GAZLAMA — arkok va tanda iplarining oʻrilishidan hosil boʻladigan, pardozlangan va ishlatishga tayyor mato. Oʻlchab — gazlab (q. Gaz) sotilganligi uchun shunday nomlangan. Gazlama qadimda daraxt poʻstloqlaridan qoʻlda, keyinchalik tolalardan yogʻoch dastgoxlar, doʻkonlar, toʻquv stanoklarida toʻqilgan. Hozir asosan avtomat stanoklarda toʻqiladi.
Oqartirilgan, sidirgʻa yoki gulli, oʻng tomoni tukli va tuksiz Gazlamalar boʻladi. Gazlamadan kiyim-kechak tikiladi, roʻzgʻor buyumlari tayyorlanadi, u texnikaning turli sohalarida ishlatiladi. Gazlamalar tanda (oʻrish, boʻylama) va arqoq (enlama) iplarning oʻrilishi, ularning materiali, eni, pardoz turlari, ishlatilishi bilan bir-biridan ajraladi (ip gazlama, jun gazlama, ipak gazlama va h. k.). G. ning pishiqlik, kirishuvchanlik, choʻziluvchanlik, qalinlik xossalari bor. Pishiqlik — tanda va arqoq iplarining pishitilishi va oʻrilishiga bogʻliq, u maxsus dinamometr yordamida anikdanadi. Choʻziluvchanlik — tanda va arqoq iplari yoʻnalishida tortilganda yirtilguncha uzayishi. Dinamometrda pishiqlikni oʻlchash vaqtida aniqlanadi. Kirishuvchanlik — saqlash, hoʻllash, yuvish va b. hollarda oʻlchamining qisqarishi. U tanda va arqoq iplarining materiali va xossalari, toʻqimaning tuzilishi hamda pardozlash xillariga bogʻliq; G. 3—10% kirishishi mumkin. Qalinligi tanda va arqoq iplarining yoʻgʻonligiga, zichligi va pardoz turlariga bogliq. Kiyimlik Gazlama larning qalinligi 0,1—5,0 mm, texnikada ishlatiladiganlariniki bundan qalin boʻladi. Qalinlik maxsus asboblar bilan oʻlchanadi. Gazlamalarni pardozlashda tukini yoʻqotish, ohorini toʻkish, oqartirish, boʻyash, gul bosish, tarash va b. ishlar bajariladi. Tukini yoʻqotish — G. yuziga chiqib qolgan ip va tolalarni olib tashlash; kuydirish yoki qirqish yoʻli bilan bajariladi. Kuydirish uchun Gazlamalar qizitilgan metall yuzasidan yoki gaz alangasi ustidan tez oʻtkaziladi. Qirqish esa maxsus mashinalarda tez aylanuvchi pichoqlar yordamida bajariladi. Bunda Gazlama tekis va chiroyli boʻlib chiqadi. Ohorini toʻkish — tanda iplaridagi ohorni yuvish, bunda Gazlama maxsus eritmali hovuzda ivitiladi, soʻngra yuvib ohordan tozalanadi. Ohori toʻkilgan Gazlama boʻyaladi, gul bosishda boʻyovchi moddalar iplarga yaxshi oʻrnashadi va yuvilganda aynimaydi. Oqartirish — toʻqimadagi tabiiy sargʻish rangni yoʻqotib, gazlamaga oq tus berish. Gazlamalar toʻliq oqartirilgandan soʻng boʻyaladi yoki gul bosiladi. Sidirgʻa boʻyash — G. larni turli ranglar bilan bir xil qilib boʻyash. Gul bosish — G. ning oʻng tomoniga turli ranglardan maxsus mashinalarda bezaklar tushirish. Tarash — toʻqimadagi arqoq iplarini titib, tolalarini yuzaga chiqarish jarayoni. Bu jarayon ninalik tasma (kardolenta) yordamida tarashlash mashinalarida bajariladi. Bunda Gazlamalar (movut, paxmoq va b.) issiq saqlaydigan va mayin boʻladi. Xonalarni bezash, mebellarga qoplash, eshik va derazalarga tutish uchun ishlatiladigan Gazlama bezak mato deb ataladi. Bundam matolar toʻqiladi yoki pardozlash vaqtida gul bosib tayyorlanadi. Ular pishitilgan har xil rangli iplardan (paxta, jun, ipak va kimyoviy tolalar hamda metall iplardan) toʻqiladi. Bezak Gazlamalar jakkard mashinasi yordamida yirik gulli oʻrilishda toʻquv dastgoxlarida yoki qoʻlda toʻqiladi. Oʻngi tekis, gʻadirbudur va tukli boʻladi. Bunday gazlamalar pishiq, yorugʻbardosh boʻlishi kerak (yana q. Atlas, Banoras, Batist, Beqasam, Boʻz, Chit, Toʻqimachilik, Toʻquvchilik).
Ad.: Olimboyev E. Sh. vab., Toʻquvchilik texnologiyasi va toʻquv stanoklari, T., 1987.