ZAXM

ZAXM, lyues, sifilis — barcha aʼzo va sistemalarning zararlanishi bilan kechadigan surunkali tanosil (venerik) kasalligi. 3. qadimdan maʼlum. Uning yer yuzida paydo boʻlishi va tarqalishi haqida turli fikr va nazariyalar mavjud. Koʻp olimlar fikriga koʻra, Xristofor Kolumbning 3. bilan kasallangan matroslari Ispaniyada 3. tarqalishiga sabab boʻlishgan. 1496-y. da epidemiya boshlanib, Italiya, Fransiya, Shveysariya, Germaniya, keyin Avstriya, Vengriya va Polshaga tarqalgan. Ayrim olimlar 3. Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqda qadim zamonlarda ham mavjud boʻlgan degan fikrdalar. Oʻtmishning buyuk olimlari Galen, Gippokrat, Abu Ali ibn Sino va b. ning asarlarida yozilgan kasallik belgilari (yara, afta, kondiloma va b.) aynan 3. klinikasini eslatadi. 3. 16a. boshlarida deyarli butun dunyoda paydo boʻlgan. Zaxmni oqish treponema (spiroxetalar) qoʻzgʻatadi (bu mikroorganizm anilin boʻyogʻi bilan yomon boʻyalganligi uchun oqish deyiladi). U bemor qonida, teridagi yarada, limfa tugunlari, orqa miya suyuqligida, soʻlagida, nerv toʻqimalari va hamma aʼzolarida, hatto 3. bilan ogʻrigan ayol sutida va erkak shahvatida ham boʻladi. Oqish treponema organizmdan tashqarida quritilganda oʻladi, lekin nam muhitda (mas, shahvat, soʻlakda, qin shilimshigida) uzoq yashaydi. Bemor 3. tarqatadigan manbadir; u sogʻlom kishi bilan oʻpishganda, jinsiy aloqa qilganda yoki uning idishtovoqlaridan foydalanganda kasallik yuqadi. Keyingi yillarda qon quyish yoʻli bilan ham (transfuzion) 3. yuqish hollari ahyonda kuzatiladi. Oqish treponema teriga yoki shilliq pardaga kirgach, tez koʻpayadi va limfa tomirlari orqali butun organizmga tarqaladi. 3. bilan kasallangan odam avval oʻzini mutlaqo sogʻlom sezadi, 3—4 haftadan keyin (yashirin — inkubatsion davr tugagach) oqish treponemalar kirgan joyda Zaxmning birinchi belgisi — ogʻrimaydigan birlamchi sifiloma (qattiq shankr) paydo boʻladi. Bemor furunkulyoz, oʻpka yalligʻlanishi, angina, soʻzak va b. kasalliklar sababli biror antibiotik bilan davolangan boʻlsa, Zaxmning yashirin davri ancha choʻzilishi mumkin. Bunday hollarda antibiotikning tegishli dozasi treponemalarni yoʻq qila olmay, ularning rivojlanishini bir oz toʻxtatib qoʻyadi, natijada yashirin davr ancha choʻzilib ketishidan tashqari, kasallik boshqacha kechishi mumkin. Qattiq shankr paydo boʻlishi bilan Zaxmning birinchi davri boshlanadi: yara (shankr)ga yaqin limfa tugunlari yalligʻlanib shishadi, kattalashadi va bir oz qattiqlashadi; koʻpincha darmon quriydi, isitma chiqadi, bosh ogʻriydi, ayniqsa kechasi suyaklar qaqshab ogʻriydi, uyqusizlik kuzatiladi. Bu davr 6—9 hafta davom etadi va oʻz vaqtida davo qilinmasa, ikkinchi davriga oʻtib ketadi: ogʻiz shilliq qavati, jinsiy aʼzolar, qoʻl, oyoq va badanda dogʻ, tuguncha va h. k. koʻrinishida katta-kichik, rang-barang toshmalar (yiringli tugunchali) paydo boʻladi; koʻpchilik bemorlarning sochi toʻkila boshlaydi, suyak, boʻgʻim, muskul, qon tomirlar, yurak, koʻz, quloq, ichki aʼzolar va nerv sistemasi zararlanishi mumkin. Bu davrda bemor atrofdagilar uchun oʻta xavfli hisoblanadi. Ikkinchi davr boshida paydo boʻlgan toshma hech qanday davo qilinmasa ham, bir qancha vaqtdan keyin butunlay yoʻqolib ketadi; bemor oʻzini sogʻlom sezib, qech narsadan shikoyat qilmaydi, lekin bu bemorning dardi aridi va u atrofdagilarga kasallik yuqtirmaydi, degan gap emas. Bu faqat Zaxmning latent yoki yashirin davri, xolos. Bemor qunt bilan davolansa, sogʻayib ketadi. Davo qilmay qoʻysa, kasallik toʻsatdan qaytalanib (retsidiv), ikkinchi davrning hamma belgilari namoyon boʻladi va bir qancha vaqtdan keyin ular yana yoʻqoladi. Bu jarayon bir necha marta takrorlanishi mumkin. Har galgi qaytalanish oldingisidan faqat kam toshma toshishi bilan farq qiladi. Bemor vrach aytganlarini qilmasa, spirtli ichimliklar isteʼmol qilsa, taxm. 3—5 yildan keyin ikkinchi davr Zaxmning oxirgi, uchinchi davriga oʻtadi: olcha danagidek doʻmboqchalar yoki tuxumdek, baʼzan undan kattaroq gummalar paydo boʻlib, toʻqimalarni yemiradi, yaraga aylanadi va chandiqlanib bitadi. Kasallik oqibati gummalar oʻrnashgan joyga bogʻliq. Miya, yurak, tomir, jigar kabi hayot uchun muhim aʼzolar zararlansa, bemor hayoti xavf ostida qoladi; yuz zararlangan boʻlsa, burun skeleti yemirilib, bemor badbashara, burni egarsimon boʻlib qoladi. Harakat, koʻruv, eshituv aʼzolari, nerv sistemasining zararlanishi kishini umrbod mayib qilib qoʻyadi.

3. hamma vaqt ham uchinchi davrga oʻtavermaydi. Bemor kasallikning birinchi davrida davolana boshlasa, ikkinchi davri paydo boʻlmay tuzalib ketadi. Bemor vaqtida davolanmay, kasalligini oʻtkazib yuborsa, Zaxmning uchchala davri birin-ketin roʻy beradi. Zaxmning birinchi davridayoq nerv sistemasi zararlanadi, lekin bu uchinchi davrda juda ogʻir oʻtadi — orqa miya soʻxtasi va avj oluvchi falajga sabab boʻladi; bunda yangi davo vositalari ham bemorga foyda bermay qoʻyadi.

Kasal ona davolash kursini toʻliq oʻtmagan boʻlsa, 3. bolasiga oʻtishi mumkin. Ayolning boʻyida boʻlishidan oldin yoki homiladorlik davrida erkak unga 3. yuqtirganda ham kasallik bolaga oʻtadi. Bu irsiy emas, tugʻma Zaxm dir. 3. ayolning farzand koʻrmasligiga sabab boʻlmaydi, biroq homilador 3. bilan ogʻrib davolanmasa, odatda, homiladorlikning 4—5 oyida bolasi tushadi yoki 3. bolaning chala (7—8 oyligida) majruh, baʼzan ulik tugʻilishiga sabab boʻladi. 3. belgilari yoʻkligi uchun uning yashirin davrini oʻtayotgan ona oʻzini sogʻlom his qiladi va koʻpincha dardi juda ogʻir, 3. bilan kasallangan bola tugʻadi. Yetuk tugʻilgan bolada birinchi kunlari yoki birinchi oy oxiri yoki ikkinchi oy boshida tugʻma 3. belgilari namoyon boʻladi. Suyaklar zararlanishi qattiq ogʻriqqa sabab boʻlib, bola uxlay olmaydi va yigʻlay beradi; badaniga dogʻga oʻxshash va tugunsimon juda koʻp toshma toshadi; koʻpincha ichki aʼzolar, nerv sistemasi va sezgi aʼzolari zararlanadi. Kechikkan tugʻma 3., odatda, bola 5 yoshdan balogʻatga yetguncha roʻy berishi mumkin. Davolanmagan yoki chala davolangan bolalardagina kechikkan tugʻma 3. hayot uchun xavflidir.

Davosi. Bemor vrach aytganlarini qilib, qunt bilan uzoq davolanishi kerak. 3. davrlariga qarab maxsus davo tadbirlari belgilanadi, zaxmga karshi dorilar buyuriladi. Bemorlar venerologiya dispanserlarida hisobga olinib, muntazam tekshirib turiladi. Kasalligini yashirib, davolanmay yurgan yoki davomi toʻxtatib qoʻygan bemorlar qonun yoʻli b-n majburiy davolanadi.

Oldini olish. Dispanserlar 3. b-n ogʻrigan bemor oila aʼzolarini, u b-n jinsiy aloqada boʻlgan kishilarni tekshiradi, bemor kimdan kasallik yuqtirganini aniqlaydi va Zaxmning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik tadbirlarini koʻradi.

Ad.:Arifov S, Eshboyev E., Teri va tanosil kasalliklari, T., 1997.

Saidqosim Arifov.


Lotin alifbosida maqola: ZAXM haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Z harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



IBN SINO
FRANSIYA
YER
ITALIYA
VENGRIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты