«Bosmachilik harakati» qanday bo'lgan?



Sovet tarixshunosligida «bosmachilik harakati»ga qarshi olib borilgan kurash tarixiga, ya'ni g'olib tomon tarixiga oid ko'plab adabiyotlar, tarixiy asarlar bor-u, ammo mag'lub tomon — «bosmachilik harakati»ning o'zi to'g'risida ilmiy tadqiqotlar deyarli yaratilmadi. Xorijiy mamlakatlarda esa buning aksi: xorijiy adabiyotda «bosmachilar» haqida xilma-xil asarlar yaratilgan. Shuning uchun ham, masalan, 1986 yilda Moskvada nashr qilingan A.I.Zevelev, Yu.A.Polyakov, L.V.Shishkinalarning «Басмачество: правда истории и вымысл фальсификаторов» monografiyasida asosan ingliz, frantsuz, nemis va boshqa Yevropa tillarida chop qilingan adabiyotlar tahlil qilingan, xolos. Xorijiy Sharq xalqpari tillarida «bosmachilik harakati» bo'yicha e'lon qilingan asarlar esa sovet istoriografiyasida o'z ifodasini topgan emas. Holbuki, O'rta Osiyoda 1918—1935 yillarda olib borilgan «bosmachilik harakati» tarixi faqat G'arb emas, balki Sharq mualliflarining tadqiqotlari yoki shu harakat qatnashchilarining xotiralari asosida ham yozilishi kerak. Ayniqsa, zamona zayli bilan vatanni tark etib, o'zga yurtlarga ketib qolgan vatandoshlarimizning esdaliklari chuqur o'rganilmog'i lozim. Ma'lumki, 1927—1932 yillarda Turkiyada Turkistonning siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotini yorituvchi «Yangi Turkiston» jurnali nashr qilingan. Bu jurnal Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Markaziy ijroqo'mining sobiq raisi, 1922 yilda Afg'onistonga, 1923 yilda esa Turkiyaga o'tib ketgan, Buxorodagi jadidchilik harakatining peshqadamlaridan biri, 1909—1910 yillarda Istambulda o'qigan Usmonxo'ja — Usmonxo'ja Po'latxo'jayev tomonidan va shu kishining muharrirligida tashkil qilingan. Jurnal sahifalarida «bosmachilik harakati» tarixini xolisona bayon etuvchi ko'pdan-ko'p maqolalar ham bosilgan. Mustafo Cho'qayev tomonidan Frantsiyada nashr qilingan «Yosh Turkiston» jurnali ham tariximizga, jumladan, «bosmachilik harakati» tarixiga oid ko'plab materiallar berib borgan.

Bu mavzuni har tomonlama tadqiq etishda «bosmachilik harakati»da qatnashgan kuchlarning miqdori, ahvoli, imkoniyati, qudrati, kurash shakli va uslublari, g'alaba qozonish va yengilish sabablari, harbiy strategiya va taktikasi, taniqdi qo'rboshilarning tarjimai holi, ijtimoiy va diniy qarashlarini gavdalantiruvchi asarlar yetarli darajada yaratilgani yo'q. Qolaversa qo'rboshilar va ularga rahnamolik qilgan din arboblarining xalqqa murojaatnomalari, sovet hukumati vakillari bilan olib borgan muzokaralariga oid hujjat va materiallar tarixchilar tomonidan yanada chuqur o'rganilishi lozim.
Mazkur harakat tarixini xolisona o'rganish va yangicha baholash bilan bog'liq yana bir muhim masala bor. U ham bo'lsa Moskva va Sankt-Peterburgdagi maxfiy arxivlarda saqlanayotgan manbalar bilan tanishish va ularni o'rganishdir. Masalan, RGASPI arxivining 61, 62 va 122-fondlarida RKP(b) Markaziy Qo'mitasi Turkiston byurosi, RKP(b) va VKP(b) Markaziy Qo'mitalarining O'rta Osiyo byurosi, 122-fondida RKP(b) MK, RSFSR XKS va Butunrossiya Markaziy Ijroiya Qo'mitasining Turkiston ishi bilan shug'ullanuvchi komissiyasi faoliyatiga oid hujjatlar saqlangan bo'lib, bu muassasalar 1919—1934 yillarda Toshkentda joylashgan va faoliyat olib borgan edi.
Rossiya Federatsiyasi Harbiy davlat arxivining 110, 149, 278, 238, 256, 125 va 131-fondlarida Turkiston fronti armiyalari boshqarmasi, Farg'ona fronti 3- Andijon — O'sh jangovar gruppasi shtabi, Zakaspiy fronti boshqarmasi, Yettisuv Shimoliy front boshqarmasi va boshqa frontlarning arxivlari saqlanmoqda. Xuddi shuningdek, GARF arxivida ham O'rta Osiyo tarixiga oid bir qator arxiv fondlari bor. Bu arxivlarda 1918—1924 yillardagi Turkiston va Buxoro hukumatlarining Moskvadagi muxtor vakolatxonalari, shuningdek, O'zbekiston hukumatining SSSR hukumati huzuridagi Muxtor vakolatxonasi fondlari mavjud. Sankt-Peterburgdagi arxivlarda esa Turkiston muxtoriyati haqidagi hujjatlar saqlanmoqda. Bu arxiv fondlarini chuqur o'rganmasdan turib O'zbekistonning 1917— 1935 yillardagi tarixini, xususan, «bosmachilik harakati»ning haqqoniy tarixini yaratish maholdir.
Bundan tashqari, o'sha davr vaqtli matbuotining katta bir qismi Moskva, Sankt-Peterburg kutubxonalarida, ixtisoslashtirilgan omborlarda saqlanmoqda. Masalan, Turkistonda nashr etilgan shunday gazeta va jurnallar borki (masalan, «Turkestanskiy golos», «Turkestanskoye slovo», «SHit naroda», «Golos Semirechya», «Знамя свободы», «Buxoro axboroti», «Inqilob quyoshi»), ularni Toshkentdagi kutubxonalardan topa olmaymiz. Ularning talaygina qismi Moskvadagi Lenin nomidagi davlat kutubxonasining Ximki shahridagi filialida, sobiq Rossiya Fanlar akademiyasi Ijtimoiy fanlar ilmiy axborot instituti kutubxonasida saqlanmoqda.
O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati arxivida ham «bosmachilik harakati»iga oid materiallar borki, ularni ham atroflicha o'rganish bu harakat tarixini haqqoniy yaratish ishiga yordam berishi shubhasizdir. Fikrimiz isboti uchun quyida bu harakatga boshchilik qilgan kishilardan biri Nosirxon to'ra Saidkamolxon To'rayev haqidagi ma'lumotni keltiramiz.
Nosirxon to'ra namanganlik mudarrisning o'g'li bo'lib, otasining madrasasida tahsil ko'radi. Buxoroda o'qiydi. So'ngra Namanganda bosh mudarris sifatida butun Farg'ona vodiysida katta shuhrat qozonadi. Chorizm saltanati ag'darilgandan so'ng u ijtimoiy faoliyat bilan shug'ullanib, Namangan shahar dumasiga saylanadi. 1917 yil 26—29 noyabrda Qo'qon shahrida bo'lib o'tgan O'lka musulmonlarining IV qurultoyida qatnashadi va Turkiston muxtoriyati hukumati tarkibiga a'zo bo'lib kiradi hamda Xalq maorifi vaziri etib tayinlanadi. Muxtoriyat qonga belangach, Nosirxon to'ra ta'qibdan qochib, yashirinib yashaydi. Ammo bir yil o'tgach, ochiq faoliyatga o'tadi va 1923 yilga qadar Namanganda «Mahkamai shar'iya» diniy boshqarmasiga raislik qiladi.
OGPU hujjatlarida yozilishicha, Nosirxon to'ra diniy sohada faollik ko'rsatish bilan birga «Milliy ittihod» tashkilotining Namangan bo'limiga a'zo bo'ladi va bu tashkilotning Koson shahridagi tarmog'ini tashkil qiladi. 1924 yilda Kosondagi batraklar uyushmasi boylarga qarshi kurash boshlab yuborganida uning tashkilotchiligi bilan dehqonlarning ommaviy chiqishlari yuz beradi. 1925 yili Nosirxon to'ra sovetlarga qarshi faoliyati uchun OGPU qarori bilan hibsga olinadi va O'rta Osiyodan chiqarib yuboriladi. U Orenburgda yashar ekan, tatar ruhoniylari bilan yaqin aloqada bo'ladi. U o'zining ko'rgan-bilganlarini «Orenburg maktublari» esdaligida bayon etadi. 1928 yil oxirida surgundan qaytib kelib, O'zbekiston, Qirg'iziston va Qozog'iston shaharlarida bo'ladi.
20-yillar oxiri — 30-yillar boshlarida O'zbekistonda zulm, haqsizlik, adolatsizlikka qarshi «bosmachilik harakati»ning yangi to'lqini boshlanadi. «Bosmachilik»ka qarshi kurash bahonasida ko'plab begunoh kishilar jismonan yo'q qilinadi. Shundaylardan biri Nosirxon to'ra ham bolsheviklar tomonidan otib tashlanadi.
Fitrat 1937 yil 25 oktyabrda bo'lib o'tgan tergov jarayonidan keyin bunday bayonnomani imzolashga majbur bo'lgan: «Bizning tashkilotimiz «bosmachilik harakati»ga katta ahamiyat bergan va unga sovet hokimiyatiga qarshi faol kurash olib boruvchi qurol sifatida ko'pdan-ko'p umid bog'lagan edi. Biz «bosmachilik» bo'lg'usi burjua milliy davlati milliy armiyasining tug'ilishi, deb qaraganmiz. Shuning uchun ham Muinjon Aminov, Ota Xo'jayev (Otaxo'ja Po'latxo'jayev — muallif), Usmon Xo'janing faol ishtirokida Fayzulla Xo'jayev «bosmachilik harakati»ga bevosita rahbarlik qilish bilan mashg'ul bo'ldi. Quloq-millatchilik ishlari ostida tashkil qilingan «bosmachilik harakati»ni RSFSR hukumati oldidagi sovet hokimiyati printsiplariga qarshi qaratilgan xalq harakati, deb bilganmiz».
O'ylaymizki, Fitrat tergovchi tomonidan yozilgan va soxta faktlarga asoslangan bu bayonnomani jismoniy tazyiq ostida tasdiqlagan bo'lsa-da, unda «milliy ittihod»chilarning «bosmachilik harakati»dan kuzatgan maqsadi umuman to'g'ri ifodalangan.
«Milliy ittihod»ning istiqdolga erishish maqsadida boshlagan faoliyati shunga olib keldiki, 1920— 1924 yillarda Mulla Abdulqahhor, Jo'ra Amin, Mu rod Meshkob, Mitan Polvon va boshqa qo'rboshilar rahbarligidagi sovet davlatiga qarshi harakat butun Zarafshon vodiysini qamrab oldi. Farg'ona vodiysida ham ahvol shunday edi. Bu harakat ishtirokchilari xorijiy davlatlar bilan ham aloqa o'rnatdilar.
Sovet davrida «bosmachilik harakati» nomini olgan, ishtirokchilari esa «aksilinqilobchilar» va «xalq dushmanlari» deb qoralanib kelingan qurolli harakat ana shu tarzda bolsheviklarning O'rta Osiyo, xususan, O'zbekistondagi mustamlakachilik siyosatiga qarshi boshlandi. Shuning uchun ham bu harakat mustaqillik davri tarixchilari tomonidan Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat yoxud istiqlolchilik harakati sifatida talqin etilib kelinmoqdaki, bu mutlaqo to'g'ridir.
Tarixiy xujjatlardan shu narsa ma'lumki. 1909 yilda Turkistonda 7 million aholi yashagan. Shundan 2,5 millioni o'zbeklar, 2,4 millioni qozoq-qirg'izlar, 1,3 millioni tojiklar, 0,6 millionini esa ruslar tashkil etgan. 1920 yilgi aholi ro'yxatiga ko'ra, Turkiston respublikasida 5 million 250 ming aholi yashagan. Demak, 11 yil ichida Turkiston aholisi kishiga kamayib ketgan. Holbuki, aholining tabiiy o'sishi chor hokimiyatining boshqa o'lkalariga qaraganda Turkistonda yuqori bo'lgan. Qolaversa, shu davr ichida ichki Rossiyadan ko'plab kishilar Turkistonga ko'chirib keltirilgan. Shunday ekan, nega bunchalik aholi kamayib ketgan? Buning asosiy sababi 1916 yilgi milliy- ozodlik harakati va inqilobning dastlabki yillarida ko'plab kishilarning qirilib ketishidir. Statistik ma'lumotlarga qaraganda, faqat fuqarolar urushi oqibatida chor saltanatida 1921 yilga qadar 800 mingdan ziyod kishi halok bo'lgan, shundan 200 mingdan ziyodi Turkistonga to'g'ri keladi. Qariyb 140 million aholilik mamlakatda urush yillarida 800 ming kishi halok bo'lgan bo'lsa, 7 millionlik aholiga ega bo'lgan Turkistonda 200 mingdan ortiq kishi mahv etilgan. Demak, boshqa o'lkalarga qaraganda Turkistonda ko'proq qon to'kilgan. Aniq bo'lmagan ma'lumotlarga ko'ra, dashnoqlar bandasi tomonidan 1918 yil va 1919 yilning birinchi choragida choragida Marg'ilonda 7 ming, Andijonda 6 ming, Namanganda 2 ming, Bozorqo'rg'on bilan Qo'qon o'rtasidagi qishloqlarda 4,5 mingga yaqin aholi o'ldirilgan, azoblangan. Xalqning bu singari dahshatlar bilan ortiq murosa qilishi mumkin emas edi.
Milliy istiqlolchilik harakati tarixidek keng qamrovli masalani har tomonlama yoritish uchun shu harakatning yuzaga kelishiga asosiy sabab bo'lgan Turkiston muxtoriyatining zo'ravonlik yo'li bilan tuga- tilishi va dashnoqlarning sovet hokimiyati nomidan ish ko'rib, Farg'ona xalqiga nisbatan qilgan yovuzliklari haqidagi haqiqatni aniqlash va yuzaga chiqarish muhim ahamiyatga ega. Dashnoqlarning Farg'ona vodiysidagi yovuzliklari o'z davrida Turkiston hukumatining ayrim milliy rahbarlari tomonidan keskin fosh etilgan, ularning ayrimlari o'sha tanqidlari ham sabab bo'lib 30-yillarda qatag'on qilingan.
Dashnoqlarning Andijon uyezdida olib borgan bosqinchilik harakatiga javoban boshlangan qurolli harakat to'g'risida Turor Risqulov bunday yozgan edi: «Bosmachilar Andijon shahrida birmuncha muvaffaqiyatga erishdilar, natijada 70 ta miltiq, bir necha ming o'qqa ega bo'lishdi. Dashnoqlardan iborat harbiy qal'a bu voqeada butun aybni eski shaharliklar bo'yniga yukladi. Shu munosabat bilan bo'linma mitingi chaqirilib, Eski shaharni tintib chiqish uchun qaror qabul qilindi. Tintuv bir hafta davom etdi. O'g'irlik, qotillik, zo'rlash hodisalari sodir bo'ldi. Tintuvdan so'ng eskishaharliklarning ko'pchiligi bosmachilarga qo'shilib ketdi.
Oqibat shu bo'ldiki, bir necha kundan keyin 170 kishidan iborat dashnoqlar otryadi bosmachilar tomonidan qurshab olindi va bitta qoldirmay chopib tashlandi. Shundan so'ng aholini bosmachilarga yon bosishda ayblash boshlandi. 170 kishining o'rniga shahar qo'mitasi raisi Salayev boshchiligida 250 kishidan iborat otryad tuzildi va Qo'qonqishloqqa hujum qilinib, bironta uy qoldirmay yoqib yuborildi.
Qochib ketgan qishloq aholisini 20 chaqirimgacha quvlab borishdi va birma-bir qilichdan o'tkazishdi. Boshqa bir otryad bosmachilarga Suzoq qishlog'i atrofida duch keldi: bosmachilar qishloqqa kirib yashirindilar. Suzoq qurshab olindi va ayovsiz o'qqa tutildi.
Qishloqdan qochib, daryo bo'yiga yashiringan aholiga qarata o't ochildi va biror-bir tirik jon qoldirmay, qirib tashlandi. Bir oylar chamasi ko'milgan murdalarni itlar g'ajib yotishdi.
Bozorqo'rg'onga borgan Konovalov boshchiligidagi uchinchi otryad esa, iloji boricha o'z harakatini sir tutishga intildi va taxmin qilganlaridek, bosmachilarga duch kelgach, kutilmaganda g'oyib bo'ldilar. Konovalov Bozorqo'rg'onda ketar ekan, qo'shni Nikolskoye qishlog'i (hozirgi Bozorqo'rg'on bilan Asaka o'rtasida joylashgan qishloq — muallif) dagi ruslarga Bozorqo'rg'onni bosmachilardan tozalashni topshirdi va bu qishloqni Nikolskoyedagi rus «quloq»lari uch hafta davomida obdon «tozalashdi». Avvaliga, shunchaki talon-toroj qilishdi, so'ng hech nimani so'rab-surishtirmay, erkaklarni bosmachilarni qo'llab-quvvatlagani, bolalarni esa, bir necha yildan so'ng bosmachi bo'lib yetishish mumkinligi uchun otib tashladilar. Nihoyat, ular aholiga ulganlarni ko'mish o'chun ruxsat berishdi. Xalq murdalarni olib, diniy urf-odatlarni bajo keltirayotganida, «quloq»lar takror hujum qilib, namoz o'qiyotganlarning hammasini yer tishlatdi... Dashnoq va quloqlarning bu xil harakatlari (bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin) bosmachilar safining yana ham kengayishiga sabab bo'ldi».
Qo'rboshilar o'z saflarini mustahkamlash, qurol- yarog' sotib olish va oziq-ovqat bilan ta'minlanish uchun qishloq aholisiga soliq solganlar, irodalariga bo'ysunmagan kishilarni jazolaganlar. Masalan, Qozoq qo'rboshi Andijon shahridagi Uylik dahasining ellikboshisi To'xtasinga quyidagi talab bilan murojaat etgan: «Janobi Isroilbek G'oziy amriga muvofiq boy sinfiga mansub aholidan tezlik bilan 300 ming so'm to'plab, uni musulmon askarlari foydasiga keltirishingizni talab etaman. Pulni keltirish paysalga solinadigan bo'lsa, qat'iy jazolanasiz».
Shu daha oqsoqoli Muxtor oxunga kelgan xatlardan birida bunday deyilgan: «Shoshilinch tarzda o'ziga tinch boylardan islomning jasur lashkarlariga yordam va xayriya uchun markaziy bank hisobidan bir million so'm pul yig'ib topshirishingizni buyuraman...
Islom qo'shinlari bosh qo'mondoni Shermatbek G'oziy».
Jalabek qishlog'i aminiga Umrzoq qo'rboshi esa mana bu xatni yo'llagan: «Shermatbek G'oziy farmoniga ko'ra, siz 3 kun muddat ichida qo'shinlar uchun 100 ming so'm tayyorlab qo'ying. Aytilgan fursatda bajarmasangiz, ayovsiz jazolanasiz. Pulni boy va kambag'allardan mutanosib tarzda yig'ing».
Poytug' hokimi Asqar Alidan Cho'ng Bag'ish oqsoqoliga 1921 yil 23 martda kelgan xatda esa bunday so'zlar aytilgan: «Ushbu bilan barcha ellikboshilarga ma'lum qilaman hamda buyuramanki, musulmon qo'shinlarining bosh qo'mondoni bahodir Shermatbekning amriga muvofiq Mulla Abdukarim Mulla Muhammad Nazar Oxunov xalq qozisi etib tayinlandi. Shundan e'tiboran u barcha ishlarni shariat asosida ko'ra boshlaydi. Vasiqa, nikoh, mulk va boshqa masalalarning hammasi shariat asosida ko'riladi. Bu haqda butun aholini xabardor qilamanki, bundan keyin hamma xalq qozisiga murojaat etsin».
Bunday hujjatlar shundan dalolat beradiki, agar qurolli harakat g'alaba qozongan taqdirda ham O'zbekistonda zamonaviy dunyoviy davlat emas, balki diniy qadriyatlar ustuvorlik qilgan davlat tuzumi barpo etilgan bo'lardi. Shunga qaramay, aytish joizki, bolshevizmga, sovet davlatining mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurasha oladigan boshqa biror kuch bo'lmagani uchun bu tarixiy vazifani harakat rahbarlari o'z zimmalariga oldilar.
Partiya, sovet va harbiy tashkilotlarning joylardagi faoliyatlarida o'ta so'llik va zo'ravonlikka yo'l qo'yganliklari ham mazkur harakatning avj olishiga sabab bo'ldi. Shu nuqtai nazardan Turkiston Xalq Komissarlari Soveti va Farg'onada «bosmachilik»ka qarshi kurash bo'yicha tuzilgan «uchlik»ning raisi Q.S. Otaboyevning 1922 yil 25 fevralda Andijon uyezdi mas'ul xodimlari bilan o'tkazgan kengashdagi kattagina nutqi e'tiborga sazovor. U kengashda «bosmachilik»ni harbiy kuch bilan tugatib bo'lmasligiga iqror bo'lib, to'rt yillik kurash davomida Farg'onaning mahalliy sharoiti, turmush tarzi, umumiy holati hisobga olinmagani, shuning uchun ham bu harakatning milliy tus olganini aytib, bunday deydi: «Bosmachilar o'zlarini din himoyachilari va ruslarning dushmani deb e'lon etdilarki, bu bilan ular mahalliy tub aholining hurmatini qozonmoqchi bo'ldilar. Bolshevizm bilan kurash olib borishni bosmachilarga oq gvardiyachilar o'rgatdi. Bosmachilik...vaqt o'tishi bilan o'z jarayonida diniy va milliy tus ola boshladi».
Mazkur yig'ilishda Yoqubjon Isaqulov so'z olib, bunday deydi: «Harbiy qo'mondonlikda joylashib olgan shaxslarning mahalliy aholi turmushi va psixologiyasi bilan tanish bo'lmasligi tufayli hozirgi vaqtgacha bosmachilikni tugatish imkoni bo'lmayapti. Jazo organlari boshida yevropalik o'rtoqlar joylashib olganlarki, ular ham mahalliy aholi psixologiyasi bilan tanish bo'lmasdan, qandaydir yaramasning yolg'on chaquvi bo'yicha mas'ul musulmon xodimlarni sudga berdilar va hatto otib ham tashladilar, bu esa bosmachilikni tugatish masalasida musulmon xodimlarning sovib ketishga sabab bo'ldi».
1922 yil 12 mayda Turkiston Kompartiyasi Markazqo'mining V plenumi «Bosmachilik bilan kurashish va TKPning Turkistondagi navbatdagi vazifalari» masalasini muhokama qildi. Plenum ishida RKP(b) MQ Turkiston byurosi a'zosi S. M. Gusev, RKP(b) MQ a'zosi G.K.Ordjonikidze qatnashdilar. Markazqo'm kotibi N.To'raqulovning ma'ruzasi bo'yicha muhokamada Q.S.Otaboyev, Vrachev, I. Xidiraliyev, Burnashev, Kazarin, Mirjamolov, Sulton Xo'jayev, S.I.Gusev, Yudovkin, Solovev, G.K.Ordjonikidzelar so'zga chiqdilar. Q.S.Otaboyev o'z nutqida Farg'onadagi ahvol sabablarini bilmaguncha bu masalani hal etib bo'lmasligini ta'kidlab, bunday dedi: «Farg'onada ro'y bergan voqea bosmachilik emas, balki xalq qo'zg'olonidir. Bosmachilik undan oldin bo'lgan. Vaziyatni hisobga olishdagi uquvsizligimiz tufayli dastlabki yillarda «Yo'qolsin boylar, din, shariat! Yashasin sovet hokimiyati!» kabi shiorlar ostida sovet hokimiyati o'rnatildi...»
Q.S.Otaboyev kimga qarshi kurash olib borilgan bo'lsa, xalq ommasi shu «jabrdiydalar»ga xayrixoh bo'lganligi haqida so'zlab, shunday dedi: «Hojimat eshon (sobiq avliyo) aholi hurmatini qozonib, uzoq vaqt davomida bosmachilikni boshqaradi. Bu yerda iqtisodiy sabablar bor edi: mayda kustar korxonalarning milliylashtirilishi, paxta zavodlarining yopib qo'yilishi natijasida bir guruh ishchilar bosmachilik quchog'iga tashlandilar. Biz o'rtoq Leninga suiqasd qilinishi munosabati bilan boylarni suiqasdlikda ayblab, qamoqxonalarga tashladik. Biz aholining barcha nufuzli qatlamlarini quvib yubordik va bosmachilik sovetlarga qarshi harakat tusini oldi, butun aholi tomonidan qo'llab-kuvvatlandi, diniy urf-odatlarni va millatni bolsheviklardan himoya qilishga otlandi. Bosmachilik bilan kurash boshlangan edi, ammo bu kurash uni tugata olmadi. Bu ham bosmachilikning rivojiga yangi sabab bo'lib xizmat qildi». Ko'ramizki, sovetlar «bosmachilar»ga qarshi kurashish jarayonida tinch aholiga ham beqiyos darajada katta jabr-zulmlar keltirdi va shuning natijasida ular qurolli harakatga ko'proq yordam berdilar.
Mazkur harakatning uzoq yillar mobaynida davom etishining sabablaridan yana biri sovet jazo muassasalarining faoliyati bilan bog'liq. Ular, milliy tarkibiga ko'ra, ruslardan iborat bo'lib, tub aholining istak-xohishi bilan mutlaqo hisoblashmas edilar. Ular aholini bekordan-bekorga otib, qamoqxonalarda qiynab, ushlab turardilar. Shuning uchun ham Q.S.Otaboyev o'z nutqida Turkistonda «bosmachilik» mahalliy aholining o'z kuchi bilangina tugatilishi mumkinligini, ChK organlaridagi Ivanov, Petrov kabi xodimlarning mahalliy xalqqa yot kishilar bo'lganligi sababli ularning bu harakatga qarshi tanlagan kurash usul va uslublari samara bermasligini, «bosmachilik»ka qarshi kurashish uchun jazo organlarini, harbiy inqilobiy kengashlarni, sovet-partiya muassasalarini mahalliy xodimlar bilan to'ldirish va bu ishni ularga topshirish zarurligini aytadi.
I.Xidiraliyev o'z nutqida Q.S.Otaboyevni qo'llab- quvvatlab, shunday degandi: «O'rtoq Otaboyev o'zining qisqa ma'ruzasida Farg'onada yuz berayotgan dahshatlarning yuzdan birinigina keltirdi. Farg'onadagi hozirgi ahvol bizning xatolarimiz natijasidir. Avvallari paxta va guruchning bazasi hisoblangan bir qator yirik qishloqlar endilikda qahatchilikni boshidan kechirmoqda. Shuning uchun ham ochlikni kechirmoqdalarki, 20-yilda bosmachilar joylashgan joylar- dan qizil askarlarning ovqatlanishi uchun oziq-ovqatlarni olib chiqib ketish metodi qo'llangan. (Shuning uchun hozir u yerda qahatchilik hukm surib, hatto ekish uchun hatto urug' ham yetishmayapti.) Natijada biz aholini ochlikka duchor qildik. So'ngra shariatni haqorat qilish masalasidagi noma'qulchiliklarni ham ta'kidlash zarur, madrasalar kazarmalarga aylantirildi. Bosmachilar bilan kurashda halok bo'lganlar diniy rasmlarsiz dafn qilinmoqda. Bularning hammasi mahalliy aholini g'azabga keltirmoqda. Bular mahalliy aholining nafratini uyg'otmoqda, deb aytgan xodimlar millatchilikda ayblanmoqdalar va ta'qib etilmoqda. Shu bois ular sovet hokimiyatidan bosmachilar tomoniga o'tib ketmoqdalar...
Bosmachilar bilan kurashish uchun tuzilgan mahalliy polklar tarqatilib yuborilmoqda. Hattoki o'rtoq Zinovev bosmachilar bilan kurashish uchun «begona»larga, ya'ni mahalliy aholiga bironta ham miltiq bermasligini e'lon qildi... Peters otryadi tinch aholidan 130 kishini qilich bilan chopib tashladi, xuddi shunday fojea Andijon uyezdida ham sodir bo'ldi. Bosmachilar ketganidan so'ng tinch aholidan 45 kishi so'yib tashlandi. Peters otryadi shunday xatti-harakatlari bilan shug'ullanayotgan bir paytda, o'rtoq Eyxmans farmoniga ko'ra, siyosiy bo'limda mahalliy mas'ul xodimlar ustidan tergov ishlari olib borilmoqda. Bundan Toshkent ham, Markaz ham xabardor. Endilikda siyosiy yon berishlar bilan o'sha vaqtda qilingan xatolarimiz jazosini tortayapmiz».
Vrachev Buxoroda avj olgan «bosmachilik» haqida to'xtalib, bu yerda harakat ma'lum ma'noda xalq qo'zg'oloni, isyoni xarakteriga ega bo'layotganini qayd etib, «bosmachilik»ning Samarqand, Zakaspiy, Sirdaryo viloyatlarida ham rivojlanib borayotganini asoslab beradi va shunday og'ir vaziyatda Farg'onada xato siyosat olib borilayotganini tanqid qiladi.
Qurolli harakatda mintaqalar, milliy rayonlarning o'ziga xosligi bilan bog'liq farqlar, xususiyatlar ham bo'lgan. Masalan, Turkmanistondagi Junaid- xon boshchiligidagi harakat bilan Tojikistondagi Ibrohimbek rahbarligidagi harakatda, Farg'ona vodiysidagi Madaminbek boshliq harakat bilan vodiyning qirg'iz aholisi yashagan Muhiddin, Jonibek qozi kabi qo'rboshilar boshliq harakatda talaygina milliy va mahalliy xususiyatlar bo'lganki, bularni e'tibordan chetga qoldirmaslik kerak. Shu bilan bir qatorda sovetlarga qarshi qurolli harakatda qaysi mintaqada bo'lishidan qat'i nazar ko'pdan-ko'p umumiyliklar bo'lgan hamda kurashuvchi guruhlar bir-birlari bilan o'zaro qo'shilib ketganki, shuning uchun ham mazkur harakatni atroflicha o'rganmay turib unga to'g'ri baho berib bo'lmaydi.
O'ylaymizki, milliy istiqlol harakati haqidagi yangi dalillar, hujjatlar, materiallar, fikr va mulohazalar qanchalik ko'p bo'lsa, tariximizning bu g'oyat murakkab davrini to'g'ri talqin va tahlil qilish imkoniyati ham shunchalik ko'p bo'ladi.

Lotin alifbosida maqola: «Bosmachilik harakati» qanday bo'lgan? haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
General Chernyayevning Toshkentga bosqini
O'rta Osiyoning qadimgi aholisi haqida yunon-rim mualliflari
XX asr boshida Turkiston...
Milliy ozodlik harakati


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты