LOʻLILAR, joʻgilar — koʻchmanchi xalq. Jahondagi barcha mamlakatlarda tarqoq holda yashaydi. Loʻlilarning, asosan, 2 guruhi: Yevropa L. i va Oʻrta Osiyo L. i bor. Oʻzbekistonda Loʻlilar, Tojikistonda joʻgilar, Armanistonda bosha, Angliyada misrlik, Eronda qoracha, Fransiyada firʼavn kabilasi, Finlyandiyada qora, Rossiyada sigan va b. nomlar bilan atalgan. Loʻlilarning asl vatani, qachon va qanday qilib jahonga tarqalganligi fanda uzoq vaqt jumboq boʻlib keldi. 19-a. da nemis tilshunosi A. A. Pott, F. Mikloshich Loʻlilar tilining hind tili bilan qardosh til ekanligini aniqladi. Shuningdek, Eronda Loʻlilarning Karachi, Oʻzbekistonning ayrim r-nlarida moʻltoni deb atalishi Pokistondagi Karochi va Moʻlton sh. lari nomi bilan bogʻliq. Oʻrta Osiyo L. ining ayrim guruxlari joʻgi (hindcha kambagʻal, qashshoq), hindistoniy, boʻlujiy deb atalishi ham Loʻlilarning asl vatani Xindiston boʻlganligini tasdiqlaydi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Loʻlilarning dastlabki guruhlari mil. ning boshlarida, 5—7-a. lar va keyingi davrlarda Shim. Hindistondan tarqala boshlagan. Loʻlilarning ayrim guruhlari Hindistondan — Belujiston — Afgʻoniston — Eron — Kavkaz — Turkiya — Yunoniston orqali, ikkinchi yoʻl Hindiston — Eron — Oʻrta Osiyo orqali boʻlgan.
Yevropa loʻlilari (oʻzlarini roma deb ataydilar). Tili hind tillari bilan bogliq boʻlib, shim. va jan. shevalarga boʻlinadi, shuningdek, oʻzlari yashaydigan mamlakat xalqi tilida ham soʻzlashadi. Dindorlari rasman pravoslav diniga eʼtiqod qiladi (ularda hind mifologiyasi bilan bogʻliq diniy tasavvurlar ham kuchli). Loʻlilarning Yevropaga kelgani haqidagi dastlabki maʼlumot 1100-y. ga oid. 1417-y. Vengriya, 1418-y. Germaniya, 1422-y. Ispaniya, Italiya, 1430-y. Angliya va Boltiq boʻylari, 1500-y. Polsha va b. mamlakatlarga tarqaladi. Rossiyaga Ruminiya orqali kelishgan. Ular 15-a. da Bessarabiya, 16-a. da Belorussiya, 17-a. da Ukraina, Rossiyaning jan. r-nlariga tarqalgan (L. Angliyada gupiyes, Turkiyada chingine, Portugaliyada chidan, Italiyada zingali deb ataladi). Loʻlilar hayot kechirish tarziga koʻra, oʻtroq va koʻchmanchilarga boʻlingan. Oʻtroq Loʻlilar shahar chekkalarida yashab, hunarmandlik bilan mashgʻul boʻlgan. Koʻchmanchi Loʻlilar tilanchilik, folbinlik, ot savdosi va b. bilan tirikchilik oʻtkazgan. Loʻlilar kabila va kabila (ayrim hollarda bir tuda qarindoshlar) ittifoqi — taborga uyushib, tabor tepasida saylab qoʻyiladigan boshliq tur Oʻrta Osiyo loʻlilari (oʻzlarini mugat, tub aholi ularni loʻli, joʻgi, mazang deb ataydi). Qadimdan Samarqand, Buxoro, Toshkent, Fargʻona, Qoʻqon, Qarshi kabi shaharlar atrofi va ularga tutash qishloqlarda yashab keladi. Loʻlilar oʻzbek va tojik tillarida soʻzlashadi, ammo tojik tili ularning turmushida asosiy hisoblanadi. (Oʻrta Osiyo Loʻlilari lavzi mugʻat yoki arabcha deb ataladigan oʻzlarining maxsus soʻzlashuv tiliga ham ega). Loʻlishunos X. Nazarov oʻlkamizga Loʻlilarning kirib kelishini 3 guruhga boʻladi. Birinchi guruhi — mahalliy Loʻlilar (mugʻati tubjoyi) — ancha oldin kelgan; ikkinchi guruh — afgon Loʻlilari (joʻgi, afgani); uchinchi guruh esa — hind Loʻlilari (moʻgʻati hindu) boʻlib, bular ancha keyin kelgan. Olim Loʻlilarni yana oʻz navbatida 3 ta etn. guruhga boʻladi: 1) asosan, koʻchmanchilik qilib xayrsadaqa yigʻib, kun koʻrishadigan, folbinlik, tabiblik, zargarlik qiluvchi L; 2) tovoqtarosh, ular yarim oʻtroqhayot kechirishadi, asosan, yogʻochga ishlov berish b-n shugʻullanishadi, xususan, yogʻochdan beshik, tovoq, qoshiq, choʻmich yasashadi. Qadimda ular yasagan yogʻoch tovoqlarga ehtiyoj katta boʻlgan, shu tufayli ularni tovoqtarosh deb atashgan;
3) mazang, oʻtrok Loʻlilar (joʻgilar), asosan, mayda savdogarlik b-n, shuningdek, dehqonchilik bilan shugʻullanishgan.
Loʻlilarning erkaklari ot urchitish, ovchilik, temirchilik, metall eritish, savat toʻkish, gʻalvir, elak kabi buyumlar yasash, hamda ayiq, maymun, ilon urchitish bilan shugʻullanishgan. Ayollari esa tilanchilik, folbinlik kilishgan. Loʻlilarning qon-qarindoshlik guruhi (toʻp, toʻpor)ga oqsoqol rahbarlik qilgan. Toʻp, toʻpor shu oqsoqol nomi bilan ham atalgan. Katta patriarxal oilaga esa ota bosh boʻlgan. Oʻrta Osiyo loʻlilari dinga befarq qaraydilar va rasmangina islom diniga kirganlar. Ularda jin, pari, alvasti, ziyon-zahmat haqidagi tasavvurlar juda kuchli. Oʻtroq hayot kechirayotgan Loʻlilar oʻz atrofidagi mahalliy xalqlar taʼsirida ularning ayrim diniy odatlarini bajaradilar. Loʻlilarda qadimdan endogam (ichki) nikoh hukmron.
Loʻlilar kiyinishda, asosan, yerli aholidan farq qilmaslikka harakat qilishadi, erkaklari chopon (toʻn), etik, telpak, baʼzan boshlariga durra oʻrab yurishadi. Xotinlari yerli aholidek kiyinsada, lekin roʻmol oʻrashlari faqat Loʻlilarga xos. Loʻlilarning erkaklari ham, ayollari ham, asosan, kora va koʻk ranglarni xush koʻrishadi. Uylari ilgari pasttakkina boʻlib, usti qamish bilan yopilgan. Keyingi yillarda Loʻlilar oʻrtasida sanʼatga ishtiyok kuchaydi, «Joʻgi» qoʻshiq dastalari xalq tantanalarida (toʻy, bazmlarda) xizmat qilmoqda.
Loʻlilar asrlar davomida hamma yerda muttasil quvgʻinda boʻlgan, och-yalangʻoch kun koʻrgan. 1920-y. lardan keyin Loʻlilarni oʻtroq madaniy hayotga koʻchirish, ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish ishiga alohida ahamiyat berildi. Loʻlilar hoz. davrda jamoa xoʻjaliklari, shirkatlar, sanoat korxonalarida ham ishlamoqdalar. Loʻli bolalarining hammasi maktabga jalb qilingan. Loʻli yoshlari oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olmoqdalar.
Ochil Boʻriyev, Sayfullo Tursunov.