IBN MOJA (toʻliq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Moja ar-Rabʼi al-Qazviniy) (824, Qazvin, Eron — 886) — yirik muhaddis. Yoshlik yillaridan boshlab paygʻambar (sav) ning hadislari va b. diniy ilmlarni oʻrganishga kirishdi. Hadis yigʻish niyatida Iroq, Hijoz, Shom, Misr, Kufa, Basra va islom olamining boshqa shahar va davlatlariga sayohat qildi, koʻplab shayx, muhaddislardan dars oldi, bahs, munozaralarda ishtirok etib, hadis ilmining bilimdoniga aylandi.
Ibn Moja koʻplab shogirdlar yetishtirgan. Ibn Moja keng qamrovli olim edi. U oʻz asrigacha yashagan kishilar hamda shaharlar haqida «Kitob at-Tarix» («Tarix kitobi»), Qurʼon sharhi hisoblanmish «Tafsir al-Qurʼon al-Karim» («Qurʼoni Karimga tafsir») asarlarini yozgan. Ibn Mojaning asosiy asari — «Kitob as-Sunan» ni musulmon olimlarining koʻpchiligi «Sihah as-sitta» («Olti sahih hadislar toʻplami») ga oltinchi toʻplam sifatida kiritgan. Bu asar 32 qism, 1500 bobdan iborat boʻlib, unda 4341 ta hadis jam qilingan, ulardan 3002 tasi beshta «Sahih» toʻplamlarida berilgan xdsislar bilan mos keladi. 1339 ta hadis esa qoʻshimcha hisoblanadi. Ibn Mojaning «Kitob as-Sunan» asariga alhofiz Jaloliddin as-Suyutiy (1505-y. v. e.) va Shayx asSindi almadiniy (1725-y. v. e.) sharxlar yozishgan.