop bilan bogʻlangan mil (strelka) sunʼiy ufqni koʻrsatib turadi. Rotor oʻqi tik vaziyatda boʻlganda mil gorizontal vaziyatni egallaydi. Uchuvchi Aviagorizont shkalasidagi samolyot qiyofasi (silueti)ning sunʼiy ufq miliga nisbatan olgan vaziyatiga qarab, samolyotning haqiqiy ufqqa nisbatan vaziyatini aniqlaydi.
Dastlab, pnevmatik (havoli) giroskop va tuzatish kirituvchisi boʻlgan Aviagorizont qoʻllanilgan, hozir elektr giroskop va tuzatish kirituvchili Aviagorizont ishlatiladi.