«OʻQITUVCHI» NASHRIYOT MATBAA IJODIY UYI — Oʻzbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi tizimidagi muassasa. «Oʻquvpeddavnashr» nomi bilan 1936 yil tashkil qilingan (1950—59 yillarda yana shu nom bilan atalgan). 1941—49 yillarda Oʻzbekiston davlat birlashgan nashriyoti tarkibida boʻlgan. 1960-yildan Oʻzbekiston «Oʻrta va oliy maktab» nashriyoti, 1964-yildan «Oʻqituvchi» deb nomlangan. 2004-yil «Oʻqituvchi» nashriyoti va Toshkent kitobjurnal fabrikasi negizida «Oʻqituvchi nashriyot matbaa ijodiy uyi» n. m. i. u. tashkil etildi. Uning asosiy faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining barcha turdagi umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari oʻquvchi va oʻqituvchilariga, shuningdek, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari talabalariga, maktabgacha tarbiya muassasalari xodimlariga, ota-onalarga moʻljallangan adabiyotlar — darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, metodik adabiyotlar, turli xil lugʻat va maʼlumotnomalar, bolalar uchun turli adabiyotlar nashr etishdan iboratdir. «Oʻqituvchi nashriyot matbaa ijodiy uyi» n. m. i. u. da 2004-yilda oʻrta umumiy taʼlim maktablari uchun 100 nomda 4 mln. 117 ming nusxa va oliy oʻquv yurtlari hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun 51 nomda 834 ming nusxa darslik va oʻquv qoʻllanmalari chop etildi.