XIX asr ikkinchi yarmida Turonzaminning chor Rossiyasi tomonidan nisbatan osongina bosib olinishi sabablari xususida gap borganida, ko'p hollarda o'lkadagi Buxoro, Qo'qon va Xiva xonliklarining hukmfarmolari o'zaro ahil bo'lmaganligi masalasiga urg'u beriladi. Bu fikr to'g'ri deb o'ylaymiz. Negaki chor Rossiyasi bosqinidan oldingi davrlarda ham bu uch mamlakat xonlari orasida turli nizolar chiqqan, ular bir-birlarining yerlariga hujum qilib, aholini talon-taroj etish hollari ro'y berib turgan. Biroq Rossiya imperatorligi Markaziy Osiyoni bosib olish fikrini qat'iylashtirganidan keyin xonliklarni bir-biriga gij-gijlash, ular orasida o'tib bo'lmas choh paydo etish maqsadini muttasil ravishda amalga oshirganligini arxiv materiallari tasdiqlaydi. Gapni olis davrlardan boshlamay, XIX asrning birinchi va ikkinchi choragidagi voqealarga nazar tashlay qolaylik. Chor Rossiyasi hukmron doiralari bu xonliklarga savdogar, sayyoh niqobida ketma-ket josuslar yo'llab, xonliklardagi haqiqiy ahvoldan puxta xabardor bo'lgach, ularning bosqinchilik rejalarida aldam-qaldam diplomatiyasi tobora ko'proq o'rin egallay boshlaydi. Bunda ular, bir tomondan, Qo'qon, Buxoro va Xivadan Rossiyaga yuborilgan elchilardan o'z yovuz maqsadlarini yashirib, xonliklarga yaqin hududlarda harbiy istehkomlar qurish, daryo portlarini kelajakdagi hujumlari uchun muvofiqlashtirish kabi nomatlub ishlarini go'yo xonliklar manfaati yo'lida qilinayotgan ishlar sifatida ko'rsatmoqchi bo'ladilar. Ikkinchi tomondan, Turonzaminga bosqin onlari yaqinlashgani sari bu yerdagi xonlar orasidagi nizoni ataylab kuchaytirishga qaratilgan manfur diplomatiyani imperator va uning eng yaqin a'yonlari ishtirokida amalga oshirishga erishadilar.
Bu aldam-qaldam diplomatiyaning namunalaridan biri 1842 yil bahorida Qo'qon xonligi amir Nasrullo tomonidan bosib olingach, tez orada Rossiya imperatori Nikolay birinchining amirga yo'llagan maktubi edi. Ikki xonlik o'rtasidagi bu adolatsiz urushning bosh sababchisi amir Nasrullo ekanligini yaxshi bilgan imperator amirning Qo'qondagi g'alabasidan mamnun ekanini bildiradi. Unga go'yo iltifot ko'rsatayotgandek bunday deb yozgan edi: «Qo'qondagi taxt uchun kurashlarni bartaraf qilish zarur. Shunday keyin Turkiston va Toshkent bilan Sirdaryo bo'yigacha bo'lgan yerlar, Jizzaxdan boshlab O'ratepa, Xo'jand, Qo'qon, Marg'ilon va Qashg'ar chegarasigacha bo'lgan yerlar Siz Hazrati oliylarining qo'llarida bo'lib, hukmronlik qilishingizni istaymiz».
Vaholanki, bu maktubdan atigi uch oy chamasi avval, 1842 yil 25 fevralda xonlik elchisi Muhammad Halil Sohibzoda orqali Muhammad Alixonga yo'llangan maktubida Nikolay birinchining xuddi o'zi: «Sizning qudratli Rossiya davlati bilan muntazam ravishda do'stona aloqalarda bo'lish istagingizni bilish Biz uchun g'oyat yoqimli bo'ldi. Sizning bu yaxshi niyatlaringizni Biz o'z tomonimizdan kamoli ehtirom ila qabul aylaymiz. Biz ishonamizki, Sizning o'zaro do'stona qo'shnichilik aloqalarini yo'lga qo'yish haqidagi samimiy g'amxo'rligingiz kelgusida muvaffaqiyatli natijalarga olib keladi. Sizga barcha ezguliklarni tilab qolamiz» (O'zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi, 715- jamg'arma 1-qayd, 4-ish, 16-sahifa), deb yozgandi.
Rossiyadek olamga tanilgan, qudratli davlatning imperatori uch oygina avval dunyoning barcha yaxshiliklarini tilab qolgan Qo'qon xonligiga endi yomonliklarni ravo ko'radi. Lekin oradan birmuncha vaqt o'tib xuddi shu amirlik va Xiva xonligi imperatorlikning vassaliga aylantirilishidan tashqari Qo'qon xonligining nomi jahon xaritasidan butunlay o'chirildi.
Yuqorida amir Nasrullo tomonidan 1842 yilda Qo'qon xonligida amalga oshirilgan ishlar sof ma'nodagi adolatsiz urush bo'lganligi borasida so'z yuritgan edik. Nega? Shuning uchunki, o'sha vaqtdagi Qo'qon hukmdori o'z yurtining amirlik tomonidan shafqatsizlarcha bosib olinishi, o'zi, ukasi, volidasi, xotini, farzandlari va boshqa yaqinlari bilan tumonat oldida ochiqchasiga qatl etilishiga arziydigan biror ish qilmagan edi.
O'sha davrning halol muarrixlari bu xususda bizga aniq ma'lumotlar qoldirishgan. Ular barchasi bu mudhish bosqinni katta va tuzatib bo'lmaydigan tarixiy xato sifatida baholashgan. Tarixiy manbalardan ma'lumki, amir Nasrullo o'z bosqinchilik yurishini oqlash uchun go'yo Muhammad Alixon otasi uylanmoqchi bo'lgan kanizakni nikohga olib, shariatga xilof ish tutdi, degan da'vo bilan chiqqan. Ishoqxon to'ra Ibrat «Tarixi Farg'ona» nomli asarida amir Nasrulloning bu ishiga aslida nimalar sabab bo'lgani xususida quyidagicha yozadi: «Muhammad Alixon anosini oldi, degan so'z rost bo'lmay, buxoriylar qatllarini aybini satri uchun qilg'an qabihalarini tavjig'a chiqarilmish so'zlari ekan. Asl muddao bo'lak ekan. Chunonchi, Umar- xon: «olaman», degan Podshohxon oyimni husnini eshitub, g'oyibona maftuni jamol bo'lub, muni anga sabab qilib kelgan ekan... Muhammad Alixonni xalqni ko'ziga osiyu gunohkor ko'rsatib, shariatni poymol qildi, tanbeh darkor, deb kelib, qancha xonzodau mazluma oyimlarni qatli bag'ayri haq qilib, oxirul amr murod o'shal oyim ekan, olub, muddaosig'a yetib, Buxorog'a olib ketdi».
Mirzoolim Mushrifning «Ansobu-s-salotin va ta- vorixu-l-xavoqin»ida esa amir Nasrullo bosqinining boshqa bir sababiga urg'u beriladi. «1252-sanada (milodiy 1936—37 yillar) Farg'ona xoni Muhammad Alixon birla amir Nasrullo oralarida Bashog'ir nom qal'a ta'miri xususida munozaat (nizo — Sh. Yu.) bo'ldi... Bashog'ir qal'asi munoze'i va ham boshqa sabablar ila amir Nasrullo Bahodirxon qo'shin jamlab, Farg'ona o'lkasiga yurush qilib, nizomiy askarlari birla osonlik bilan Bashog'irg'a istilo qilib, andin O'ratepa va Xo'jand shaharlarig'a doxil bo'lub, andin dorulmulki Farg'ona bo'lub turgan Ho'qand ustiga kelib, qatl aylab Buxoroga jo'nadi».
O'sha davrdagi boshqa muarrixlarning asarlarida ham amir Nasrullo Qo'qonga qilgan bu bosqin sabablari xususida hamfikrlik ko'zga tashlanadi. Ular bar¬chasi bosqin sababini, avvalo, Muhammad Alixon Qo'qon xonligi sarhadlarini mustahkamlash uchun amir likka chegaradosh Bashog'ir qal'asini yangilaganida, qolaversa, Muhammad Alixon nikohiga olgan kanizak Podshohxonning husn-jamoli ta'rifini eshitgan amir unga g'oyibona «oshiq» bo'lib qolganida ko'radilar.
Amir Nasrulloning bu vahshiyona bosqini va boshqa ko'pdan-ko'p nomatlub ishlari borasida gap borganida o'sha davrning tarixchilari xalq undan qattiq norozi bo'lib, amirni o'z ismi bilan emas, balki «Botir qassob» laqabi bilan atay boshlaganini qayd etadilar. Muarrixlarning aksar qismi asarlarida amir Nasrulloning a'yonlari ichida unga maslahat ko'rsatishga, haqiqiy ahvolni yuziga aytishga jur'at eta oladigan biror kishi yo'q edi, degan fikr ustunlik qiladi. Biroq o'sha davrda yozilgan ba'zi tarixiy asarlarda bu fikrning teskarisini isbotlovchi jihatlar ham uchraydi. Manbalar shuni ko'rsatadiki, amir Nasrullo qanchalar o'jar, shafqatsiz va jallodtabiat bo'lmasin, uning atrofida amirni dahshatli ishlardan qaytarishga da'vat etgan, hatto bu ishlar qanday mudhish oqibatlarga olib kelishini uning yuziga tik boqib aytgan mislsiz jasorat egalari ham bo'lgan. Masalan, Ishoqxon Ibrat «Tarixi Farg'ona»da, Mirzo Olim Maxdum «Tarixi Turkiston»da bunday ulkan jasorat, insof va aql egalaridan ikkitasi xususida alohida to'xtaladilar. Ularning birinchisi mohir sarkarda. Abdusamad noib, ikkinchisi esa ul¬kan shoir Junaydullo Hozikdir. Amir Nasrullo bosqiniga tob berolmay, ukasi Mahmudxon bilan birga qochgan Muhammad Alixonni uning huzuriga tutib keltirganlarida ro'y bergan voqeani Ibrat quyidagicha tasvirlaydi: «Amir darhol qatlg'a hukm qilg'anda o'z vazirlaridan Abdusamad noib degan hushmand kishi amirga «Janobi oliylariga maloli xotir bo'lmasa, bir kalima so'z aytsam», deganda amir «Nima so'zdur?» degan ekan. Aytibdurki, «Holo Xo'qand zabt o'ldi, Farg'ona katta mamlakatdur, qancha askaru sipohu xazina sarf o'lub olindi, alholda rusiyani kelmagi mahali xavfdur. Agarda xonni onti akid berib,tavba qildurub, Xo'qandg'a qo'yub, Buxorog'a tobe' qilib, bir mulk bo'lub bizlarga kelgan dushmanlarga bir qalqon bo'lur erdi», deganda so'zi amirga ma'qul bo'lmay, og'ziga kafsh bilan urdurg'on ekan».
Abdusamad noibning ham mislsiz jasorat, ham tengsiz donolik namunasi bo'lgan bu so'zlarida ikki jihatga alohida e'tibor berish lozim bo'ladi. Avvalo shuki, chor Rossiyasi Oqmasjidni bosib olishdan o'n bir yil ilgari Abdusamad bu «mahali xavf»ni yaqqol idrok etib, xuddi ana shu daf' etish mushkul bo'lgan xavfdan amirni ogohlantirishga jur'at etgan. Ikkinchidan esa, bu gapni oddiy noib emas, balki harbiy sohada katta mutaxassis bo'lgan, o'zi inglizcha ta'lim berib, inglizcha qurollar bilan ta'minlagan 200 askariy kuchi bilan xonlikni yengishda alohida ish ko'rsatgan shaxe aytmoqda. Ammo johil va nodon amir aql-idrokda, bilimdonlikda, insof-adolatda ko'pchilikka namuna bo'ladigan Abdusamad noibni o'ylamay-netmay xaloyiq oldida qattiq beobro' qiladi. Kekchi amirning bu jazosi hali xamir uchidan patir edi, xolos.
Amir bilan Abdusamad noib o'rtasidagi munosabatlar ana igu jazolash voqeasidan so'ng qanday tus olganligi va noibning keyingi fojiali takdiri borasida Mullo Olim Maxdum o'z kitobida keng ma'lumot beradi:
«1250 (milodiy 1834 yil) sanada Eroniston tarafidin Abdusamad Tabriziy nom zot Buxorog'a keldi. Ul odam dono va fozil va g'oyatda hunarmand va zakiy va sohibroy edi.
Oning sa'yi va dalolatli ila Buxoro mamlakatida bo'lgan Eron asirlarini sotib olib va boshqa vajhlar ilan olib, ikki yuzga yaqin jamlab, inglis tartibida nizomlik askar tartib qilib va boshqa urush asboblarini hozirlab, otlarg'a ta'lim berib, adadi oz bo'lsa ham, yaxshi muntazam askar ahdos qildi... Abdusamadg'a noiblik rutbasi berilib, amir Nasrul¬lo nazdida maqbul, g'oyatda e'tiborlik bo'ldi. Bir necha zamonlardan keyin hassod va dushmanlari ko'payib, har xil makruh tadbirlik so'zlar ilan amir Nasrulloni oning xususidagi ixlos va muhabbatni qaytarib (noibning asosiy aybi Qo'qonda amirga maslahat ko'rsatishga jur'at etgani ekanligidan muallifning xabari yo'q chamasi — Sh. Yu.), oxir to'pxona rayosatini bir nodon, johil sarkardag'a topshurub, Abdusamadni oning farmonig'a qo'ydi. Abdusamad bu ishdin g'oyatda oru nomus qilib, nihoyatda ko'ngli ranjib, oralarida kudurat paydo bo'lub, amirning yamon niyatidin xavfu taloshg'a tushub, Buxorodan qochmoq fikri ilan Shahrisabz hokimi ilan axdu paymon qilib, amir Nas¬rulloning Shahrisabz urushida Abdusamad o'z tabaasi va to'plari ila amirdan ko'b ilgari ketganlikdin amir vahima qilib, to'xtamoqqa amr berib, kishi yuborsa ham quloq solmay ketib turg'onda, amir ketidin askar yuborub, Shahrisabzg'a yaqin kelganda muhoraba qilib, olib qaytib, oni zindong'a solib, oxiri muni ham qatl qildi».
Bo'lar-bo'lmasga hadiksirayveradigan amirning Qo'qon yurishidagi qilmishlari tarix oldida uning yuzini qaro qilajagini bashorat aylagan va bu haqdagi fikrini amir yuziga bir qaqshatg'ich bayt bilan aytgan jasorat sohibi Hoziqning hayoti ham fojiali tugamasligi aslo mumkin emasdi. Bu xususda «Ansobu- s-salotin va tavorixu-l-xavoqin»da Mirzo Olim Mushrif quyidagicha ma'lumot beradi: «(Xo'qandain) necha manzilu marohil tay aylab Buxorog'a yaqin borg'anda... amir Bahodirxon xursandlik qilib, Mirzo Junaydullo Maxdum Hoziq maalaqabkim, shayxulislom Hirotiyning o'g'ullari erdi, amiri Buxorog'a kecha kunduz hamnishin erdilar, ziyoda gustoh ekanlar, amir farmoyish qildikim: «bizni bu safardin bozafar kelganimizg'a bir fard bayt mashq qilib, bir nimarsa ayting», dedilar. Darhol bu baytni o'qudilarkim, nazmi Hoziq:
Buridi bar qadi xud az malomat,
Libose to ba domoni qiyomat.
(Tarjimasi: O'z qaddingga yomonliklardan shunday bir libos bichtirib kiydingki, u ustingda qiyomatgacha qoladi.)
Amirning jahli kelib, rangida qatra qon qolmadi, to o'rdasig'a doxil bo'lg'uncha so'zlamadi.
Maxdum Hoziq tavahhumg'a qoldilar va o'shal kecha otlanib, Shahrisabzg'a o'tib ketdilar... Amiri Buxoro darg'azab bo'lub, necha muddatdin beri Dushaboy degan bir o'g'rini zindon qilib qo'yub erdi, ani chiqarib bir farmoyish qildikim: «Sen agar Maxdum Junaydni va eshon Shofe'ni boshlarini olib kelsang, band- din ozod qilaman», dedi. U ham qabul qilib, Shahrisabzga keldi...
Chor Rossiyasi Turonzaminni bosib olishga qat'iy qaror qilganidan voqif bo'lgan Angliya hukumati o'z manfaatlaridan kelib chiqib, Rossiyaning bu hududlardagi hukmronligiga yo'l qo'ymaslik rejalarini tuzgan edi. Bu rejaga ko'ra, Qo'qonda amir amalga oshirgan qonli voqealardan ilgariroq O'rta Osiyodagi uch xonlikka o'zining ikki zobitini — polkovnik Stoddart bilan kapitan Konollini ham yuborgandi. Stoddartga Buxoro amirligida, Konolliga esa Xiva hamda Qo'qon xonliklarida yurt hukmdorlari bilan uchrashib, ularni chorizm bosqiniga qarshi birgalikda kurashishga tayyorlash, bu ishda ularga ingliz hukumatining amaliy yordami qanday bo'lishini tushuntirish vazifasi yuklangan edi.
Mashhur Ismoilbek G'asprali o'zi nashr ettirgan «Tarjumon» gazetasining 1906 yilgi sonlarida e'lon qilingan «Tarixi jadidai Turkiston» nomli, Mulla Olim Maxdum esa keyinroq «Turkiston viloyatining gazeti»da chop etilgan «Tarixi Turkiston» nomli asarlarida bu missiyaning bosh maqsadi nimalardan iborat bo'lganligi xususida fikr bildiradilar.
«Stoddartning maslagi — deb yozadi I. G'asprali, — inglizlar tomonidan Buxoroga biror qasd yoki zarar keltirmasligiga janobi amirni ishontirib, boshqa bir davlatning qasd va tajovuzidan mudofaa etish istaklari bayonidan iborat edi. Shuningdek, agar amir munosib kursa, Buxoro askarini yangi va tezotar to'plar ila aslahalantirmoq va askariy muallimlar bermoq va Rusiyaning yashirin harakat hamda maqsadidan Buxoro hukumatini xabardor qilmoq edi».
Missiyaning asosiy maqsadi borasida Mulla Olim Maxdum kitobida shunga o'xshash fikrlar bayon etiladi.
Muarrixlarning shohidlik berishicha, xuddi shu maqsadda Xiva hamda Qo'qonga borgan kapitan Konolli yurt hukmdorlari Alloqulixon va Muhammad Ali¬xon bilan muzokaralar o'tkazib, Angliya qirollik hukumati takliflariga ularni ko'ndiradi. Ammo Buxoroga navbat kelganda amirning noto'g'ri yo'l tutishi tufayli chor Rossiyasi bosqinidan omon qolishning tarix bergan birdan-bir imkoniyati butunlay barbod beriladi, har ikki elchi har qanday insof va adolatga zid ravishda qatl etiladi. Voqea bunday bo'lgan edi:
Chor Rossiyasining Turonzaminni bosib olish rejasini amalga oshirish muddati tobora yaqinlashib kelayotganidan razvedka materiallari orqali xabar¬dor bo'lgan Angliya hukumati o'z manfaatlariga zid keladigan bu bosqinning oldini olish payiga tushadi. U shu niyatini amalga oshirish uchun 1838 yilda dastlab Buxoroga polkovnik Miralay Stoddart degan kishini maxsus topshiriq bilan yuboradi. Stoddartni ikki marta qabul qilib, u orqali ingliz hukumati niyatidan voqif bo'lgan amir elchi taklifiga hech qan¬day javob bermaydi. Oradan bir oz vaqt o'tgach, elchi ot ustida Registondan o'tganini eshitgan amir Na¬srullo o'ylamay-netmay Stoddartni zindonga tashlatadi. Elchidan dom-darak yo'qligidan tashvishga tushgan ingliz hukumati turli kanallar orqali Stoddartning ahvolidan xabar topib, Rossiya hukumatidan vositachilik ko'rsatishini, elchini Buxorodan chiqarib, o'sha vaqtlarda Angliya hukmronlik qilayotgan Afg'oniston hududiga o'tkazib yuborilishiga erishuvini so'raydi. Rossiya hukumati esa xuddi o'sha davrda boshqa bir yumush bilan Buxoroga yuborilgan o'z elchisi Butakovga ikki yil chamasi zindonda azob berilib, so'ng bo'shatilgan, ammo Buxorodan ketishiga yo'l bermay ushlab turilgan Stodadrt xususida amir bilan so'zlashib, Ang¬liya hukumati iltimosini ado etishga ko'maklashish xu¬susida ko'rsatma beradi. Biroq kibru havosi olamga sig'magan amir bu vaqtda Qo'qon xonligini bosib olish uchun jo'nayotgan bo'lib, Rossiya elchisi Butakovni ham Registonda ot ustida kekkayib o'tirgan holida «qabul» qiladi. Shunday bir vaziyatda Butakovning Stodddrt borasidagi iltimosi amalga oshmaganligi o'z-o'zidan ma'lum.
Xullasi, Stoddart masalasini hal etishni xohlamagan amir Qo'qon yurishiga yo'l oladi. Amir Nas¬rullo Qo'qonda, to'g'rirog'i Mahramdagi o'z qarorgohida turgan chog'ida uning huzuriga Angliya tomonidan Xiva qamda Qo'qon xonliklariga xuddi Stodddrtniki singari missiya bilan yuborilgan kapitan Konolli ilgariroq Xivaga borib, Alloqulixonni ingliz hukumati takliflariga ko'ndirgan, keyin aylanma yo'llar bilan Qo'qonga kelib, Qo'qonda Muhammad Alixonni bu takliflarga asosan unatgan edi. Biroq Konolli hali Qo'qondagi ishlarini saranjomlab ulgurmay amir Nas¬rullo mo'ri-malaxday qo'shini bilan xonlik hududlarini egallab olgan va o'zi Mahramda qaror topib, Konollini huzuriga chaqirtirgan edi. Endi Konolli oldida ikki yo'l turar, birinchi yo'l — Qo'qondan yashirincha qochib ketish, ikkinchisi esa, o'lim xavfidan qo'rqmay amir Nasrullo qarorgohiga borib, unga o'z maqsadini tushuntirishdan iborat edi. Konolliga xayrixoh bo'lgan Qo'qon a'yonlari unga xonlik hududidan yashirincha jo'nab ketishni maslahat beradilar. Biroq Konolli nima bo'lsa ham amir Nasrullo huzu¬riga borib, u bilan gaplashishga qaror qiladi. Amir bilan birinchi uchrashuvdayoq uning ishi chappasidan ketadi. Elchining niyatidan voqif bo'lgan amir Nas¬rullo darhol uni sarbozlar qo'riqchiligida Buxoroga, hamyurti va hamkasbi Stoddart tashlangan zindonga jo'natadi.
Qo'qonda o'n kuncha turib shaharni qonga botirgan, yuzlab begunoh erkagu ayolu qariyu yoshni qatl etgan, xazinani ham, xususiy kishilar boyliklarini ham egallab olgan, uch yuzga yaqin go'zal ayollarni cho'ri sifatida o'z yurtiga jo'natgan amir Nasrulloga xuddi o'sha kunlarda imperator Nikolay birinchining maxsus tabrik xatini Rossiya vakili olib kelib topshirgan edi. Rossiya imperatori tomonidan pishagi ko'tarilib, aslida laqillatilgan amir Nasrullo Qo'qon xonligini Sheralixon egallab olguncha o'tgan vaqt ichida yana ham pishqirib, bosar-tusarini bilmay qolgan, zulm istibdodi har qachongidan oshib ketgan edi. Xuddi shunday bir sharoitda haq-nohaqni, yaxshi-yomonni, gunoh-savobni ajratishga qodir bo'lmay qolgan amir Nasrullo Angliya tomonidan diplomatik maqsadlarda kelgan ikki elchi-zobitni o'z huzuriga chaqirtiradi. Bu chaqirtirish voqeasi qanday fojia bilan tugagani xususida Mulla Olim Maxdum xabar beradi: «Nasrulloxon Xo'qandni tor-mor qilib, ezib, Buxoroga qaytganda inglis elchilariga dini islomni qabul qilmoqqa taklif qildi. Inglislar javobida: «Hukumatimiz tarafidan Movarounnahrga ma'muriyat ila kelduk, din tark qilmoqg'a yoki dinni qabul qilmoqg'a kelmaduk, umid qilamiz, shunga qarab muomala qilinsun», debdurlar. Bu rijolarig'a qarshi jallodg'a buyurub, elchilarni bosh kesmoq ila muomala qilindi. Inglisning xayrixohona muomalasig'a bu tariqa javob berildi».
Ismoilbek G'asprali ham bu xususida iztirob bi¬lan aynan shu fikrlarni qayd etgan.
Bu o'rinda shuni ham aytish lozimki, bizga ma'lum birgina manbada Stoddart va Konolli go'yo inglizlar foydasiga josuslik qilganliklari uchun qatl etilgani aytiladi. Ammo inglizlar foydasiga josuslik qilgan bu ikki ofitserni amir zindonidan bo'shatib, boshqa mamlakatga o'tkazib yuborish uchun Rossiya hukumti diplomat Butakovga topshiriq berishi ham, Oren¬burg gubernatori Obruchev Buxoroda ular qatl etilganligi borasida Rossiya harbiy vaziriga bergan telegrammasida ruslar uchun nihoyat muhim bo'lgan jo¬suslik masalasida lom-mim demasligi ham bu da'voning asosi mustahkam emasligini ko'rsatadi.
Chindan ham uch xonlikni chor Rossiyasi bosqiniga bo'sh kelmaydigan qilishning, ularning mustaqilligini saqlab qolishning tarix bergan qulay imkoniyati birgina hukmdorning johilligi va bema'ni siyosati tufayli barbod etilgan edi.
Amir Nasrullo shaxsi masalasida kishini nihoyatda hayratlantiradigan yana bir jihat bor. Bu o'rinda gap chor Rossiyasining o'sha davrdagi eng yirik amaldorlari amirning chidab bo'lmas fe'l-atvoridan, u yurgizgan takabburona va nodonlarcha siyosatdan mamnun bo'lganliklari, uning shaxsiga o'ta baland baho berganliklari haqida bormokda. Orenburg korpusi qo'mondoni general-ad'yutant Bezak 1861 yil 10 yanvarda Rossiya harbiy vaziri Chernishevga yo'llagan ma'lumotnomasida amir Nasrullo haqidagi quyidagi balandparvoz so'zlarni yozadi:
«Ajoyib aql egasi, eng uddaburon va mohir siyosatchilardan bo'lmish Nasrullo Buxoroda hukmronlik qilgan 34 yil davomida Turkistondagi barcha xalqlar ustidan alohida bir jozibali qudratga ega bo'ldi» (Respublika Markaziy Davlat arxivi, 715-jamg'arma, 1-qayd, 23-ish, 175-sahifa).
Chor amaldorlari amir Nasrulloga bunday yuksak baho berishlari oqni qoradan, yaxshini yomondan, savobni gunohdan ajrata olmagan bu nodon hukmdor yurgizgan siyosat chor Rossiyasi hukumatining mustamlakachilik maqsadlariga muvofiq kelganligida edi, deb hisoblash mumkin. Amirning bu siyosati qanday dahshatlarga olib kelishi muqarrarligini tez orada yuz bergan voqealar yaqqol ko'rsatdi.
1842 yil bahorida Qo'qon xonligini qonga botirib yenggach, o'sha davr muarrixlari ataganidek, «Ibrohim xayol degan taryokiy»ni xonlikka noib sifatida qoldirgan amir Nasrullo tez orada qattiq zarbaga uchraydi, Qo'qonda taxtni Qo'qon xonlari avlodidan bo'lgan Sheralixon egallab oladi. Bundan darg'azab bo'lgan amir Nasrullo o'zining son-sanoqsiz qo'shini bilan yana Qo'qon sari yo'l oladi. Lekin bu safar xonlikni qayta bo'ysundirish iloji bo'lmaydi. Amir Qo'qon qal'asi devorlari yonida ikki oy chamasi shaharni qamal qilsa ham o'z maqsadiga erisha olmay turgan bir vaziyatda Alloqulixonning o'g'li Rahimqulixon boshchiligidagi qo'shinlar Buxoro amirligi hududlariga bostirib kirib, qal'a va istehkomlarni birin-ketin egallab olayotganlari haqida xabar yetadi va amir Nasrullo o'z qo'shini bilan orqaga qaytib xivaliklarga qarshi urushishga majbur bo'ladi. Shu munosabat bilan tadqiqotchi Poyon Ravshanov yozadi:
«Amir xivaliklarga qarshi tirik jonning hammasini, qariyb, yuz ming qora cherikni jam' qilgan bo'lsa- da mag'lubiyat, minglab odamlarning asir qilib olib ketilishi uni aqlan majruh etib qo'yadi. Buxoro qora cherigining Xivaga qarshi javob yurishi qilib, Hazorasp yonida butkul tor-mor qilinishi, amirning o'zi qochib zo'rg'a jon saqlashi uning keyingi hayotida mash'um asoratlar qoldirdi... Amirning muttasil qahru g'azabda bo'lishi, aytadilarki, Xiva xoni talonidan so'ng qariyb to'rt yil davom etadi. Shu yillar ichida Amir Nasrulloning biror marta kulganini, a'yonlari bilan ochilib gaplashganini hech kim ko'rmagan va bilmagan» («Malika Kenagas oyim yoxud Amir Nasrul¬loning o'limi qissasi». T., «Sharq», 2000, 149—150-bet- lar).
Amir Nasrulloning boshiga tushgan balo-ofatlar shulardangina iborat emas. Hatto uning o'limiga ham ana shu yaramas fe'l-atvor va qilmishlari sabab bo'ladi. Amirning cheksiz zulmlaridan to'yib ketgan xotini Kenagas begim o'z maqsadi amalga oshuviga erishdi. «Nasrullo Bahodirxon 5 oktabr (1860)da Samarqanddan qaytishi bilanoq vafot etdi, — deb yozadi Orenburg korpusi qo'mondoni Bezak 1861 yil 10 yanvarida Ros¬siya harbiy vaziriga yo'llagan ma'lumotnomasida. — Uning xotini o'z akasi maslahatiga ko'ra Nasrullo¬ning dorisiga zahar aralashtirganini chindan ham bo'yniga olgan. Buning uchun amir o'sha zahoti har ikki jinoyatchini hamda o'z tabibini o'limga hukm etgan».
Mahalliy muarrixlar asarlarida esa amir Nas¬rulloning mast holda uxlab yotgan chog'ida Kenagasbegim ismli xotini uning qulog'iga simob quyib o'ldirganligi aytiladi. P. Ravshanov amir qulog'iga simob quyilganidan keyingi voqealarni o'z kitobida quyidagicha bayon etadi: «Chalajon Kenagas oyimni ikki bolasi jasadi bilan qo'shib, Ark yelkasidagi qadimiy Childuxtaron go'rqudug'iga tashlab yubordilar. Aytadi¬larki, bu quduq ichi pishiq g'ishtdan ishlab chiqilgan bo'lib, borho-boriga tig' qadab chiqilgan ekan. Chuqurligi yigirma quloch bo'lgan quduqqa tashlangan inson tanasi to pastga yetguncha nimta-nimta bo'lib kesilib tusharkan».
Amir Nasrulloning barcha qilmishlari uning o'zi bilan qaro yerga ko'milib ketsa koshki edi. Lekin unday bo'lmadi. Buxoroga Stoddart va Konollini yo'llagan, lekin o'z elchilari amir tomonidan hech bir asossiz qatl etilganidan g'azabga kelgan Angliya hukumati tez orada Buxoro xonligiga munosabatini keskin o'zgartiradi. Bu hakda ilgariroq nomi aytilgan Bezakning 1861 yil 29 noyabrdagi qaydlarida quyidagicha yozilgan: «Angliya hukumati Buxoro xonligini butunlay kuchsizlantirishni mo'ljallamokda. Angliya Afg'onistonni O'rta Osiyoning qudratli davlatiga aylantirishni ko'zda tutib, unga Buxoro, Xiva hamda Qo'qondan ba'zi viloyatlarni qo'shib olmoqchi.
Agar biz Toshkentda qaror topib, Qo'qon orqali Xitoy Turkistoni bilan aloqani ta'minlagunimizgacha inglizlar bunga ulgurishsa, ular O'rta Osiyoda to'la hukmron bo'lib oladilar, O'rta Osiyoning savdosi ham Xitoy Turkistoni savdosi bilan abadiy ular qo'liga o'tadi» (715-jamg'arma, 1-qayd, 25-ish, 447-sahifa).
Amir Nasrulloning qilmishlari kasofati shular bilangina tugamadi. Amir vafotidan olti oycha keyinroq o'sha Bezak Rossiya harbiy vaziriga bunday deb yozadi:
«Muzaffar bahorda yana Qo'qonga qarshi harbiy harakatlar boshlashga tayyorlanmoqdaki, shunday qilsa biz uchun g'oyat foydali bo'lurdi albatta» (o'sha ish, 213-sahifa).
Bu mustamlakachilarning O'rta Osiyodagi xonliklar orasiga nizo solishdan iborat yovuz maqsadlarini yana bir bora ko'rsatadi.
«Amir Nasrulloning bu xato siyosatining natija- si yigirma besh yildan keyin o'g'li amir Muzaffariddinxonning asrida ham davom etib, Toshkand va Samarqand Rusiya tarafiga o'tgandan keyin jadal tamom bo'ldi», deb yozadi Mullo Olim Maxdum «Tarixi Turkiston»da.
Samarqanddan va Toshkentdan tashqari Xo'jand, O'ratepa, Jizzax kabi yirik viloyatlar chor Rossiyasi tomonidan bosib olinganidan cheksiz xavotirga tushgan amir Muzaffar bu kuchli dushmanga qarshi kurashishda o'z qo'shnilari — Qo'qon va Xiva xonlaridan madad so'rashga majbur bo'ldi. Biroq amir Nasrulloning zamon-zamonlarga yetgulik yovuzliklarini unuta olmagan bu xonlar amir iltimosini rad etadilar.
Endi elchilari amir Nasrullo tomonidan xiyonatkorona qatl etilgan Angliya hukumatidan Muzaffarxonning yordam so'rashdan bo'lak chorasi qolmagandi. Nihoyat, amir Muzaffar Buyuk Britaniyaning Hindistondagi oliy komissari lord Laurens huzuriga o'zining Abbosxoja ismli elchisini maxsus maktub bilan jo'natadi.
Amir tomonidan fors tilida yo'llangan bu iltijo-maktubda jumladan quyidagi so'zlar bitilgan edi: «...Bir guruh odamlar bu yerni (Buxoro amirligi hududlarini demoqchi — Sh. Yu.) o'z tasarrufiga olishga kirishdilar va ikki tomon o'rtasida jang boshlandi. Islom ahdi urush mahoratining yetishmasligi tufayli bosqinchilarga qarshi chiqa olmadi va natijada ayrim yerlarni ruslar bosib oldilar. Takdir taqozosi bi¬lan u yerlar ruslar qo'li ostiga o'tib qoldi... Hozirgi vaqtda islom ahdi ruslardan qutulish va xalq manfaati yo'lida yordam so'rab Sizga murojaat etadilar. Hozirda har bir harakat qulay vaziyatga bog'liq. Siz bizning istaklarimizni qabul etish bilan xalqimizning manfaatlarini inobatga olgan bo'lasiz».
Ammo lord Laurens tomonidan Angliya hukumatiga yetkazilgan bu maktubga London churq etib javob bermadi. Natijada vaziyat tobora keskinlashib, oradan uch yil chamasi vaqt o'tgach chor Rossiyasi Buxoro amirligini bosib olib, uni o'z vassaliga aylantiradi.
Yusupov Sharif
“Tarix ummoni sirlari” kitobidan
Lotin alifbosida maqola: Amirning gunohi azimi haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)