VYETNAM, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi (Cond Hoa Xa Hoi Chu Nghia Viet Nam) , BCP – Jan.-Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy ya. o. dagi davlat. Mayd. 330 ming 991 km2. Axoliyey 76,3 mln. kishi (1999). Maʼmuriy jihatdan 63 viloyat (tin) va markazga boʻysunuvchi 4 shahar — Xanoy, Xoshimin (sobiq Saygon) Xayfon va Xyuega boʻlinadi. Poytaxti — Xanoy sh.
Davlat tuzumi. Vyetnam — sotsialistik respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1980-y. 19 dek. da qabul qilingan (keyinchalik oʻzgartish va tuzatishlar kiritilgan). Davlat boshligʻi Millat majlisi tomonidan 5 y. muddatga saylanadigan prezident (1997-y. dan Chan Dik Liong). Davlat hokimiyatining oliy organi va qonun chiqaruvchi hokimiyat — Millat majlisi. Ijroiya hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Tabiati. Mamlakat hududining 80% dan ortigʻi togʻlar va yassi togʻlardan iborat. Shim. da chuqur daryo vodiylariga boʻlingan Yunnan togʻligi, markaziy va jan. qismlarida Annam togʻlari tizimining ayrim massivlari (Kontum, Darlak, Mnong va b.) joylashgan. Vyetnamning eng baland nuqtasi ham shu yerda — 3280 m. Dengiz sohili pasttekisliklardan iborat, ularning eng kattalari shim. da Xongxa va jan . da Mekong daryolari etaklarida. Iqlimi — qishda quruq, yezda seryomgʻir musson subekvatorial. Oʻrtacha t-ra shim. da iyulda 27°, 29°, yanv. da 14°, 17° dan jan. da 24°,26° gacha. Yillik yogʻin miqdori 1500—3000 mm. Iyun va avg. da tayfunlar boʻlib turadi. Daryolari sersuv. Ularning eng kattalari — Mekong va Xongxa. Qir va togʻlarda qizgʻish-sariq laterit, daryolarning etaklarida — allyuvial tuproqlar. Vyetnam xududining 40% oʻrmon bilan qoplangan; togʻlarning quyi yon bagʻirlaridagi doimiy yashil tropik oʻrmonlar balandlikdagi subtropik oʻrmonlarga ulanib ketadi. Yassitogʻliklar va platolarda siyrak savanna oʻrmonlari va butalar usadi. Vodiylarda bambuklar, dengiz sohillarining ayrim joylarida mangra oʻrmonlari uchraydi. Batma-Xayvan milliy bogʻi va koʻpgina qoʻriqxonalari bor. Oʻrmonlarda gibbon, makaka, ayiq va yoʻlbars, katta boʻgʻma ilon, yirik echkemarlar, oq va yashil toʻti, savannalarda hind fili, karkidon, jayran, yovvoyi buqa, jayra, tovus, burgut, delta va botqoqliklarda qizil gʻoz, laylak, qarqara, oʻrdak, yovvoyi gʻoz, daryolarida baliqlar yashaydi.
Aholisining 80% vyetnamlar. Tailar, kxmerlar, meo yoki myaolar, man yoki yaolar, xmonglar, xitoylar va b. ham yashaydi. Rasmiy tili — Vyetnam tili. Aholining 20,1% shaharlarda istiqomat qiladi. Dindorlarning — 55% buddaviylar, 7% katoliklar. Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar ham bor. Yirik shaharlari: Xanoy, Xoshimin, Danang, Xayfon, Namdin.
Tarixi. Mil. av 1-ming yillikning oʻrtalarida hoz. Shim. Vyetnam hududida vyetnamlarning ajdodlari yashagan. Mil. av. 3-a. da Qizil daryo deltasida ularning ilk quldorlik davlati — Aulak tashkil topgan. Shu davr qad. Vyetnam xalqi — lakvyetlar madaniyatining paydo boʻlishi davri hisoblanadi. Mil. av. 207-y. da Aulak vyetlar davlati — Namvyet bilan qoʻshilib ketdi. Mil. av. 2—1-a. larda Namvyetga Xitoyning Xan sulolasi hukmron edi. Bu davlat 7-a. gacha Zyaoti, keyin Annam deb nomlanib keldi. Lakvyetlar xitoy feodallarining xitoylashtirish siyosati va zulmiga qarshi uzoq vaqt kurashdi va, nihoyat, 939-y. da mustaqillikka erishdi. 968-y. da mamlakat Daykovyet (Buyuk Qad. Vyet) nomini oldi. Keyinchalik bu davlat Jan-Sharqiy Osiyodagi yirik feodal davlatga aylandi. Li sulolasi davri (1069—1225) da mamlakat Dayvyet deb atala boshladi. Poytaxt Tang-Long (hoz. Xanoy)ga koʻchirildi.
16-a. dan boshlab Hindixitoyga Yevropa savdogarlari kela boshladi. Sekin-asta Portugaliya (1535), Gollandiya (1631), Fransiya (1672) savdo-tijorat idoralari paydo boʻldi. Ular savdogarlar bilan missionerlarga tayanib, yarim orolni mustamlaka qilishga kirishdi.
18-a. oʻrtalarida butun mamlakatda iqtisodiy tanglik vujudga keldi. Markaziy viloyatlarda dehqonlarning gʻalayonlari kuchayib ketdi. 1771-y. da dehqonlarning eng yirik qoʻzgʻoloni boshlandi. Bu qoʻzgʻolon tarixda Teyshenlar qoʻzgʻoloni nomi bilan mashhur. Mamlakat jan. qismining hukmdori Nguyen An Teyshenlar qoʻzgʻolonini bostirib, Shim. Vyetnamni ham egalladi. 1804-y. da mamlakat Vyetnam nomini oldi. Nguyen An oʻzini Zya Long nomi bilan xoang (imperator) deb eʼlon qildi (1806). Poytaxt Xyue sh. ga koʻchirildi. Konchilik rivojlandi, tovar-pul aloqalari kengaydi. Ammo Vyetnam xalqining mustaqil rivojlanishiga mustamlakachi davlatlar tajovuzi toʻsqinlik qildi. Fransiya «missionerlarni himoya qilish» bahonasi bilan Vyetnamga qarshi urush ochib (1858), 1884-y. da oʻz mustamlakasiga aylantirdi. 1887-y. da Fransiyaning Koxinxin (Jan. Vyetnam) mustamlakasi, Annam (Markaziy Vyetnam) hamda Tonkiy (Shim. Vyetnam) protektoratlari Kamboja va Laos bilan birga Hindixitoy Ittifoqiga birlashtirildi. Chet el hukmronligi oʻrnatilishi davrida va oʻrnatilgandan keyin koʻtarilgan xalq qoʻzgʻolonlari bora-bora milliy ozodlik harakatiga aylanib ketdi va 20-a. boshlarida u yangi bosqichga koʻtarildi. Fransiyada muhojirlikda yurgan Nguyen Ai Kuok (Xo Shi Min) Fransiyaning boshqa mustamlakalaridan kelgan muhojirlar b-n birga fransuz mustamlaka xalqlari Ligasini tuzdi. Shu vaktda mamlakatda ishchilar harakati ham rivojlana bordi. 1930-y. da Yenbay portidagi vyetnamlardan iborat oʻqchi polkning fransuzlarga qarshi koʻtargan qoʻzgʻoloni milliy ozodlik kurashining avj olishiga turtki boʻldi.
2-jahon urushi davrida yapon militaristlari Vyetnamni bosib olgach (1940), vatanparvar kuchlar yapon va fransuz mustamlakachilariga qarshi kurashdi. 1941-y. may oyida Vyetnam mustaqilligi uchun kurash Ligasi (Vyet-Min) tashkil qilindi. 1944-y. dek. da qurollangan otryadlar, partizan guruhdari va xalq lashkarlari birlashib, Vyetnam ozodlik armiyasi tuzildi. 1945-y. ning mayida ozodlik uchun kurashayotgan hamma kuchlar Vyetnamni ozod qilish armiyasi (keyinchalik Vyetnam xalq armiyasi) ga birlashtirildi. Iyunda Shim. Vyetnamning olti viloyati yaponlardan ozod qilindi. Markaziy va Jan. Vyetnamda partizanlar kurashi hamda ozodlik Umum Vyetnam Milliy kongressi qurolli qoʻzgʻolonni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi va Xo Shi Min rahbarligida Milliy ozodlik komiteti (Muvaqqat hukumat) tuzildi. Mamlakatning koʻp qismi mustamlakachilardan ozod qilinib, 1945-y. 2 sent. da mustaqil V. Demokratik Respublikasi (VDR) tuzildi. 2-jahon urushida yapon militaristlari tor-mor qilingandan soʻng 1945-y. dek. dan boshlab Vyetnamga fransuz mustamlakachilari bostirib kirdi. Ular avval Vyetnam jan . da harbiy harakatlarni avj oldirdilar, soʻng butun mamlakat boʻylab bosqinchilik urushini olib bordilar. Fransuz qoʻshinlarining qator magʻlubiyatlari (ayniqsa 1954-y. Dyenbyenfu atrofida) hamda jahondagi tinchliksevar kuchlarning talabi natmjasida Fransiya hukumati urushni toʻxtatishga va 1954-y. Jeneva bitimini tuzishga majbur boʻldi. BiroqJan. Vyetnam maʼmurlari 1955-y. okt. da Jan. Vyetnamni mustaqil respublika deb eʼlon qildi va mamlakatda terrorchi rejim oʻrnatildi. Mamlakat AQSH harbiy bazasiga aylandi. Jan. Vyetnam vatanparvarlarining diktaturaga qarshi kurashi xalq kurashi tusini oldi. 1964—65 y. larda Jan. Vyetnam vatanparvarlariga qarshi urush olib borayotgan AQSH VDR ga ham hujum qidsi. 1964-y. avg. boshlarida bir necha harbiy istehkom va aholi punktlari, 1965-y. 7 fev. dan VDR ning jan. viloyatlari, keyinchalik butun mamlakat bombardimon qilindi. 1969-y. da Jan. V. Respublikasi Inqilobiy muvaqqat hukumati tuzildi. 1973-y. yanv. da Parijda urushni toʻxtatish va Vyetnamda tinchlik oʻrnatish toʻgʻrisida bitim imzolandi. 1976-y. iyulda Shim. va Jan. Vyetnamni birlashtirish tugallandi, V. Sotsialistik Respublikasi tuzildi. Vyetnam 1977-y. dan BMT aʼzosi. OʻzR bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-y. 17 yanv. da oʻrnatgan. Milliy bayrami — 2 sent. — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1945).
Siyosiy partiyasi, kasaba uyushmasn va b. jamoat tashkilotlari. V. Kommunistik partiyasi, 1930-y. da tuzilgan; V. vatan fronti, VSR siyosiy partiya va jamoat tashkilotlarini birlashtiruvchi yagona front, 1977-y. da tuzilgan; V. mehnat umumiy konfederatsiyasi, 1929-y. da tuzilgan. Jahon kasaba uyushmalari federatsiyasiga kiradi.
Xoʻjaligi. Vyetnam sanoati rivojlangan agrar mamlakat hisoblanadi. Yalpi ichki mahsulotda q. x. va oʻrmon xoʻjaligining ulushi 36,6%, sanoatning ulushi — 20,9%ni tashkil etadi.
Sanoati tarkibida yengil va oziqovqat tarmoqlari ustun. Juda koʻp kichik sholi oqlash, qand-shakar, pivo va konserva z-dlari, choy va tamaki f-kalari bor. Xanoy, Namdin, Xayfon, Xoshimin va b. shaharlarda toʻqimachilik k-tlari, trikotaj f-kalari ishlab turibdi. Elektr energiya asosan issikdik elektr styalarida hosil qilinadi (yiliga oʻrtacha 10,8 mlrd. kVt-soat). Konchilik sanoatida toshkoʻmir, qalay (Kaolang viloyatida), xromit (Kodin), apatit, volfram qazib olinadi. Kaobangda kapay, Langshonda alyuminiy, Txaynguyen, Byenxoada poʻlat eritish korxonalari bor. Mashinasozlik mahsulotlari orasida stanoklar, q. x. mashinalari, konchilik mashina-uskunalari, nasoslar, radiopriyomniklar, televizorlar, transport vositalari i. ch. asosiy oʻrinni oladi. Mashinasozlik korxonalari asosan Xanoy, Xoshimin, Byenxoa, Kamfa,Xayziong va Xadong sh. da joylashgan. Qora va rangli metallurgiya, metallni qayta ishlash sanoati mavjud. Xayfon va Xoshiminda kemasozlik korxonalari, Xanoy, Vyetchi, Lamtxao sh. larida va mamlakat jan. da kimyo sanoati korxonalari ishlab turibdi. Binokorlik materiallari sanoati korxonalari, yogochsozlik va sellyuloza-qogʻoz, kauchukni qayta ishlash korxonalari bor.
Qishloq xoʻjaligi sohasida mehnatga layoqatli aholining qariyb 75% mashgʻul. 5 mln. ga yerda q. x. ishlari olib boriladi. Ayrim hududlarda 2—3-marta hosil olinadi. Vyetnamda asosiy q. x. ekini sholi. Batat, maniok, makkajoʻxori, sabzavot, texnika ekinlaridan shakarqamish, choy, tamaki, shuningdek ananas, banan, kofe, kauchuk, efir moyli ekinlar ham yetishtiriladi. Chorvachilikning asosiy tarmogʻi — choʻchqachilik. Bundan tashqari qoramol, parranda boqiladi. Baliq ovlanadi.
Transporti. T. y. ning uz. — 2,6 ming km, avtomobil yoʻllarining uz. — 300 ming km, ichki suv yoʻllarining uz. — 40 ming km ga yaqin. Asosiy dengiz portlari: Xoshimin, Xayfon, Danang, Xonggay, Kamfa. Xoshimin va Xanoyda xalqaro aeroportlar bor.
Vyetnam chetga neft, koʻmir, sholi, kauchuk, qalay, kofe, baliq hamda dengiz va q. x. mahsulotlari chiqaradi. Chetdan neft mahsulotlari, oʻgʻit, poʻlat, prokat, sement, paxta, mashina asbob-uskunalari oladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Yaponiya, Singapur, Gonkong, Jan. Koreya, Fransiya, Avstraliya, Germaniya. Pul birligi — dong.
Tibbiy xnzmati. Mamlakatda bepul tibbiy xizmat joriy etilgan. Sharq tibbiyoti xodimlari uyushmasi huzurida keng tarmoqli davolash-farmatsevtika kooperativlari mavjud. Ularning koʻplari huzurida shifoxonalar, bundan tashqari 400 ga yaqin uyezd poliklinikalari va koʻpgina dispanserlar bor.
Xalq maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari. Vyetnamning taʼlim tizimi bir necha bosqichdan iborat: birinchi bosqich — maktabgacha taʼlim (bolalar bogʻchalari); ikkinchi bosqich — maktab taʼlimi. 5 y. lik boshlangʻich taʼlim 6 yoshdan oʻtgan bolalar uchun majburiy. Mamlakatda 13092 boshlangʻich maktab boʻlib, ularda 9 mln. 725 mingdan ortiq oʻquvchi taʼlim oladi. Oʻrta maktablarda oʻqish 7 y. boʻlib, ularda 3 mln. 815 ming oʻquvchi taʼlim oladi; uchinchi bosqich xunar taʼlimi (hunar-texnika bilim yurtlari); toʻrtinchi bosqich — oliy taʼlim. Mamlakatda 104 oliy oʻquv yurti, jumladan 6 un-t bor. Ularda 120 mingga yaqin talaba oʻqiydi. Yirik oliy oʻquv yurtlari: Xanoy un-ti (1918-y. tashkil etilgan), Xoshimin un-ti (1917-y. tashkil etilgan), politexnika, adabiyot, tibbiyot-farmatsevtika in-tlari. Vyetnam hoz ziyolilarining ancha qismi oliy taʼlimni Oʻzbekistonda olishgan. Toshkentdagi deyarli barcha oliy oʻquv yurtlarida Vyetnam talabalari va aspirantlari taʼlim olgan. Vyetnamda 60 dan ortiq i. t. muassasasi bor. 1977-y. tashkil etilgan «Ngiado» i. t. markazida mat., fizika, kimyo, biol. va Yer haqidagi fan sohasida tadqiqotlar oʻtkaziladi. 1977-y. da Fanlar akademiyasi tashkil etilgan. Vyetnam dagi yirik kutubxonalar: Xanoy, Xoshimindagi markaziy va ilmiy kutubxonalar, un-tlarning kutubxonalari. Xanoyda tarix, Vyetnam xalq armiyasi, Inqilob, Xoshiminda milliy muzey, «Amerikalik agressorlarning jinoyatlari» muzeyi bor.
Matbuoti, radioeshittirish va telekoʻrsatuvi. Vyetnamda 30 markaziy va 19 mahalliy nashriyot bor. Mamlakatda 100 dan ortiq gaz. va jur. lar nashr etiladi. Eng yirik gazlar: «Nyan zan» («Xalq», kundalik gaz., 1951-y. dan), «Saygon zyay fong» («Ozodlik», kundalik gaz., 1975-y. dan), «Xanoy moy» («Yangi Xanoy», kundalik gaz., 1957-y. dan), «Fu ni Vyetnam» («Vyetnam ayollari», haftalik gaz., 1953-y. dan), «Lao dong» («Mehnat», haftalik gaz., 1943-y. dan); yirik jur. lar: «Vyetnam» (Vyetnam, rus, ingliz, fransuz, ispan tillarida chiqadigan oylik jur., 1954-y. dan), «Vyetnamiz tredyunionz» («Vyetnam kasaba uyushmalari», ingliz, fransuz va ispan tilida chiqadigan jur.). 1945-y. dan Vyetnam axborot agentligi faoliyat koʻrsatadi.
Vyetnam radioeshittirish va telekoʻrsatuvini madaniyat va axborot vazirligi nazorat qiladi. Telekoʻrsatuvga 1966-y. Jan. Vyetnamda, 1970-y. Shim. Vyetnamda asos solingan.
Adabiyoti. Vyetnamda qadimdan xalq ogʻzaki ijodiyoti rivojlangan. Ilk yozma yodgorliklar 10 — 14-a. larda paydo boʻldi. Oʻrta asrlar adabiyoti buddizm, keyinroq Konfutsiy aqidalari taʼsirida shakllandi. Nguyen Chayning «Ona tilidagi sheʼrlar toʻplami» (15-a.) bizgacha yetib kelgan Vyetnam soʻzlashuv tilidagi eng kad. adabiy yodgorlikdir. 18-a. va 19-a. boshlaridagi adabiyotda Uygʻonish davri anʼanalariga yaqin tamoyillar, inson shaxsiga kuchli eʼtibor ruhi aks etdi. Nguyen Zuning «Tilka-pora qalb nolasi» dostoni, shoira Xo Suan Xiong qalamiga mansub dilrabo sheʼrlar Vyetnam mumtoz adabiyotining eng yaxshi asarlaridir. 19a. 2-yarmi sheʼriyatida vatanparvarlik ohanglari ustunlik qildi (Nguyen Din Tyeu, Nguyen Txong), hajvchilik yoʻllari kuchaydi (Nguyen Kxyuyen, Tu Siong). 20-a. boshlari sheʼriyati va publitsistikasi maʼrifatparvarlik va vatanparvarlik gʻoyalarini ifoda etdi. Zamonaviy nasriy janrlar: hikoya, drama, roman paydo boʻldi. 30-y. larda vujudga kelgan «Yangi sheʼriyat» harakati sheʼr tuzilish tizimini qayta qurishga koʻmaklashdi. Inqilobiy adabiyot yuzaga kela boshladi — To Xiu sheʼrlari, Xo Shi Minning «Bambuk ajdaho» komediyasi, «Zindon kundaligi» nazm toʻplami, hikoya va publitsistikasi shu jumlaga kiradi. 20a. 2-yarmida Vo Xyui Tam, Nguyen Din Txi, Dao By, Nguyen Xong, Nguyen Kxay, Nguyen Min Teuning romanlarida va b. yozuvchilarning qissa hamda hikoyalarida vatan himoyachisining qahramonliklari tasvirlandi. Vyetnamning hoz. taniqli shoir va yozuvchilari: To Xiu, Ngo Tat To, Ngo Tuan, To Xoay, Nguyen Din Txi, Nguyen Kong Xoan, Nguyen Van Bong.
Meʼmorligi. Mishon va Dongziong sh. larida buddizm va brahmanizmning 7—13-a. larga mansub minorasimon tosh ibodatxonalari (Mishondagi Bo-KxatRe-Soa ibodatxonasi, 7—10-a. lar; hoz. Kuinyon yaqinidagi «Oltin minora», «Kumush minora», «Mis minora» ibodatxonalari, 11—12-a. lar), Binsonva Guedagi koʻp pogʻonali minoralar, Xanoydagi Konfutsiyga bagʻishlangan «Adabiyot maskani» deb ataluvchi ibodatxona majmualari (11-a.) saqlanib qolgan. Keyingi davrlarning meʼmoriy obidalari orasida Xanoy yaqinidagi But-Tan (14-a. gacha), Txaybin viloyatidagi Keo (17-a.) ibodatxona majmualari, Xanoy yaqinidagi Dinbang qishlogʻida qurilgan koʻp ustunli inshootlarni (18-a.) koʻrsatish mumkin. 18-a. oxiri — 19-a. boshlariga mansub saroylar oʻymakorlik va lok b-n bezatilgan (Xyue sh. dagi «Mukammal uygʻunlik saroyi»). Fransuz mustamlakachilari hukmronligi davrida (19a. oʻrtalaridan) shaharlarda modern va funksionalizm uslublaridagi binolar qurildi. 20-a. ning 60—90-y. larida sanoat (Xanoy, Kaobang va b. shaharlardagi z-dlar) va jamoat inshootlari (Politexnika in-ti, Xo Shi Min mavzoleyi), turar joy dahalari tiklandi vayangilari qurildi. Nguyen Van Nin, Nguyen Kao Luyen, Xoang Ti Tyep, Chan Xi Tyem va b. V. ning yetakchi meʼmorlari hisoblanadi.
Tasviriy sanʼati. Vyetnam xalqlarining betakror va oʻziga xos badiiy ijodiyoti mil. av. 1-a. lardan boshlangan. 9—12-a. lardagi monumental haykaltaroshlik gʻoyat nafisligi bilan ajralib turadi (chakyelik raqqosa va sozandaning boʻrtma tasviri). 11—15-a. lar haykaltaroshligida hayvonlarning goʻzal va mutanosib qiyofasini yaratish koʻzga tashlanadi. 15—18-a. larda portret rang-tasviri rivojlandi. Vyetnamda qadimdan amaliy bezak sanʼati — metallga gul solish, kulolchilik, kashtadoʻzlik, fil suyagi oʻymakorligi, lok bilan bezash va h. k. larning har xil turlari keng yoyilgan. Hoz. tasviriy sanʼatda rassomlik va grafika (Liong Suan Ni, Fan Ke An, Nguyen Van Ti, Nguyen Dik-Nung, To Ngok Van va b.), haykaltaroshlik (Chan Van Lam) rivoj topgan.
Musiqasi. Vyetnam professional musiqasida xitoy, shuningdek asosan tyam va budda diniy musiqa madaniyatining taʼsiri seziladi. Milliy operada ashula bilan birga rechitativ, nutq, raqs, imo-ishora ham uchraydi. Cholgʻu asboblari: puflab chalinadigan — bambuk kxen, naysimon shao bau, tiyeu, pidoy va b., goboy toifasidagi piramlang; torli (1 tordan 42 torgacha) — qad. bir torli bau, chang toifasidagi txapluk; zarbli — turli barabanlar, gonglar, buben va b., 1945-y. dan keyin mamlakat shim. da milliy musiqa madaniyati yuksaldi, ommaviy vatanparvarlik qoʻshiqlari keng yoyildi, katta shakldagi musiqa turlari (oratoriya, kantata, simfoniya) rivojlandi. Opera ommalashdi (kompozitorlar Do Nyuan, Nyat Lay, Nguyen Suan Xoat, Nguyen Nyeo Tui). 1960-y. dan balet yuzaga keldi (kompozitorlar Chan Kuy, Xoan Van, Nguyen Din Tan va b.). Xanoyda konservatoriya, musiqa maktablari, opera teatri, simfoniya va xalq cholgʻu asboblari orkestrlari, davlat xori, qoʻshiq va raqs ansambli bor.
Teatri. Xalq marosimlari Vyetnam teatrining manbaidir. Teo xalq teatri, tuong va kayliong teatrlari ana shu marosimlar zamiridan yetishib chiqqan. Muloyim raqslar, musiqa va qoʻshiqlar ularning ifoda vositasi boʻldi. 20-a. boshlarida Xanoyda kitnoy deb atalgan zamonaviy soʻzlashuv uslubidagi drama teatri vujudga keldi. Teatr sahnasida milliy dramaturglarning asarlari («Vijdon azobi», «Fuong ismli qizning qabri») va jahon mumtoz dramaturgiyasi namunalari (Shekspir, Molyer pyesalari) qoʻyildi. 1946—54 y. lardagi urush davrida kitnoy aktyorlari harbiy qismlarda «Vatanga sadoqat qasami», «Vatan uchun jon bermoq» kabi vatanparvarlik ruhidagi tomoshalarni koʻrsatishdi. 20-a. ning oxirgi oʻn yilliklarida teo, tuong, kayliong va ayniqsa kitnoy teatrlarining faoliyati kuchaydi. 1961-y. da oliy drama maktabi ochilgan. Vyetnamda professional va havaskorlik truppalari, anʼanaviy xalq koʻgarchoq teatri mavjud. Birinchi professional qoʻgʻirchoq teatri 1957-y. Xananda tashkil etilgan.
Kinosi. Vyetnam hujjatli kinosining asoschilari orasida operatorlar Xuang Me, May Lok, Kuang Tuy, Fen Ngiyemlar bor. 1953-y. da kino i. ch. ga rahbarlik qiluvchi milliy birlashma tashkil etildi. 1956-y. da Xanoyda kinostudiya, 1959-y. da Milliy kino maktabi barpo etildi. Film l ar orasida «Ti Xao ismli qiz» (rej. Fam Ki Nam), «17-parallel», «Xanoylik qizcha» (ikkovining rej. Xay Nin), «Avgust yulduzi» (rej. Chan Dak) ni koʻrsatish mumkin. Oʻzbekiston—V. munosabatlari. VSR tashqi ishlar vazirining 1994-y. fev. da OʻzRga tashrifi chogʻida imzolangan «Savdo-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim» va Oʻzaro maslahatlashuvlar haqidagi bayonnoma iktisodiy munosabatlarni rivojlantirishga imkon yaratdi. OʻzR Prezidenti I. A. Karimovning 1996-y. mart oyida boʻldi. Tashrif yakunida «Oʻzbekiston Respublikasi bilan Vyetnam Sotsialistax Respublikasi oʻrtasidagi davlatlararo munosabatlarning asoslari va hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma», «Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida», «Savdo-iqtisodiy va fan-texnika hamkorligi boʻyicha Oʻzbekiston — Vyetnam hukumatlararo komissiyasini tuzish haqida»gi kelishuvlar va b. hujjatlar imzolandi. OʻzR Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan Vyetnam tashqi savdo banki hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma imzoladilar.
Oʻzbekistonning VSR bilan tovar aylanmasi 1996-y. da 4,4 mln. AQSH dollarini tashkil qildi. Oʻzbekiston Vyetnamga pilla, yogʻ va moy, elektr asbob-uskunalari yuboradi va undan choy hamda turli xizmatlar oladi. OʻzR Tashqi iktisodiy aloqalar vazirligida «Dongshon» va «Oʻz-Xishako-Interneyshnl» qoʻshma korxonalari tashqi iktisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida roʻyxatga olingan. Ular toʻqimachilik mahsulotlarini i. ch., savdo-vositachilik amaliyoti, shuningdek pilla va ipak chiqitlarini xarid qilish b-n shugʻullanadi.
Vir necha yillar davomida Oʻzbekistonda Vyetnam uchun mutaxassislar tayyorlangan. Mutaxassislar asosan energetika, qurilish, avtomatika va hisoblash texnikasi, gidrogeol., injenerlik geol. si, tibbiyot, yurisprudensiya, sharqshunoslik, q. x. va melioratsiya kabi sohalar boʻyicha tayyorlangan. 1995-y. 22 dek. da «Oʻzbekistan — Vyetnam» doʻstlik jamiyati tuzilgan.