VENTILLI UZGARTIRGICH — elektr tokini bir turdan ikkinchi turga oʻzgartiruvchi qurilma. Asosiy ish organi — ventil. Oʻzgaruvchan tokni oʻzgarmas tokka aylantiruvchi; oʻzgarmas tokni oʻzgaruvchan qiluvchi (invertor); bir xil chastotali oʻzgaruvchan tokni boshqa chastotali tokka oʻzgartiruvchi; bir xil kuchlanishli oʻzgarmas tokni boshqa kuchlanishli oʻzgarmas tokka oʻzgartiruvchi xillari bor. Boshqariluvchi toʻgʻrilagichlarda oʻzgaruvchan ventillardan foydalaniladi. Oʻzgaruvchan ventil oʻzgarmas tok kuchlanishini noldan boshlab eng katta qiymatlargacha oʻzgartirish imkonini beradi. Foydalanilgan ventilning xiliga qarab elektron, ion va yarim-oʻtkazgichli boʻladi.
Ventilli uzgartirgich quyidagi funksional qismlardan tashkil topgan: kommutatsiya asboblari (oʻchirgichlar yoki kontaktorlar, himoya qurilmasi va b.); kirish va chiqish elektr signallarini kuzatuvchi oʻlchov qurilmalari; transformatorlar; tok oʻzgarish tezligini chegaralovchi, shovqinlarni pasaytiruvchi, tekislovchi va energiya toʻplanishining oldini oluvchi filtrlar; tiristorli himoya qurilmalari; oʻzgartirgichni ishga tushiruvchi, himoya lovchi va oʻchiruvchi tizimlar; qoʻshimcha elementli ventil bloklari; ventillarni boshqaruvchi tizim; sovitish tizimi; axborotga ishlov berish va kuzatish qurilmasi; boshqaruv tizimining va qoʻshimcha qurilmalarning energiya manbai; qurilma qobigʻi yoki karkas.
Oʻzgartirgichlar va energetika elektronikasi qurilmalari amalda doimo axborot elektronikasi va kuch elektronikasi elementlari asosida yaratiladi. Maxsus analog, raqamli va aralash analog-raqamli mikrosxemalar kuch elektronikasi axborot qurilmalarining asosini tashkil etadi. Zamonaviy yarimoʻtkazgichli oʻzgartirgichlar, maxsus mikrosxemalar, ayniqsa, mikroprotsessorlar nisbatan ixcham va sodda oʻzgartirgich qurilmalarini yaratish imkonini beradi. Kelajakda ular yordamida universal toʻgʻrilagichlar, yangi oʻzgartirgich qurilmalar yaratish mumkin.