NAVBAHOR TUMANI

NAVBAHOR TUMANI — Navoiy viloyatidagi tuman. Viloyatning jan.sharqida joylashgan. 1980-y. 12-martda tashkil etilgan. 1988-y. da Navoiy tumaniga qoʻshib yuborilgan. 1992-y. da yana alohida tuman sifatida qayta tuzilgan. Navbahor tumani sharqda Samarqand viloyatining Paxtachi tumani, gʻarbda viloyatning Konimex tumani va Buxoro viloyati, shim. da viloyatning Nurota va Konimex tuman yaylov yerlari, jan. da Navoiy tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 1,57 ming km2. Aholisi 86,5 ming kishi (2003). Tumanda 7 qishloq fuqarolari yigʻini (Arabsaroy, Beshrabot, Gigant, Olchin, Turkiston, Yangiyoʻl, Yangiqoʻrgʻon) bor. Markazi — Beshrabot qishlogʻi.

Tabiati. Navbahor tumani Zarafshon daryosining shim.-sharqiy qirgʻogʻi boʻylab Qoratov va Zarafshon daryosi oraligʻida joylashgan. Tuman shim. dan Nurota togʻlari bilan oʻralgan. Navbahor tumani hududining koʻp qismi choʻl, relyefi notekis: chuqurlik va tepaliklar almashinib boradi. Bal. 500—800 m. Iqlimi keskin kontinental. Yozi quruq, issiq, qishi quruq, sovuq. Yillik oʻrtacha t-ra 14—15°. Eng past t-ra —13° (yanv., fev. da), eng yuqori t-ra 42° (iyun, avg. da). Yillik yogʻin 250—300 mm. Vegetatsiya davri 212 kun. Tuproqdari lyoss, boʻz, qoʻngʻir, shoʻrtob tuproqlar. Yovvoyi oʻsimliklardan yantoq, shuvoq, isiriq, qamish, zarpechak va b. oʻsadi. Tuman xoʻjaliklari suvni Zarafshon daryosidan chiqqan Oʻng qirgʻoq kanali, Konimex. Chovli, Arabsaroy ariqlaridan oladi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar (93%), shuningdek, rus, tojik, qoraqalpoq, qozoq, tatar va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 55 kishi.

Xoʻjaligi asosan, q. x. ga ixtisoslashgan. Paxtachilik, gʻallachilik, polizchilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik, pillachilik bilan shugʻullaniladi. Kartoshka, kunjut, mosh, zigʻir ham ekiladi. Tokzorlar bor. Qorakoʻl qoʻylari boqiladi.

Tumanda «Bentonit» OʻzbekistonAmerika qoʻshma korxonasi, 22 kichik va xususiy korxona, 126 xususiy firma, 11 aksiyadorlik, 8 masʼuliyati cheklangan jamiyat, 4 assotsiatsiya, 1 shirkat korxonasi, 8 davlat, 32 xoʻjalik hisobidagi tashkilotlar, 12 qurilish, 2 savdo korxonasi, dehqon bozori mavjud (2003). Q. x. ning yetakchi tarmoqlari paxtachilik va gʻallachilik. Tumanda 22,4 ming ga yer maydoni ekinzor va daraxtzorlar bilan band. 10 ming ga yerga paxta, 8 ming ga yerga gʻalla, qolgan qismiga poliz, sabzavot, yem-xashak va b. ekinlar ekiladi. Navbahor tumanida 14 shirkat xoʻjaligi, 7 fermer xoʻjaliklar uyushmasi, 1000 ga yaqin fermer, 100 dan ziyod dehqon xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatmoqda (1 shirkat xoʻjaligi qorakoʻl qoʻylari boqishga, 29 fermer xoʻjaligi chorvachilikka ixtisoslashgan).

Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 33 ming qoramol, 60 ming qoʻy va echki, 412 ot boqiladi (2003). Navbahor tumanida 255 km avtomobil yoʻllari mavjud. Shulardan 108 km davlat ahamiyatidagi yoʻllar. Tuman hududidan Toshkent—Uchquduqt. y. (21 km masofada), Navbahor—Nurota, Navoiy — Uchquduq, Navoiy — Buxoro yoʻnalishlarida avtobuslar qatnaydi.

2002/2003 oʻquv yilida tumanda 28 umumiy taʼlim, 5 tayanch, 2 boshlangʻich maktablarida 23 mingga yaqin oʻquvchi taʼlim oldi, shuningdek, 1 sport maktabi (754 oʻquvchi), maʼnaviyat va qoʻshimcha taʼlim markazi (960 oʻrin), «Istiklol» kasb-hunar kolleji (750 oʻrin), «Uchtut» nafis sanʼat litseyi faoliyat koʻrsatmoqda.

Markaziy madaniyat uyi, 5 qishloq madaniyat uyi, 3 qishloq klubi, «Navbahor taronasi» ashula va raqs xalq ansambli, markaziy kutubxona (112352 nusxa kitob), uning 24 ta tarmogʻi va tuman bolalar kutubxonasi, 2 jamoatchilik, «Nafosat», «Oila» klublari ishlab turibdi. Markaziy kasalxona (2895 oʻrin), 6 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 8 qishloq vrachlik punkti, 1 poliklinika, dorixonalar va b. tibbiy muassasalarida 104 vrach va 584 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi.

Tuman hududida mil. av. 5-a. — mil. 4-a. larga oid arxeologik yodgorliklar majmui (Qalqonota qishlogʻi yonida), Uchtut qishlogʻi yaqinidagi chaqmoqtosh konlari (ashel, mustye va yuqori paleolit davriga oid tosh qurollari topilgan), Sarmishsoy, Qoraungursoy, Bironsoy daralaridagi qoyatosh suratlari (mil. av. 7-a. — mil. 3-a. lar, ayrimlari mil. ning 1 — 10 a. lari) va b. bor. 1982-y. 1 apr. dan «Navbahor tongi» tuman gaz. nashr etiladi (adadi 1500).


Lotin alifbosida maqola: NAVBAHOR TUMANI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: N harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



BUXORO VILOYATI
HINDISTON
AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
ITALIYA
ANDIJON VILOYATI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты