GANCH OʻYMAKORLIGI

GANCH OʻYMAKORLIGI — oʻymakorlik turi; amaliy sanʼatning keng tarqalgan sohasi. Ganchga oʻyma naqsh va tasvir ishlashning qulayligi Ganch oʻymakorligining rivojlanishiga olib keldi. Ganch qorishmasi yangiligida oson kesiladi, bu undan shakllar oʻyish, yasash imkonini beradi, lekin qotgandan soʻng u toshga oʻxshab qoladi. Ganch oʻymakorligida naqshlar maxsus metall keskichlar vositasida tekis (2 — 3 mm) va chuqur (2—3 sm) oʻyib solinadi, oʻyilgan naqsh yuzi rangli va rangsiz gulganch bilan pardozlanadi. Pardoz turlaridan chok pardoz, pax pardoz, loʻla pardoz, shabaqa pardozlar keng qoʻllaniladi. Naqsh mujassamotini anʼanaviy oʻsimliksimon (islimiy) va handasiy (girix) naqshlar tashkil etadi. Ganch oʻymakorligi jamoat binolari, turar joylarni bezatishda keng qoʻllaniladi. Jumladan taxmon, tokcha, javonlar oʻyma naqshlar b-n, ularniig yuqori devor bilan shift tutashgan joylari sharafalar bilan bezatiladi, atroflari ensiz zanjira bilan oʻraladi.

Oʻrta Osiyo hududida 1-a. dan ganchga oʻyma naqsh ishlangan. Xorazmdagi Tuproqqalʼa, Buxorodagi hukmdorlar sa-roylari va b. joylardagi arxeologik qazishlar jarayonida Ganch oʻymakorligi namunalari topilgan. Kad. qalʼa shaharlar binolari bezagida va ilk oʻrta asrlar yodgorliklarida oʻyib, boʻyab, boʻrttirib tasvirlar ishlangan (Varaxsha, Panjakent, Afrosiyob va b.), terrakota (sopol) haykalchalar topilgan. Islom dini kirib kelishi bilan mahobatli binolar (saroy, Madrasa, masjid, maqbara, karvonsaroy va b.) bezagida tasvirlar oʻrnini oʻyma girih va islimiy naqshlar egalladi. Oʻzbekistonda saqlangan meʼmoriy yodgorliklar qadimda naqsh sanʼati yuksak darajada rivojlanganligi, ustalar handasani puxta oʻrganib, Ganch oʻymakorligi sanʼatini yaxshi egallaganliklarini koʻrsatadi. Termiz shohlar saroyi (12-a.) dagi Ganch oʻymakorligi namunalari qolipaki usulida tayyorlanib, soʻng devorga mustahkamlangan, 12— 13-a. larda Xorazmda muqarnas sanʼati rivojtopgan. 14—15-a. larda mahobatli binolar bezaklarida sirkor gʻisht, koshindan koʻp foydalanilgan boʻlsa ham, ularga ganchdan muqarnas, sharafalar koʻp ishlangan, naqshlar jozibasi hozir ham diqqatni tortadi (mas, Xoʻja Ahmad Yassaviy maqbarasi). 17 — 19-a. larga mansub binolar: Samarqanddagi Registon ansambli, Buxorodagi Abdulazizxon madrasasi, Xivadagi Pahlavon Maxmud maqbarasi, Toshhovli saroyi, umuman Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qoʻqon, Xorazm meʼmoriy yodgorliklaridagi Ganch oʻymakorligi namunalari bu davrlarda shu joylarda Ganch oʻymakorligining oʻziga xos uslublari, mustaqil maktablari shakllanganligini koʻrsatadi. Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa, Samarqanddagi Kalontarov uyi, Toshkentdagi Polovsev uyi (hoz. Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyi binosi), Xivadagi Nurullaboy saroyi, Qoʻqondagi Xudoyorxon oʻrdasi, koʻp sonli shaxeiy uylar bezaklari shundan dalolat beradi.

Ganch oʻymakorligi kasbi «ustoz-shogird» usulida avloddan avlodga oʻtgan! 20-a. 60-y. laridan Ganch oʻymakorligidan badiiy bilim yurtlarida, badiiy korxonalar qoshida, havaskorlik toʻgaraklarida taʼlim beriladi. Respublika rassomlik kollejida badiiy ganch oʻymakorligi boʻlimi ochilgan (1994). Oʻzbekistan shahar va qishloqparida bunyod etilgan aksariyat jamoat binolari xalq ustalari ishtirokida bezatildi: Muqimiy teatrining hoz. binosi (1943), Navoiy teatri binosi (1947) va b. binolar. Navoiy teatri binosi respublikada mavjud Ganch oʻymakorligi uslublarini hisobga olgan hodda foyelarni bir necha zalga ajratib, har bir zal maxsus uslubda bezatildi: Buxoro zali (Usta Shirin Murodov), Toshkent zali (T. Arsloщulov), Samarkand zali (Usta Kuli Jalilov), Xiva zali (A. Boltayev). 20-a. ning 2-yarmida bunyod qilingan binolar: Oʻzbekistan xalqlari tarixi muzeyi, Xalqlar doʻstligi saroyi, Turkiston saroyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Oliy Majlis binosi va b. G. oʻ. bilan bezatildi.

Xalq ustalari Ganch oʻymakorligi sohasidagi milliy anʼanalarni davom ettirib rivojlantirmokdalar va zamonaviy mavzular bilan boyitmokdalar.

Surayyo Aliyeva.


Lotin alifbosida maqola: GANCH OʻYMAKORLIGI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: G harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AMALIY SANʼAT
TOSHKENT
XALQ IJODI
NAQSH
OʻYMAKORLIK


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты