SUV OSTI ARXEOLOGIYASI — qadim va oʻrta asrda kema choʻkishi yoki tektonik hodisalar natijasida suv ostida qolib ketgan moddiy madaniyat yodgorliklarini oʻrganuvchi arxeologiya sohasi. Suv osti arxeologiyasi boʻyicha dastlabki qidiruv ishlari 1904-y. Egey dengizi (Gretsiya) da professional gʻavvoslar ishtirokida amalga oshirilgan. Akvalang kashf qilingandan keyin arxeologlarning oʻzlari ham bevosita suv ostida qolib ketgan shaharlarni oʻrgana boshlaganlar. Suv osti arxeologiyasi Oʻrta Osiyoda qirgʻiz arxeologlari tomonidan qoʻllanilib, ular Issiqkoʻl tubida qolib ketgan oʻrta asr shaharlarini oʻrganganlar.