Mohir jurnalist, adib va tarjimon Sa’dulla Karomatov jamoat arbobi sifatida ham elga tanilgan edi. Unga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan.
Sa’dulla Karomatov 1928 yil Buxoroda tug‘ildi. O‘rta ma’lumotni ham shu yerda oldi. 1949 yilda O‘rta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgach, O‘zbekiston Radiosida ishladi.
U «O‘zbekiston ovozi», «Toshkent oqshomi» kabi gazetalarning muharriri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi ham bo‘lgan. Sa’dulla Karomatovga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan.
Sa’dulla Karomatovning jurnalistik faoliyati 1954 yildan boshlandi. 60-yillarda u vaqtli matbuot sahifalarida ocherknavis sifatida ko‘rindi. 1963 yilda esa birinchi yirik nasriy asari - «Tog‘lar tabassumi» hujjatli qissasi maydonga keldi. So‘ng «Amuning zar kokillari», «Go‘zallik ramzi», «Kumush kamar» singari ocherklar to‘plamlari bosmadan chiqdi. Shundan so‘ng u mohir hikoyanavis va qissanavis sifatida qalam tebratib, «Bir tomchi qon», «E’tiqod» (1970) kabi qissalarini yaratdi. U so‘nggi yillarda geologlar hayotidan olib yozilgan «Oltin qum» va cho‘llarni o‘zlashtirayotganlarga bag‘ishlangan «So‘nggi barxan» romanlarini yaratdi.
Sa’dulla Karomatov mohir tarjimon sifatida ham barakali qalam tebratib keldi. U Jyul Vernning «Suv ostida 8000 mil», turkman yozuvchisi Qilich Quliyevning «Qora karvon» romanlarini, eron yozuvchilarining hikoyalar to‘plamini, tojik yozuvchisi Yusuf Akobirovning «Tegirmon to‘xtagach» qissasini, Vadim Kojevnikovning «Peshin chog‘i kungay tomonda» romanini o‘zbek tiliga o‘girgan.