Qatag'onlik siyosati: uning mohiyati va oqibatlari

XX-asrning 20-yillari ikkinchi yarmiga kelib sovetlar mamlakatining hokimiyat boshqaruv-idora tizimida ham keskin o'zgarish hollari yuz berdi. Stalin asta-sekinlik bilan o'zining yakka hokimligini butun choralar bilan qaror toptirish harakatida bo'ldi. 20-yillar oxirlarida Stalin tomonidan yangi nazariy qarash sifatida ilgari surilgan “Sotsializm mustahkamlanib borgan sari sinfiy dushman qarshiligi ham shunchalik kuchayib boradi” degan g'oya g'ayriqonuniy xatti-harakatlarning avj olishiga olib keldi. Stalin va uning atrofidagilar mamlakat va partiya hayotiga oid har bir masalada o'z irodasi, hukmini boshqalarga majbur etib, har qanday muxolifatchi qarashlarni, ularning tashuvchilarini mahv etib bordilar. Shu tariqa, mamlakatda Lenin tomonidan asos solingan totalitar boshqaruv tizimini Stalin yanada kuchaytirdi. Bu tizimning mohiyati shundaki, unda davlat boshqaruvi markazlashgan va buyruqbozlik xarakteriga ega bo'ladi. Siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ma'rifiy sohalar ustidan to'liq davlat nazorati o'rnatiladi. Turli xil tarzda fikr, tafakkur yuritish, muxolifatchilik harakatlarida bo'lish qat'iyan man etiladi, siyosiy erkinliklar taqiqlanadi. Ayni chog'da demokratiya buziladi, ilg'or, taraqqiyparvar kuchlar qatag'onlikka mahkum etiladi. Hukmron partiyaning yagona irodasi, o'zboshimchaligi, chegara bilmas zo'ravonligi avjiga chiqadi. Mamlakatda totalitar tuzumning qaror topishi milliy sovet respublikalari hayotiga ham daxl qilib, ularning butun inon-ixtiyorini Ittifoq davlati tasarrufiga bog'lab qo'ydi. Bu O'zbekiston timsolida ham ko'zga yaqqol tashlandi. Avvalo, respublika hokimiyati boshqaruvining hamma bo'g'inlari to'liq ravishda SSSR organlariga bo'ysundirildi. Shuningdek, bu yerdagi yagona rahbar tashkilot – O'zbekiston Kompartiyasi ham VKP(b)ning tarkibiy qismi sifatida viloyat bo'limi maqomiga tushirildi. Binobarin, hukmron partiya qabul qiladigan har qanday qaroru farmoyishlar, rahbariy ko'rsatmalar respublika partiya tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiy va shart edi.
Stalincha ma'muriy-buyruqbozlik tizimi ko'zga ko'rinarli va ko'zga ko'rinmas ming xil qizil iplar bilan O'zbekistonni o'z domiga kiritib, uning amaldagi rasmiy mustaqilligini ham yo'qqa chiqargan edi. Uning mahalliy rahbariyati respublikaning iqtisodiy, xo'jalik, madaniy-ma'naviy hayotiga oid biror bir masala, muammoni mustaqil tarzda hal etishga haqli, huquqli emas edi.

Mustabid tuzum Markazdan O'zbekistonga o'zining ko'p sonli sadoqatli xodimlari, vakillarini rahbariy lavozimlarda ishlashga uzluksiz yuborib turdi. Ular yordamida o'lka hayotida kechayotgan barcha jarayonlar, o'zgarishlardan doimiy xabardor bo'lib, mahalliy kadrlar faoliyatini kuzatib, nazorat qilib bordi.
O'z xalqi, yurtining milliy manfaatlarini himoya qilib, uning istiqbolini ko'zlab, o'zida kuch-iroda topib, bor haqiqatni aytishga jur'at qilgan millat kishilari birinchi navbatda hukmron Markazning qahru zahriga duchor bo'ldi. Qatag'onlik zulmkorlari, ularning gumashtalari bir imo-ishora bilan bunday yurt fidoyilarini oradan olib tashlash, faoliyatini og'machilik, buzg'unchilikda ayblash, sha'niga xalq dushmani, millatchi, aksilinqilobchi, burjua malaylari singari asossiz bo'htonlar bilan la'nat tamg'asini tirkashga doimo tayyor turardilar. Buning yorqin ifodasini sovet mafkurachilari tomonidan to'qib chiqarilgan va o'zbek milliy kadrlari sha'nini bulg'ashga qaratilgan “o'n sakkizlar guruhi”, “inog'omovchilik”, “qosimovchilik” degan siyosiy ishlar misolida ko'rishimiz mumkin. Ularning yagona “gunohi” o'z millati dardi, tashvishi va manfaatini ko'zlab, ayrim muhim muammolarni ko'targanligi va ularni hal etishga yuqorining e'tiborini jalb etganligidir.
Xo'sh, “o'n sakkizlar guruhi” tarkibi kimlardan iborat bo'lgan? Ular sovet mutasaddilari oldida qanday gunoh qilgan edilar? Respublikaning taniqli arboblaridan tashkil topgan bu guruh (I.Xidiraliyev, N.Saidjonov, U.Ashurov, R.Rahimboboyev, R.Rafiqov va boshqalar)ga tirkalgan asossiz aybga, uyushtirilgan tuhmatu bo'g'tonga ko'ra, go'yo uning a'zolari ko'p masalalarda noto'g'ri yo'l tutganlar. Aslida esa ular hukmron Markazning ulug' davlatchilik va shovinistik siyosatiga, milliy kadrlarga nisbatan bepisandlik, loqaydlik yo'liga qarshi chiqib, adolat va haqqoniylik tamoyillarini himoya qilib chiqqandilar. Shu bois rasmiy partiya organlari tomonidan mazkur guruh a'zolari keskin qoralandilar va ular o'z lavozimlaridan olinib, turli partiyaviy jazolarga giriftor etildilar.
“Inog'omovchilik” guruhi to'g'risida gap borganda ham unga qo'yilgan barcha ayblarning to'liq tarzda to'qib chiqarilganligi ayon bo'ladi. Ma'lumki, Rahim Inog'omov O'zKP(b) MQ Matbuot bo'limi mudiri va O'zSSR Maorif xalq komissari vazifasida faoliyat yuritib kelgan. U 1926-yilda “O'zbekiston ziyolilari” degan risolasini e'lon qilgan. Risolada oktabr o'zgarishi o'zbek xalqi uchun kutilmagan voqea bo'ldi va unga o'zbek mehnatkashlari tayyor emas, degan fikrlarni yozgan. Shuningdek R.Inog'omov o'zining bir qator nutqlarida O'zbekiston Kompartiyasining mustaqil faoliyat yurita olmayotganligiga, Markazning nazoratchi organlarining o'lka hayotidagi zo'ravonligiga ham alohida e'tibor qaratgan. Respublikaning bir qator mahalliy partiya, sovet organlari mas'ul hodimlaridan N.Mavlonbekov, I.Isamuhammedov, M.Aliyev singari hammaslaklar Inog'omov qarashlarini qo'llab-quvvatlab chiqqandilar. Albatta, bunday muxolifatchi chiqishlar hukmron partiya mutasaddilarining qahriga uchramasdan, jazolanmasdan qolmasdi. Shu bois 1926-1927 yillarda bu guruh faoliyati partiya tashkilotlarida bir necha bor muhokama qilinib, og'machi guruhbozlikda ayblandi. R.Inog'omov va uning tarafdorlari vazifalaridan olinib, nomlari qoralandi. O'zlari esa tavba-tazarru qilishga majbur etildilar.
“Qosimovchilik” guruhi ham 1929–1930-yillarda sovet hukmron rejimi tomonidan milliy kadrlarni, ziyolilarni qatag'on qilish, jazolash maqsaduda atayin uyushtirilgan navbatdagi uydirma bo'lgan. O'zSSR Oliy Sudining raisi lavozimida ishlab kelgan Sa'dulla Qosimov va uning yaqin maslakdoshlari deb topilgan N. Alimov, B.Sharipov kabi 7 kishi 1929-yilning ikkinchi yarmida qamoqqa olinadilar. Ularning atayin to'qib chiqarilgan “ayblov ishi”ga siyosiy tus beriladi. Bunga ko'ra, ular respublikadagi millatchi tashkilotlar bilan aloqa bog'laganlikda ayblanadilar, “bosmachilik” harakatiga yon bosganlikda qoralandilar. Bu guruhning 4 ta a'zosi mana shunday asossiz ayblar bilan ayblanib, otib tashlandilar, qolgan 3 kishi esa ko'p yillik qamoq jazosiga hukm qilindilar.
O'zbekiston ravnaqi, istiqboli uchun fidoyilik ko'rsatgan Fayzulla Xo'jayev, Turar Risqulov, Abdulla Rahimboyev, Akmal Ikromov, Isroil Ortiqov, Abdulla Karimov va boshqa o'nlab nomdor mahalliy rahbar kadrlarning hayot qismati ham pirovardida mana shunday fojea bilan yakun topdi. Mustabid tuzum hukmdorlari va ular gumashtalarining yeng shimarib qilgan “sa'y-harakatlari” natijasida 1937–1938-yillarda go'yo O'zbekistonda bir qator yirik “aksil-inqilobiy tuzilma”lar borligi to'qib chiqarildi. Bular respublika rahbarlari A.Ikromov va F.Xo'jayev boshchiligidagi “Burjua-millatchilik aksilinqilobiy markazi”, Abdurauf Qoriyev rahbar bo'lgan “Musulmon ruhoniylarning millatchi-isyonchilar tashkiloti”, “Aksilinqilobiy o'ng trotskiychi josuslar tashkiloti markazi”, “Buxoro va Turkiston baxt-saodati” nomli aksilinqilobiy tashkilot, I.Ortiqov boshliq “Yoshlarning aksilinqilobiy burjua-millatchilik tashkiloti”, “Ingliz josuslik rezidenturasi”, “Yapon josuslik-qo'poruvchilik rezidenturasi” va boshqalar bor edi. Eng songgi ma'lumotlar, tarixiy hujjatlarni har tomonlama o'rganish, tahlil qilishlar, surishtirishlar bunday tashkilotlarning respublika hududida butunlay bo'lmaganligini tasdiqlamoqda. Demak, bunday “aksilinqilobiy tuzilma”lar qatag'onlik tuzumi buyurtmasi asosida Markaz jallodlari va jazo organlari tomonidan atayin to'qib chiqarilgan. Buning orqasida ming-minglab begunoh, aybsiz insonlar shafqatsiz jazolangan, aziz umrlari xazon bo'lgan.
Faqat 1937–1939-yillarda O'zbekistonda hammasi bo'lib 43 mingdan ziyod kishi qamoqqa olingan. Ulardan 6 ming 920 nafari otib tashlangan, 37 ming nafari esa turli muddatli qamoq va surgunlarga hukm etilgan. Mustabid tuzum jallodlarining bu bedodliklarini hech narsa bilan oqlab bo'lmaydi. Yaqin milliy tariximizning bu qorong'u zulmati xalqimiz dilida mangu o'chmas armon bo'lib qoldi. U faqat milliy istiqlol tufayligina to'la yuzaga chiqib, bundan yurtimiz fuqarolari chinakam ro'shnolik ko'rmoqdalar.

Sovet rejimining qatag'onlaridan milliy ziyolilar eng ko'p aziyat chekdi, mislsiz qurbonlar berdi. Negaki, bu rejim mutasaddilari o'zlari johil kimsalar bo'lganligidan ilmu ma'rifat, ziyo ahlini qadrlash, e'zozlash emas, balki ularni xo'rlash, tahqirlash, kerak bo'lsa yo'q qilishni o'zlariga kasb qilib olgandilar. Shuning uchun Markazning o'tkir shamshiri va po'lat qalqoni hisoblangan Davlat siyosiy boshqarmasi (GPU), Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) kabi jazo organlari va ularning jallodlari uchun ilg'or, taraqqiyparvar ziyolilarni hibsga olish, ularning faoliyati uchun yo'q ayblarni to'qib chiqarish, uydirmalarni “yasash” hech gap emas edi. Eng achinarlisi shuki, o'z elini jondan sevgan, uni kuylagan, boy tarixi, betakror madaniyatiga murojaat qilib undan asar bitgan, buyuk ajdodlar nomini tilga olgan vatanparvar ijodkorlar, ilm-fan ahli birinchilar qatorida qatliomga duchor bo'ldi.
1929-yilda Munavvar Qori Abdurashidxonov rahnamoligida millat ravnaqi va istiqloli yo'lida faoliyat yuritgan, xalqqa ziyo taratib kelgan “Milliy Ittihod” va “Milliy Istiqlol” tashkilotlarining 87 nafar a'zosi qamoqqa olindi va ular ustidan sud uyushtirildi. Ularning 15 nafari 1931-yilda Moskvada otib tashlandi, qolganlari ham uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.
O'zbek adabiyotining ustunlari bo'lgan, noyob ijodlari xalq mehrini qozongan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho'lpon, Usmon Nosir, Elbek (Mashriq Yunusov), Mahmud Botu, G'ozi Yunus kabi ajoyib iste'dodlar quruq bo'htonu tuhmatlar asosida “xalq dushmanlari” sifatida jismonan yo'q qilinib, yorqin faoliyati so'ndirildi. Axir ularning har biri o'z millatining faxri, iftixori darajasiga ko'tarilgan, beqiyos ijodi, yaratgan boy merosi e'tirof topgan, har qancha havas qilsa arziydigan insonlar edilarku!
Mustabid tuzum farmondorlari ayniqsa o'zbek xalqining milliy ongi, tafakkurini yoritish, uning o'zligini tanitishga ilk qaldirg'ochlar sifatida fidoyilik qilgan istiqlol darg'alari bo'lgan jadidchilik namoyondalarini yo'q qilishni o'z oldilariga maqsad qilib qo'ygan edilar. Qatag'onlik qurbonlari orasida juda ko'plab ilm-ma'rifat, madaniyat namoyondalari bo'lgan. Ajablanarli jihati shundaki, Buxoro va Turkiston respublikalari hukumatining tashabbusi va sa'y-harakati bilan 20-yillarda xorijga o'qishga yuborilib, yaxshi mutaxassislar, fan arboblari bo'lib yetishgan kishilar atayin qatliom qurbonlari bo'ldilar. Agar Germaniya yoki Turkiyada ta'lim olgan bo'lsalar ularga o'sha mamlakatning josuslari degan ayb qo'yildi. Germaniya va Turkiyada o'qib, u yerda olgan bilimlarini o'z respublikasining xalq xo'jaligi, iqtisodiyotini yuksaltirish uchun baxshida qilishga bel bog'lagan Sattor Jabbor, Solih Muhammad, Maryam Sultonova singari o'nlab bilimdon yosh mutaxassis kadrlarga “chet el josusi” “xalq dushmani” qabilidagi tavqi la'nat bosilib, qatag'on qilingan.
Inson taqdiri bilan bu qadar o'ynashish, uni chuqur surishtirmay eng og'ir jazoga mahkum etish – bu totalitar tuzum qonunbuzarligi va qonxo'rligining tipik namunasidir. Biz milliy istiqlol davri kishilari jonajon yurtimiz erki, ozodligi va mustaqilligi yo'lida kurashib, stalincha qatag'onlik qurbonlari bo'lib ketgan aziz va mukarram insonlar xotirasini doimo qalbimiz to'rida saqlamog'imiz kerak bo'ladi. Bu har birimiz uchun farzu qarzdir. Yurtboshimizning tashabbusi bilan Toshkentda qatag'on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish ushun 2000–2002-yillarda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui, “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyi barpo etildi. Prezidentning 2001-yil 1-maydagi farmoni bilan 9-may kunining “Qatag'on qurbonlarini yod etish kuni” deb e'lon qilinganligi g'oyatda quvonarlidir. Bu hozirgi minnatdor avlod kishilarining o'tganlar, shahid ketganlar xotirasi oldidagi ehtiromining umumxalq va umumdavlat e'tirofidir.

Totalitar sovet rejimi bedodligi va zulmining haddan ziyod kuchayib borishi nafaqat yurtparvar milliy kadrlar, fidoyi ziyolilarning hayot tarzini, qismatini zavol toptirib qolmasdan, shu bilan birga millionlab fuqarolarning oddiy insoniy qadr-qimmati, or-nomusi hayosizlarcha tahqirlandi. G'addor tuzum zulmkorlari o'z g'ayriqonuniy xatti-harakatlarini avj oldirib borar ekanlar, bunga har bir insonning yurish-turishi, kundalik mashg'uloti, muomalasidan tortib to uning qanday tafakkur yuritishigacha bo'lgan hamma jarayonlarni o'z nazoratiga olishga intilganlar. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad esa insonlar erki, irodasi, mayl-xohishini jilovlash, uni muayyan chegara doirasida ushlab turish va shu yo'l bilan badkirdor tuzum sha'niga dog' tushirmaslik, uning soxta obro'-nufuzini saqlash, avaylash edi.
SSSRning “g'olib sotsializm” Konstitutsiyasi va unga muvofiq tarzda O'zbekistonning Asosiy qonuni qabul qilinib, ularda inson huquqlari, sovet demokratiyasi afzalliklari to'g'risida lof urilib, olamga jar solingan bir paytda respublika fuqarolari mutlaq ko'pchiligining oddiy insoniy huquqlari, or-nomusi, vijdoni oyoq osti qilinganligi, ularning hayoti nochor, tahlikali ko'chganligini qanday izohlasa bo'ladi. Bu insonlar kommunistik siyosat va mafkura yolg'onlariga ishonib, porloq kelajakka umid bog'lab, jonlarini jabborga berib, ter to'kib mehnat qilsalar, o'zlarini sotsializm ishiga bag'ishlasalarda, biroq buning evaziga undan beadad zulm-sitam ko'rsalar! Respublikada sanoatlashtirish, qishloqda jamoalashtirish, quloqlashtirish yoki madaniy inqilobni amalga oshirish jarayonida yuz bergan jiddiy xatolar, buzilish va cheklanishlardan qattiq aziyat chekkan aholi tabaqalarini rasmiy hokimiyat organlari ommaviy tarzda quvg'in va ta'qib qilishganligi va turli xil jazolarga tortganligi ham buning asosli isbotidir. Buning oqibatida XX-asr boshidan 40-yillarigacha 450 ming vatandoshimizga nisbatan “jinoiy ish” ochilganligi, ularning hayoti ostin-ustun bo'lib ketganligi haqiqatdir. Ayniqsa bunda kishilar dunyoqarashi, e'tiqodini o'z izmiga bo'ysundirish, uni yangi kommunistik ahloq, ateistik tamoyillar ruhida shakllantirish uchun jon-jahdi bilan hujumkor kurash olib borgan sovet mafkurasining respublika mehnatkashlarining ma'naviy hayotiga yetkazgan zarari behisob bo'ldi. Xalq ma'naviy-ruhiy hayotiga asrlar osha muhim hissa qo'shib kelgan ulamolar yo'q qilib yuborildi. Ko'plari begona yurtlarga bosh olib ketib jon saqlashga majbur bo'ldi. Bunday chidab bo'lmas qabohatliklar oqibatida xalqimizning ne-ne barhayot udumlari, marosimlari, an'analari zavol topdi, unutishga mahkum etildi. Faqat milliy istiqlol davriga kelibgina ular yangidan ro'yobga chiqib, bugungi demokratik voqeligimizdan munosib o'rin topib bormoqda.
Yana 30-yillar voqealariga qaytar ekanmiz, bunda shu narsa kishini benihoya ajablantiradiki, u davrda insonni qoralash, uning peshonasiga xalq dushmani tamg'asini bosish tuzum zolimlari uchun xuddi xamirdan qil sug'urgandek gap bo'lgan. Hatto shunday hollarga duch kelindiki, respublikadagi ko'p xonadonlarda vaqti-vaqti bilan o'tkazilgan tintuv paytida mabodo arab yozuvida bosilgan birorta kitob topilgudek bo'lsa, uning nomi, mazmuni so'rab, surishtirilmasdan o'sha xonadon sohibiga jamiyatga yot unsur degan la'nat tamg'asi bosilib, u qamoq yoki surgun jazosiga hukm etilaverardi.
Shunday qilib, mustabid sovet rejimining qatag'onlari respublikamiz hayotining barcha sohalari uchun qonli fojealar, beadad yo'qotishlar, mahrumliklar bilan to'lib-toshgan davr bo'ldi. U millionlab odamlarning taqdir-qismatida asoratli iz qoldirdi va mislsiz xunuk oqibatlarni yuzaga keltirdi. Shunga qaramay xalqimiz o'z bukilmas irodasini, matonatini namoyon etib, yorug' kunlar kelishiga intiqib, kurashib yashadi, qatliomning har qanday shiddatiga dosh berib, o'z asriy qadriyatlari, udumlari, rasm-rusumlari, imon-e'tiqodiga sodiq qola bildi va hamisha milliy istiqlol sari dadil harakatlanishda davom etdi.

Lotin alifbosida maqola: Qatag'onlik siyosati: uning mohiyati va oqibatlari haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



Sovet tuzumining ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishdagi mustamlakachilik asosi
General Chernyayevning Toshkentga bosqini
O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
XX asr boshida Turkiston...
XITOY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты