VAQTNI TEJASH QONUNI — ijtimoiy i. ch. samaradorligini oshirib borish manbai va usulini tavsiflaydigan umumiy iqtisodiy qonunlardan biri. Vaqtni tejash qonuni mehnatni, ish vaqtini tejash, shuningdek ish paytida vaqt omilining qadrlanishini bildirib. ilgʻor texnika va texnologiyani joriy etish evaziga mahsulot i. ch. ga ketgan vaqt tejalib, mehnat unumdorligining oʻsishida namoyon boʻladi. Vaqtni tejash qonuni mazmuni — jonli va buyumlashgan mehnatni tejashni, yaʼni ayni mehnat jarayonida ish vaktini tejashni hamda oʻtgan davrdagi ish vaqti sarflarining natijalari (xom ashyo, materiallar, mashinalar, jihozlar va boshqa i. ch. vositalari)ni tejashni ham oʻz ichiga oladi. Shu sababli mehnat unumdorligining oʻsishi, mashina va jihozlardan foydalanishni yaxshilash, materialtalablikni pasaytirish, xoʻjalik proporsiyalarini optimallashtirish va boshqalar Vaqtni tejash qonunining amal qilish koʻrinishlariga kiradi. Shu jihatdan korxona, firma, tashkilot va b. ilgor texnika va texnologiyani qoʻllash, mehnatni, i. ch. ni, boshqaruvni takomillashtirib borishdan manfaatdor boʻladi. Jamiyat manfaatini koʻzlab davlat mehnat unumdorligini iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida uzluksiz oshirish chora-tadbirlarini koʻradi. Vaqtni tejash qonuni, birinchidan, mahsulot i. ch. jarayonida bevosita vaqtni tejash (mahsulot i. ch. ga ketadigan mehnat sarfini kamaytirish), ikkinchidan vaqt fondidan samarali foydalanishni talab etadi. Bunda mehnat unumdorligi oshishi bilan mahsulot i. ch. ga ketgan vaqt qisqaradi, vaqt birligida ishlab chiqariladigan mahsulot hajmi koʻpayadi. Jamiyat nuqtayi nazaridan vaqtni tejash mahsulot i. ch. da sarf qilinadigan mehnat va buyumlashgan mehnat sarfini kamaytirishdan iborat. Konkret korxonada mehnat unumdorligining oʻsishi, vaqtning tejalishi, oxir oqibatda jamiyat miqyosida ijtimoiy mehnat unumdorligining oshishiga olib keladi. Shuning uchun shaxsiy mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan harakatlar xalq xoʻjaligi miqyosida sarf-xarajatlarni kamaitirishga va ijtimoiy mehnat unumdorligini oshirishga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Vaqtni tejash usullari i. ch. jarayonini tezlashtiradigan chora-tadbirlarni qoʻllab i. ch. ni intensivlashtirish (mas., bir ishchining bir ish joyida ikkita va undan koʻp dastgohni boshqarishi, i. ch. jarayonida robotlarni qoʻllash, jarayonlarni boshqarishda mikroprotsessorlar, kompyuterlarni qoʻllash va b. vositasida vaqtni tejash); bir necha jarayonlarni bir vaqtda bajarish (mas., asosiy texnologik operatsiya, yordamchi jarayonlar, tayyorlov-yakunlov, oʻlchash-nazorat va b.) dan iborat.
Vaqtni tejash qonuni ishchilarni, firma, kompaniya xodimlari va rahbarlarini mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot i. ch. ga ketadigan vaqtni qisqartirish choratadbirlarini ishlab chiqib amalga oshirishdan manfaatdor qiladi. Chunki shu yoʻl 6-n mamlakat iqtisodiyoti rivojlanib, talab toʻlaroq qondiriladi, aholi turmush darajasi yaxshilanadi.
Sadir Salimov.