JADIDCHILIK

JADIDCHILIK (arab, jadid – yangi) — 19-a. oxiri 20-a. boshida Turkiston, Kavkaz, Qrim, Tatariston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy, maʼrifiy harakat. J. dastlab 19-a. ning 80-y. larida Krimda Ismoilbek Gasprinskiy rahbarligida qrim tatarlari oʻrtasida vujudga keldi. Jadidchilik harakati namoyandalari koʻpincha oʻzlarini taraqqiyparvarlar, keyinchalik jadidlar deb atashgan. Oʻsha davrning ilgʻor taraqqiyparvar kuchlari, birinchi navbatda, ziyolilar mahalliy aholining umumjahon taraqqiyotidan orqada qolayotganligini his etib, jamiyatni isloh qilish zaruriyatini tushunib yetgandilar. Jadidchilik mohiyat eʼtibori bilan avvalo siyosiy harakat edi. Uning shakllanish va magʻlubiyatga uchrash davrlari boʻlib, ularni shartli ravishda toʻrtga boʻlish mumkin. Turkiston, Buxoro va Xiva hududida bu davrlar 1895-1905; 1906-16; 1917-20; 1921-29 y. larni oʻz ichiga oladi.

Birinchi davrda Turkistonda podsho Rossiyasining mustahkam oʻrnashib olishi kuzatiladi. U oʻz siyosiy agentlari (vakillari) yordamida mahalliy xon va amir vakolatlarini cheklabgina qolmay, ularni qoʻgʻirchoqqa aylantirib, rus va gʻarb sarmoyadorlarining ishlashi va yashashi uchun sharoit yaratadi, turli kompaniyalar, aksiyadorlik jamiyatlari manfaatini koʻzlaydi. Ayni chogʻda mahalliy aholining talab va ehtiyojlari nazarga olinmay qoʻyildi, diniy eʼtiqodlari, urf-odatlari bilan hisoblashmaslik, ularni mensimaslik kuchaydi. Hayotiy, ilmiy saviyasi yuqori boʻlgan qozilar tajribasiz kishilar bilan almashtirildi, poraxoʻrlik, ijtimoiy-siyosiy adolatsizlik avj oldi. Madrasa va maktablar faoliyatini cheklash, mahalliy joy nomlarini ruscha atamalar bilan almashtirish, mahkama jarayonida qozilar boʻyniga xoch taqtirishgacha borildiki, yerli aholini bu xilda tahqirlash hollari mustamlakachilarning bedodligini yaqqol koʻrsatardi. Oʻsha davr ahvolini Muxammadali xalfa Sobir oʻgʻli (Dukchi eshon) xalqqa qarata oʻz «Xitobnoma»si (1898) da yaxshi bayon qilgan (yana q. Andijon qoʻzgʻoloni).

Millat istiqbolini oʻylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari — hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. Ziyolilar dastlab chorizmga qarshi kurashni xalqni asriy qoloqlikdan uygʻotish — siyosiy-maʼrifiy jabhadan boshlashga qaror qildilar. Jadidchilik harakati ana shunday tarixiy bir sharoitda Turkiston mintaqasida rivojlanish uchun oʻziga qulay zamin topdi.

Jadidlar orasidan yetuk olimlar, sanoat va ziroatchilik sohalarining zamonaviy bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, yurtni obod va Vatanni mustaqil koʻrishni orzu qildilar va shu yoʻlda fidoyilarcha kurashdilar. Jadidlarning Turkiston mustaqilligi uchun kurashida asosan quyidagi yoʻnalishlar ustuvor edi: yangi usul maktablari tarmogʻini kengaytirish; qobiliyatli yoshlarni chet elga oʻqishga yuborish; turli maʼrifiy jamiyatlar va teatr truppalari tuzish; gaz. va jur. lar chop qilish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini yuksaltirish bilan Turkistonda milliy demokratik davlat qurish. Jadid ziyolilarining kuchli partiyasi tashkil qilingan taqdirdagina bu ishlarni amalga oshirish mumkin edi.

Jadidchilikning asosiy gʻoya va maqsadlari quyidagilar edi: Turkistonni oʻrta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa maʼrifat tarqatish, Turkistonda muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash, Buxoro va Xivada konstitutsiyey monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini oʻrnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qoʻshin tuzish. Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Samarkand va Xivada hur fikrli va taraqqiyparvar kishilarning ayrim guruhlari tomonidan ochilgan madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi jamiyat va uyushmalardan Jadidchilik harakati shakllandi.

Turkistonda Jadidchilik harakatini vujudga keltiruvchilar tepasida Mahmudxoʻja Behbudiy, Abduqodir Shukuriy (Shakuriy), Saidahmad Siddiqiy—Ajziy (Samarqand), Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydulla Asadullaxoʻjayev (Ubaydulla Xoʻjayev), Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov (Toshkent), Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Abdulvohid Burhonov, Sadriddin Ayniy, Abdulqodir Muhiddinov (Buxoro), Obidjon Mahmudov, Hamza, Choʻlpon, Isxoqxon Ibrat, Muqammadsharif Soʻfizoda (Fargʻona vodiysi), Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobooxun Salimoye (Xorazm) turardi.

Turkiston mintaqasidagi Jadidchilik harakati, tarqalish joyi va yoʻnalishiga koʻra, uchga boʻlinadi: Turkiston, Buxoro va Xiva jadidchiligi. Turkiston jadidlari bilan Buxoro va Xiva jadidlari oʻrtasida bir muncha tafovut bor. Turkiston oʻlkasidagi Jadidchilikning ijtimoiy asosini ziyolilar tashkil qildi. Ular chor Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi kurashning oldingi saflarida turib, chorizmning xom ashyo manbaiga aylantirilgan Turkistonning dastlab muxtor, soʻng mustaqil davlat boʻlishini yoqlab chikdilar.

Buxorodagi J. Turkistondagiga nisbatan ogʻir ijtimoiy-siyosiy sharoitda yuzaga keldi. Uning tarkibi asosan Buxorodagi shahar aholisining taraqqiyparvar qismi: ziyolilar, mullavachchalar, mayda doʻkondorlar va maʼmurlar, hunarmandlar, savdogarlardan iborat edi. Jadidlarning dehqonlar va askarlar oʻrtasida nufuzi avvaliga past boʻlgan. Jadidlar iqtisod va boshqaruv sohasida bir qator talablar, chunonchi, soliqlarni kamaytirish talabi b-n chiqishdi. Ular dastlab Buxorodagi amirlik tuzumi doirasida islohotlar joriy qilmoqchi boʻlishdi. Buxoroda vobkentlik dehqon Joʻraboy ilk yangi usul maktabini ochgan edi. Buxorodagi Jadidchilik harakatiga ayrim johil mullalar, har qanday yangilik va islohotlarning dushmani boʻlgan qadimiylar oqimi qarshi chiqdi. 20-a. boshlarida Buxoro jamiyati 2 guruhga: Ikrom domla rahbarligidagi taraqqiyparvarlar va Mulla Abdurazzoq boshchiligidagi qadimiylarga boʻlingan edi. 1908-y. «Buxoroi sharif shirkati» tuzilib, darsliklar nashr etish va kitob savdosi bilan shugʻullandi. Ahmadjon Hamdiy (Abusaidov), Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev (Usmon Xoʻja), Homidxoʻja Mehriy, Abdulvohid Burhonov, Abdulqodir Muhiddinov, Sadriddin Ayniy, Abdurahmon Saʼdiy shirkatning tashkilotchilari edi. 1909-y. dek. da jadidlar Buxoroda «Tarbiyai atfol» («Bolalar tarbiyasi») maxfiy jamiyatini tuzishdi (asoschilari: Abdulvohid Burhonov, Homidxoʻja Mehriy, Ahmadjon Hamdiy, Mukammil Burhonov, Hoji Rafe). Bu jamiyat turkistonlik va buxorolik yoshlarni Istanbuldagi «Buxoro taʼmimi maorif jamiyati» boʻlimiga oʻqishga joʻnatdi. Xorijdagi taʼlim yoshlar dunyoqarashida tubdan burilish yasadi. J. Buxoro va Turkistonda bir vaqtda boshlangan boʻlsa ham, amirlikdagi ogʻir muhit uning taraqqiyotini tezlashtirdi. 1910-y. dan boshlab Buxoroda Jadidchilik harakati tashkiliy tuye oldi va «Tarbiyai atfol» maxfiy jamiyati asosida partiya tashkil topdi (q. Yosh buxoroliklar).

20-a. boshlarida Xivada shakllangan Jadidchilik bir qadar boshqacharoq tarixiy shartsharoitda vujudga keldi. U bu yerda asosan ikkita oqimdan iborat edi. Uning oʻng oqimi xonlikda rivojlanayotgan savdo-sanoat korxonalari egalari hamda yirik boylarning vakillarini oʻziga birlashtirgan edi. Bu oqimga Xiva xoni Asfandiyeʻrxonnsnt bosh vaziri Islomxoʻja boshchilik qilgan. Jadidchilikning oʻng oqimi oʻz oldiga mamlakatda xon hokimiyatini saqlab qolgan holda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar oʻtkazish orqali erkin bozor munosabatlarining rivojlanishiga keng yoʻl ochib berishni maqsad qilib qoʻygan edi. Xivada Jadidchilikning soʻl oqimi esa mayda sarmoyadorlar, hunarmandlar va xalqning turli tabaqa vakillarini birlashtirgan boʻlib, qozikalon Bobooxun Salimov uning rahbari edi. Ular Xiva xonligida yangi usul maktablari tashkil qilish orqali xalq ommasining siyosiy faolligini oʻstirish maqsadini qoʻyishgan edi. 1904-y. «jamiyati xayriya» tuzilib, uning koʻmagi bilan Xiva sh. da dastlabki yangi usul maktabi ochildi (1904-y. 10 noyab.). Xiva jadidlari maʼrifiy ishlar bilan kifoyalanib qolmasdan, xon tuzumiga qarshi kurash ham olib bordilar. Birinchi jahon urushigacha Xiva jadidlarining yagona markazi va dasturiy hujjatlari boʻlmagan. Birok Jadidchilik harakati Xiva xonligida katta ijtimoiy-siyosiy kuchga aylanib, 1914-y. avg. da u partiya shaklini olgan (q. Yosh xivaliklar).

1904—05 y. lardagi rus-yapon urushi, 1905—07 y. larda boʻlgan 1-rus inqilobi, 1905—11 y. lardagi Eron inqilobi, 1908-y. Turkiyada boʻlgan Yosh gpurklar inqilobi jadidlar dunyoqarashiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Jadidlar oʻz gaz. va jur. lari, yangi usul maktablari, turli kutubxona va qiroatxonalar, havaskor teatr truppalari tevaragida toʻplanishar edi. Ularning koʻpchiligi shu davrning koʻzga koʻringan ijodkorlari — shoiru yozuvchilar edi. Ular oʻz asarlari bilan tarixan yangi milliy adabiyot yaratdilar. Adabiyot davr vokealariga hamohang bordi. 1910-y. lardayoq maʼrifat va ozodlik gʻoyalari uning markaziy mavzuiga aylandi. Adabiyotga «millat» va «vatan» tushunchalari kirib keldi. Milliy sheʼrlarga ragʻbat kuchaydi. Yangi zamonaviy dostonchilik maydonga keldi, publitsistika (Behbudiy, Fitrat, Munavvarkrri, Mirmuhsin) rivojlandi, realistik proza shakllandi. Shuning uchun ham bu davr adabiyoti Oʻzbekiston mustaqilligidan keyin haqli ravishda milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti deb davrlashtirildi. Adabiyotdagi bunday uygʻonish, ayni vaqtda, shu davr madaniy hayotida ham roʻy berdi. Jadidlar oʻzbek xalqi hayotiga tom maʼnodagi milliy teatrik olib kirdi. Milliy matbaaning vujudga kelishi bilan kitob bosish ishi yoʻlga qoʻyila boshlandi. Yevropa koʻpovozli musiqa sanʼati b-n tanishgan jadidlar oʻzbek anʼanaviy musiqa uslublarini ham isloh qilishga daʼvat etishgan. 1919-y. da Toshkentning Eski shahar qismi (hoz. «Turon» kutubxonasi yonidagi bino)da jadidlar tashabbusi bilan Turkiston xalq konservatoriyasining milliy (eski shahar) boʻlimi tashkil etildi. Shu tarzda jadidlar sanʼat vositasi bilan millat kadrini koʻtarish, sanʼatning deyarli barcha turlarini yuksaltirishga intildilar («Oʻzbekiston Respublikasi» maxsus jildining tegishli boʻlimlariga — Adabiyoti, Teatri, Musiqasiga Jadidchilikning aksar vakillari yoshlarga dastavval liniy taʼlim bilan bir katorda dunyoviy fanlarni oʻqitish masalasini kun tartibiga qoʻydilar. Ular musulmon maktablarining taʼlim usuli va dasturlarini isloh qilib, yangicha usuldagi maktablarni ochdilar. Behbudiy, Munavvarkrri, A. Burhonov, A. Avloniy va b. yangi usul maktablari uchun darsliklar yozib, nashr etishgan (q. Yangi usul maktablari).

Jadidchilik harakati davomida ularning oʻz matbuoti shakllandi. Jadidlar Toshkentda 1905—06 y. larda «Taraqqiy» (muharriri — Ismoil Obiliy), «Xurshid» (muharriri — Munavvarqori), 1907—08 y. larda «Shuhrat» (muharriri — A. Avloniy), «Osiyo» (muxarriri — Ahmadjon Bektemirov), «Tujjor» (muharriri — Saidkarimboy Saidazimboy oʻgʻli), Buxoroda 1912-y. da «Buxoroyi sharif» (muxarriri — Mirzo Jalol Yusufzoda), «Turon» (muxarriri — Gʻiyos maxsum Husayniy), Samarqandda 1913-y. da «Samarkand» (muharriri — M. Behbudiy), Toshkentda «Sadoyi Turkiston» (muharriri — Ubaydulla Xoʻjayev), Qoʻqonda «Sadoyi Fargʻona» (muharriri — Obidjon Mahmudov) gaz. lari va Samarkandda 1913 — 15 y. larda «Oyina» (muharriri — M. Behbudiy), Toshkentda 1915-y. «Al-isloh» (muharriri — Abdurahmon Sodiq oʻgʻli) jur. larini nashr qilishdi. Shuningdek, 1917—18 y. larda Toshkentda «Najot» (muxarriri — Munavvarkrri), «Kengash» (muharrirlari — Ahmad Zakiy Validiy va Munavvarqori), «Turon» (muharrirlari — M. Afandizoda, A. Avloniy), «Ulugʻ Turkiston» (muharriri — Kabir Bakirov), «Shuroy Islom» (muharriri — Abdulla Battol), «Turk soʻzi» (muharriri — Temirbek Xudoyorxonov), «Turk eli» (taxriryʼati), Samarqandda «Hurriyat» (muharrirlari — Mardonqul Shohmuhammadzoda, Akobir Shomansurov, Fitrat), Qoʻqonda «Tirik soʻz» (muharriri — Obidjon Mahmudov), «El bayrogʻi» (muharriri — Boʻlat Soliyev) gaz. lari va «Kengash» (muxarriri — Hamza), «Yurt» (muharriri — Ashurali Zohiriy) jur. lari chop qilindi. Matbuot millat dilidagi gaplarni oʻz saqifalariga koʻchirish bilan kifoyalanmay, qanday ishlarni birinchi navbatda amalga oshirish masalasini oʻrtaga qoʻydi. 1909-y. da Toshkent yosh ziyolilari tomonidan «Jamiyati xayriya» tashkil etildi. Mahalliy yoshlardan davlat mahkamalarida, sanoat, tijorat sohasida ishlaydigan mutaxassislar tayyorlash, kambagʻal musulmonlarga madaniy-maʼnaviy yordam koʻrsatish masalasi qoʻyildi. Bu millatning boshqa xalklar ichiga singib ketmasligi yoʻlida koʻrilgan tadbirlar edi.

Bu davrda jadidlar ijtimoiy-siyosiy kuch sifatida koʻrindilar. Xalq ularda oʻz himoyachilarini qis etdi. Sirdaryo viloyatidan Peterburgda oʻtadigan Davlat dumasiga aʼzolikka saylangan Abduvohidqori Abduraufqoriyevga Toshkent, Chimkent va b. joylarning aholisidan 12 moddadan iborat talabnomani Davlat dumasiga topshirish yuklandi. Bu hujjatda koʻpgina ijtimoiy talablar koʻrsatilgan edi. Abduvohidqori 1907-y. 20 fev. —3-iyunda Peterburgda Sadri Maqsudiy (1879—1957), Muso Jorilloh, Alimardon Toʻpchiboshev kabi musulmon ziyolilari bilan tanishib, musulmon fraksiyasining raisi Biglovga Turkiston xalqi dardini yetkazdi. Biroq Abduvohidqori, oradan koʻp oʻtmay, qamoqqa olindi va Tulaga surgun qilindi.

Illy tarzda, Jadidchilik harakati 1906—16 y. larda oʻzining asosiy yoʻlini belgilab oldi. Jadidlarning nashrlari xalqni yangi davr boshlangani bilan tanishtirar ekan, oʻzligini anglab, uyushishga chakirdi. Oʻlka moddiy va maʼnaviy boyliklari talanayotganini oshkor qildi. Choʻlpon sheʼr va maqolalarida mustamlakachilarning asl qiyofalarini ochib tashladi. Mashhur advokat U. Xoʻjayev oliy oʻquv yurtini tashkil etish, soliqlarni tartibga solish, bolalar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor berish masalasini bayon qildi. Lev Tolstoy bilan fikrlashish chogʻida mashhur yozuvchini yon berishga majbur etgan U. Xoʻjayev chor hukumati maʼmurlarining poraxoʻrligi va zolimligini fosh etib, ayrimlarini davlat ishidan chetlatishga erishdi. Musulmon aholisiga amaliy tarzda yordam berib, mavjud hokimiyat qonun-qoidalarini tushuntira bordi.

Jadid matbuoti oʻz vakillarining fikrlarini eʼlon qilar ekan, xalqni «har vaqt gʻaflat uyqusidan uygʻotuvchi» «millat ongining ochqichi» ekanligini namoyon etish bilan birga Turkiston xalqini hur fikrlashga va katta siyosiy kurashga hozirlay oldi. Bu davrda «Erk», «Turon», «Oʻqituvchilar jamiyati» kabi uyushmalar paydo boʻldi. Munavvarqori aytganidek, «Ularning butun umidi Rossiyadagi inqilob jarayonida mahalliy aholini milliy, diniy cheklash va jabrlashdan ozod qilish, ularning haqhuquklarini ovrupoliklar bilan tenglashtirish, xilma-xil maktab va matbuot ishlari xamda turli-tuman jamiyatlar tashkil etishga keng imkoniyat yaratib berishga qaratilgan edi».

Jadidlar bu davrda «Ozodlik, tenglik va adolat» shiori ostida ishladilar. Ularning 1916-y. mardikorlikka olish voqeasiga munosabati gʻoyatda eʼtiborga molikdir. Mardikorlikka olish — Birinchi jahon urushi ketayotgan joylardagi ishlarga turkistonliklarni jalb qilish oq podshoning 1916-y. 25 iyun farmoniga muvofiq amalga oshirildi. Bu kutilmagan tadbir, birinchidan, 1865-y. shartnomasiga zid edi. Ikkinchidan, general Kuropatkin (1848 — 1925)ning xulosasiga Karaganda, «Aholi va maʼmuriyat turar joydan tashqaridagi ishlarga mutlaqo tayyorlanmagan va bunday shoshilinch amalga oshirilgan tadbir ogʻir tartibsizliklarni keltirib chiqargan». Aholi uchun ana shunday musibatli paytda jadidlarning koʻzga koʻringan namoyandalaridan U. Xoʻjayev («Turkiston mardikorlikka olish qoʻmitasi» raisi) va millatparvar boy Mirkomilboy Mirmoʻminboyev Rossiya jamoatchiligining eʼtiborini bu masalaga jalb etish, farmonni bekor qildirish uchun Peterburgga yoʻl oldilar. Davlat dumasining 1916-y. 13 va 15 dek. kunlarioʻtgan majlisida Nikolay II ning 25-iyun farmoni Rossiya imperiyasining qonunchiligida koʻrsatilgan hollarga zid ravishda qabul qilingani tan olindi. Farmon Dumada muxrkama kilingunga qadar iyun—avg. oyida jadidlar harakati orqali bir necha eshelon toʻxtatib qolindi. Jadidlarning mardikorlarni kaytarishga urinishlari 1917-y. fev. inqilobi boshlanishi bilan toʻla amalga oshdi. Bu hodisa el orasida ularning obroʻsini koʻtardi. Mazkur holat jadidlar maʼrifatparvarlikdan siyosiy kurashga allaqachon oʻtganliklarini bildirar edi.

1917-y. J. harakati oʻzining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Fev. inqilobidan soʻng oʻzbek, tatar va qozoqlar birlashishga axd qiladilar va «Turon» uyushmasi zaminida «Shuroy Islomiya» jamiyati tuzildi (asoschilari Munavvarqori, Abduvohidqori Abduraufqoriyev, U. Xoʻjayev). 1917-y. 14-martda ish boshlagan bu jamiyat qishloq va shaharlarga targʻibotchilar yuborib, ozodlik, tenglik haqida tushuntirish olib borish, saylov toʻgʻrisida maʼlumot berish bilan shugʻullandi. Uning dasturini Munavvarqori yozgan edi. Jadidlar joylarda «Shuroy Islomiya» tizimi yaratilishining tashabbuskori boʻldilar. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish harakati Turkiston mustaqilligi uchun kurashga aylandi.

Turkiy xalqlarni birlashtirish gʻoyasi kun tartibidan mustaxkam oʻrin oldi. Oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, boshqird, tatar, turkman kabi negizi bitta xalqlarni birlashtirish va shu asosda federativ yoki muxtoriyatli davlat qurish masalasi boʻy koʻrsata bordi. Ammo, Munavvarqori soʻzi bilan aytganda, koʻpgina kishilar jumhuriyat bilan muxtoriyat oʻrtasidagi farqni tushunmagan edi. Xususan, Turkiston namoyandalari chin maʼnodagi respublikani barpo etish va uning davlat tarkibini tashkil etishga toʻliq tayyor boʻlishmagan. Qozoq va boshqird namoyandalari — Mustafo Choʻqay, Zakiy Validiy va b. Peterburg ularga hech qachon mustaqillik ham, muxtoriyat ham bermasligini sezgach, Turkistonga kelib, mahalliy jadidlar bilan birga ish boshladilar.

Toshkentda «Shoʻroi Islomiya», «Turon», «Shoʻroi Ulamo», «Ittifoqi muslimin», Qoʻqonda «Gʻayrat», Buxoroda Yosh buxoroliklar, Xivada Yosh xivaliklardan tashqari, Samarqandda «Ittifoq», «Mirvaj ul-islom», «Miftah ul-maorif» kabi tashkilotlar faoliyat koʻrsata boshladi. Bularning ijtimoiy-siyosiy yoʻnalishini belgilashda Munavvarqori, U. Xoʻjayev, M. Beqbudiy, A. Zohiriy, A. Z. Validiy, Mustafo Choʻqay, Fitrat, F. Xoʻjayev, U. Poʻlatxoʻjayev, Sherali Lapin, M. Mirmoʻminboyev, O. Mahmudov, Polvonniyoz hoji Yusupov, T. Norboʻtabekov va b. faollik koʻrsatdilar.

«Shoʻroi Islomiya»ning tashabbusi b-n 1917-y. 16—22 apr. kunlari Butun Turkiston musulmonlarining 1-qurultoyi chaqirildi. Qurultoy ishtirokchilari bir qancha masalalar qatorida Turkiston oʻlkasining davlat maqomi masalasini ham muhokama qildilar. 1-qurultoyda Turkiston oʻlka musulmonlari Shoʻrosi (Kraymussovet) — Milliy markazni tashkil etishga qaror qilindi. Milliy markazga rais boʻlib Mustafo Choʻqay, unga oʻrinbosarlar qilib Validiy va U. Xoʻjayev saylanadi. Bu esa tashkilotlarni birlashtirish bilan birga milliy ozodlik harakatini izga solib, tashkiliy jihatdan markazlashtirar edi.

Milliy markazning 1917-y. 12-iyunda boʻlib oʻtgan yigʻilishida barcha jamiyat va uyushmalarning Markaziy musulmon deputatlari Shoʻrosiga boʻysunishi haqida Nizom qabul qilinadi. Markazning maqsadi xalqning eng quyi qatlamlari — mardikor va dehqonlarga toʻliq huquq berish va Turkiston musulmonlarini madaniy, ilmiy, iqtisodiy va gʻoyaviy tarbiyalash edi.

1917-y. apr. —iyun oylari orasida jadidlar koʻpgina siyosiy masalalarni va ularga oʻz munosabatlarini belgilab oldilar. Pirovardida hududiy muxtoriyat uchun siyosiy vaziyat pishib yetilganini anglab yetdilar.

1917-y. 1 — 11-mayda Moskvada boʻlgan Butun Rossiya musulmonlarining 1-qurultoyi bergan turtki natijasida muxtoriyat masalasi yanada jiddiylashdi. 1917-y. 12—14-iyulda Fargʻonada boʻlib oʻtgan musulmon tashkilotlarining qurultoyida dasturiy masalalar koʻrib chiqildi. Unda «Turk Adami Markaziyat (Federalistlar)» firqasining dasturi (maromnomasi) va 22 moddadan iborat Nizom i qabul qilindi.

1917-y. 17—20 sent. da Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston va Qozogʻiston musulmonlarining qurultoyida «Shuroy Islomiya» va «Shoʻroi Ulamo», «Turon» va b. siyosiy tashkilotlarni birlashtirish yoʻli bilan «Ittifoqi muslimin» siyosiy partiyasini tuzishga kelishildi.

Turkistonni boshqarish shakli toʻgʻrisidagi masala 1917-y. 26—28 noyab. da Qoʻqonda boʻlgan Turkiston oʻlka musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyining diqqat markazida turdi. Muxtoriyat va mustaqillikni eʼlon qilish fikrini hamma qoʻllabquvvatladi. Turkiston Muxtoriyati hukumati (raisi — Muhammadjon Tinishboyev, soʻngra Mustafo Choʻqay) tashkil qilindi. Fitrat, Choʻlpon, Hamza singari otashqalb jadid shoirlari Turkiston Muxtoriyatini alqab, oʻtli satrlar bitishdi.

1918-y. fev. da Turkiston Muxtoriyati bolsheviklar tomonidan qonga botirilgach, Jadidchilik harakati kuchli oʻzgarishga uchradi. Sovet rejimi bilan murosa qilishni xoxlamagan Turkiston jadidlarining katta qismi istiqlolchilik harakati saflarida va yashirin milliy tashkilotlarda faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, ayrimlari sovet hukumati idoralarida ish boshlashga majbur boʻldilar.

Buxoro amirligi va Xiva xonligida ahvol sal boshqacharoq kechdi. 1920-y. da qizil armiya har ikki davlat hududiga bostirib kirdi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilib, jadidlar hokimiyattepasiga kelishdi. Demak, 1920-y. dan Jadidchilik harakati oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga, yaʼni sovetlar bilan murosa yoʻliga qadam qoʻydi.

1920-y. 1—7 sent. da Bokuda Sharq xalqdari qurultoyi chaqirildi. Qurultoyda qabul qilingan qarorlar Turkiston xalqlarining keyingi taqdirida muayyan rol oʻynadi. Unda Munavvarqori, Turor Risqulov, Choʻlpon, Sapimxon Tillaxonov, Rajab Muhamedov, Qudratilla Yunusov, Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov, Obidjon Mahmudov, Toʻraqul Jonuzoqov, Zayniddin qori Nasriddinov, Hoji Safo Joʻraboyev, Gʻozi Yunus kabi turkistonlik millat fidoyilaridan jami 90 kishi ishtirok etdi. Qurultoy ishida Turkiyadan kelgan va shaxsan Leninning oʻzi yuborgan Anvar posho ham qatnashdi. Birok, mazkur qurultoy bolsheviklarning Angliyaga qarshi qaratilgan doʻq-poʻpisasi ekanligi majlislarda ayon boʻldi. Shu bois turkistonlik 40 nafar delegat qurultoy tugagach, oʻzaro kengash oʻtkazib, unda «Turkistondagi sovet hokimiyatiga qarshi tashviqot ishlari»ni avj oldirishga va «Oktyabr inqilobining uch yilligi kunida umumxalq qoʻzgʻoloni koʻtarish»ga axd qildilar. Biroq, ularning bu rejasi toʻliq amalga oshmadi.

Turkiston jadidlari faoliyati butun oʻlkani qamraydigan, inglizlarning skauting maktab dasturiga yaqin dastur asosida ishlaydigan «Turon kuchi», «Turk kuchi», «Temur», «Izchilar», «Lochin» kabi guruhlarni tuzdilar. Bu guruxlar oʻrta maktab taʼlimi, hunar, sanʼatdan tashqari, harbiy mashqlar bilan shugʻullanib, shoʻrolarga asosiy zarba beruvchi kuch sifatida koʻrina boshladi. 1920-y. sovet rejimi bu guruxlar faoliyatini tugatdi.

Fargʻona va Toshkentdagi voqealar yakuni jadidlarning umidlarini soʻndira olmadi. Ular Buxoro respublikasi rahbarlari bilan bir yoqadan bosh chiqarib, ish boshladilar. Buxoroda Jadid taraqqiyparvarlar firqasi tuzildi. Bu firqa dasturiga kura, davlatni jumhuriyat raisi (prezident) va parlament boshqarishi koʻzda tutilgan edi.

1921-y. 2—5 avg. da Buxoroda Validiy boshchiligida Turkiston milliy birligi tashkiloti tuzildi. U istiklolchilik harakatini jipslashtirishda muhim rol oʻynaydi. Turkiston milliy birligi tashkiloti bilan Munavvarqori rahbarligidagi «Milliy ittihod» (1919 i. tuzilgan) tashkiloti oʻzaro hamkorlikda faoliyat koʻrsatdi. Har ikki tashkilotning asosiy maqsadi Buxoro respublikasi, umuman, Turkiston mintaqasini sovetlashtirish va ruslashtirish taʼsiridan saqlab qolish, Turkistonning mustaqilligiga erishish boʻlgan. 1925-y. «Milliy ittihod» tashkiloti asosida «Milliy istiklol» tashkiloti tuziladi.

Jadidchilik harakatining soʻnggi yillari faol siyosiy kurashlar bilan ajralib turmaydi. Bu davrda sovet rejimi turli siyosiy ishlar («Oʻn sakkizlar guruhi», «Inogʻomovchilik», «Qosimovchilik», «Badriddinovchilik» va b.) tuzib, milliy ziyolilarni ommaviy ravishda qatagʻon qilishga kirishdi. 1929-y. noyab. da Munavvarqori boshchiligidagi 38 kishining qamoqqa olinishi (keyinchalik ularning soni 87 kishiga yetgan) bilan Jadidchilik harakatiga kuchli zarba berildi. Biroq istiklol gʻoyasi oʻz kuchida qolaverdi.

Jadidchilik harakati siyosiy maʼrifatparvarlikdan Jadid taraqqiyparvarlar firqasi darajasiga koʻtarila oldi. Bu harakat hamda firqa aʼzolari oʻz faoliyati va dasturiga koʻra, shoʻro adabiyotlarida aytilganidek, «bir hovuch boylar manfaatiga xizmat qiluvchi liberal burjuaziya vakillari» emas, balki Turkistonning barcha xalklari takdirini oʻylab ish koʻrgan demokratik jarayonning eng savodli, olijanob namoyandalari edi.

Turkistonda sovet xrkimiyati zoʻravonlik yoʻli bilan oʻrnatilgach, jadidlarning bir qismi faol siyosiy xayotdan chetlashib, fakat badiiy ijod bilan shugʻullandi (A. Burxrnov, A. Avloniy, S. Ayniy va b.). Ayrim jadidlar sovet idoralari madaniy-maʼrifiy shoxobchalarida mehnat qilishdi (U. Xoʻjayev, Munavvarqori, Hamza, S. Tursunxoʻjayev, T. Norboʻtabekov va b.). Baʼzi jadidlar «mahalliy kommunistlar» sifatida yuqori davlat va hukumat lavozimlarida ishlashni davom ettirdi (Fayzulla Xoʻjayev, Abdulqodir Muhiddinov, Nizomiddin Xoʻjayev va b.). Ayrim jadidlar boʻlsa, Turkistondagi istiqlolchilik harakati saflariga borib qoʻshildi va xorijga muhojirlikka joʻnab ketdi (Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Sadriddinxon Sharifxoʻjayev, Abdulhamid Oripov va h. k.).

Jadidchilik harakatining barcha tanikli namoyandalari (S. Ayniydan tashqari) 30-y. larda sovet mustabid rejimi tomonidan amalga oshirilgan qirgʻin natijasida halok boʻldi. Jadidchilik harakatiga sovet davrida «millatchilik», panturkizm, panislamizm tamgʻalari bosilib, nohaq qoralandi. Jadid adabiyotini oʻqish taqiklandi.

Uzbekistan Respublikasi mustaqillikka erishgach, Jadidchilik harakati va uning namoyandalari nomiga yepishtirilgan tavqi laʼnat va soxta yorliklar olib tashlanib, ularning asl nomlari qayta tiklandi. Tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, faylasuf, huquqshunos, sanʼatshunos va pedagog olimlar jadidlarning boy ilmiy va adabiy merosini oʻrganishda dastlabki natijalarni qoʻlga kiritishdi. Mustaqillik yillarida Fitrat, Choʻlpon, A. Avloniyning 2 jildli, Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Sidqiy Xondayliqiy, Ibrat, Ajziy, Soʻfizodaning 1 jildli, shuningdek, Fayzulla Xoʻjayev, Munavvarqori, P. Yusupovning asarlari chop qilindi. Jadidlarning 20 ta mashhur vakili kiritilgan «Unutilmas siymolar. Jadidchilik harakatining namoyandalari» (T., 1999) albom-kitobi nashrdan chikdi. Ularning serqirra faoliyati darslik va qoʻllanmalarga kiritildi. 1999-y. 16— 18 sent. da Toshkentda «Markaziy Osiyo 20-a. boshida: islohotlar, yangilanish, taraqqiyot va mustaqillik uchun kurash (J., Muxtoriyatchilik, Istiqlolchilik)» mavzuida xalqaro konferensiya oʻtkazilib, unda AQSH, Germaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Turkiya, Rossiya, Hindiston va b. mamlakatlardan kelgan nufuzli olimlar Jadidchilik va istiklolchilik harakatlari toʻgʻrisida jahon ilm-fanida toʻplangan soʻnggi xulosalar yuzasidan oʻzbekistonlik hamkasblari b-n oʻzaro fikr almashdilar. Jadidchilik harakati jahonshumul ahamiyatga molik hodisa ekanligi eʼtirof qilindi. Konferensiyada ushbu muammoni tadqiq qiluvchi xalqaro ilmiy kengash tuzildi.

Ad.: Ayniy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Risqulov T., Revolyutsiya i korennoye naseleniye, T., 1926; 3 i yo Sayd, Oʻzbek vaqtli matbuotiga oid materiallar (1870—1927), T., 1927; Programmnыye dokumentы musulmanskix politicheskix partiy (1917—1920), Oksford, 1985; Revolyutsiya v Sredney Azii glazami musulmanskix bolshevikov, Oksford, 1985; Politicheskaya jizn russkix musulman do fevralskoy revolyutsii, Oksford, 1987; Mustafo Choʻqay oʻgʻli, Istiqlol jallodlari, T., 1992; Choʻlpon, Asarlar, 1 — 2-j. lar, T. 1994; Rajabova R. va b., Oʻzbekiston tarixi (1917-1993-y.), T., 1994; Xoʻjayev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Validiy, Boʻlinganni boʻri yer (Xotiralar), T., 1997, Avloniy A., Tanlangan asarlar, 1—2-j. lar, T., 1998; Oʻzbekiston tarixi: yangi nigoh. Jadidlar harakatidan milliy mustaqillikka qadar, T., 1998; Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash, T., 1999; Behbudiy M., Tanlangan asarlar, T., 1999; Fitrat, Tanlangan asarlar, 1—2-j. lar, T., 2000; Alimova D., Djadidizm v Sredney Azii. Puti obnovleniya, reformы, borba za nezavisimost, T., 2000; Oʻzbekistonning yangi tarixi. 1-kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000; 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Yusupov P., Yosh xivaliklar tarixi (Xotiralar), Urganch, 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Abdurashidxonov M., Xotiralarimdan, T., 2001; Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001; Markaziy Osiyo XX asr boshida: islohotlar, yangilanish, taraqqiyot va mustaqillik uchun kurash, T., 2001.

Sirojiddin Ahmedov, Qahramon Rajabov.


Lotin alifbosida maqola: JADIDCHILIK haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: J harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



BUXORO XALQ SOVET RESPUBLIKASI
ALISHER NAVOIY
ITALIYA
AMIR TEMUR
BUXORO XONLIGI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты