AYYUBXON Muhammad (1907-1974) — Pokiston davlat va siyosat arbobi. Aligarxdagi (Hindiston) musulmonlar un-tini, soʻngra Sandxerstdagi (Angliya) Qirollik harbiy kollejini bitirgan. 1928-y. dan harbiy xizmatda, 2-jahon urushida qatnashgan. 1951-y. dan Pokiston armiyasi qoʻmondoni. 1954—55 y. larda Mudofaa vaziri, 1956—58 y. larda yana Pokiston armiyasi qoʻmondoni. Ayyubxon 1958-y. dagi davlat toʻntarishi natijasida hokimiyatni oʻz qoʻliga oldi. 1960-y. dan Pokiston Islom Respublikasining prezidenti. Hukmron «Musulmonlar ligasi» partiyasining raisi (1963-y. dan). Ayyubxon 1966-y. yanv. da Toshkentda olib borilgan Pokiston bilan Xindiston oʻrtasidagi muzoqaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishiga muhim hissa qoʻshdi (q. Toshkent deklaratsiyasi). 1969-y. martda prezidentlik lavozimidan boʻshab, oʻz vakolatlarini armiya qoʻmondoni general Yahyoxonga topshirgan.