YoSh TURKLAR

YoSh TURKLAR — 19a. oxiri va 20a. boshlarida Usmonli turk imperiyasidagi inqilobiy harakat qatnashchilari, «Ittihod va taraqqiy» partiyasi aʼzolari. Yosh turklar (ular dastlab oʻzlarini Yangi usmonlilar deb atashgan)ning asosiy maqsadi sulton Abdulhamid II (1842— 1918)ning istibdodini konstitutsion tuzum bilan almashtirish, Turkiyada ajnabiylar hukmronligiga qarshi kurash va demokratik jamiyat qurish boʻlgan. Ziyo Goʻkalp (1876—1924) Yosh turklarning asosiy mafkurachisi edi. Yosh turklar mamlakatda norozilik mitinglari va namoyishlarni doimiy ravishda oʻtkazib turgan. Abdulhamid II ularga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi. 1908-y. sultonlikka qarashli Makedoniyada Yosh turklarning taʼsiri nihoyatda kuchaydi, ularning tashkilotiga 15000 kishi aʼzo boʻldi. Bu paytda Makedoniyada ijtimoiysiyosiy va etnik vaziyat ham ancha keskinlashgan edi. 1908-y. 3-iyulda Resne sh. da leytenant Ahmad Niyoziy rahbarligida partizan otryadlari, 6-iyulda mayor Anvarbey (q. Anvar Posho) boshchiligida askarlar sulton zulmiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtardi. Oradan koʻp oʻtmay bu inqilobga Makedoniyadagi turk harbiy qismlari qoʻshildi. Yosh turklarning Salonikidagi «Ittihod va taraqqiy» qoʻmitasi unga rahbarlik qildi. 23-iyulda Yosh turklarning inqilobchi otryadlari Makedoniyaning Saloniki, Monastir va b. shaharlariga tantanali ravishda kirib keldi. Inqilob tez orada mamlakatning Sinop, Trabzon, Diyorbakr, Badlis, Izmir kabi markaziy shaharlariga ham tarqaldi. 24 iyul kechqurun sulton Abdulhamid II Turkiyada 1876-y. dagi Konstitutsiyani qayta tiklash va parlamentga saylov oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmonni imzolashga majbur boʻldi. Mamlakatda Yosh turklar inqilobi gʻalaba qozondi. Turkiyada demokratik erkinliklar oʻrnatildi, 40000 siyosiy mahbus ozod qilindi, siyosiy muhojirlarga oʻz vataniga qaytish uchun ruxsat berildi. Saltanatdagi barcha fuqarolar teng huquqli usmonlilar deb eʼlon etildi, koʻplab gaz. va jur. lar chiqarildi. Biroq 1909-y. apr. da Abdulhamid II Gʻarb davlatlarining yordamiga tayanib, istibdod siyosatini qayta oʻrnatdi. Makedoniyadan chaqirilgan armiya yordamida aksilinqilob tez orada bostirildi. Ammo 27 apr. da Abdulhamid II taxtdan tushirilib, Yosh turklar Muhammad V Rashidni (hukmronligi: 1909—18) sulton deb eʼlon qildilar. Hokimiyatda asosiy oʻrinni Yosh turklarning yoʻlboshchilari Talʼat Posho, Anvar Posho, Jamol Posho egallay boshladi. ItaliyaTurkiya urushi (1911 —12)da Turkiya yengilgach, 1911-y. da ittihodchilardan ajralib chiqqan muxolifatdagi «Hurriyat va iʼtilof» jamiyati bundan foydalanib, 1912-y. hokimiyatni egalladi. Lekin 1913-y. yanv. da boʻlgan harbiy toʻntarish natijasida Turkiyada yana Yo. t. hokimiyati toʻliq oʻrnatildi. Talʼat Posho, Anvar Posho, Jamol Poshodan iborat triumvirat (uchlik) hokimiyatni boshqara boshladi. Ular turkchilik va islomchilik siyosatini izchil davom ettirib, tashqi faoliyatda Germaniyaga yaqinlashdilar. Turkiya Germaniya tomonida turib Birinchi jahon urushtz. tortildi. Turkiya Iroq, Hijoz va Misrda Angliyaga qarshi, Kavkaz va Eronda Rossiyaga qarshi jang harakatlarini olib bordi. Turkiya urushda yengilgach, Yosh turklar hukumati isteʼfoga chiqdi. Jamol Posho va Anvar Posho keyinchalik Turkistonga kelishdi. Yosh turklar faoliyati taqiklandi. Ad.: Ziyo Goʻkalp, Turkchilik asoslari, T., 1994; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 1kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000.

Qahramon Rajabov.


Lotin alifbosida maqola: YoSh TURKLAR haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TURKIYA
XITOY
ROSSIYA
ITTIHOD VA TARAQQIY
USMONLI TURK IMPERIYASI


Добавить комментарий