BOLGARIYA (Bʼlgariya), Bolgariya Respublikasi — Yevropaning jan., Bolqon ya. o. ning sharqiy qismidagi davlat. Sharqda Qora dengiz bilan oʻralgan. Mayd. 111 ming km2. Aholisi 8,3 mln. kishi (1997). Poytaxti — Sofiya sh. Maʼmuriy jihatdan 9 viloyatga, ular jamoalarga boʻlinadi. Sofiya sh. viloyatga tenglashtirilgan.
Davlat tuzumi. Bolgariya — parlamentli respublika. 1946-y. dan 1990-y. 15 noyab. gacha Bolgariya Xalq Respublikasi deb atalgan. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-y. 12-iyulda kuchga kirgan. Davlat boshligi — prezident (1997-y. dan Petr Stoyanov). Uni mamlakat aholisi toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 y. muddatga saylaydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 240 deputatdan iborat Xalq majlisi (doimiy ishlaydigan organ). Yangi konstitutsiyani qabul qilish, Bolgariya hududini oʻzgartirish masalasi yoki davlat tuzilishi va mamlakat boshqaruvi shakliga uzgartirish kiritish masalalarini hal etish uchun 400 vakildan iborat Buyuk xalq majlisi saylanadi. U oʻziga havola qilingan masalalar yuzasidan uzilkesil qaror qabul qilganidan soʻng vakolati toʻxtatiladi. Vazirlar Kengashi (hukumat) ijroiya hokimiyat organi hisoblanadi.
Tabiati. Bolgariya relyefida togʻ va qirlar ustunlik qiladi (mamlakat hududining 70%ga yaqini). Mamlakat oʻrtasidan (gʻarbdan sharqqa) Bolqon togʻlari (mahalliy nomi StaraPlanina) kesib oʻtgan. Bolgariya shim. da Dunay sertepa tekisligi bor; sharqda bu tekislik Dobruja platosiga tutashgan. SrednaGora va Rodop togʻlari oraligʻida Maritsa daryosi boʻylab mamlakatdagi eng unumdor Yuqori Frakiya (yoki Maritsa) pasttekisligi joylashgan. Qora dengiz sohili aksari pasttekislik. Jan. va jan. gʻarbida RilaRodop togʻlari bor. Rila togʻlarida Musala choʻqqisi (2925 m) Bolqon ya. o. dagi eng baland choʻqqidir. Eng muhim qazilma boyliklari: koʻmir (Sharqiy Maritsa, Pernik, BobovDol havzalari), temir (Kremikovsi koni), qoʻrgʻoshinrux (Rodop), mis (Medet) rudalari, tosh tuz (Mirovo), neft, maʼdanli suvlar va qurilish materiallari. B. ning koʻp qismida iqlim moʻtadil kontinental. Jan. da Oʻrta dengiz iqlimining taʼsiri bor. Togʻlarda balandlik iqlim mintaqalari mavjud. Tekislik va sertepa joylarda iyulning oʻrtacha t-rasi 23—25°, yanv. niki — 2° dan 2,5° gacha, toglarda —10,8° gacha. Yogʻinni gʻarbiy va shim. gʻarbiy shamollar keltiradi. Yillik yogʻin tekisliklarda 450—600 mm, togʻlarda 850—1300 mm. Yogʻinning koʻp qismi yozning birinchi yarmida yogʻadi. Qurgʻoqchilik boʻlib turadi. Bolgariya daryolarining hammasi togʻlardan oqib tushadi. Yoz oxirida juda sayozlanib qoladi. Eng katta daryolari: Dunay (kema qatnaydi), Iskir, Maritsa, Mesta va Struma. Daryolardan sugʻorishda va elektr hosil qilishda foydalaniladi. Daryolarga koʻplab suv omborlari qurilgan. Bolgariyada koʻllar kam, borlari ham kichik koʻllar, asosan, Rila va Pirin togʻlarida. 500 dan koʻproq maʼdanli buloq bor. Dunay tekisligida aksari kora va boʻz oʻrmon tuproq, Bolqon togʻlaridan jan. da qoʻngʻir va qoramtir, togʻlarda qoʻngʻir oʻrmon va togʻ oʻtloq tuproqlari, daryo qayirlarida unumdor allyuvial tuproklar bor. Tabiiy oʻsimliklar faqat togʻlarda saqlanib qolgan. Bolgariya hududining 1/3 qismi oʻrmon, shundan 75% i keng bargli daraxtlar (dub, grab va qoraqayin), 24,7% i qaragʻay oʻrmonlari. 1700—2000 m dan balandda subalp va alp oʻtloklari bor. Tekisliklarning koʻp qismi ekinzor. Hayvonot dunyosi xilmaxil. Oʻrmonlarda — asl bugʻu, ohu, elik va togʻ echkisi, yovvoyi choʻchqa; togʻlarda — sassiqkoʻzan, boʻrsiq, latcha, boʻri, tulki, olmaxon; oʻrmonsiz shim. hududlarida yumronqoziq, olaxurjun va b. hayvon turlari bor. Qushlar va turli xil sudralib yuruvchilar koʻp. Qora dengizdan — pelamida, skumbriya, kambala, Dunaydan — sevryuga, sazan kabi baliqlar ovlanadi. Millim ʻ bogʻlari: Vitasha, Zlatni Pyasitsi, Ropotamo, Steneto va b.
Aholisi. Asosiy aholisi bolgarlar, shuningdek turklar, loʻlilar, armanlar, ruslar, makedonlar va b. millatlar ham yashaydi. Aholining 67,93% shaharlarda istiqomat qiladi. Davlat tili — bolgar tili. Aholining aksariyati — pravoslavlar; musulmon sunniylar ham bor. Eng yirik shaharlari: Sofiya, Plovdiv, Varna, Ruse, Burgas, StaraZagora.
Tarixi. Bolgariyaning eng qad. aholisi frakiy qabilalaridir. Mil. 1-a. da Bolgariyani Rim imperiyasi bosib oldi; u qulaganidan soʻng Bolgariya Vizantiya tarkibiga kirdi. 7-a. boshlarida Bolqonga slavyanlar bostirib kirib, keyinchalik bu yerda dastlabki davlat — Yetti slavyan qabilasi deb nomlangan ilk feodal davlatini tashkil etishdi. 7-a. ning ikkinchi yarmida Bolgariya hududiga xon Asparux (Isperix) boshchiligidagi protobolgarlar — qad. bulgʻorlar (koʻchmanchi turkiy elat) bostirib kirdi. Ular slavyanlar bilan birga poytaxti Pliska sh. boʻlgan Birinchi bulgʻor podsholigi (681— 1018) ni tuzdilar. 9-a. oxiriga kelib protobolgarlar slavyanlar bilan qoʻshilib ketdi, slavyanlar tili davlat tili boʻlib qoldi, bolgar deb nomlangan slavyan xalqi vujudga keldi. 1185—87 y. larda akauka Petr va Asen boshchilik qilgan yirik xalq qoʻzgʻolonlari natijasida poytaxti Tirnovo sh. boʻlgan Ikkinchi bulgʻor podsholigi (1187—1396) tuzildi. 1396-y. B. ni turklar bosib oldi. Mahalliy boylarning bedodligi, ogʻir milliy zulm bolgar xalqining ozodlik kurashini kuchaytirdi. Mamlakatda gayduklar (xalq qasoskorlari) harakati keng quloch yoydi. 1876-y. gi eng kuchli apr. qoʻzgʻoloni shafqatsizlik bilan bostirildi. 1877—78 y. lardagi RossiyaTurkiya urushi natijasida rus askarlari yordamida Bolgariya turklardan ozod qilindi. Ammo mamlakat Turkiyaga qaram boʻlib qolaverdi. 1908-y. dan mustaqil podsholik tashkil topdi. Bolgariya 1912—13 y. lardagi Bolqon urushlarida qatnashdi. 1-jahon urushida (1915-y. dan) Germaniya tomonida harakat qildi. 1919-y. gi Nyoyi sulh shartnomasiga binoan kattagina hududidan, xususan Egey dengizi sohillaridan mahrum boʻddi. 1923-y. iyun toʻntarishidan keyin hokimiyatni qoʻlga olgan hukumat Sent. qoʻzgʻolonini shafqatsiz bostirdi. 1941-y. martda Bolgariya Berlin paktiga jalb qilindi, Germaniya qoʻshinlari Bolgariya xududiga kiritildi. Mamlakat iqtisodiyoti butunlay gitlerchilar manfaatlariga boʻysundirildi. Bolgar xalqi oʻz ozodligi va mustaqilligi uchun kurashni kuchaytirdi. 1942-y. da tuzilgan Vatan fronti fashizmga qarshi boʻlgan barcha kuchlarni birlashtirdi. 1943-y. da Bolgariya xalq ozodlik armiyasi tuzildi. 1944-y. da ZUkraina fronti qoʻshinlari Bolgariya chegaralariga kirgan paytda Bolgariya hukumati «toʻla betarafligi» ni eʼlon qiddi. 1944-y. 9 sent. ga oʻtar kechasi Sofiyada monarxiyaning fashist hukumatiga qarshi qurolli qoʻzgʻolon koʻtarildi. Reaksion hukumat agʻdarib tashlandi va Vatan frontining Xalq hukumati tuzildi. Bolgariyaning davlat tuzumi toʻgʻrisidagi referendum qatnashchilari (92,7%) xalq respublikasi tarafdori ekanini bildirdi. 1946-y. 15 sentda B. Xalq Respublikasi eʼlon qilindi. 1990-y. Xalq majlisiga koʻp partiyali asosda oʻtkazilgan saylovda Bolgariya sotsialistik partiyasi gʻalaba qozondi, dek. da koalitsiyey hukumat tuzildi. 1997-y. apr. dagi parlament saylovida Demokratik kuchlar ittifoqi harakatlari va tashkilotlari koalitsiyasi gʻalaba qildi (bu ittifoq 1989-y. da tuzilgan edi). Bolgariya — 1955-y. dan BMT aʼzosi. OʻzR bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-y. 5 sent. da oʻrnatgan. Milliy bayrami — 3 mart — B. ning Turkiya zulmidan ozod boʻlgan kuni (1878).
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari va jamoat tashkilotlari. Bolgariyada 80 ga yaqin partiya va siyosiy harakat ish olib boradi. Asosiylari: B. sotsialdemokratik partiyasi, 1891-y. da asos solingan, 1948-y. da faoliyatini toʻxtatgan, 1989-y. dan qayta faoliyat koʻrsata boshladi; B. sotsialistik partiyasi, 1990-y. apr. da tashkil etilgan; B. biznesbloki, 1991Y. 22yanv. da roʻyxatdan oʻtkazilgan; B. dehqonchilik xalq ittifoqi, 1899-y. da asos solingan; Huqukdar va ozodlik uchun harakat, Bolgariya musulmon aholisini birlashtiruvchi ijtimoiy-siyosiy tashkilot, 1990-y. yanv. da asos solingan; Xalq ittifoqi, siyosiy birlashma, 1994-y. da asos solingan. Bolgariya dehqonchilik xalq ittifoqi bilan Demokratik partiyani oʻz ichiga oladi; Demokratik kuchlar ittifoqi, 1989-y. dek. da tashkil etilgan. Bolgariya mustaqil sindikatlari konfederatsiyasi, 1990-y. da tuzilgan; «Podkrepa» mehnat konfederatsiyasi, 1990 i. tashkil etilgan; «Birlik» mustaqil kasaba uyushmasi, 1990-y. da asos solingan.
Xoʻjaligi. Bolgariya — industrialagrar mamlakat. Yalpi mahsulotda sanoatning ulushi 36%, q. x. ning ulushi 12%, xizmat koʻrsatish sohasi ulushi 52% ni tashkil etadi.
Sanoatida mamlakatdagi mehnatga qobiliyatli aholining 41% band. Mashinasozlik, elektron va elektr texnika, metallsozlik, qurilish materiallari i. ch., qora va rangli metallurgiya, kimyo va neft kimyosi, yogʻochsozlik, oziq-ovqat tarmoqlari rivojlangan. Yiliga oʻrtacha 35,6 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Bolgariyaning yoqilgʻienergetika zaxiralari cheklangan, qazib olinayotgan koʻmirning sifati past. Pleven va Shabla atroflarida ozroq neft, Vratsa yaqinida gaz konlari bor. Elektr energiyaning aksariyatini issiqlik elektr styalari beradi. Kozloduy sh. yaqinida atom elektr st-yasi qurilgan. Bolgariyaning metallurgiya sanoati mamlakatning rangli metallar (qoʻrgʻoshin, pyx va mis) ga boʻlgan ehtiyojini toʻlatoʻkis, prokat va qora metallga boʻlgan ehtiyojining koʻp qismini qondiradi. Mashinasozlikda, asosan, koʻtarma transport vositalari (elektr karlar va motokarlar, liftlar), metall qirqish stanoklari, ogʻir va energetika uskunalari, q. x. mashinalari, oziqovqat sanoati uchun uskunalar, transport vositalari va b. ishlab chiqariladi. Asosiy mashinasozlik markazlari: Sofiya, Ruse, Varna, Burgas, Gabrovo, Lovech, Plovdiv, Shumen. Sement sanoati Devnya, Pleven va Vratsadagi z-dlardan iborat. RilaRodop togʻlaridagi igna bargli daraxtlar, Bolqon togʻlaridagi buk oʻrmon yogʻochlari asosida yogʻochsozlik, jumladan, mebelsozlik tarmogʻi barpo etilgan. Toʻqimachilik sanoatida ip gazlama toʻqish, yengil sanoatda tikuvchilik, poyabzal i. ch. yetakchi oʻrinda. Oziq-ovqat sanoatida chetga chiqarishga moʻljallangan mahsulotlar — tamaki, konserva, vino va konyak i. ch. rivojlangan.
Qishloq xoʻjaligidamamlakatdagi mehnatga qobiliyatli aholining 18% band. Bolgariyada gʻalla, sabzavot, poliz ekinlari, kartoshka, yemxashak, texnika ekinlaridan tamaki, paxta (jan. da), kungaboqar, qand lavlagi yetishtiriladi. Qadimdan ekib kelinayotgan efir moyli ekinlar (atirgul, yalpiz, lavanda) asosan Karlovo va Qozonliq soylari boʻyida ekiladi. Bolgariyada bogʻdorchilik va tokchilik rivojlangan. Pomidor va chuchuk qalampir koʻp yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, qoʻy, ot, eshak, xachir, choʻchqa, parranda boqiladi, baliq ovlanadi. Asosiy baliq ovlash porti — Burgas.
Transporti. Ichki yoʻllarda yuk va yoʻlovchi tashishda t. y. (yuklarning 17% tashiladi) va avtomobil transporti (yuklarning 70% tashiladi) ning ahamiyati katta. T. y. larning uz. 6,6 ming km (62% elektrlashtirilgan) va avtomobil yoʻllarning uz. salkam 37 ming km (33,8 ming km qattiq qoplamali). Bolgariya hududidan Gʻarbiy Yevropani Yaqin Sharq mamlakatlari bilan bogʻlovchi xalqaro t. y. va avtomobil magistrallari oʻtgan. Dengiz transporti asosan tashqi savdoga xizmat qiladi. Asosiy dengiz portlari: Varna va Burgas. Dunayda kemalar qatnaydi (portlar — Ruse, Svishtov, Lom). «Balkan» va «JesAyr» firmalari samolyotlari xalqaro va ichki yoʻnalishda yoʻlovchilar tashiydi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar i . B. dunyoning yuzdan ortiq mamlakati b-n savdo-sotiq aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Chetga koʻtarmatransport mashinauskunalari (elektr karlar, elektr telferlar), kemalar, tovar vagonlari, avtomatlashtirish vositalari, elektron va elektr texnika mahsulotlari, stanoklar, mebel, moʻyna sanoati mahsulotlari, q. x. xom ashyosini qayta ishlash asosidagi oziqovqat mahsulotlari (konserva, tamaki, sigareta, sharbat, vino, efir moyi), sabzavot va hoʻl mevalar chiqaradi; chetdan asosan mashinalar, asbobuskunalar, transport vositalari, qora metall, neft, kumir, sellyuloza, yengil sanoat mahsulotlari keltiradi. Mamlakatga chet el sayyoxdigi anchagina foyda keltiradi (1 yilda 1 mln. dan ortiq kishi kelib ketadi). Pul birligi — lev.
Tibbiy xizmati. Bolgariyada 70 mingga yaqin oʻrinli kasalxonalar bor. 25 mingga yaqin shifokor ishlaydi. Shifokorlarni Sofiya, Plovdiv, Varnadagi tibbiyot intlari tayyorlaydi. Boroves, Varna, Drujba, Zlatni Pyasitsi, Nesebir, SlinchevBryag iqlimiy kurortlari, Kyustendil, Xisara maʼdanli suv va Tuzla, Pomoriye balchiq bilan davolash kurortlari mashhur.
Xalq taʼlimi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari. Bolgariyada 7 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun majburiy bepul taʼlim joriy etilgan. Politexnika va hunartexnika maktablari, bilim yurtlari va texnikumlar bor. Yirik oliy oʻquv yurtlari Sofiya, Plovdiv, VelikoTirnovo untlaridir. Ilmiy markazlari: Bolgariya Fanlar akademiyasi, Q. x. fanlari akademiyasi, Tibbiyot akademiyasi. Sofiyada Xalq kutubxonasi, unt hamda FA kutubxonalari va b. ommaviy kutubxonalar, Milliy badiiy galereya, etn., harbiy tarix (Pleven sh. da) muzeylari va b. bor.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Bolgariya dagi asosiy gaz. lar: «Demokratsiya» («Demokratiya», Demokratik kuchlar ittifoqining kundalik gaz., 1990-y. dan), «Duma» («Soʻz», B. sotsialistik partiyasining kundalik gaz., «Rabotnichesko delo» gaz. oʻrniga 1990-y. dan), «Zemedelsko zname» («Dehqonlar bayrogʻi», kundalik gaz., B. dehqonchilik xalq ittifoqining nashri, 1902-y. dan), «Svoboden narod» («Ozod xalq», haftalik gaz., B. sotsialdemokratik partiyasining organi, 1990-y. dan), «Trud» («Mehnat», B. mustaqil sindikatlari konfederatsiyasining organi, 1923-y. dan). Bolgariya telegraf agentligi — BTA, SofiyaPress matbuot agentligi (1967-y. da tashkil etilgan) mavjud. 1929-y. dan radioeshittirishlar, 1959-y. noyab. dan telekoʻrsatuvlar berib boriladi.
Adabiyoti. Bolgariya adabiyoti — slavyan adabiyotlarining eng qad. si boʻlib, u 9-a. ning 2-yarmida Kirill va Mefodiy tomonidan slavyan yozuvining joriy etilishi natijasida yuzaga keldi. 9—10-a. lardagi yozuvchilar — Kliment Oxridskiy, Konstantin Preslavskiy, Chernorizes Xrabr va b. ijodi diniynasihat ruhida boʻlgan. Qad. bolgar madaniyati Kiyev Rusi davrida sharqiy slavyanlarning maʼnaviy turmushiga taʼsir oʻtkazdi, ularning adabiyoti vujudga kelishiga koʻmaklashdi. Bolgariyaning Vizantiya hukmronligi (1018— 1187) ostida boʻlishi milliy adabiyot rivojlanishiga toʻsqinlik qildi. Ikkinchi bulgʻor podsholigi (1187— 1396) davrida u yana ravnaq topdi. 14—15-a. lardagi taniqli yozuvchilar — Feodosii Tirnovskiy, Yevfimiy Tirnovskiy, Grigoriy Samblak. 18a. 2-yarmida boshlangan Bolgariya milliy uygʻonishi adabiyotning rivojlanishiga zamin yaratdi. Bu davr ruhi Paisiy Xilendarskiy, Sofroniy Vrachanskiy asarlarida aks etdi. 19-a. da D. Popskiy, K. Ognyanovich, P. Protich va b. ijod etdilar. Tarjima asarlari taʼsirida sentimental poeziya paydo boʻldi. Milliy ozodlik harakatining kuchayishi (19-a. ning 50—70-y. lari) poeziya, proza va dramaturgiyaning rivojiga turtki boʻldi. Realistik asarlarning paydo boʻlishi L. Karavelov, P. R. Slaveykov, X. Botev nomi bilan bogʻliq. I. Vazovning «Zulm ostida» romani, «Unutilganlar epopeyasi» lirik turkumi, P. P. Slaveykovning «Konli qoʻshiq» dostoni shu davrning eng baquvvat asarlaridir. 19-a. ning 90-y. larida tanqidiy realizm yetakchi oqimga aylandi. Ijtimoiy ziddiyatlar, dehqonlarning norozilik kayfiyatlari haqqoniy tasvirlandi (T. Vlaykov, X. Maksimov, Yelin Pelin, A. Strashimirov). I. Vazovning «Darbadarlik qoʻshiqlari» sheʼrlar toʻplami, P. Yavorovning «Ekinzorda», «Doʻl» dostonlarida haqqoniyat uchun kurash gʻoyasi aks etdi. Karshilik koʻrsatish harakati davrida (1941—44) N. Vapsarov, S. Spasov, X. Kirpachev kabi yozuvchilar ham qalam, ham qurol b-n kurashib, yuksak gʻoya yoʻlida halok boʻddilar. 2-jahon urushidan keyin S. Dichevning «Ozodlik uchun», D. Talevning «Temir chiroq», «Prespan qoʻngʻiroqlari», S. Daskalovning «Yoʻl», D. Angelovning «Hayot va oʻlim evaziga» romanlarida tarixiy oʻtmish yangi davr ruhi asosida talqin etildi. A. Gulyashka, P. Vejinov, K. Kalchev, D. Dimov, G. Karaslavov, E. Stanev kabi adiblarning roman va qissalarida kishilarning yangicha insoniy munosabatlari uz aksini topdi. Shoirlardan Ye. Bagryana, D. Gabe, M. Isayev, V. Andreyev, B. Dimitrova ijodiyoti bolgar poeziyasida salmoqli oʻrin egallaydi. Insoniylik, axloq masalalari O. Vasilev, K. Zidarov, G. Genov dramatik asarlarining asosini tashkil etadi.
Meʼmorligi. Mil. av. 4-a. da Kozonlik yaqinida frakiylar yaratgan Sevtopolis sh. qoldiqlari saqlangan; rimliklar hukmronligi davridan mil. 1 — 2-a. lardagi Ratsiariya, Eskus va b. shaharlarning xarobalari qolgan. Jan. da — Chobandera, Belovo, Xisar va b. shaharlarda 4—9-a. lar meʼmoriy yodgorliklari, ibodatxona (bazilika tipidagi) lar bor. Bulardan eng mashhuri hoz. Sofiyadagi muqaddas Sofiya ibodatxonasidir. Bolgariya qadimiy meʼmorligi ikki davrga — 1podsholik (681 — 1018), 2-podsholik (1187—1396) davriga boʻlinadi. 1podsholik davri (poytaxti Pliska) da oʻz zamonasining kuchqudratini aks ettiruvchi hashamatli binolar va ibodatxonalar qurilgan, ularda marmar toshlardan va bezaklardan foydalanilgan. 2podsholik davri (poytaxti Tirnovo) da Bolgariya meʼmorligi yuqori bosqichga koʻtarildi. Tirnovodagi «Qirq jafokash» (1230), Mesembriy (Nesebir) dagi «Aliturgita», «Ioanna», «Pantokratora» (13—14-a. lar) va Stanimak (Asenovgrad, 13-a.), Boyan sh. laridagi ibodatxonalar, Tirnovo qalʼa devori va «Baba Vida» (14-a.) qalʼasi diqqatga sazovordir. Bolgariyada turklar hukmronligi davrida xalq meʼmorligi kuchaydi. Bolgariya turklar asoratidan qutulgach (1878), yangi xildagi turar joy, sanoat va maishiy binolar bunyod boʻla boshladi: Sofiyadagi «Sinodal palatasi» va «Mineralli hammom» (1880, meʼmor I. Monchilov). Brones sh. da «Bistritsa» — shoh saroyi (meʼmor I. Koychev), Sofiyada A«leksandr Nevskiy» ibodatxonasi (meʼmor A. N. Pomeransev) va b. qurilgan. 1934-y. da Sofiya, Varna, Plovdiv va b. shaharlarning loyihalari ishlab chiqildi. 2-jahon urushidan keyin shaharlar va aholi yashaydigan manzilgohlar qayta qurildi, sanatoriy, dam olish uylari, turar joy binolari, z-d, fka va b. binolar qurilishi avj oldi.
Tasviriy sanʼati. Bolgariya hududida antik davrga mansub frakiylar qabr toshlari, qad. maqbaralarda noyob devoriy rasmlar (Qozonliqyaqinida, mil. av. 4 — 3-a. lar) va b. yodgorliklar, oʻrta asrlardan ajoyib haykallar, mozaika va naqshli keramika buyumlari saqlangan. 12—14-a. larda rassomlik (Tirnovo maktabi yetakchilik qilgan), kitob miniatyurasi taraqqiy etgan. Turklar hukmronligi davrida xalq ijodi (oʻymakorlik, keramika, kashtachilik) koʻproqrivojlandi. Bolgariya milliy badiiy realistik maktabi 19a. oʻrtalaridan paydo boʻldi (Zaxariy Zograf, S. Dospevskiy, X. Sokev, N. Pavlovichlar portret, tarixiy va vatanparvarlik ruhida kartinalar yaratdilar). 1878-y. qoʻzgʻolonidan keyin I. Mirkvichka, Ya. Veshin, I. Angelov, A. Mitov va b. rassomlar xalq hayotini haqqoniy ifodaladilar. 20-a. ning birinchi choragida manzarachi rassom (A. Mixov, N. Petrov), siyosiy karikaturachi (A. Bojinov), haykaltarosh (A. Nikolayev, I. Lazarov)lar ijod qildilar. 20—30-y. larda demokratik anʼanalarni rassomlardan X. Stanchev, S. Venev, haykaltarosh I. Funev, suratkash I. Beshkov va b. davom ettirdi, keyingi vaqtlarda xalq hayotidagi yangi oʻzgarishlarni rassomlarning keksa avlodi (S. Venev, D. Gujenov, V. DimitrovMaystor, M. Markov, B. Mitov, A. Mixov, A. Nikolov, I. Petrov, D. Uzunov, I. Funev va b.) va yoshlar oʻz polotnolarida tasvirladilar. Xalq amaliy sanʼati: keramika, kashtachilik va b. ham rivojlanmoqda.
Teatri. Bolgariya teatr sanʼati tarixi xalq oʻyini va tomoshalaridan boshlanadi. 19-a. da milliy ozodlik harakatining avj olishi bilan Bolgariya milliy teatri ham tashkil topa boshladi. 1856-y. da birinchi teatr tomoshalari koʻrsatildi. 1866-y. da Brail sh. da (Ruminiya) dramaturg va rej. D. Voynikov rahbarligida bolgar truppasi tashkil qilindi.
1883-y. Plovdivda birinchi professional teatr truppasi ish boshladi. 1886-y. da bu yerda «Plovdiv havaskorlik truppasi» tashkil topdi. 1888-y. bu truppa Sofiyaga koʻchib oʻtib, «Bolgar xalq asosiy truppasi» deb ataldi. 1891-y. dramatik va opera truppalari tuzildi. 1892-y. da tuzilgan «Kulgi va koʻz yoshlari» truppasi 1904-y. da xalq teatriga aylantirildi. Keyinchalik «Zarya», R. Popovaning dramatik teatri, Yangi xalq teatri, «Zamonaviy teatr», «Erkin teatr», shuningdek Varna, Ruse, Qozonlikdagi teatrlar vujudga keldi. Bolgar teatri taraqqiyotida V. Kirkov, S. Ognyanov, S. Bichvarov, A. Bulevskaya kabi sanʼatkorlarning faoliyati katta rol oʻynadi. Bolgariya teatrlari repertuaridan milliy dramaturglar I. Vazov, O. Vasilev, K. Zidarov kabilarning, shuningdek jahon klassik va hoz. zamon chet el dramaturglarining asarlari oʻrin olgan. F. Filipov, K. Mirskiy, R. Delcheva, O. Kircheva, S. Getsov, I. Kondov, M. Popova, V. Trandafilov, 3. Yordanova, G. Stamatov kabi rej. va aktyorlar Bolgariya teatr sanʼatining yirik arboblaridir.
Musiqasi. Eng qad. xalq qoʻshiqlari marosim, mehnat, qahramonlik, lirik qoʻshiklardan iborat. Xalq odatlarini ifodalovchi xoro, ruchenitsa raqslari boʻlgan. Musiqa folklorida birikki ovozli qoʻshiqlar koʻproq, uchtoʻrt ovozli qoʻshiqlar kamroq uchraydi. Xalq qoʻshiq va raqslarining vazni Yaqin Sharq musiqasi taʼsirida boyigan. Asosiy milliy cholgʻu asboblari — gadulka, gayda, kaval va tambura. Oʻrta asrlarda xalq kuylari va cherkov musiqasi keng tarqalgan, milliy sozanda, bastakorlar yetishib chiqqan. Turkiya asoratidan qutulgach, Bolgariyaning professional musiqa taraqqiyoti uchun qulay sharoit tugʻildi. Xalq qiroatxonalari huzurida xor jamoalari tuzildi. 19-a. oxiri va 20-a. boshlarida Ye. Manolov, D. Xristov, G. Atanasov kabi dastlabki professional kompozitorlar yetishdi. 1904-y. da Sofiyada musiqa maktabi (1921-y. dan Davlat musiqa akademiyasi, 1954 i. dan Bolgariya davlat konservatoriyasi) ochildi, 1908-y. da opera teatri (1921-y. dan Sofiya xalq operasi) tashkil etildi. 20-a. boshlarida A. Bukoreshchliyev, D. Xristov, P. Pipkov, Al. Morfov, A. Kristev kabi kompozitor va musiqa folklorchilari asosan xor musiqasi sohasida ishladilar. G. Atanasov «Gergana», «Sveta» kabi dastlabki Bolgariya operalarini yaratdi. P. Vladigerov simfonik musiqani boshlab berdi. P. Staynov bilan V. Stoyanovlar simfonik va xor musiqasining yirik ustalaridir. Oʻzbekistonda Bolgariya sanʼat ustalari koʻp marta konsert bergan. Kinosi. Bolgariyada 1910-y. dan boshlab milliy operatorlar suratga olgan voqeiy va hujjatli lentalar chiqarilgan. Birinchi bolgar badiiy filmi «Savlatli bulgʻor» (rej. V. Gendov) 1915-y. chiqdi. Bolgariyada birinchi ovozli film «Qulning isyoni» (rej. V. Gendov) 1933-y. da namoyish etildi. 2-jahon urushidan keyin Bolgariyada milliy kinosanʼat rivojida yangi pogona boshlandi. D. Dakovskiy, B. Sharaliyev, A. Yanchev, A. Marinovich, 3. Jandov kabi rej. lar, P. Vejinov, A. Vagenshteyn, X. Ganev kabi ssenariychilar yetishdi. 50-y. larda «Trevoga» (rej. 3. Jandov), «Vatan osmonida tong» (rej. A. Marinovich va S. Sirgajiyev), «Notinch yoʻl» (rej. D. Dakovskiy) filmlari ekranga chikdi. «Shipka qaxramonlari» (1955), «Tarix sabogi» (1957) filmlari yaratildi. Keyingi yillarda chiqqan «Kambagʻal koʻcha» (rej. X. Piskov), «Biz unda yosh edik» (rej. B. Jelyazkova), «Asir qushlar» (rej. D. Mundrov), «Shaftoli ugrisi» (rej. V. Radev), «Inspektor va tun» (rej. R. Vilchaiov), «Muhabbat» (rej. L. Staykov) kabi filmlarda yangi, hayotiy mavzularni koʻtarish, mazmundorlik, taʼsirchanlikning yangi vositalarini izlash seziddi. Bolgariyada har yili 200 ga yaqin hujjatli, ilmiyommabop, multfilm va 10—20 badiiy film ishlab chiqariladi. Kino aktyorlardan N. Kokanova, G. GeorgiyevGes, S. Danailov, D. Tonchevalar mashhur.
Oʻzbekiston Bolgariya munosabatlari. Ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar uchun huquqiy asos yaratish, savdoiktisodiy hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma korxonalar barpo etish sohasida bir muncha ishlar qilinmoqda. Bolgariya savdoiqtisodiy delegatsiyasining 1994-y. iyunida Oʻzbekistonga tashrifi natijasida iqtisodiyot va savdo-sotiqning bir qancha sohalarida hamkorlik qilish haqidagi bayonnomalar imzolandi. 1997-y. noyab. da Bolgariya tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi Oʻzbekistonda boʻldi. Shu yil 12 noyab. da Toshkentda Bolgariya tadbirkorlari vakillari ishtirokida Uzbekiston ishbilarmonlari uchun biznesseminar oʻtkazildi. Unda ikkala mamlakat oʻrtasidagi anʼanaviy aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish va iqtisodiy hamkorlik sohasidagi barcha imkoniyatlardan unumli foydalanish haqida kelishib olindi. Bolgariyalik mehmonlarning Oʻzbe«ksavdo», «Oʻzbekengilsanoat» uyushmalarida, «Oʻzbekneftgaz» korporatsiyasi (1998-y. dek. dan xolding kompaniya), Toshkent sh. hokimligi, Sogʻliqni saklash vazirligi va «Uzfarmsanoat» konsernida oʻtkazgan muzokaralari samarali yakunlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Bolgariya oʻrtasidagi tashqi savdo aylanmasi 1995-y. da 19,2 mln. AQSH dollarini tashkil etdi va 1994-y. koʻrsatkichidan deyarli 2 baravar oshdi. B. Uzbekistondan paxta tolasi, kalava ip, rangli metallar, noorganik kime mahsulotlari, mexanika asbobuskunalari sotib olmoqda va transport xizmatidan foydalanmoqda. Oʻzbekiston esa Bolgariyadan dori-darmon, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, qandshakar, efir moylari, qandolat mahsulotlari, pardozandoz buyumlari, alkogolli va alkogolsiz ichimliklar, tamaki va h. k. keltiradi.
1997-y. yanv. sent. oylarida oʻzaro tovar aylanmasi 8089,6 ming AQSH dollarini tashkil etdi va Oʻzbekistonning eksporti importidan 825,2 ming dollar ortiq boʻldi.
Alohida tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlik quyidagicha: «Uzfarmsanoat» konserni Bolgariyaning farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqaruvchi katta birlashmasi «Farmaxim» bilan qoʻshma korxona barpo etishga kirishdi. Jumladan, bronxolitin preparatini i. ch. korxonasini tashkil etish shartnomasiga binoan Bolgariya tomoni 200 ming AQSH dollari qiymatiga ega boʻlgan asbobuskuna va materiallar yetkazib beradi. Bu korxona yiliga 1 mln. flakon preparat ishlab chiqaradigan boʻladi. «Oʻzeltexsanoat» uyushmasining «Foton» aksiyadorlik jamiyati «Karat» nazoratkassa apparatlari uchun butlovchi qismlar yetkazib berish haqida «Sofiya» firmasi bilan shartnoma tuzdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki B. ning «Bulbank», «Ferst investment Bank LTd» banklari bilan vakillik munosabatlari urnatdi. «Toshkent aviatsiya i. ch. birlashmasi» aksiyadorlik jamiyati 1990—91 y. larda Bolgariyaga 3 ta Il76 TD samolyotini yubordi.
1997-y. dek. da UzR Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi roʻyxatidan oʻtgan Bolgariya sarmoyasi ishtirokidagi 15 ta qushma korxona bulgan. Ular orasida telefon apparatlari ishlab chiqaruvchi «Sitora», elektrkardiograflar yigʻuvchi va ularning ehtiyot qismlarini almashtiruvchi «Kontakt», tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Sikander», tish pastasi va b. ruzgor kimyosi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Albo», hisoblash texnikasini taʼmirlovchi va ularga xizmat koʻrsatuvchi «Bulteks», bolalar taomi va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Rossi S. A.» va b. korxonalar bor. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi yuz foiz Bolgariya sarmoyasidagi «Bulgar Tradiud Co» tashqi savdo korxonasini ruyxatdan utkazgan. Bundan tashqari mazkur vazirlik huzurida Bolgariyaning 2 ta firmasi: «Veko Limited» (akkumulyator i. ch., yuk tashish va sayyohlik faoliyati), «U. B. T. Ko» (t. y. transporti uchun asbobuskuna va materiallar yetkazib berish, yuk tashish va ekspeditorlik faoliyati) vakolatxonalari rasmiylashtirilgan.