OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI — Oʻzbekiston Respublikasi milliy manfaatlarini, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch hayotini himoya qilish, urushlar va qurolli mojarolarni qaytarish va oldini olish uchun davlat tomonidan tashkil etilgan va saqlab turilgan harbiy birlashmalar, qoʻshilmalar va qismlar. OʻzRda Mudofaa vazirligi tizimidagi qism va boʻlinmalar, Ichki ishlar vazirligining ichki va qorovul qoʻshinlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmatining harbiylashtirilgan qismlari, Chegara qoʻshinlaridan tashkil topgan. OʻzR Oliy Kengashining 1991 yil 31 avg. dagi «Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi toʻgʻrisida»gi Bayonotida «Davlat mustaqilligini, hududiy yaxlitligini, fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqi va erkinligini himoya qilish maqsadida OʻzR da Mudofaa ishlari vazirligi va Milliy gvardiya tuziladi. Respublika hududida joylashgan sobiq SSSR Ichki ishlar vazirligi, SSSR Davlat xavfsizlik komiteti hamda Ichki qoʻshinlari OʻzR yurisdiksiyasiga olinadi», deb koʻrsatilgan edi. Bu 1991-yil 31 avg. da qabul qilingan «Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari toʻgʻrisida»gi qonunda «Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish, Milliy gvardiya va muqobil xizmatni tashkil etish huquqiga ega» deb huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Bu amalda yosh respublikaga harbiy siyosatni amalga oshirish huquqini berdi.

OʻzR Prezidentining 1991-yil 6-sentyabr dagi farmoniga asosan, Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etildi, uning shtat tizimi va vakolatlari belgilandi. 1991-yil 10-sentyabrdagi farmonga binoan, Mudofaa Vaziri ayni vaqtda Milliy gvardiya qoʻmondoni etib tayinlandi. OʻzR Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 25-oktyabr dagi qaroriga binoan, Mudofaa ishlari vazirligining huquqiy maqomi, tuzilishi va nizomlari tasdiqlandi. Turkiston harbiy okrugi boshqaruv organlari negizida Mudofaa ishlari vazirligi Bosh shtabi va boshqarmalari tuzildi.

OʻzRning «Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari toʻgʻrisida»gi Qonuni hamda 1991-yil 30 dek. dagi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Kengashining Qurolli Kuchlari va Chegara qoʻshinlari haqidagi Minsk qarori asosida 1992-yil 1 fev. dan sobiq Ittifoq tizimidagi qoʻshinlarni mablagʻ bilan taʼminlanishi toʻxtatilishini inobatga olgan holda OʻzR Oliy Kengashi 1992-yil 10 yanv. da «Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining harbiy qismlari va oʻquv muassasalarini Oʻzbekiston Respublikasi tasarrufiga olish toʻgʻrisida», 14 yanv. da «Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy oʻquv muassasalari toʻgʻrisida» qarorlar qabul qildi. Unda OʻzR hududida joylashgan sobiq Ittifoqqa qarashli Ichki ishlar va Mudofaa vazirligining qismlari, birlashmalari, qoʻshilmalari, oliy oʻquv yurtlari, harbiy tuzilmalari mamlakatning qonuniy tasarrufiga olinadi, deb belgilandi. Qaror asosida harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, harbiy muassasalardagi ishchi va xizmatchilar, sobiq Ittifoq armiyasida xizmat qilgan pensionerlarga ijtimoiy va huquqiy himoyalandi. Harbiy qismlar va oʻquv yurtlari, muassasalar, tashkilotlar davlat tomonidan moddiy texnika va mablagʻ bilan taʼminlandi.

1992-yil 24-martda OʻzR Prezidentining Oʻ«zbekiston Respublikasi hududida joylashgan Chegara qoʻshinlari boʻlinmalari haqida»gi farmoni bilan Respublika Milliy Xavfsizlik Xizmati qoshida Chegara qoʻshinlari boshqarmasi tashkil etildi va Oʻrta Osiyo Chegara qoʻshinlari boʻlinmalari uning tasarrufiga oʻtkazildi.

1992-yil 18-mayda «Oʻzbekiston Respublika hududida joylashgan havo desanti qoʻshinlari, harbiy transport aviatsiyasi, razvedka qoʻshinlari, taʼminot qismlari haqida»gi farmon bilan bu qoʻshinlar respublika tasarrufiga oʻtkazildi. OʻzR Prezidentining 1992-yil 12 noyab. dagi «Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan havo hujumiga qarshi harbiy qismlar haqida»gi, 13 noyab. da Oʻ«zbekiston Respublikasi hududida joylashgan kimyoviy harbiy qismlar haqida»gi farmonlari bilan mamlakatimiz hududida joylashgan mazkur turlardagi qoʻshinlar respublika tasarrufiga olindi va sifat jihatidan takomillashtirildi. Shu tarzda mustaqil mamlakat Qurolli Kuchlarini barpo etishning tashkiliy davri yakunlandi.

OʻzR oʻz Qurolli Kuchlarini tuzishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ning huquqiy meʼyorlari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha Xelsinki yakunlovchi akti, MDH kollektiv xavfsizlik Shartnomasi kabi xalqaro hujjatlarning barcha talablariga rioya qildi.

OʻzR Prezidentining 1992-yil 3-iyuldagi farmoniga muvofiq, Mudofaa ishlari vazirligi Mudofaa vazirligiga aylantirildi. OʻzRning «Mudofaa toʻgʻrisida», «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida» hamda «Muqobil xizmat toʻgʻrisida»gi qonunlari qabul qilindi.

1993-yilning 22 noyab. da «Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qismining Jangovar bayrogʻi toʻgʻrisida»gi Prezident farmoni imzolanib, Qurolli Kuchlar Jangovar bayrogʻining yagona namunasi belgilandi. OʻzR Oliy Kengashining 1993-yil 29 dek. dagi Oʻzbekiston Respublikasining «Vatan himoyachilari kunini belgilash toʻgʻrisida»gi qonuniga binoan, 14 yanv. — Vatan himoyachilari kuni, deb eʼlon qilindi.

1995-yil avg. da qabul qilingan OʻzR Harbiy doktrinasi mamlakatning harbiy sohadagi siyosatini belgilab berdi. Mintaqadagi harbiy siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan hodda 2000-yil 3 fev. kuni UzRning Mudofaa doktrinasi qabul qilindi.

OʻzR Qurolli Kuchlarini barpo etishning tashkiliy davri yakunlangach, oldindagi vazifa uni zamon talablari asosida isloh qilishdan iborat boʻldi. Bunda avvalo qoʻshinlar qoʻllanishning strategik va taktik jihatidan kelib chiqib, Qurolli Kuchlar tuzilishi asosi OʻzRni himoya qila oladigan qoʻshinlar va maxsus qoʻshinlarni tuzishga qaratildi. Bular: quruqlikdagi qoʻshinlar; harbiy havo kuchlari va harbiy havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari; maxsus va muhandislikquruvchilik qoʻshinlari; Ichki ishlar vazirligining ichki va qorovul qoʻshinlari; Milliy xavfsizlik xizmatining harbiylashtirilgan qismlari va chegara qoʻshinlari.

Quruqlikdagi qoʻshinlar tarkibiga motooʻqchi, tankchi va artilleriya qoʻshilmalar va qismlaridan, havo desanti, hujumchi desant, havo hujumidan mudofaa boʻlinmalari, tez harakat qiluvchi kuchlar qismlari, taʼminot qismlari va boʻlinmalari kiradi.

Harbiyhavo kuchlari Qurolli Kuchlarning eng yuqori manyovrlangan qoʻshin turlaridan biri hisoblanadi.

Maxsus qoʻshinlar jangovar harakatlarni operativ taʼminlash masalalarini hal etish uchun moʻljallangan.

Qoʻshinlarning harakati va manyovri uchun yoʻllarni tayyorlashda muhandislik boʻlinmalarining tutgan oʻrni alohida. Bu boʻlinmalar gʻildirakli va zanjirlik asoslardagi yoʻlyotqizgich, minalardan tozalovchi muhandislik mashinalari, koʻprik quruvchilar hamda oʻziyurar mexanizatsiyalashgan koʻpriklar kabi maxsus texnika turlari bilan taʼminlangan.

Qoʻshinlarning muvaffaqiyati koʻp jihatdan harbiy aloqa qoʻshinlariga bogʻliq. Ular qoʻshinlar va qurollarni boshqarish tizimida axborotlarni almashtirish xizmatini bajaradilar. Aloqa qoʻshinlari simli aloqa, radioaloqa, maxfiylashtirilgan aloqa vositalaridan foydalangan holda harbiy harakatlarning borishiga taʼsir oʻtkazadilar.

Muhandislikquruvchilik qoʻshinlari Qurolli Kuchlar infratuzilmasi taraqqiyotini taʼminlash va davlat strategik iqtisodiy dasturini bajarishga hissa qoʻshib kelmoqda. Urush sharoitida mazkur qoʻshinlarga mudofaa binolarini, kommunikatsiya qurilishlari va qutqaruvavariya ishlarini bajarish yuklatilgan.

OʻzR Chegara qoʻshinlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 24-martidagi farmoniga koʻra tuzildi. Chegara qoʻshinlariga OʻzR davlat chegaralarini, uning suverenitetini himoya qilish vazifasi qoʻyilgan. Ichki ishlar qoʻshinlarining maxsus boʻlinmalari muhim davlat obyektlarini qoʻriqlash, maxsus harbiy operatsiyalarda qatnashish, terrorchilarga qarshi kurash kabi vazifalarni bajaradi.

Urush holatida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari oʻz vazifalarini OʻzR Milliy xavfsizlik xizmati qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda amalga oshiradi. Ularning birgalikdagi harakatini muvofiqpashtirish uchun 2000-yilda Mudofaa Vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Birlashgan Shtabi tuzildi.

Qurolli Kuchlarga Oliy boshqaruvni Prezident amalga oshiradi. OʻzR Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq, Prezident Respublika Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qoʻmondoni hisoblanadi.

Qurolli Kuchlarning tashkiliy davrida Qurolli Kuchlar tashkiliyshtat tuzilishi takomillashtirildi va unga muvofiq harbiy qismlar, muassasalar va harbiy oʻquv yurtlari isloh qilindi; harbiy bilim yurtlari tarmoqlarini kengaytirish va Qurolli Kuchlar akademiyasini barpo etish hisobiga milliy kadrlar tayyorlashning mukammal tizimi yaratildi; Qurolli Kuchlar vazifalariga binoan, harbiy xizmatchilar barcha toifasining taʼlim jarayoni yaxshilandi; mintaqadagi geostrategik vaziyat va harbiy-siyosiy holat hisobga olinib, qoʻshinlarni joylashtirish tizimi takomillashtirildi. Bu — davlat chegaralarini hamda xalqimiz manfaatlarini ishonchli himoya qilish imkonini yaratdi; zamon talabiga javob bera oladigan qoʻshinlarni barqaror boshqarish tizimi barpo etildi; harbiy xizmatni tashkil etishning infratuzilmasi yaratildi; OʻzRning Konstitutsiyasi, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida», «Mudofaa toʻgʻrisida» qonunlari, 1996-yilda Umumharbiy Nizomlar qabul qilinishi bilan Qurolli Kuchlarimiz huquqiy bazasi yaratildi.

Oliy Majlisning 1chaqiriq 14sessiyasida Qurolli Kuchlarni, Chegara va Ichki qoʻshinlarni yagona davlat siyosati asosida bosqichmabosqich chuqur isloh etish masalalariga qaratildi. Qurolli Kuchlarni isloh qilishda jahon va davlatimiz harbiy yutuqlari, harbiy qurilishning ilgʻor tajribalari va fanidan foydalanildi. Jangovar vazifalarni hal qilishning yanada samarali imkoniyatlarini izlash borasida faol ish olib borildi. Bunda, albatta, ekstremizm va xalqaro terrorizm faoliyatining faollashuvi kabi yangi omillarga qarshi kurash ham nazarda tutildi. Islohot shaxsiy tarkibni maʼnaviyaxloqiy tarbiyalashni, ularning professional tayyorgarligini va qayta tayyorlashni tashkil etishning butun tizimini qaytadan koʻrib chiqishni koʻzda tutadi. U jangchilarda Vatanga muhabbat va sadoqatni, yuksak maʼnaviy fazilatlar va mustahkam irodani tarbiyalashga, professionalizmni, aʼlo jangovar tayyorgarlikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan.

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tizimida olib borilgan islohotlar, davlat mudofaasini tashkil etish borasida toʻplangan tajribalar asosida OʻzRning «Mudofaa toʻgʻrisida»gi qonuni Oliy Majlisning 2chaqiriq 5sessiyasida 2001-yil II mayda yangi tahrirda tasdiqlandi.

Qonun davlat mudofaasining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiyhuquqiy tadbirlar majmuidan iboratligini nazarga olgan holda mudofaa masalasida OʻzR Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Mudofaa vazirligi, Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabi, harbiy okruglar, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolarning oʻz-oʻzini boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hamda mamlakat fuqarolarining davlat mudofaasini taʼminlashdagi vakolatlarini belgilab berdi.

Mudofaa va Qurolli Kuchlarga rahbarlikni OʻzR Prezidenti — Respublika Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qoʻmondoni amalga oshiradi. Urush sharoitida OʻzR Mudofaa vaziri bir paytning oʻzida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondonining oʻrinbosari hisoblanadi.

OʻzRning Konstitupiyasida belgilangan tartibga koʻra, Respublika Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni OʻzRga hujum qilinganda yoki tajovuzdan birbirini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati, umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qiladi hamda OʻzRning butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi; Qurolli Kuchlarning oliy qoʻmondonlarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, oliy harbiy unvonlarni beradi.

OʻzR Mudofaa vazirligi oʻz tasarrufidagi qoʻshinlarga boshqaruvni amalga oshiradi, mudofaa va harbiy qurilish sohasidagi davlat siyosati yuritilishini, OʻzR Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining zamonaviy qurolyarogʻlar, harbiy texnika va moddiytexnika vositalari bilan jihozlanishini, harbiy hamkorlik kengaytirilishini, chaqiruvning va Qurolli Kuchlar kadrlari tayyorlashning tashkil etilishini taʼminlaydi.

Qoʻshinlarni operativ boshqaruvini tashkil etish maqsadida Harbiy okruglar tashkil etildi. Harbiy okrug bu — operatsion yoʻnalishlarda OʻzRning xavfsizligini taʼminlovchi asosiy harbiymaʼmuriy birlik hamda umumqoʻshin tezkorstrategik hududiy birlashmasidir. Harbiy okruglar tashkil etilishi bilan qoʻshinlar va qismlarni qayta joylashtirish amalga oshirildi. Bu ularni eng muhim strategik yoʻnalishlarda jamlashga, hududiy mudofaaning haqiqiy tizimini shakllantirishga imkon berdi. Bugungi kunda har bir harbiy okrug, yirik qismlar oʻz oʻquv poligonlariga ega va ularda harbiy texnikani boshqarish koʻnikmalarini hosil qilish, jangovar qurollardan otish, artilleriya, havo janggi tayyorgarligi, vzvod, batalyon, qism tarkibida taktik oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Harbiy islohotlar strategiyasi asosida son jihatidan uncha katta boʻlmagan, zamonaviy qurolyarogʻ va texnika bilan qurollangan armiyani, jangovar harakatlar olib borishning eng samarali usullarini egallagan va har qanday bosqinchi kuchlarga qarshi turishga hamda zarba berishga qodir boʻlgan tezkor, har tomonlama oʻziga suyangan va taʼminlangan qismlarni tuzish asoslari yaratildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Mudofaa vazirligining Toshkent umumqoʻshin komandirlari, Samarqand avtomobilchi komandirmuhandislar, Chirchiq tankchi komandirmuhandislar, Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurtlari, Toshkent axborot texnologiyalar un-tining maxsus aloqa fti, Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurti, Yongʻin xavfsizligi oliy texnika maktabida Qurolli Kuchlar saflariga turli mutaxassisliklar boʻyicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda. 1995-yil 2-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi ochildi. Harbiy kasbni tanlovchi yoshlar uchun Toshkent, Samarqand, Urganch va Fargʻona shahrilarida harbiy mutaxassisliklarga yoʻnaltirilgan litseylar faoliyat koʻrsatmoqda. Harbiy litsey tinglovchilari 2 yil mobaynida harbiy koʻnikma toʻplab, oʻzlari tanlagan qoʻshin turlari boʻyicha oliy harbiy bilim yurtiga yoʻl oladilar.

Ad.: Karimov I., Milliy armiyamiz — mustaqilligimizning, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir, T., 2003; Vatan himoyasi — muqaddas burch. T., 2001; Armiya — davlat tayanchi va tinchlik kafolati, T., 2005.

Islom Inoyatov.


Lotin alifbosida maqola: OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: O' harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING ORDEN VA MEDALLARI
IKKINCHI JAHON URUSHI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUTSIYASI


Добавить комментарий