FORS TILI

FORS TILI, forsiy — xindevropa tillari oilasidagi eroniy tillar guruhining jan. gʻarbiy tarmogʻiga mansub til; asosan, Eronda (Eron Islom Respublikasining rasmiy tili hamda millatlararo aloqa tili), shuningdek, Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, AQSHda, Kavkazorti va Oʻrta Osiyo respublikalarida («eroniy» deb ataladi) tarqalgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni, oʻtgan asr oxirlaridagi maʼlumotlarga koʻra, 26 mln. kishidan ortiq. Fors tili tarixida 3 davr farqlanadi: qad., oʻrta va yangi. Xoz. Fors tili tojik hamda Afgʻonistondagi dari (forsi kobuliy) tillari bilan birgalikda qad. fors (axomaniylar sulolasi shohlarining mil. av. 6—4-a. larga mansub mixxat yodgorliklaridan maʼlum), oʻrta fors (mil. 3—7-a. lar yodgorliklari) va mumtoz yangi fors (9 — 14-a. lar yodgorliklari) davrlarining genetik vorisi hisoblanadi. Fors tili oʻrta asrlarda Ozarbayjon va Hindistonda ham adabiy til sifatida qoʻllangan.

Fors tilining koʻplab lahja va shevalari boʻlib, tehron lahjasi ularning eng asosiysi va eng koʻp oʻrganilganidir. Bu lahja hoz. adabiy Fors tiliga asos boʻlgan. Fonetik xususiyatlari: 6 ta monoftong, 2 ta diftong, 22 ta undosh fonema mavjud. Chuqur til orqa va boʻgʻiz undoshlari bor, urgʻu, odatda, oxirgi boʻgʻinga tushadi. Morfologik qurilishi analitik xususiyatga ega, kelishik va jins kabi grammatik kategoriyalar mavjud emas. Otlar son, aniklik va noaniklik kategoriyalariga, feʼllar shaxs, zamon, nisbat va mayl kategoriyalariga ega. Feʼl yagona tuslanish turiga ega va tuzilishiga koʻra sodda va qoʻshma feʼllarga ajraladi. Gapdagi soʻzlar aloqasida izofali tuzilmalar keng kullanadi. Kesim, asosan, ran oxirida, ega esa ran boshida, aniqlovchi aniqlanmishdan keyin keladi. Leksikasining asosini sof eroniy soʻzlar tashkil etadi, lekin arabcha oʻzlashmalar ham juda koʻp (barcha leksikaning 50% igacha), shuningdek, turk, fransuz, ingliz va b. tillardan kirgan soʻzlar ham bor.

Fors tili qad. yozuv anʼanalariga ega, unda boy adabiyot mavjud. Dastlabki yodgorliklari 9-a. ning 1-yarmiga mansub. Yozuvi arab alifbosi asosida, unga fors tiliga xos tovushlarni ifodalovchi 4 xarf qoʻshilgan holda shakllantirilgan.

Ad.: Rubinchik Yu. A., Sovremennыy persidskiy yazыk, M., 1960; Peysikov L. S, Leksikologiya sovremennogo persidskogo yazыka, M„ 1975.

Anvar Ismoilov.


Lotin alifbosida maqola: FORS TILI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: F harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ERON
HINDISTON
POKISTON
XITOY
JAHON TILLARI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты