Turkiston halqlarining o'z erki va ozodligi uchun olib borgan kurashlari

Turkiston mustamlakaga aylantirilgach, podsho Rossiyasi o'zining asosiy maqsadi etib eng avvalo halqlarimizda milliy davlatchilik tuyg'ularini yo'q qilish etib belgiladi. Bunda hamma sohada rus millatchilik shovinizmini qaror toptirish ko'zlandi. Rus   amaldorlaridan biri tatar A.Divayea shunday yozgan edi:  - «Bu halqlar juda  boy madaniyatga ega, bu madaniyatni o'rganish biz uchun juda ham og'ir. Biroq biz bu madaniyatni o'rganishga majburmiz, chunki bundan buyon bu halqlarni biz boshqaramiz». (Kirgizskiye poslovitsi. M.1900. 2-bet).
Turkistonda barcha rus amaldorlari, ziyolilari o'lkada buyuk rus davlatchilik g'oyalarini amalga oshirishga kirishdilar. Turkistonda siyosiy, iqtisodiy va milliy ma'naviy zulm nihoyatda kuchaydi.
O'lka aholisining ro'yxatga olingach, erkaklarni harbiy hizmatga olish masalasi yuzaga keldi. Biroq o'lkada mahsus taftish ishlari olib borgan maxfiy maslahatchi Girsning bergan ma'lumotlariga asosan podsho hukumati turkistonliklardan armiyaga olish fikridan qaytdi va ularga harbiy soliqlar joriy etdi. Podsho mahalliy halqlarning qo'liga qurol berib, harbiy ishlarga  o'rgatish o'zi uchun nihoyatda havfli tadbir ekanligini angladi. Podsho hukumatining Turkistonda olib borgan mustamlakalashtirish siyosati mahalliy halqlarimizda kuchli norozilik keltirib chiqardi va ruslarning bu yerga kirib kelgan dastlabki kunlaridanoq mustamlakachilarga o'zining noroziligini namoyon etib turdi. XIX asrning 70-80 yillarida esa mustamlakachilarga qarshi  milliy ozodlik harakatlari Turkiston o'lkasining deyarli barcha joylarida kuchayib ketdi. Bu haqda maxfiy maslahatchi Girs ham o'z ma'lumotlarida to'xtalib o'tib, «halqda ruslarga qarshi kurashish befoyda», degan tushuncha paydo bo'lgan, - deya ta'kidlab o'tadi. Biroq biz keyingi yillarda bo'lib bir qancha milliy ozodlik harakatlaridan halqda  bunday xulosa paydo bo'lmaganligini ko'ramiz. Milliy ozodlik harakatlarining kuchayishiga yana bir sabab, mustamlakachilar tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy zulm edi. Rossiya Turkistonni bosib olgach, o'zining iqtisodiy manfaatlarini amalga oshirishga va o'lkani xom-ashyo bazasiga aylantirishga kirishdi. Qishloq xo'jaligidagi amalga oshirilgan siyosat, o'lkada sanoat ishlab chiqarishning shakillantirilishi to'laligicha rus podshosi manfaatlari uchun ishlay boshladi. Mahalliy halqlarning barcha insoniy huquqlari poymol etilib,  ularga  faqatgina arzon ishchi kuchi bo'lgan qullar kabi muomala qilindi. Yer mulklarning   yirik mulkdorlar qo'lida to'planishi, turli banklarning ochilishi, savdo sudxo'rlik kapitalining kuchayishi o'lkada qashshoqlarning ko'payishiga olib keldi. Ayniqsa,  ruslashtirish siyosati orqali o'lkaga ko'plab rus mujiklarini ko'chirib kelitirilishi ham halqlarimizning azaliy  tiriklik manbai bo'lgan yer suvlaridan mahrum bo'lishiga va yollanma ishchilarga, mardikorlarga aylanib borishiga olib keldi. Sudxo'rlikning nihoyatda, kuchayib avj olishi ham asosan oddiy dexqonlarni katta-katta qarzlarga bostirib, o'z yeri va erkidan mahrum  bo'lishlariga olib keldi. Ruslar kelishi bilan boshlangan ochrachiliklar, qashshoqliklar, turli kasalliklarning ko'payishi, ayniqsa, ruslar bilan tengma teng o'lkada keng tarqalgan o'g'rilik, talonchilik, yulg'ichlik oddiy  halqning boshiga og'ir savdolarni soldi. Halqimiz har tomonlama mustamlakachilik zulmi ostida ezilgan bo'lsada, biroq o'zining izzati, erki, qadr-qimmati toptalayotganligiga indamay qarab turmadi va rus mustamlakachilariga qarshi ko'plab marotaba erk va istiqlol uchun kurashlar olib bordi. Bu kurashlar 70-80 yillarda Farg'ona vodiysida, 90-yillarda Toshkentda va Farg'ona vodiysida, XX asrning boshlariga kelib Turkiston o'lkasining deyarli barcha hududlarida muttasil davom etib turdi va halqimizning o'z erki va ozodligini qo'lga kiritishi uchun  hech qachon kurashlarni pasaytirmaganligi uni yuqorida aytganimizdek «befoyda» deb o'ylamaganligi bu kurashlarning mohiyatini ochib  beradi.

Podsho Rossiyasi tomonidan amalga oshirilgan iqtisodiy va milliy zulm halqlarimizning milliy ozodlik kurashlarini kuchayishiga olib keldi. Hukmron tuzumga qarshi qo'zg'olonlar asosan qambag'al dexqonlar, kosiblar, hunarmandlar tomonidan amalga oshirildi. Milliy g'ururini yo'qotmagan ayrim yuqori tabaqa vakillari ham bu qo'zg'olonlarda ishtirok etdilar. 1878 yilda Mingtepada Yetimxon boshchiligida ruslarga qarshi qo'zg'olon ko'tarildi. Biroq rus mustamlakachi hukumati katta harbiy kuchlar yordamida Yetimxon boshchiligidagi qo'zg'olonlarni bostirdi. Biroq, o'lkada rus chorizmiga qarshi qo'zg'olonlar bu bilan boshlandi deb bo'lmaydi. Bu davrda yuz bergan milliy ozodlik harakatlarini mahsus tadqiq qilgan tarixchi X.Bobobekov quyidagi bir qator qo'zg'olonlarni sanab o'tadi:
1.    Qozog'iston mintaqasida 1783-1793 yillarda bo'lib o'tgan  Sirim Botir qo'zg'oloni.
2.    1822-23 yillarda bo'lib o'tgan Julomon Tilanchi qo'zg'oloni.
3.    1836-1838 yillarda bo'lib o'tgan Isatoy Toyman qo'zg'oloni.
4.    1837-1846 yillarda bo'lib o'tgan Sulton Kenasari qo'zg'oloni.
5.    1856 yilda bo'lib o'tgan Sirdaryodagi Jonxo'ja Nurmuhammedov boshchiligidagi qo'zg'olon.
6.    1868 yildagi Samarqand mudofaasi va Buxoro shahri, Shahrisabz bekliklaridagi qo'zg'olonlar.
7.    1870 yilda Mang'ishloq qirg'izlarining   qo'zg'olonlari.
8.    1871 yilda Sirdaryo viloyatida Eshon EshMuhammad boshchiligidagi qo'zg'olonlar.
9.    1878 yildagi Mingtepadagi Yetimxon qo'zg'oloni va boshqalar.
Yuqoridagilardan ko'rinadiki, Yetimxon qo'zg'oloniga ham rus mustamlakachiligiga qarshi mahalliy halqlar tomonidan ko'plab marta  qo'zg'olonlar ko'tarilgan. Ular orasida Sulton Sodiq boshchiligidagi, Botirxon To'ra boshchiligidagi, Po'latxon, Qo'rbonjon dodxohlar boshchiliklaridagi milliy ozodlik harakatlarini alohida ko'rsatib o'tish lozim.
Shuningdek, Bobobekov 1887-1897 yillarda Sirdaryo, Samarqand, Farg'ona viloyatlarida mustamlaka idoralariga qarshi ja'mi 663 marta hujumlar bo'lib o'tkanligi alohida ta'kidlab o'tadi. Yetimxon  qo'zg'oloni mag'lubiyatga uchragach ham, Farg'ona vodiysida mustamlakachilarga qarshi kurashlar pasayib qolmadi. Bundan harakatlar turli sharoitlarda bo'lib turdi.
1880 yilda alohida barcha soliqlar yig'ib olingandan so'ng Xo'jand Uezdining boshlig'i Putintsev O'ratepa va Xo'jand aholisidan qo'shimcha soliq yig'ib olish to'g'risida ko'rsatma beradi. Bundan g'azabga to'lgan halq Raxmonqulixoja va Mirkarimboylar boshchiligida uyezd mahkamasiga borib noroziliklarni bildiradilar. Qo'zg'olonchilarga qarshi kuch ishlatiladi va boshliklari hisobga olinadi.
Shunday harakatlardan biri 1882 yil noyabrida Namanganda bo'lib o'tadi. Qo'zg'olonchilar tarqatilib, rahbarlari qamoqqa olinadi.
1882 yili O'shda va 1883 yili Chustda ko'tarilgan qo'zg'olonlar ham shu tariqa bostirildi.
80-yillarning ikkinchi yarmi va 90-yillarning boshlarida Farg'ona vodiysida qo'zg'olonlar yana avj oldi. Qo'zg'olonchilar o'zlariga  qarashli bo'lgan va zulm o'tkazgan boylar hamda volost boshliqlarining uylariga o't qo'yish va hujumlar uyushtirishni kuchaytirdilar. Andijon uyezdining Qo'rg'ontepa volostida Darveshxon  boshchiligida mustamlakachilarga qarshi ochiqdan-ochiq qurolli kurashga tayyorgarlik ko'rila boshlandi.
Hukumat bundan habar topgach, u yerga harbiy kuchlarni yubordi va qo'zg'olonchilarga zarba berildi. Qo'zg'olon  rahbarlaridan biri Mo'minboy dorga osildi.
1890 yilda Namanganning Kapa volosti Qumqo'rg'on qishlog'ida ham  ma'muriyatga qarshi norozilik bo'lib o'tdi. Bunga ham qarshi harbiylardan foydalanildi.
1893 yil fevralida Qo'qon volostining Qashqar va Niyoz qishloqlarida, 13 fevralda Andijon yaqinidagi Qo'qon qishloqda  mustamlakachi ma'muriyatga  qarshi kuchli norozilik harakatlari bo'lib o'tdi. Ayniqsa, Qo'qon qishlog'ida halq pristav va uning yordamchilarini kaltaklab, ularni bu yerdan haydab yubordi. Bu qo'zg'olon bilan Farg'ona viloyati g'arbiy gubernatori general leytenant Korolkov N.I shaxsan o'zi shug'ullandi va qo'zg'olonchilarni jazolash  uchun o'z yordamchisi general-mayor Medinskiyni yubordi. Ruslarning katta harbiy kuchlari Qo'qon qishloq aholisini qattiq qiynoqlarga soldilar va ularning mol-mulklarini tortib oldilar.
Bunday qo'zg'olon va norozilik  Andijon uyezdining Kengko'l volostida ellikboshilarni saylash vaqtida ham  yuz berdi. 1896 yilda Namangan uyezdining Oqsuv-Shahrixon volostidagi Naymancha, Ko'xna mozor, Langarbob qishloqlarida ham ellikboshi va mingboshilar saylovlari vaqtida shunday harakatlar bo'lib o'tdi. Bu qo'zg'olonlarda ham halq pristav va uning amaldorlarini do'pposlash, ularni toshbo'ron qilish bilan cheklandi.
1895-1896 yillarda Kengko'l-Qoraqir, Olmos, Sariqsuv, Oqsuv-Shahrixon volostlarda yana bir necha marta shu kabi qo'zg'olonlar bo'lib turdi.
Farg'ona vodiysida tinmasdan ko'tarilib turgan bunday qo'zg'olonlar va milliy ozodlik harakatlari mustamlakachi hukumatni daxshatga soldi. Ma'muriyat qo'zg'olonlarning oldini olish va qo'zg'olonchilarga qarshi kurashda shafqatsiz bo'lish bilan birga qo'zg'olonchilarni jazoga tortishda ham keng vakolatlarga ega edi.
1892 yildan boshlab rus mustamlakachi hukumati hukumatga qarshi qilingan har qanday jinoyatni ko'rish uchun harbiy sudiga borishga odatlanishdi. Bunda «jinoyatchilarni» «oliy jazo» ga hukm qilish uchun katta huquqlar berildi va bundan asosiy maqsad halqni doimiy qo'rquv va xavotir, daxshat ostida yashashga majbur qilish edi.

Qo'qon xonligi tugatilib, o'rnida Farg'ona viloyati tashkil etilgach, halqimizning vatanparvar farzandlari o'z erki va ozodligini qo'lga kiritish hamda milliy davlatchiliklarini tiklash uchun kurashni bir dam ham pasaytirmadilar. Po'latxon qo'zg'oloni mag'lubiyatga uchragach, Farg'ona vodiysidagi barcha vatanparvar kuchlar yana bir istiqlol uchun kurashchi-mashhur qirg'iz ayoli Qurbonjon dodxoh qo'shinlari safiga kelib qo'shildilar. Vodiyda yashovchi o'zbek, qirg'iz, tojik halqlari birgalashib umumiy dushmanga qarshi kurashni davom ettirdilar.
Qurbonjon dodxoh Yevropadagi urushlarda katta tajriba orttirgan rus generallaridan biri D.Skobelevga qarshi kurashlarda uni mag'lubiyatga uchratadi.
1876 yil yozida bo'lib o'tgan jangdan so'ng, mag'lubiyatga uchragan general Skobelev sulh so'rab, Qurbonjon dodxoh huzuriga mayor Ionovni yubordi. Biroq, mag'rur sarkarda ayol mayor Ionovni qabul qilmadi va mansab pog'onasi jihatidan o'ziga teng bo'lgan sarkarda bilangina muzokara olib borishini bildirdi. Muzokara olib borish amalga oshmagandan so'ng ruslar yana jangnni davom ettirishga majbur bo'ldi. Qurbonjon dodxohning   o'g'li Abdulla o'z ukalari bilan  birgalikda  onasini qo'llab quvvatladi va ular bilan birgalikda ruslarga  qaqshatqich zarbalar bera  boshladilar. Ular rus mustamlakachilarni har qanday kelishuvchilik va bitimlarni hech qachon halol bajarmasliklarini ham  ta'kidlab o'tdilar.
Uzoq va shiddatli janglardan so'ng 1876 yil 31 iyul kuni  qirg'izlarning mung'ish va adigina urug'lari ruslarga taslim bo'lganliklarini bildirdilar. Biroq bu bilan ruslar istiqlolchilik harakatlarini Oloyda butunlay bostirishga erisha olmadilar. Ruslar Oloyda hech qanday muvaffaqiyatga erisha olmagach,  Qurbonjon dodxohni «Oloy malikasi» va  hukmdori deb tan oldilar. Bu yerlar Rossiya mulki deb e'lon qilingan bo'lsa ham, Qurbonjon dodxoh  o'ziga qarashli hududlarda mustaqil siyosat yuritish va boshqarish huquqini saqlab qoldi.
Farg'ona  vodiysi va Oloyda halq kurashlari davom etardi. Qirg'izlarning  nayman urug'i Qo'qon xonlari avlodidan bo'lgan Xudoyqulni xon deb e'lon qildilar va kurashni davom ettirdilar. Shohimardon va Langar qishloqlarini egallab, Vodil va Chimenni qo'lga kiritish uchun harakat qilayotgan Xudoyqulga qarshi general Kolpakovskiy boshchiligidagi jazo otryadi yuborildi va Xudoyqul mag'lubiyatga uchradi. Bu jang Qorakiya degan joyda bo'lib o'tdi.
1876 yilning mart oyida Abdullabek ham kurashlarni kuchaytirdi va ruslarning tarkibidan Terak dovoniga ko'chayotgan vaqtda ruslar unga qarshi jang qildilar va Abdullabek tomonidan mag'lubiyatga uchradilar. Abdullabekka qarshi yuborilgan xoin Sarimsoqxo'ja ham mag'lubiyatga uchratildi va qatl etildi. Guljaga qochishga erishgan Xudoyqul qo'zg'olon ko'tarishga urinib ko'rdi, biroq qo'lga tushirilib, qatl etildi.
Davomli kurashlardan so'ng tarqoq holga kelib qolgan Vatan himoyachilari o'z kuchlarini birlashtirdilar. Abdullabek, Umarbek, Sulaymon udaychi,  Taniqul va Valixon to'ralar boshliq o'zbek va qirg'iz vatanparvarlari ruslarga qarshi kurash olib borib, Yangiariq darasini egallab oldilar. Shu vaqtlarda esa Abdukarimbek o'zini xon deb e'lon qildi (1876 y may). Uzoq davom etgan kurashlar vatan himoyachilari uchun juda og'ir kechdi va ular muntazam rus armiyalariga qarshi davomli kurashlar olib borishga ojizlik qildilar. Shunga qaramay rus mustamlakachiligiga qarshi ozodlik kurashlari Turkiston o'lkasining turli joylarida o'zini namoyon qilib turdi.

Rus mustamlakachiligiga qarshi eng katta kurashlardan biri XIX asrning 90 yillari boshida Toshkentda bo'lib o'tdi. 1892 yil bahorida Afg'onistonning Qobul va Xirot shaharlarida vabo kasalligi tarqaldi. Bu kasallik bahorning oxirlarida Samarqand viloyati va iyunning boshlarida Toshkent shahriga ham yetib keladi.
Bu kasallikning oldini olishdan ojiz bo'lgan rus mustamlakachi ma'muriyati kasallikning keng tarqalib ketishidan havfsirab, ba'zi shoshilinch choralarni amalga oshiradi, shulardan biri sifatida shahardagi mavjud 12 ta qabristonning barchasi yopib qo'yiladi. Vafot etganlarni dafn qilish uchun va'da berilgan bir nechta qabriston o'rniga shaharlardan olisda faqatgina bitta qabriston ochib beriladi. Shuningdek, vabo bilan og'riganlar ruslar tomonidan yo'q qilinadi degan mish-mishlar ham tarqalib ketadi. Bu esa o'z navbatida halqni vaximaga solib qo'yadi. Halq orasida hukumatdan norozilik kayfiyati kuchayib boradi.
Halqning bunday kayfiyatidan havfsirab qolgan ma'muriyat halqparvar va haqiqatgo'y eski shahar oqsoqoli Inog'omxo'ja Umriyoxo'jayevni (1833-96)  oqsoqollikdan bekor qilib, o'rniga yoqtirmaydigan va ruslarning sadoqatli qullaridan biri Muhammad Yoqubni shahar oqsoqoli etib tayinlaydi. O'z manfaati uchun hech nimadan qaytmaydigan Muhammad Yoqub o'z ajali bilan yoki boshqa kasalliklardan vafot  etganlarni ham shahar chekkasidagi mahsus qabristonga ko'mishni buyuradi. Vafot etganlarning qabristonga ko'milishidan ham pora undirish payiga tushganligi uchun halqning Muhammad Yoqubdan noroziligi oshib ketadi. Halq o'zining qadr-qimmati toptalayotganligiga chidab turmaydi va qo'zg'olon ko'taradi.
Bunga yana rus ma'muriyatining vabo kasalligini oldini olish borasida yetarli e'tibor bermayotganligi ham asosiy sabablardan biri bo'ladi. 1892 yilning 24 iyunga o'tar kechasi Muhammad Yoqubga vafot etganlarni yashirincha qabristonga ko'milayotganligi haqida habar keladi. U bu xaqda shahar hokimi Putintsevni habardor qiladi. Oqibatda ertasi kuni bir qancha kishilar aybdorlar sifatida qamoqqa olinadi. Halq ochiqdan-ochiq o'ziga qarshi milliy va diniy qadriyatlarining, insoniylik qadr-qimmatining poymol etilayotlanligiga qarshi chidab turmadi va Azizyor, Abdul Qosimxo'ja kabi Toshkentning taniqli ulamolari boshchiligidagi mingga yaqin kishi hokim qarorgohi tomon yurish qiladilar. Putintsev va Muhammad Yoqub boshchiligidagi shaharliklarga qarshi turgan politsiyachilar halq tomonidan toshbo'ron qilinadilar. Hokim va uning mirshablarini do'pposlash bilan birga hokimning mahkamasi ham ostin-ustun qilindi. Toshkentliklarga qarshi harbiy qurolli kuchlar qarshi qo'yildi va halq soldatlar  tomonidan  ayovsiz o'qqa tutildi. Oqibatda ko'plab kishilar o'ldi va yarador bo'ldi. Jazolash vaqtida 60 kishi asir olindi. Hisobga olinganlar uzoq muddatlarga  qatorga va qamoq jazolariga 8 kishi esa o'lim jazosiga mahkum etildi.
Toshkentdagi «vabo isyoni» deb nom olingan milliy-ozodlik harakati vabo bahonasida kelib chiqmagan edi. Bu isyon mustamlakachi rus ma'muriyati olib borayotgan zulm va zo'ravonlikka asoslangan idoraga qarshi uzoq yillar davomida norozilikka aylanib kelayotgan edi. Vabo faqatgina bir turtki bo'lgan edi holos.
General gubernatorlikning markazida bo'lib o'tgan bu kurashdan so'ng rus hukumati nihoyatda, qattiq tashvishga tushib qoldi. Turkiston o'lkasida mirshablik holati joriy etildi. «Davlat tartibi va jamoat osoyishtaligini muhofaza etishga doir choralar haqida Nizom» (1887) va 1892 yil 18 iyundan kuchga kiritilgan «Harbiy holatda deb e'lon qilingan joylar haqida Qoidalar» Turkiston o'lkasida joriy etildi. Harbiylar va politsiyaning vakolatlari kengaytirildi. O'lkada harbiy holat e'lon qilindi. Rus mustamlakachi hukumati o'lka aholisining doimo qo'rquv va xavotirda yashashga majbur qilish bilan birga, milliy madaniyat va ma'rifatni ham cheklash, maorif va boshqalarda ruslashtirish siyosatini  avj oldirishga kirishdi. 1895 yildan boshlab o'lkada rus tuzem maktablari ochila boshlandi. Turli siyosatlari va tadbirlari bilan rus mustamlakachilari mahalliy halqlar ustidan hokim ekanliklarini namoyish etib turdilar.

Chorizmning Turkistondagi halqlarning vatanparvarlik, kurashchanlik tuyg'ularini barbod qilishga har qancha urinmasin, o'lkaning eng markaziy qismlarida qo'zg'olon davom etib turdi. Rus mustamlakachiligi siyosati va hukmronligiga qarshi navbatdagi qo'zg'olon 1898 yilda Andijonda bo'lib o'tdi va bu  kurashga Dukchi Eshon (Muhammad Ali halfa) boshchilik qildi.
Muhammad Ali Muhammad Sobir o'g'li Marg'ilonga qarashli Shaxidon qishlog'ida dunyoga kelgan. U yoshligida Buxoroda va keyinchalik Andijonda Sultonxonto'ra Eshon huzurida tarbiya topadi. Hayoti davomida kishilarga ezgulik va savob ishlarni ko'p qiladi. Sultonxonto'ra vafotidan so'ng esa uning vasiyati bilan Eshonning o'rniga pir bo'lib qoladi.
1887 yilda Muhammad Ali Eshon Makka safariga otlanadi va Afg'oniston, Hindiston, Eron, Saudiya Arabistoni,  ortga qaytishda esa Rossiyaning janubiy o'lkalarida bo'lib, u yerlardagi taraqqiyot va halq turmushini o'z ko'zi bilan ko'rib, katta taassurotlar bilan Farg'onaga qaytadi.
Eshon chet el safarida o'rganib kelgan ayrim ishlarning aholi ko'z o'ngida bajargach, halqning unga bo'lgan e'tiqodi va ehtiromi yanada oshib boradi. Muridlari uning hovlisidagi 12 gazli minorasini 34 gazga ko'tarib pishiq g'isht bilan yangilab berishadi va 500 otga mo'ljallangan otxona qurib berishadi. U har kuni yetim-esirlar va beva bechoralarga ovqat qilib ulashadi.
Muhammad Alining halq orasida obro'si nihoyatda oshib ketganligi rus hukumatini tashvishga solib qo'yadi. Shu kunlarda Eshonning hovlisidagi minora qulab tushadi va talabalarni bosib qoladi, oqibatda 23 talaba halok bo'ladi, 15 tasi yarador bo'ladi. Bahona topilgan rus hukumati Eshonni darhol qamoqqa oladi. Biroq jabrlargan va halok bo'lgan  talabalarning ota-onalaridan hech qanday shikoyat va da'vo bo'lmaganligi sababli ma'muriyat Muhammad Ali Eshonni ozod qilishga majbur bo'ladi. Bu sud va tergov  jarayonlari Eshonning obro'sini nihoyatda, oshirib yuboradi va uning  mo'ridlari ko'chalarda namoyishlar uyuushtirishadi. 1895 yilda Eshonning huzuriga Qurbonjon dodxoh tashrif buyuradi. Bu vaqtda uning o'g'li Kamchinbek rus amaldorlarini o'ldirganlikda ayblanib, osib o'ldirilgan edi. Qurbonjon dodxoh esa yana ruslarga qarshi butun qirg'izlarni qo'zg'olonga ko'tarishi mumkinligi va ayniqsa, uning Dukchi Eshon bilan uchrashuvi mustamlakachi hukumatni qattiq tashvishga soladi.
1896 yili esa Ko'gart va Ketmontepa qirg'izlari vakillari Muhammad Ali Eshon huzuriga kelib, rus mujiklarining zo'ravonliklari ustidan shikoyat qilib kelishadi.
1897 yil oxirida bu qishloqlarning aholisi bir yerga to'planib, Chibil oqsoqol va qozoq noibi Mullo Raxmatulla  boshchiligidagi ruslarga qarshi urush rejasini ishlab chiqishadi. Bundan habar topgan rus ma'muriyati zudlik bilan yetib keladi, biroq uni ma'rakaga yig'ilganliklarini aytib, tarqalishadi va Eshonni Mingtepaga kuzatib qo'yishadi. Bunda e'lon qilingan g'azotga Muhammad Ali Eshon rahbar etib saylangan edi.
Muhammad Ali Eshon darhol ishga kirishib, gazotga tayyorgarlikni boshlab yuboradi va Farg'ona vodiysidagi mashhur kishilarga, jumladan, Muhammadaliboy, Somiy va Holikberdi oxun, Said Axmadxo'ja, Qurbonjon dodxoh,  Muhammad Yusuf eshon, Yaxyoxon to'ra xoji va boshqalarga maktublari jo'natadi.
Biroq belgilangan vaqtga, ya'ni 1898 yil 15 yanvarga aytilgan kishilarning hammasi ham kelmaydi. Oqibatda dastlabki urinish qoldiriladi.
Bu orada mahalliy halqlarning Dukchi Eshon boshchiligidagi boshlanishi muqarrar bo'lgan qo'zg'oloni haqida rus hukumati ham habardor bo'ladi va uning oldini olish maqsadida turli fitnalar va ig'volarni rejalashtira boshlaydi.
Qo'zg'olonchilarning susayib qolgan tayyorgarliklari yana tezlasha boshlaydi, biroq endi uni ko'rinmas bir kuch boshqarayotgandek tuyuladi. 1898 yil 17 may kuni ikki yuzdan ortiq g'azabga to'lgan olomon Eshonning uyiga bostirib kelishadi va uni oq qig'izga o'tkazib, xon deb e'lon qilishadi. Biroq, reja bo'yicha uning jiyani Abdulaziz xon etib ko'tarilishi lozim edi.
Qo'zg'olonchilar shu yerdan to'g'ri Andijonga qarab yurish boshlaydilar. Yo'l-yo'lakay boshqa qishloqlarning aholisi ham qo'zg'olonchilarga qo'shilib boradi. Qo'zg'olonchilar Andijonning eski shaharida joylashgan 20-Turkiston liniya bataloni  kazarmasiga bostirib kirishadi. Ular 30 ga yaqin miltiqni o'lja olib, uxlab yotgan soldatlarni o'ldirishadi. Biroq, keyingi xonalarda yotgan kazaklar uyg'onib, qo'zg'olonchilarga qarshi otishmalarni boshlab yuboradilar.   Bir necha daqiqa davom etgan otishmalardan so'ng qo'zg'olonchilar chekinadilar. Ko'plab qo'zg'olonchilar o'ldiriladi va yarador qilinadi. Kazaklardan 23 kishi o'ldiriladi.    Qo'zg'olondan habar topgan podsho Nikolay II Turkiston general gubernatori biron Vrevskiyni lavozimidan chetlashtirib, o'rniga vaqtincha  Sirdaryo harbiy gubernatori N.I.Korolkovni tayinlaydi.
Korolkov jazo ekspediiyasi tashkil etib, qo'zg'olon bo'lgan hududlarda  ko'plab qirg'inlar va jazolarni amalga oshirdilar. Minterada uch soat davomida to'plardan o'q uzib, uni yer bilan yakson qildilar. Aholini ko'chirib yubordilar. Ko'plab aholi esa bungacha tog'larga qochib ketishga ulgurgan edi. Andijonda ham ko'plab odamlar qamoqqa olindilar.
Qochib ketgan Muhammad Ali Eshon Arslonbob yaqinidagi toshko'prik degan joyda millatfurush qo'qonqishloqlik Qodirqul va Yoqub qo'rboshilar tomonidan ushlab olinib, rus ma'muriyatiga topshirildi. Shunga qaramay qo'zg'olonlar davom etdi va kuz fasligacha cho'zildi.
Qo'zg'olon natijasida hibsga olinganlar ko'pchilikni tashkil etgan va rus hukumati tomonidan shafqatsiz jazolangan. Qamoqqa olingan 400 dan  ortiqroq tutqunlar umumiy hisobda 4621 yilga qamoq qatorga ishlariga hukm qilinganlar.
Muhammad Ali Eshon boshchiligidagi qo'zg'olon rahbarlari esa 1898 yil 25 iyunda Yangi shahar Tuproqqo'rg'on oldida dorga osib o'ldirildi. Shu tariqa 1898 yil may oyida Andijon halqi tomonidan rus mustamlaka siyosati va hukmronligiga qarshi Muhammad Ali Eshon boshchiligida yuz bergan qo'zg'olon mag'lubiyatga uchradi.

XX  asr boshlariga kelib Rossiya imperiyasi siyosiy va iqtisodiy jihatdan inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Mamlakatning hamma burchaklarida hukumatga qarshi chiqishlar, g'alayonlar, ish tashlashlar va qo'zg'olonlar avj oldi. 1901 yil hosilsizlik tufayli yuzaga kelgan  ocharchilik va iqtisodiy tanglik, 1904-1905  yillardagi rus–yapon urushidagi mag'lubiyat umumiy ahvolni yanada og'irlashtirib yubordi. Vaziyatdan qutulish uchun hukumat soliqlarni oshirib yubordi. Oqibatda qishloqlardagi dexqonlar xonavayron bo'ldilar. Rossiyada yuz berayotgan bu iqtisodiy va siyosiy bo'xronlarning to'lqini Turkistonga ham yetib keldi. Turkiston  dexqonlari ham mustamlakachi hukumatga qarshi ko'plab g'alayonlar ko'tardilar.
1905 yil qish oylarida Farg'ona viloyati, Samarqand va Andijon hamda Sirdaryo viloyatlarida dexqonlarning g'alayonlari avj oldi. Namangan uyezdining Yangiqo'rg'on, Sarisuv, Bog'ish volostlarida saylovlar vaqtida ko'tarilgan g'alayonlar tufayli saylovlar ham amalga oshirilmadi. Bunday g'alayonlar Chotqol volostida, Tepaqo'rg'on, Qirchin, Qorasuv, Oltin  qayrag'och, Oq yo'l va boshqa qishloqlarda ham bo'lib o'tdi.
1905 yil Namangan uyezdiga qarashli Sarichsuv volostining Aflotun qishlog'ida bir yarim mingdan ortiq qirg'izlar to'planib, ellikboshi va saylov o'tkazuvchi amaldorlarni do'pposlashdi.
1905 yil bahoriga kelib  Farg'ona viloyatida dexqonlar harakatlari, g'alayonlari, amaldorlarni do'pposlash, saylovlarning adolatsizligiga qarshi norozilik va hokimiyatga talablar bilan chiqishlar ko'paydi.
Yuzaga kelgan bunday vaziyat rus mustamlakachi ma'muriyatini qattiq tashvishga soldi va ular Turkistonda  ahvolning nihoyatda, jiddiy tus olganligini  e'tirof etib, o'lkada «kuchaytirilgan muhofaza» holatining muddatini uzaytirishni maqsadga muvofiq deb topdilar. Biroq keskinlashib borayotgan ziddiyatli vaziyatni bartaraf etishga ojizlik qildilar. Turkiston o'lkasining turli joylarida dexqonlar  g'alayonlari ozodlik harakatlari davom etib turdi.
XX asr dastlabki o'n yilligida Turkistonda sodir bo'lgan eng yirik dexqonlar harakatlari Namoz Pirimqulov boshchiligidagi  harakat edi. Halq tomonidan «Namoz botir» deb ulug'langan bu inson mustamlakachilar tomonidan «Namoz o'g'ri» sifatida atalib, unga qarshi jinoiy ishlar qo'zg'adilar, uning qilayotgan ishlarini «o'g'rilik va talonchilik» deb atab, soxta ma'lumotlar har doim vaqtli matbuotda halqqa noto'g'ri  yetkazib bera boshladilar.
Namoz Pirimqulov 1904-1907 yillarda Samarqand viloyatining tog' va  qishloqlarida mustamlakachilar va ularning ittifoqlariga aylangan mahalliy boylar va savdogarlarga qarshi kurash olib bordi.
Namoz halqqa zarari tegayotgan, halqni zo'ravonlik va sudxo'rlik bilan talayotgan yuqori tabaqa vakillarini ayovsiz jazolab, ulardan tortib olingan mollarni beva bechoralarga va kambag'allarga bo'lib bera boshladi.
Shunday harakatlardan biri 1905 yil 10 mayda Kattaqo'rg'on bozorida amalga oshirildi. Namoz va uning odamlari bozorni o'rab olib, bozordan qaytayotgan boylar va savdogarlarni talab, o'lja olingan mollarni shu yerning o'zidayoq kambag'allarga ulashib beradilar.
Og'alik  qishlog'i oqsoqoli Amin Nazar Muhammad, Arabxon qishlog'i mingboshisi Xidirboyev, yana bir mingboshi Lutfulla Xo'jayevlar mustamlakachilarga sodiq hizmatkor bo'lganliklari uchun  Namoz va uning odamlari tomonidan o'ldirildilar va qo'rg'onlarga o't qo'yib, mol-mulki halqqa ulashib berildi.
1905 yil yoz va kuz oylarida Jomda va boshqa joylarda katta savdo karvonlari qo'lga  olinadi. Biroq shu vaqtda Xo'jaariq volosti boshqaruvchisi Lutfulla Xo'jayevning xoinligi tufayli Namoz va uning 50 kishidan iborat sheriklari kapitan Polov qo'shinlari tomonidan hibsga olinadi. Namoz qamoqdan yer ostidan laxm kavlab qochib ketishga muvaffaq bo'ladi. Shu voqeadan so'ng Namozchilarga qarshi jazo otryadlari ishlarini shaxsan Turkiston general gubernatori N.I.Grodekov nazorat qila boshlaydi. Namoz yigitlari orasiga josuslar yuborila boshlandi. Shunday josus va xoinlardan biri Shirin Muhammadov  ismli kimsa edi.
Mustamlaka ma'muriyati Namoz va uning yigitlarini tutish ishlarini kengaytirib boradi va bir qator harbiy bo'linmalarni shu ishga jalb qiladi. Bu  operatsiyaga rahbar etib Samarqand harbiy gubernatori yordamchisi polkovnikning Susanino tayinlaydi. Amir Abdulaxadxon ham namozni tutish operatsiyasiga jalb etiladi. Bu ishlarni 1907 yil 28 mayda boshlashni nazarda tutib, Buxoro cheragasida 12 post, Samarqand va  Kattaqo'rg'on hududlarida 10 ta kuzatuv postlari quyiladi. Amir ham o'z sarbozlarini shu ishga jalb etadi. Oqibatda,  bo'lib o'tgan tengsiz janglardan so'ng Namoz va uning yigitlari katta talofatlarga uchraydilar.
Biroq shu vaqt namozchilar orasida fitna qo'zg'alib, Namoz Pirimqulov o'ldiriladi.
Namozning o'limi bilan o'lkadagi dexqonlar g'alayonlari to'xtab qolmadi va rus hukumatini daxshatga solib vaqti-vaqti bilan ko'tarilib turdi.

Rus mustamlaka hukumatining zo'ravonlik siyosatiga qarshi bo'lib o'tgan eng katta norozilik harakatlari qurolli kurashlaridan biri  tarixda «Jizzax qo'zg'oloni» deb nom olgan 1916 yilgi  milliy-ozodlik kurashlari edi.
Rossiya imperiyasi birinchi jahon urushiga kirgach, tez orada uning  harbiy va iqtisodiy saloxiyati Yevropa davlatlariga nisbatan ancha qoloq  va zaif  ekanligi ayon bo'lib qoldi. Frontdagi yetishmovchiliklar, o'q-dori va oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli emasligi, front ortidagi ishlarning susayib ketganligi Rossiya imperiyasi hukumatini Turkistonga nisbatan mustamlakachilik zulmini yanada oshirishga olib keldi.
Harbiylikka olinishi ta'qiqlangan Turkistonliklarni «frotn ortida armiya extiyojlarini qondirish» maqsadida mardikorlik ishlariga olishga qaror qilindi.
Shoshma-shosharlik va aniq o'ylab chiqilmagan rejani amalga oshirish maqsadida podsho Nikolay II 1916 yil 25 iyunda «front orqasidagi hizmatlar uchun  Turkiston, Sibir va Kavkazda CAPut!’ yoshdan 43 yoshgacha bo'lgan erkakdarni safarbar qilish» to'g'risidagi farmonga imzo chekdi. Farmonga  ko'ra, Sirdaryo viloyatidan 87 ming, Samarqand viloyatidan 38 ming, Farg'ona viloyatidan 50 ming mardikor yuborish belgilandi va bu vazifalarni  zudlik bilan amalga oshirish Turkiston general gubernatori zimmasiga yuklatildi.  Viloyatlarda  darhol farmonni ijro etishga kirishildi. Farg'ona viloyati harbiy gubernatori A.Gippius Farg'ona viloyatidagi sharoitni hisobga olib, bu farmonni birdaniga bajarish noto'g'ri ekanligi haqida hokimiyatni ogohlantiradi. Biroq u farmonni ijro etishni ataylab buzganlikda ayblab  ishdan olib tashlashdi va uning o'rniga shovinist harbiylaridan biri polkovnik P.Ivanov tayinlanadi. Mardikorlikka olishga qarshi o'lkaning turli hududlarida qo'zg'olonlar boshlanib ketadi.
Norozilik harakatlari dastlab aholi zich joylashgan markazlaridan biri Xo'jandda boshlanadi. 1916 yilning 4 iyul kuni 6000 dan ortiq erkaklar va ayollar ma'muriyatga qarshi ochiqdan-ochiq mardikorlikka farzandlarimizni bermaymiz, deb qo'zg'olon ko'tardilar. Qo'zg'olon harbiylar tomonidan bostirildi va namoyishchilar o'qqa tutildi.
Xuddi shunday harakat Samarqand viloyatining Urgut tumanida 5 iyul kuni bo'lib o'tdi. Mardikorlar ro'yxati yo'q qilindi, mahkama hizmatchilari kaltaklandi.
Samarqand viloyatining Siyob, Xo'ja Ahror, Angor va boshqa volostlari va qishloqlarida ham shunday chiqishlar sodir bo'ldi.
7 iyul kuni  Daxbed qishlog'ida xoin Saidmurod Qobilov tuzgan ro'yxatda faqat kambag'allarning bolalari yozilgani uchun halq Usmon Abdurasulov boshchiligidagi mahkama hizmatchilarini kaltakladilar. Bunda Usmon Abdurasulov yaralandi va qo'zg'olon katta kuch bilan bostirildi. Ochil Bobojonov, Rahimberdi Ikromov, Maxmudxo'ja Mirzaxo'jayevlar boshchiligida mardikorlikka olish ishlariga qarshi bo'lgan va faqatgina kambag'allarning bolalari ro'yxatga kiritilganidan norozi bo'lgan Toshkent aholisi ham 11 iyulda ma'muriyatga qarshi norozilik namoyishi va qo'zg'olon boshladi. Qo'zg'olonda ayollar ham faol ishtirok etdi. Qo'zg'olonchilar politsiyachilar tomonidan o'qqa tutildi va bir qancha qo'zg'olonchilar og'ir yarador bo'ldilar. /azablangan halq politsiyachilar va kazaklarga qarshi chinakam urush boshlab yubordilar. Oqibatda, chor askarlari politsiya boshqarmasi ichiga kirib yashirinib olishga majbur bo'ldi. Qo'zg'olon kechgacha davom etdi va general Galkin hamda podpolkovnik Savitskiylar boshchiligidagi jazo otryadlari tomonidan bostirildi.
Butun o'lkada chorizm siyosatiga qarshi qo'zg'olonlar kuchayib bordi. 9 iyul kuni Andijonda,  Toshkent shahri atrofidagi bir qator qishloqlarda 10 iyul kuni eski Marg'ilonda, Shahrixon va boshqa joylarda dexqonlar va hunarmandlar, kosiblar va boshqalarning chiqishlari umumhalq qo'zg'oloni va kurashiga aylanib ketdi.
Jizzaxdagi  norozilik harakatlari esa tom ma'nodagi ozodlik urushiga aylanib ketdi. Jizzahliklar dushmanga qarshi g'azovot e'lon qildilar. Qo'zg'olonga  Nazirxo'ja  eshon va Abdurahmon jevachi boshchilik qildilar. Qo'zg'olon 13 iyulda shahar oqsoqolining o'ldirilishi bilan boshlandi. Halq mingboshi mahkamasiga bostirib kirganda, jazo uchun yetib kelgan polkovnik fukin otryadlari qo'zg'olonchilarni o'qqa tuta boshladi. Biroq qo'zg'olonchilar chor askarlariga zarba berib, Fukin  va uning yordamchilarini o'ldirishga muvaffaq bo'ldilar.
Yordamga yetib kelgan polkovnik Afanasevning jazo otryadi ham Yangi Jizzax  stantsiyasida turib qolishga majbur etildi. Atrofdagi qishloqlardan kelayotgan halq qo'zg'olonchilar safini kengaytirdi. Qo'zg'olonchilar temir yo'l stantsiyalari, ulardagi neft zaharlari, aloqa simlarini vayron qildilar va yo'q qildilar. Afanasev qo'shinlari  o'z marralaridan chekina boshladilar.
14 iyulda  qo'zg'olon  Bog'don, Forish, Sintob bekliklariga ham tarqaldi.
Bog'dondagi qo'zg'olonga rahbarlik qilgan Abdurahmon jevachi Jizzahliklar bilan qo'shilishga qaror qildi. Biroq bu paytda Jizzaxga Toshkentdan 2,5  ming kishilk jazo otryadlari tup va boshqa qurollar bilan birgalikda kelayotgan edi. Nazirxo'ja eshon boshchiligidagi jizzahliklar jazo otryadlari tomonidan ayovsiz o'qqa tutildi va ulardan omon qolgan 600 kishilik guruh Abdurahmon jevachi kushinlari saflariga qo'shildi.
Abdurahmon devachi 20-21 iyul kunlari Afanasev qo'shinlariga zarba  berib, uni chekinishga majbur qildi va mag'lubiyatga uchratayotgan vaqtda polkovnik Ivanov otryadlari yordamga yetib keldi va qo'zg'olonchilarga zarba berdi. Qo'zg'olonchilar mag'lubiyatga uchratilgach, qo'zg'olon bo'lib o'tgan barcha shahar va qishloqlarda ayovsmz jazo ishlari, xunrezlik amalga oshirildi. Abdurahmon jevachi va u bilan bir safda turib kurashgan 12 kishi osib o'ldirildi. Qo'zg'olon bostirilgan bo'lsa ham, chor harbiylaridan kattagina qismi Jizzaxda o'lim topdi. Qo'zg'olon davomida rus harbiylaridan 260 ga yaqin, rus aholisidan esa 4000 ga yaqin kishi o'ldirildi va bedarak yo'qoldi. Bu xaqda 1916 yil 13 dekabrda IV davlat dumasida so'zga chiqqan noib A.F.Kerenskiy «urush frontlariga yangi bir front turkiston fronti qo'shildi» deb ta'kidlagan edi.
Rus ma'muriyati, qo'zg'olonlarni bostirib, o'z maqsadlariga qisman erishgan bo'lsada, bu bilan halqning ozodlikka bo'lgan intilishini yo'q qila olmadi.

Lotin alifbosida maqola: Turkiston halqlarining o'z erki va ozodligi uchun olib borgan kurashlari haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
Sovet tuzumining ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishdagi mustamlakachilik asosi
General Chernyayevning Toshkentga bosqini
XX asr boshida Turkiston...
O'zbekistonning urush girdobiga tortilishi


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты