LYAONIN (XAYCHEN) ZILZILASI — Xitoyning Lyaonin provinsiyasida 1975-y. 4 fev. da soat 19 dan 36 minut oʻtganda roʻy bergan kuchli zilzila. L. z. ning magnitudasi Rixter shkalasi boʻyicha M-7,3. Zilzila kuchi 12 ballik MSK-64 shkalasi boʻyicha 9—10 ballga teng boʻldi. Xitoy seysmologlari bu zilzilaning joyi, kuchi va vaqtini oldindan aytishga muvaffaq boʻlishgan. Odamlar zilzila epitsentridan oʻz vaqtida olib chiqib ketilganligi sababli qurbonlar boʻlmagan.