XIONIYLAR — turkiy qabila. Baʼzi tadqiqotchilar fikriga kura, dastlab Oltoy togʻlari atrofida yashashgan va 4-a. ning 1-yarmida jan. gʻarbga siljib, Amudaryo va Sirdaryo oraligʻiga kirib kelishgan. Bu yerda dastlab ular Zarafshon vohasini egallab, jan. ga harakat qilishgan va ancha zaiflashib, sosoniylar Eroniga qaram boʻlib qolgan Kushon podsholigi oʻrnini egallaganlar hamda markazi Toxariston boʻlgan Shim. Hindiston, Afgʻoniston, Xurosonning bir kismini ham oʻz ichiga olgan X. (Xionitlar) davlatini (4 — 5-a. lar) barpo qilishgan. Boshqa bir guruh tadqiqotchilar esa Xioniylarning dastlab Orol dengizi shim. da yashaganligi va yirik massaget qabilalar ittifoqiga mansub boʻlib, hunlar bilan aralashganligini taʼkidlaydilar (L. N. Gumilev, SP. Tolstov, K. V. Trever). Ularning fikricha, yunon va lotin tilidagi asarlarda X. «oq hunlar» deb atalgan. 4-a. ning 70-y. larida X. sosoniylar Eroniga qarshi hujum uyushtirib, muvaffakdyatga erishganlar. Shuningdek, sosoniy podsholar Varaxran (418 — 438), Yazdigard II (438—457) davrlarida ular Eronning eng yirik raqibiga aylanganlar. X. hukmronligi davom etayotgan bir paytda yangi bir sulola — kidariylar oʻrtaga chiqqan. Ular Oltoy togʻlari va Sharqiy Turkiston oraligʻidan jan. gʻarbga siljib, 420-y. da Bolo (Naxshab) sh. ni oʻziga karorgoh qilishgan va Xioniylar davlati bilan qoʻshni boʻlib qolganlar.
5-a. ning 2-yarmida X. va Kidariylar davlati hududini oʻz ichiga olgan yangi bir davlat eftaliylar sulolasi oʻrtaga chiqadi va 6-a. ning 60-y. larigacha Markaziy Osiyodagi eng yirik davlatga aylanadi.
Ad.: Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.