BREKCHIYA (ital. breccia — parcha, boʻlak) — qirrali boʻlaklardan iborat sementlashgan togʻ jinsi. Boʻlaklari bir sm dan katta. Kelib chiqishiga koʻra, vulkanogen, choʻkindi va tektonik Brekchiyalar boʻladi. Tarkibiga koʻra, bir xil togʻ jinslari boʻlaklaridan (monomikt) va turli togʻ jinsi boʻlaklaridan ( polimikt) tashkil topgan turlari mavjud. Vulkanogen Brekchiya yopishqoq lava boʻlaklarini suyuq lava bilan sementlanishidan (lava Brekchiyasi), vulkan tuflari va b. vulkanogen jins boʻlaklaridan (tuf brekchiyasi), vulkan viloyatlaridagi loy okimini diagenezga uchrashidan (laxarlar) hosil boʻladi. Choʻkindi Brekchiya kontinental sharoitlarda yon bagʻir delyuviylari, sel oqimi yotqiziqlari yoki karstlar shipining qulab tushishidan hosil boʻlgan mahsulotlarni sementlanishidan tarkib topali. Suyakli Brekchiya ham uchraydi. Ular umurtqali hayvonlarning koʻplab qirilishi va koʻmilib ketishidan paydo boʻladi. Dengiz sharoitida Brekchiya qirgʻoqlarning oʻpirilishidan yoki riflarning yemirilishidan vujudga keladi. Tektonik Brekchiya (ishqalanish B.) tektonik harakatlardan yer yoriklari boʻylab togʻ jinslarining maydalanib sementlanishidan hosil boʻladi.