JIBUTI

JIBUTI, Jibuti Respublikasi (Republigue de Djibouti) — Afrikaning shim.-sharqidagi davlat. Mayd. 23,4 ming km2. Aholisi 650 ming kishi (1999). Poytaxti — Jibuti sh. Maʼmuriy jihatdan Jibuti tumani va 4 okrugga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Jibuti — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1992-y. 15 sent. da kuchga kirgan. Davlat boshligʻi — prezident (1999-y. dan Ismoil Umar Gellex). Qonun chiqaruvchi hokimiyati — bir palatali parlament — Millat majlisi. Ijroiya hokimiyati — prezident va hukumat (Vazirlar kengashi).

Tabiati. Jibuti hududi shim.-gʻarbda Adan qoʻltigʻiga tutash, qirgʻoqlari unchalik parchalanmagan. Birdan bir yirik qoʻltigʻi — Tajura mamlakat hududiga 58 km kirib boradi. Yer yuzasida keng togʻli joylar va lavaizlari qolgan past platolar uchrab turadi, oʻchgan vulqonlarning konuslari koʻzga tashlanadi. Shim.sharqda Danakil togʻ tizmasining etaklari (Muso Ali choʻqqisi, 2022 m — mamlakatning eng baland nuqtasi) joylashgan; J. hududining Tajura qoʻltigʻidan gʻarb va jan. dagi qismi Afar botigʻi doirasida. Mamlakatning markaziy qismini toshloq, qumloq yoki tuproqli vodiylar egallaydi, ularning pastkam joylarida shoʻr koʻl koʻp. Bu koʻllarning eng kattasi dengiz sathidan 153 m pastdagi As-sal koʻlidir. Iqlimi tropik, quruq, iqlim. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 27°, iyulniki 35°. Yogʻin juda kam yogʻadi: yiliga Assal koʻli sohilida 45 mm dan Jibuti sh. atrofida 130 mm gacha. Doimiy oqadigan daryolari yoʻq. Oʻsimlik qoplami choʻl va yarim choʻlga xos oʻt-oʻlan va butalardan iborat. Danakil tizmasi choʻqqilarida va shamolga roʻpara yon bagʻirlarida qora archa, zaytun daraxtlari, mimoza va akas oʻsadigan siyrak oʻrmonlar, vohalarda palmalar uchraydi. Hayvonot dunyosi nochor: voxalar atrofida yirik sut emizuvchilardan oriks kiyiklari, sirtlon, chiyaboʻri, oʻrmonlarda maymunlar yashaydi. Qirgʻoqqa yaqin suvlarida baliq koʻp. Milliy bogʻlari: Day, Maskali-Mussha.

Aholisining 90% ga yaqini kushit tillarida soʻzlashuvchi xalqlardan: shim. va shim.-gʻarbda afarlardan, jan. da va jan.-sharqda issa, isxak va gadaburslardan iborat. Poytaxtda asosan issalar, yevropalik (fransuz, italyan, grek)lar va arablar yashaydi. Rasmiy tili — arab va fransuz tillari. Tub joy aholining aksariyati islomning sunniy mazhabiga, yevropaliklar xristian diniga, afarlarning bir qismi mahalliy anʼ-anaviy dinga eʼtiqod qiladi. Shahar aholisi — 81%. Yirik shaharlari: Jibuti, Dikkil, Ali-Sabiye, Tajura, Obok.

Tarixi. Jibuti hududida saqlanib qolgan irrigatsiya inshootlarining qoldiqlariga qaraganda, aholi qadim zamonlarda dehqonchilik bilan shugʻullangan. Mil. av. 3-a. da bu yerga hind, yunon, fors savdogarlari va Jan. Arabiston arablari kela boshlagan. 7-a. islom dini tarqalishi munosabati bilan Jibuti arab musulmon sultonlariga qaram boʻlib qolgan. 16-a. da Somali ya. o. portugal, turk va mahalliy aholi oʻrtasidagi shiddatli urushlar maydoniga aylangan paytda Jibuti portugallar hokimiyati izmiga oʻtdi. 17-a. da yana arablar xukmronligi oʻrnatildi. Tub joy aholi koʻchmanchi hayot kechirgan. Boshqaruvchilar va savdo-sotiq tabaqasi arablar boʻlgan.

19-a. oʻrtalarida Suvaysh kanali qurilishi munosabati bilan Yevropa davlatlari Jibutini qoʻlga kiritishga intildilar. 1832-y. da Fransiya J. hududining bir qismini egallab oldi. Kanal ochilgach (1869), J. ning ahamiyati yanada oshdi. 1881—85 y. larda Fransiya asta-sekin butun Jibutini oʻz izmiga oʻtkazdi va hoz. Jibuti sh. ni qura boshladi. 1887-y. da Fransiya mahalliy sultonlar bilan bir qancha shartnomalar tuzish orqali bu yerni oʻz mustamlakasiga aylantirdi va uning boyliklarini oʻzlashtirishga kirishdi, Jibuti sh. ni Qizil dengiz boʻyidagi muhim savdo portiga aylantirdi. Bu yerda yirik harbiy-dengiz bazasi barpo etildi. 1896—1946-y. larda mamlakat Fransiya Somalisi nomi bilan atalib keldi. 1946-y. da u Fransiyaning «dengiz orti hududi» deb eʼlon qilindi. 1967-y. da Fransiyaning Afar va issalar hududi nomini oldi. Jibuti aholisi mustaqillik uchun zoʻr berib kurashdi. Bu kurashda aholining barcha tabaqalari birlashdi. Jibuti ozodligi harakati deb atalgan yashirin tashkilot tuzildi. 1975-y. da issa va afar xalqlarining siyosiy tashkilotlari oʻzaro ittifoq tuzib, haqiqiy mustaqillik uchun kurashni kuchaytirdilar. Nihoyat, Fransiya 1977-y. da Jibutiga mustaqillik berishga majbur boʻldi va u J. Respublikasi deb ataldi. Jibuti — 1977-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 27 iyun — Mustaqillik kuni (1977).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Taraqqiyot uchun xalq birligi, hukmron partiya, 1979-y. da tuzilgan; Demokratax yangilanish partiyasi, 1992-y. dan oshkora faoliyat olib boradi; Birlik va demokratiyani tiklash fronti, 1991-y. asos solingan. Kasaba uyushmalari markazi — Mehnat umumiy birlashmasi 1992-y. J. mehnatkashlari umumiy birlashmasi oʻrnida tashkil etilgan.

Xoʻjaligi. BMT tasnifiga binoan Jibuti — iqtisodiy jihatdan nisbatan kam rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiradi. Yalpi milliy maxsulotda xizmat koʻrsatish tarmogʻi oʻrtacha 77%, sanoat va qurilish 17%, q. x. 3%ni tashkil etadi.

Yalpi ichki mahsulotning 2,4% ni beruvchi sanoat oziq-ovqat mahsulotlari, koʻnchilik buyumlari, qurilish ashyolari ishlab chiqaruvchi mayda korxonalardan, mexanika va tikuvchilik ustaxonalaridan iborat. Elektr st-yalar, neft kompaniyalari, transport (qisman) va aloqa, maʼdanli suv z-di, sut z-di va omixta yem z-di davlatga qarashlidir. 1 yilda oʻrtacha 176 mln. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Q. x. ning asosiy yoʻnalishi — koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi chorvachilikdir. K-x. ekinlari yetishtirishga yaroqli yerlar 6 mingdan koʻproq. Jibuti har yili oziq-ovqat mahsulotlarining 90% dan koʻpini chetdan keltiradi. Baliqchilik, marvarid, korall, bulut (suv jonivori) ovlash, dengiz suvini bugʻlatib tuz olish rivojlangan. Asosiy q. x. ekinlari — kofe, xurmo, meva va sabzavot.

Transport — mamlakat iqtisodiyotining eng rivoj topgan tarmogʻi. Yaxshi jihozlangan kema tuzatish korxonalari boʻlgan Jibuti porti Hind okeani havzasining gʻarbiy qismidagi eng muhim portlardan biridir. Yiliga 2,5 mln. tonna yuk qabul qilib olinadi va joʻnatiladi. T. y. uzunligi — 106 km, avtomobil yoʻllari uz. — 3,1 ming km, shundan 281 km qattiq qoplamali.

Jibuti chetdan oziq-ovqat, sanoat mollari, asbob-uskuna va b. oladi. Chetga goʻsht, tirik qoramol, charm va xom teri chiqaradi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Fransiya, Efiopiya, Italiya, Yaponiya, Keniya. Pul birligi — J. franki.

Madaniyati. Jibutida yagona pulli maorif tizimi joriy etilgan. Bu tizim boshlangʻich va toʻliqsiz oʻrta maktablarni, 3 litseyni oʻz ichiga oladi. Oliy oʻquv yurtlari yoʻq. Oliy ilmiy-texnika in-tida (1979-y. da tashkil etilgan) Jibuti tabiati, tabiiy zaxiralari, arxeologiyasi va anʼ-anaviy madaniyatini oʻrganish ishlari olib boriladi. Haftalik xukumat gaz. — «Revey de Jibuti» («Jibutining uygʻonishi»), «Nasyon de Jibuti» («Jibuti xalqi») haftanomasi, «Jibuti ojurdyui» («Bugungi Jibuti») oynomasi va «Karfur afriken» («Afrika chorrahasi») katolik jur. nashr etiladi. Jibuti axborot agentligi 1979-y. tashkil etilgan. Jibuti radio eshittirish va televideniyesi hukumat nazoratida; 1956-y. asos solingan.


Lotin alifbosida maqola: JIBUTI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: J harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
ITALIYA
HINDISTON
JANUBIY AFRIKA RESPUBLIKASI
INDONEZIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты