KOSTROMA QORAMOL ZOTI — suti va goʻshti uchun bokiladigan sigir zoti. Rossiyaning Kostroma viloyatida «Karavayevo» xoʻjaligida mahalliy zotlarni shvis zoti bilan chatishtirish, sermahsul duragay mollarni tanlash va saralash asosida yaratilgan hamda 1945-y. zot deb tasdiqlangan. Mollar, asosan, kulrang-och qoʻngʻir tusda, gavdasi yirik. Buqalari vazni 1000—1100 kg, sigirlari 550—600 kg. Sut sogʻimi 4000-5000 kg, yogʻliligi 3,7—3,9% va oqsili 3,3 — 3,6%. Zotning rekord qoʻygan sigirlari bir yilda 14—15 ming kg sut bergan. Sigirlarning hayot-chanligi yuqori (20—22 yoshga qadar). Goʻshtdorlik sifati yuqori, 18 oyligida novvoslar 450—500 kg vaznga yetadi. Boʻrdoqi mollarning goʻshti chiqishi 58—60%. Oʻzbekistonning qoʻngʻir tusli mahsuldor qoramol podalarini («Gʻallaorol», «Zarbdor», «Boyovut» va b.) yaratishda 1950-70 yillari Kostroma qoramol zoti buqalaridan foydalanilgan. Kostroma qoramol zotidan foydalanib, olatov qoramol zoti yaratilgan.