ShEVA (fors. — harakat tarzi, tarz, usul) — tilning fonetik, grammatik va lugʻaviy jihatdan oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan eng kichik hududiy koʻrinishi — sezilarli lisoniy tafovutlari boʻlmagan bir yoki bir necha aholi maskani (odatda, qishloq)da yashovchilarning soʻzlashuv vositasi sifatida qoʻllanadi. Sheva — bu boshqa Sheva tizimlaridan fonetik, grammatik, soʻz yasalishi va lugʻaviy belgilariga koʻra farqlanuvchi lisoniy tizim sifatida mavjud boʻladi. Mas, qipchoq lahjasining mangʻit yoki saroy shevasi, qarluq lahjasiga mansub margʻilon shevasi va boshqalar oʻzbek tilining eng kichik hududiy koʻrinishlari hisoblanadi. Alohida Shevalar birikib, lahjasi tashkil etadi.
Shevalar tizimining murakkablik darajasi, asosan, ekstralingvistik omillar: Sh. ning alohidalanish (ajralib qolish) darajasi, muayyan Sheva vakillarining boshqa Shevalar va tillarning vakillari bilan aloqa qilish darajasi, adabiy tilning Shevaga taʼsiri va shahrik. ga bogʻliq. Alohida ajralib qolgan Sheva larda uning vakillari bilan atrofdagi aholi oʻrtasida aloqalarning yoʻqligi (geografik yoki siyosiy sabablar, atrofdagi aholining til, madaniyat, diniy eʼtiqod jihatdan ayni Sheva vakillaridan keskin farklanishi tufayli), sheva vakillarining anʼanaviy turmush tarzini saqlab qolishga astoydil intilishi oqibatida Sheva juda sekinlik bilan oʻzgaradi, katta va kichik yoshdagilarning tilidagi farq sezilarsiz darajada boʻladi. Adabiy tilning yoki boshqa Shevaning kuchli taʼsiri ostida boʻlgan Shevada aholining turli guruhlari nutqiga xos boʻlgan, birbiriga qarama-qarshi qoʻyilgan va turli darajada farqlanadigan anʼanaviy (qad.) va yangi qatlamlar ajralib turadi.
Milliy til tushunchasining hajmi va qoʻllanish doirasi keng boʻlib, lahja va Shevalarni ham qamrab oladi. Shevalar adabiy til tushunchasiga kirmaydi, biroq ular tilning quyi shakli va tarmoqlari hisoblanib, adabiy tilni boyitish uchun xizmat kiladi. Adabiy til meʼyorlarining takomillashuvi, fan va madaniyat taraqqiyoti, shahar bilan qishloq oʻrtasidagi tafovutlarning kamayib borishi kabi ekstralingvistik omillar tufayli Shevalar ham asta-sekin oʻz hususiyatlarini yoʻqota boradi.
Shevalar tilshunoslikning dialektologiya boʻlimida oʻrganiladi. Oʻzbek Sheva larini oʻrganishga Gʻozi Olim Yunusov, Ye. D. Polivanov, A. K. Borovkov, V. V. Reshetov, F. Abdullayev, Sh. Shoabdurahmonov, A. Ishayev, S. Otamirzayeva, O. Madrahimov va boshqalar katta hissa qoʻshdilar. Ad.: Reshetov V. V., Sh oabdurahmonov Sheva, Oʻzbek dialektologiyasi, T., 1978. Abduvahob Madvaliyev.